Ishemik penumbra


Infarkt ro‘y bergan sohaning o‘rtasida, ya’ni yadro qismida neyronlar halok bo‘ladi. Uning atrofida esa ishemik «penumbra» hosil bo‘ladi. Ishemik penumbra – bu o‘z funktsiyasini to‘la bajara olmaydigan, biroq qayta tiklanishi mumkin bo‘lgan miya to‘qimasi (rasm va jadvalga qarang).
pastedGraphic.png
Bosh miyada ishemik infarktning shakllanish bosqichlari
Bir daqiqada 100 g miya to‘qimasi    Miya ishemiyasi rivojlanishi
50-55 ml qonni iste’mol qilsa    Bosh miyaning qon bilan ta’minlanishi saqlangan bo‘ladi.
35-30 ml qon bilan ta’minlansa    Tserebrovaskulyar etishmovchilik
rivojlanib boshlaydi.
25-20 ml qon bilan ta’minlansa    Bosh miyada ishemik jarayon kuchayib, struktur o‘zgarishlar paydo bo‘lib boshlaydi.
Bor-yo‘g‘i 15-10 ml qon bilan ta’minlansa    Bir necha daqiqa ichida ishemik infarkt
rivojlanadi



Bu soha hujayralari kollateral qon tomirlar hisobiga faoliyat ko‘rsatib tura oladi. Patologik jarayonlar salbiy tus olsa, penumbra sohasi tsitotoksik va ekzaytoksik reaktsiyalar hisobiga to‘la infarkt sohasiga aylanadi.
Bosh miya tana vaznining 2 foizini tashkil qilsa-da, organizmga tushayotgan kislorodning 20 foizi va glyukozaning 17 foizini sarf qiladi. Ma’lumki, bosh miya glyukoza zaxirasiga ega emas. Qon tomirlari orqali miyaga tushgan glyukoza o‘sha zahoti sarflanib turadi. Ishemiya sababli glyukoza va kislorodning miya to‘qimalariga etarli miqdorda etib kelmasligi anaerob glikolizni faollashtiradi. Buning natijasida sut kislotasi hujayra ichida to‘plana boshlaydi, ion kanallari ishi izdan chiqadi, neyronlarga Na va Ca ionlari o‘tishi kuchayadi, lipidlarning perekisli oksidlanish jarayoni faollashadi. Sa ionlarining hujayra ichiga katta miqdorda o‘tishining yana bir sababi glutamat va aspartatning hujayradan tashqariga katta miqdorda tashlanishi bilan ham bog‘liq. Agar Na ionlarining hujayra ichiga o‘tishi unda suvning ko‘p to‘planishiga sababchi bo‘lsa, Sa ionlarining ko‘p miqdorda o‘tishi fermentativ jarayonlarga falokatli ta’sir ko‘rsatadi. Buning oqibatida tsitotoksik moddalar paydo bo‘ladi va neyronlarning halok bo‘lishi jadallashadi.
Agar miya to‘qimasiga qon oqib kelishi 6-8 daqiqaga to‘xtasa, miyada qaytmas jarayonlar ro‘y bera boshlaydi, ya’ni miya to‘qimasi halok bo‘ladi. O‘lgan to‘qimaning atrofida qayta tiklanishi mumkin bo‘lgan ishemik soha, ya’ni penumbra shakllanadi. Bu sohada mikrotsirkulyatsiya saqlangan bo‘ladi va u neyronlar faoliyatini bir necha soatgacha (odatda 3 soatgacha) ta’minlab turadi. Biroq bu vaqt ularning to‘la faoliyat ko‘rsatishi uchun etarli emas. Agar penumbra sohasi kislorod va boshqa oziqlantiruvchi moddalar bilan etarli miqdorda darrov ta’minlansa, neyronlarni halok bo‘lishdan saqlab qolish mumkin. Tserebral ishemiya rivojlangan dastlabki 3 soat ichida yordam ko‘rsatib, infarkt shakllanishidan saqlab qolish mumkin bo‘lgan davrga «terapevtik darcha» davri deb ataladi. Agar bu davrda yordam ko‘rsatish kechiktirilsa, penumbra sohasidagi neyronlar ham o‘ladi, ishemik infarkt sohasi kengayadi va keyingi davolash muolajalari samarasi pasayadi. Penumbra shakllanish bosqichini PET yordamida kuzatib borish mumkin.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Insult va koma. Qo`llanma. Toshkent, 2013., 193 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив