Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi KOMANING OG‘IR ASORATLARI

KOMANING OG‘IR ASORATLARI


Dekortikatsiya, detserebratsiya, apallik sindrom va surunkali vegetativ holatlar komaning og‘ir asoratlaridir. Keyingi davr – bu o‘lim.
Dekortikatsion rigidlik (dekortikatsiya). Bosh miya katta yarim sharlari chuqur joylashgan tuzilmalarining ikki tomonlama zararlanishi sababli kortikospinal yo‘llar faoliyati izdan chiqadi. Buning natijasida ikkala qo‘l tirsak bo‘g‘imidan bukilib tanaga yopishib qoladi, barmoqlar ham bukilib musht holatida bo‘ladi, ikkala oyoq esa cho‘zilib pronasiya holatida qotib qoladi. Bu holat dekortikatsion rigidlik deb ataladi.
Detserebratsion rigidlik (detserebratsiya). Tana, qo‘l va oyoqlardagi yozuvchi muskullar tonusining keskin oshishi va bukuvchi muskullar tonusining pasayishi bilan namoyon bo‘ladi. Buning natijasida bosh orqaga qayrilib, oyoq-qo‘llar cho‘zilib, pronatsiya holatida qotib qoladi. Qotib qolgan oyoq-qo‘llarni bukib bo‘lmaydi. Detserebratsion rigidlik bosh miya katta yarim sharlari va miya ustunidagi o‘tkazuvchi yo‘llarning ikkala tomonda zararlanishi sababli rivojlanadi. Muskullar tonusini boshqarishda ishtirok etuvchi spinal markazlarning tserebral markazlar ta’siridan chiqib ketishi sababli «detserebratsiya» atamasi qo‘llanilgan.
Apallik sindrom. Bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ining katta sohalari neyronlari halok bo‘lganda rivojlanadi. Apallik sindrom, odatda, tez shakllanadi va uning sabablari og‘ir kechuvchi insult, bosh miyaning og‘ir jarohatlari, zaharlanishlar va h.k. Bu sindrom 1940-yili Ernst Krechmer tomonidan yozilgan. Klinik belgilari: hech qanday ixtiyoriy harakat kuzatilmaydi, bemor gapirmaydi, xotira yo‘qolgan, emotsional reaktsiyalar so‘ngan bo‘ladi. Yutish buziladi, muskullar tonusi oshadi. Bemor ko‘zlarini ochib-yumishi mumkin, biroq ko‘z olmalari harakatlari chegaralangan bo‘ladi. Og‘riqli ta’sirlarga oyoq-qo‘llarining xaotik harakati bilan javob beradi. Uyqu va tetiklik rejimi izdan chiqadi. Nafas olish va yurak-qon tomir faoliyatida og‘ir buzilishlar aniqlanmaydi. Apallik sindrom – bu total apraksiya va agnoziyaning birgalikda namoyon bo‘lishi.
Surunkali vegetativ holat. Bu holat bosh miya katta yarim sharlari va miya ustuni tuzilmalari orasidagi kuchli morfofunktsional uzilishlar sababli ro‘y beradi. Uzoq vaqt (3–5 hafta) komada yotgan bemor hushiga keladi va unda faqat miya ustuni funktsiyalari, ya’ni vegetativ funktsiyalar saqlanib qoladi. Bemor bir hushiga kelib, bir hushidan ketib (sopor) turadi. Taxikardiya, arterial gipertenziya, taxipnoe, gipertermiya (40–41°S), tanada distrofik o‘zgarishlar paydo bo‘ladi, ya’ni yotoq yaralar tez rivojlanadi. Shuning uchun ham diffuz aksonal shikastlanishda bu sindrom ko‘p uchraydi. Bosh miya katta yarim sharlari funktsiyalari, ya’ni nutq, diqqat, xotira, idrok va tafakkur doirasi keskin buziladi. Bu holat bir necha kundan bir necha oygacha davom etadi. Vegetativ holat prognostik jihatdan og‘ir hisoblanadi va u apallik sindrom belgilariga o‘xshab ketadi.

Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              ©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив