Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi KRANIOSPINAL O‘SMALAR

KRANIOSPINAL O‘SMALAR


Kraniospinal o‘smalar – ustki qismi orqa kranial chuqurcha ichida, pastki qismi umurtqa kanali ichida joylashgan o‘smalar. Bunday o‘smalar orqa kranial chuqurcha tuzilmalarini (uzunchoq miya, miyacha) va orqa miyaning yuqori qismini egallagan bo‘ladi.
Miya ustuni, IV qorincha, miyacha, bulbar nervlar, bo‘yin segmentlarining orqa miya ildizchalari va pardasidan o‘suvchi o‘smalar kraniospinal o‘smalar shaklini oladi. Bular, asosan, birlamchi o‘smalar, ya’ni glioma, meningioma, ependimoma, nevrinoma, xondromalar. Shuningdek, kraniospinal sohada ikkilamchi o‘smalar ham uchraydi. Bular boshqa a’zolardan tarqalgan metastatik o‘smalardir.
Kraniospinal o‘smalar klinikasi uning o‘sa boshlagan joyi, qaysi tomonga qarab o‘sishi, xavfli yoki xavfsizligi hamda likvor yo‘llariga ko‘rsatgan ta’siriga ko‘p jihatdan bog‘liq. Orqa kranial chuqurchadan o‘sgan o‘smalar katta ensa teshigi orqali pastga qarab yo‘naladi va umurtqa kanali ichiga o‘sib kirib, orqa miya va uning ildizchalarini ezib (bosib) qo‘yadi. Orqa miyaning ustki qismidan o‘sgan o‘smalar ham katta ensa teshigi orqali kalla suyagi ichi tomon o‘sadi va uzunchoq miyaning pastki qismini zararlaydi.
Kraniospinal o‘smalar, asosan, bulbar sindrom, miyacha simptomlari va markaziy tetraplegiya (tetraparez) bilan namoyon bo‘ladi. Agar o‘sma orqa kranial chuqurchaning pastki qismida o‘sa boshlasa, avval bulbar va miyacha simptomlari vujudga keladi, keyin esa markaziy tetraparez rivojlana boshlaydi. Shuningdek, o‘tkazuvchi tipda sezgi buzilishlari kuzatiladi. Uzunchoq miyada joylashgan hayotiy muhim markazlar zararlanishi hisobiga yurak urishi va nafas olish faoliyati ham buziladi. Bunday paytlarda bemorning ahvoli og‘irlashib qoladi.
Orqa miyadan boshlanuvchi kraniospinal o‘smalarning aksariyati ekstramedullyar o‘smalardir. Umurtqa kanalining yuqori qismida joylashgan ekstramedullyar o‘smalar dastlab kranioservikalgiya, ya’ni bo‘yin-ensa sohasida radikulyar og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Chunki orqa miyaning C1-C3 segmentlari ildizchalari ensa va bo‘yin sohalarini innervasiya qiladi. Bu radikulyar og‘riqlar elka va qo‘llarga irradiatsiya beradi. Keyinchalik o‘sma to‘siq kam bo‘lgan tomon, ya’ni pastga yoki yuqoriga o‘sa boshlaydi. Yuqoriga qarab o‘sgan o‘sma uzunchoq miyaning pastki qismidan chiqadigan bulbar nervlarni va uzunchoq miyaning o‘zini zararlaydi. Buning natijasida bulbar sindrom rivojlanadi. Likvor yo‘llari okklyuziyasi rivojlansa, gipertenzion-gidrotsefal sindrom paydo bo‘ladi, Bruns sindromi shakllanadi va bemorning ahvoli juda og‘irlashadi. Bu paytga kelib markaziy tetraplegiya, tetranesteziya rivojlangan va tos a’zolari funktsiyasi buzilgan bo‘ladi.

Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              ©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив