Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi KRANIOTsEREBRAL JAROHATLAR ASORATLARI

KRANIOTsEREBRAL JAROHATLAR ASORATLARI


Bemor KTsJ bilan davolanib chiqqandan so‘ng ham turli darajadagi asoratlar qolishi mumkin. Asoratlarning qay darajada namoyon bo‘lishi KTsJ ning og‘irlik darajasi va ko‘rsatilgan tibbiy yordam malakasiga bog‘liq.
Kraniotserebral jarohatlarning eng ko‘p uchraydigan asoratlari:
  • Posttravmatik tserebrasteniya
  • Posttravmatik likvoreya
  • Posttravmatik entsefalopatiya
  • Posttravmatik leptomeningit
  • Intrakranial gipertenziya
  • Postravmatik meningit
  • Posttravmatik epilepsiya
  • Posttravmatik dementsiya
  • Posttravmatik parkinsonizm
  • Posttravmatik amneziyalar
  • Kalla suyagi defektlari

Posttravmatik tserebrasteniya – odatda, engil KTsJ dan so‘ng rivojlanuvchi va nevrotik buzilishlar bilan namoyon bo‘luvchi kasallik. Posttravmatik tserebrasteniya travmatik etiologiyali nevroz degani. Shu bois, uning klinikasi faqat sub’ktiv simptomlardan iborat bo‘lib, ob’ktiv nevrologik simptomlar esa kuzatilmaydi. Tserebrasteniyaning asosiy belgilari – jizzakilik, jahldorlik, bosh og‘rig‘i, uyqu buzilishi, aqliy va jismoniy faoliyatning sustligi, ishtaha pasayishi, umumiy holsizlik. Shuningdek, vegetativ buzilishlar, ya’ni taxikardiya, gipergidroz, akrotsianoz, AQB labilligi kuzatilishi ham mumkin. Yo‘l-transport yoki kriminal hodisalar oqibatida ro‘y bergan KTsJ dan so‘ng rivojlangan tserebrasteniya, ko‘pincha, fobiya bilan namoyon bo‘ladi.
Posttravmatik likvoreya – kalla suyagi asosi sinishi va qattiq pardada hosil bo‘lgan teshikdan (fistuladan) likvorning tashqariga oqib chiqishi. Bu suyuqlik, ko‘pincha, burundan, kam hollarda quloqdan oqib chiqadi. Likvor nafaqat burun yoki quloqdan, balki kalla suyagida hosil bo‘lgan har qanday teshikdan (peshona, tepa yoki chakka suyaklari yorig‘idan) oqib chiqishi ham mumkin.
Likvorning burundan oqib chiqishi (rinolikvoreya) kalla suyagi asosida joylashgan g‘alvirsimon suyak sinishida kuzatiladi. Quloqdan likvorning oqishi (otolikvoreya) chakka suyagining piramidasi sinishida ro‘y beradi. Likvoreyani aniqlash, odatda, qiyinchilik tug‘dirmaydi. Masalan, likvor tarkibida glyukoza bo‘ladi, burun ajralmasida esa glyukoza bo‘lmaydi. Shuningdek, burun ajralmasidagi oqsil likvordagi oqsilga qaraganda ko‘pdir. Boshni pastga engashtirganda va bo‘yindan o‘tuvchi venalarni bosganda likvor oqishi kuchayadi. Radionukleid tsisternografiya o‘tkazilsa, izotop burun bo‘shlig‘ida to‘planadi. Shu yo‘l bilan likvor teshigi (fistulasi) qaerda joylashganini aniqlab olish mumkin.
Jarohat sababli tashqariga ochilgan likvor teshiklari ba’zida infektsiya yo‘li bo‘lib xizmat qiladi va meningit yoki meningoentsefalit rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Likvoreya bosh miya jarohatini olmaganlarda ham kuzatilishi mumkin. Ularda qattiq pardaning tug‘ma nuqsoni aniqlanadi, ya’ni likvor yo‘llariga teshiklar ochilgan bo‘ladi. Engil holatlarda likvoreyani bartaraf etish uchun maxsus davolash usullari o‘tkazilmaydi. Ba’zan bu teshiklarning o‘zi bekilib, likvor oqishi to‘xtaydi. Likvoreya kuchli bo‘lsa, maxsus plastik operatsiya orqali qattiq pardadagi teshiklar loskutlar yordamida bekiladi.
Posttravmatik entsefalopatiya – neyropsixologik va nevrologik mikrosimptomlar bilan namoyon bo‘luvchi surunkali kasallik. Bosh miya jarohati qancha og‘ir o‘tsa, posttravmatik entsefalopatiya rivojlanish xavfi shuncha yuqoridir.
Neyropsixologik buzilishlar, asosan, parishonxotirlik, xotira buzilishi, fikrlar karaxtligi, emotsional labillik bilan namoyon bo‘ladi. Obektiv nevrologik simptomlar, odatda, engil ifodalangan bo‘ladi. Bular – gorizontal nistagm, engil anizokoriya, qorachiqlar fotoreaktsiyasi pasayishi, VII va XII nervlarning markaziy falajligi, oral avtomatizmi reflekslari, pay reflekslari oshishi, piramidal patologik simptomlar (Babinskiy), Romberg sinovida chayqalish, barmoq-burun sinamasida intentsiya, tovon-tizza sinamasida ataksiya, qo‘llarda tremor va turli vegetativ buzilishlar. Posttravmatik entsefalopatiya engil ifodalangan IKG bilan namoyon bo‘ladi.
Agar chuqurroq nevrologik buzilishlar, ya’ni gemiparez, psevdobulbar, parkinsonizm, gipertenzion-gidrotsefal, giperkinetik va miyacha sindromlari aniqlansa, posttravmatik entsefalopatiya tashxisi qo‘yilmaydi. Bunday paytlarda «Bosh miya jarohati asoratlari» tashxisi qo‘yiladi va aniqlangan sindrom ko‘rsatiladi. Masalan, «Bosh miya jarohati asorati, posttravmatik parkinsonizm», «Bosh miya jarohati asorati, posttravmatik gipertenzion-gidrotsefal sindrom», «Postravmatik surunkali intratserebral gematoma, o‘ng tomonlama gemisindrom bilan» va h.k.
KT yoki MRT tekshiruvlarida miya to‘qimalari atrofiyasi, kichik kistalar, subaraxnoidal bo‘shliqlar va miya qorinchalari kengayishi aniqlanadi. Miya qorinchalari deformatsiyaga uchragan bo‘lishi ham mumkin.
Posttravmatik epilepsiya bosh miyaning og‘ir jarohatlaridan so‘ng rivojlanadi va ko‘pincha, Jekson tipidagi tutqanoq xurujlari bilan namoyon bo‘ladi. KTsJ miyadagi epileptogen o‘choqlarni qo‘zg‘ovchi xavfli omillardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham bosh miya jarohatlaridan so‘ng epilepsiyaning boshqa turlari ham rivojlanadi.
Posttravmatik intrakranial gipertenziya. Bosh miya ezilishi va intrakranial gematomalardan so‘ng likvor yo‘llarida turli to‘siqlar paydo bo‘ladi. Buning natijasida likvor aylanishi izdan chiqadi va IKG rivojlanadi, miya qorinchalari deformatsiyaga uchraydi. IKG kuchli va doimiy bosh og‘riqlar, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, ko‘z tubining dimlanishi kabi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. KT yoki MRT tekshiruvlarida miya qorinchalari kengayganligi aniqlanadi.
Posttravmatik meningit ochiq KTsJ da miya pardalariga infektsiyalar (ko‘pincha, pnevmokokk) tushgandan so‘ng rivojlanadi. Meningit, asosan, ochiq KTsJ ning o‘tkir davrida yuzaga keladi. Kechroq rivojlanadigan (1–2 oydan so‘ng) meningitlar likvor fistulasi orqali infektsiyaning miya pardalariga o‘tishi bilan bog‘liq. Ba’zi hollarda meningoentsefalit yoki miya abstsessi shakllanadi.
Posttravmatik dementsiya, asosan, bir necha bor kuzatilgan bosh miya jarohatlaridan keyin rivojlanadi. Kasallik, asosan, neyropsixologik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi, o‘choqli nevrologik simptomlar esa kam uchraydi. Asosiy simptomlari kuchli ifodalangan kognitiv buzilishlar bo‘lib, bosh miyaning qaysi sohasi (peshona yoki chakka bo‘laklari, po‘stlog‘osti sohasi, chap yoki o‘ng yarim shar) ko‘proq shikastlangan bo‘lsa, o‘sha sohaning neyropsixologik belgilari ustunlik qiladi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив