KO‘RUV AGNOZIYaSI


Ko‘ruv agnoziyalari. Ob’ektlarni yoki ularning tasvirini tanishning (bilishning) buzilishiga ko‘ruv agnoziyasi deb ataladi. Ko‘ruv agnoziyasi po‘stloqning ensa sohasi zararlanganda kuzatiladi. Bunda ko‘ruv o‘tkirligi va ko‘ruv maydoni kabi oddiy funktsiyalar saqlanib qoladi. Ko‘ruv agnoziyasining barcha turlarida bemor atrofdagi narsalarni bemalol ko‘radi, ya’ni ko‘ruv apparatining periferik tizimlari funktsiyasi saqlangan bo‘ladi, lekin ularni tanimaydi, nomini aytib bera olmaydi.
    Ko‘ruv agnoziyasining 6 turi farqlanadi
  1. Narsalar agnoziyasi – narsalar yoki narsalar tasvirini tanimaydi, lekin bu narsalar nima uchun ishlatilishini biladi. 
  2. Yuz (bet) agnoziyasi – avval tanish bo‘lgan odamlarni tanimaydi. 
  3. Optik-fazoviy agnoziya – ob’ektlarning fazoviy tuzilishi va joylashuvini bilmaydi. 
  4. Harf agnoziyasi – harflarni tanimaydi. 
  5. Ranglar agnoziyasi – ranglarni tanimaydi. 
  6. Simultan agnoziya – ob’ektning ba’zi qismlarini taniydi xolos, biroq uni bus-butunligicha tanimaydi, nimaligini aytib bera olmaydi. 
Ko‘ruv agnoziyasi turlari
Narsaga agnoziya optik agnoziyaning keng tarqalgan turi. Bunda bemor ob’ektni ko‘radi, hatto uning ba’zi belgilarini ifodalab ham beradi, lekin nomini ayta olmaydi, tanimaydi. Masalan, bemorga qalam ko‘rsatilsa, u yozish va chizish uchun ishlatilishini biladi, biroq «bu qalam» deb ayta olmaydi, chunki tanimaydi. Shunisi e’tiborliki, bemor narsalarga qarab ularni chizib beradi, lekin o‘sha o‘zi chizgan narsalarning nomini aytib bera olmaydi, ya’ni tanimaydi. Agar narsalar qalashtirib tashlansa, ularning nomini aytish yanada qiyinlashadi. Masalan, qaychi, pichoq, bolg‘acha, qoshiqlarni (yoki ularning rasmini) bir-biriga qalashtirib tashlab, ularni birin-ketin topish so‘ralsa, bemor bu ishni bajara olmaydi. U faqat turli tomonga ketgan chiziqlarni ko‘radi, xolos. Bu usulni Poppelreyter 1917 yili taklif qilgan. 
Yuz agnoziyasi (prozopagnoziya). Aytib o‘tganimizdek, agnoziyaning bu turida bemor avval o‘ziga tanish bo‘lgan chehralarni tanimaydi. Bemor yuzda joylashgan burun, qosh, ko‘z va quloqlarning nomini aytib beradi, biroq ushbu odam kimligini aytib bera olmaydi. Ular hatto rafiqasi, bola-chaqalari, davolovchi vrachni, shu bilan birga avval tanish bo‘lgan odamlar, yaqinlari, mashhur kishilarning suratlarini ham tanishmaydi. Og‘ir holatlarda bemor hatto oynadagi o‘z aksini yoki suratini ham tanimaydi. Shuningdek, bemor ayol va erkak yuz-betining farqiga bormaydi, ularning taxminiy yoshini chalkashtirib yuboradi. Bemor odamlarni ovozi, kiyimi yoki yurishidan tanib oladi, xolos Ba’zan tanib olishda tanish-bilishlarining soch tuzilishi, yuzidagi holi, ko‘zoynak taqishi kabi qo‘shimcha belgilar yordam beradi. Agar doimo ko‘zoynak taqib yuradigan tanishi ko‘zoynagini taqmay ko‘rinsa, bemor uni tanimay qoladi. Ba’zan bunday bemorga sochi kalta ayol erkak kishidek ko‘rinadi.
Yuz agnoziyasi nisbatan kam uchraydi va ko‘pincha agnoziyaning boshqa turlari bilan birga namoyon bo‘ladi. Yuz agnoziyasi bosh miyaning orqa-ensa sohalari zararlanganda kuzatiladi.
Optik-fazoviy agnoziya. Agnoziyaning bu turi ko‘pincha bosh miyaning o‘ng yarim shari (parieto-oksipital sohalar) yoki ikkala yarim shar birato‘la zararlanganda kuzatiladi. Bunda bemor narsaning fazoviy belgilarini tasvirlab bera olmaydi. Bu erda narsalar yoki atrof-muhitdagi ob’ektlar katta-kichikligining ahamiyati yo‘q. Bemor geometrik figuralarning (uchburchak, romb, kvadrat) rasmini to‘g‘ri chiza olmaydi. Agnoziyaning bu turida chap va o‘ng tomonlarni farqlash ham buziladi va bemor ob’ektlarning bir tomonini tan olmaydi (1-rasm, a, b).

 

 





Bu holat «fazo yoki ob’ektning bir tomonini inkor qilish» sindromi deb ataladi. Bu sindrom asosan, bosh miya o‘smasi yoki og‘ir kraniotserebral jarohatlarda kuzatiladi. Bu sindromni biz bosh miya o‘ng yarim sharining a.cerebri posterior qon bilan ta’minlaydigan sohaning o‘tkir ishemik insultida ham kuzatganmiz. Optik-fazoviy agnoziya bosh miyaning o‘ng yarim shari zararlanganda ko‘p kuzatilgani uchun bemor  ob’ektlarning chap tomoni borligini go‘yoki inkor qiladi. Bemor hatto o‘zining chap tomonini ham tan olmaydi, qo‘l-oyoqlar harakati saqlangan bo‘lsa-da, ko‘ylagi va shimini kiyayotganda chap tomonini kiymaydi, chap qo‘lini ishlatmaydi. Bu sindrom bir tomonlama fazoviy agnoziya deb ham ataladi. Bu simptomlar bosh miyaning o‘ng yarim shari zararlanishi uchun juda xos.
Shuningdek, anozognoziya – tanadagi defekt (masalan, gemiplegiyani) anglamaslik va autotopognoziya – o‘z tanasi qismlarini bilmaslik yoki ularni noto‘g‘ri (katta, kichik yoki boshqa buyumdek) idrok qilish ham o‘ng yarim shar zararlanganida uchrovchi belgilar.
Og‘ir holatlarda bemorda nafaqat o‘ng-chap tomonlarni, balki yuqori-quyi koordinatlarni ham farqlash buziladi. Bemor rasmlarda ob’ektlarning fazoviy belgilarini ta’riflab bera olmaydi (uzoq-yaqin, katta-kichik, chap-o‘ng, tepa-past). Masalan, bemordan biror jonzot yoki odamning suratini chizib berish talab qilinsa, uning ba’zi qismlarini (qo‘li, oyog‘i, ko‘z va quloqlarini) chizadi-yu, ularni tanada joylashtira olmaydi (2-rasm, a, b, v).
 

2-rasm (a, b, v). Ko‘ruv agnoziyasi kuzatilgan bemorning chizgan rasmlari (A.R. Luriya, 1973): a – fil rasmidan nusxa ko‘chirish; b – tuyaning boshini chizishga urinish; v – odamni yoddan chizish.

Optik-fazoviy buzilishlar ba’zan o‘qish jarayoni buzilishi bilan ham namoyon bo‘ladi. Bunday holatlarda bemor harflardagi chiziqlarning qaysi tomonga qarab yo‘nalganini anglamaydi. Ayniqsa E, Sh, P, Ya kabi bosma harflarni o‘qiy olmaydi. Bemor «D» va «L» kabi harflarni farqiga bormaydi. Klinik amaliyotda optik-fazoviy agnoziyalarni aniqlash uchun harflarni bilishni tekshirishdan ko‘p foydalaniladi.
Harfga agnoziyada bemor harflarni to‘g‘ri ko‘chirsa-da, ularning nomini aytib bera olmaydi, chunki ularni tanimaydi. Shuning uchun ham bemorda o‘qish qobiliyati buziladi (birlamchi aleksiya). Bemor narsalarni to‘g‘ri taniydi, ularning tasviriga to‘g‘ri baho bera oladi va hatto murakkab fazoviy tasvirlarni to‘g‘ri farqlay oladi-yu, harflarni tanimaydi, ularni o‘qiy olmaydi. Agnoziyaning bu turi bosh miya chap yarim sharining (o‘naqaylarda) chakka-ensa sohalari zararlanganda kuzatiladi.
Rangga agnoziya ikki xil turga bo‘lib o‘rganiladi. Ranglarga agnoziyaning haqiqiy turi va ranglarni tanib olishning buzilishlari (ranglarga ko‘rlik) farqlanadi. Ranglarga ko‘rlik va ranglarni tanishning buzilishi ko‘ruv yo‘llarining ham periferik, ham markaziy qismlari zararlanganda, ya’ni ham to‘r parda, ham ko‘ruv sistemasining po‘stlog‘osti va po‘stloq tuzilmalari (17-maydon) zararlanganda kuzatiladi. Ma’lumki, ranglarni qabul qilishning buzilishi retina degeneratsiyasi va kolbachalar patologiyasi bilan ham bog‘liq.
Vilbrand 1887 yili ranglarni tanimaslikni birinchi bo‘lib bemorda aniqlagan va tashxisni ranglarga amnestik afaziya deb atagan. 1908 yili I. Levandovskiy qaysi narsalar qanday rangga ega bo‘lishini aytib bera olmagan bemorni kuzatib, ranglarga agnoziyani ranglarni ajrata olmaslikdan farqini ko‘rsatib bergan.
Ranglarga agnoziyada bemor narsa (olma, pomidor, apelsin)ning rangini aytib bera olmaydi. Agar bemorda rangni aytishda qiyinchiliklar tug‘ilsa, buni ranglarga amnestik afaziya, ranglarning nomi bo‘yicha o‘sha rangni ajrata olmasa – ranglarga sensor afaziya deyiladi.
Ko‘pincha, ranglarga agnoziya narsalar agnoziyasi bilan birgalikda uchraydi. Ba’zan esa birlamchi aleksiya bilan ham kuzatiladi. Ranglarga agnoziya kuzatilgan bemorda ko‘ruv maydoni qisqarishi ba’zan uchrasa-da, u agnoziyaga xos belgi emas.
Agnoziyaning yana bir murakkab turi bu – simultan agnoziya. Bunda bemor narsalarni butunligicha emas, balki ularning bo‘lagini, bir qismini ko‘radi, xolos. Simultan agnoziya Balint sindromi deb ham ataladi.
Agar bemorga aylana ichiga chizilgan kvadrat ko‘rsatilsa, bemor yo kvadratni yoki aylanani ko‘radi, ularning ikkalasini birgalikda ko‘rmaydi. Bemor uchun bitta so‘zni o‘qib, ikkinchisiga o‘tish ham qiyin. Shuning uchun Balint (1909) ko‘ruv agnoziyasining bu turini «nigohning ruhiy falaji» deb atagan. Ba’zi mualliflar bu holatni «okulomotor ataksiya» deb ham atashadi. Simultan agnoziyani aniqlash uchun bemordan geometrik figuralar bilan ishlashni, matnni ko‘chirish yoki yozishni talab qilib ko‘rish kifoya (3-rasm, a, b, v).
     Nima uchun bemor ikkita tasvirdan birini ko‘radi yoki bitta tasvirning bir qismini ko‘radi, xolos? Bemorda ko‘z olmasining to‘la harakati saqlansa-da, u narsalarni bus-butunligicha qabul qila olmaydi. Mutaxassislar fikricha, buning sababi nigoh boshqarilishi buzilishi bilan bog‘liq. Bemorning nigohi boshqarilmaydigan bo‘lib qoladi, uning ko‘z olmasi beixtiyor harakatlar qilaveradi va oqibatda ko‘z orqali ob’ektni izlash, uning konturlarini yaratish buziladi.
       Simultan agnoziya kelib chiqishining sababi bosh miya po‘stlog‘ida joylashgan ko‘ruv hujayralari faoliyatining pasayishidir, deydi tadqiqotchilar. Bu hujayralar faqat lokal qo‘zg‘alishlargagina qobiliyatli, deb taxmin qilinadi. Simultan agnoziya ensa-tepa bo‘lagining ikki tomonlama zararlanishida uchraydi.  Ko‘ruv agnoziyalarini tekshirish usullari “Neyropsixologik albom” yordamida amalga oshiriladi.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
              ©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiyasi. Darslik., T.; 2021., 312b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc)



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив