Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Ko‘zni harakatlantiruvchi nerv, III juft

Ko‘zni harakatlantiruvchi nerv, III juft


Ko‘zni harakatlantiruvchi nerv (n. oculomotorius III juft) – harakat nervi. III nerv yadrosi o‘rta miyada Silviy suv yo‘li tubida colliculis superior sohasida joylashgan. Bu nerv kalla suyagi ichidan fissura orbitalis superior orqali ko‘z kosasi kiradi. N. oculomotorius bir nechta yadroga ega: 1) lateral joylashgan bir juft yirik xujayrali yadro; 2) paramedial joylashgan bir juft parasimpatik yadro (Edinger-Vestfal yadrosi yoki qo‘shimcha yadro); 3) medial va biroz dorsal joylashgan kichik xujayrali toq yadro (Perlia yadrosi). 
     A. Lateral joylashgan bir juft yirik hujayrali yadro quyidagi 5 ta ko‘ndalang-targ‘il muskulni innervatsiya qiladi:
  1. Yuqori qovoqni ko‘taruvchi muskul (m.levator palpebrae superior);
  2. Yuqori to‘g‘ri muskul (m. rectus superior) – ko‘z olmasini tepaga va biroz ichkariga buradi; 
  3. Ichki to‘g‘ri muskul (m. rectus internus) – ko‘z olmasini ichkariga buradi;
  4. Pastki qiyshiq muskul (m. obliquus inferior) – ko‘z olmasini tepaga va qisman tashqariga buradi; 
  5. Pastki to‘g‘ri muskul (m. rectus inferior) – ko‘z olmasini pastga va qisman ichkariga buradi (6.17 rasm). 
        6.17-rasm. Ko‘zlarni harakatlantiruvchi muskullar va ularni innervatsiya qiluvchi nervlar

B. Edinger-Vestfalning bir juft mayda xujayrali parasimpatik yadrosi:
Qorachiqni toraytiruvchi muskulni (m. sphincter pupillae) innervatsiya qiladi
C. Perlianing toq parasimpatik yadrosi (Perlia yadrosi)
Akkomodatsiya funktsiyasini ta’minlovchi kiprik muskulini (m. ciliarae) innervatsiya qiladi. 
N. oculomotorius yadrolari va yo‘li
N. oculomotorius yadrolari va yo‘llari anatomo-funktsional jihatdan bir-biridan farq qilganligi bois, ularni alohida-alohida o‘rganib chiqamiz (6.18-rasm).
 
6.18-rasm. Ko‘zlarni harakatlantiruvchi nervlar yadrolari topografiyasi: 1 – Perlia yadrosi (m. ciliare); 2 - Edinger-Vestfal yadrosi (m.sphincter pupillae); 3 – N. oculomotorius ning yirik hujayrali lateral yadrosi; 4 – IV nerv yadrosi; 5 – miya oyog‘i; 6 – VI nerv yadrosi; 7– Varoliy ko‘prigi; 8 – uzunchoq miya. 
Izoh: Qavs ichida innervatsiya qilinuvchi muskul ko‘rsatilgan.

    1. N. oculomotoriusning yirik xujayrali lateral yadrosi va yo‘li. Nerv tolalarining m. rectus internus ni innervatsiya qiladigan qismi qarama-qarshi tomonga o‘tib oladi, qolganlari esa o‘zi tomondagi ko‘z muskullarini innervatsiya qiladi. Demak, chap tomondagi n.oculomotorius o‘ng tomondagi m. rectus internus ni, o‘ng tomondagi n.oculomotorius esa chap tomondagi m. rectus internus ni innervatsiya qiladi (6.18-rasm).
    2. Edinger-Vestfalning mayda xujayrali parasimpatik yadrosi va yo‘li. Ushbu yadro aksonlari III nerv tarkibida chiqib ganl. ciliare da sinaptik bog‘lanish hosil qilib, so‘ngra m.sphincter pupillae ga boradi. Bu yo‘l haqida batafsil ma’lumot ko‘ruv nervi yozilgan joyda keltirilgan.
    3. Toq parasimpatik yadro (Perlia yadrosi) va yo‘li. Perlia yadrosi aksonlari ham gangl. ciliare da sinaptik bog‘lanish hosil qiladi va m.ciliare ga boradi. Kiprik muskuli ko‘z gavhari shaklini o‘zgartirib akkomodatsiyani ta’minlaydi. Shu bois ham Perlia yadrosi akkomodatsiya yadrosi deb ham ataladi.

Zararlanish simptomlari. 1) ptoz (m.levator palpebrae superior falaji hisobiga); 2) ko‘z olmasining pastga va qisman tashqariga tortilib qolishi – m.rectus ext. (VI nerv) va m.obliquus sup. (IV nerv) qisqarishi hisobiga; 3) ko‘zning tepaga, ichkariga va qisman pastga harakatining chegaralanishi; 4) qochuvchi g‘ilaylik (strabismus divergens) – m.rectus ext. (VI nerv) tortishi hisobiga; 5) konvergentsiya buzilishi; 6) diplopiya; 7) midriaz (m.sphincter pupillae falaji va m.dilatator pupillae faolligi oshishi hisobiga); 8) akkomodatsiya buzilishi (m.ciliarae falajligi sababli); 9) qorachiqning yorug‘likka reaktsiyasi buzilishi (qorachiq reflektor yoyining efferent qismi zararlanishi sababli); 10) ekzoftalm (4 ta muskulning falajligi hisobiga).


Manba:  © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
               © Ibodullaev 
               © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив