Ko‘ruv nervi va uning patologiyasi
Ko‘ruv nervi (n. opticus, II juft) – sezgi nervi bo‘lib, ko‘rish funktsiyasini ta’minlaydi.
Nerv yo‘li va markazlari. Ko‘ruv yo‘llari 4 neyronli bo‘lib, ulardan dastlabki 3 neyron ko‘z to‘r pardasida (retina) joylashgan: 1 neyron – tayoqchalar va kolbachalar; 2 neyron – bipolyar hujayralar; 3 neyron – ganglioz hujayralar. Ganlioz hujayralar aksonlari to‘planib yirik ko‘ruv nervini (n.opticus) hosil qiladi (6.6-rasm).
Ko‘ruv nervining boshlang‘ich qismiga ko‘ruv nervi diski deyiladi. Tayoqchalar va kolbachalar yorug‘likni qabul qiluvchi retseptor hujayralar hisoblanadi. Tayoqchalar oqqora signallarni, kolbachalar esa ranglarni qabul qiladi.
Ko‘ruv nervi ko‘z kosasi ichidan foramen opticum orqali kranial bo‘shliqqa o‘tadi va miyaning bazal yuzasi bo‘ylab turk egari tomon yo‘naladi. Turk egariga etmasdan ko‘ruv yo‘llarining bir qismi o‘zaro kesishadi (chiasma opticum). Bunda faqat retinaning ichki (nazal) qismidan boshlangan tolalar kesishadi. Retinaning tashqi (chakka) qismidan boshlangan tolalar xiazmadan kesishmay o‘tadi.
Ko‘ruv yo‘llarining xiazmadan keyingi qismiga ko‘ruv trakti (tractus opticus) deyiladi. Ko‘ruv nervi ham, ko‘ruv trakti ham ko‘ruv yo‘lining 3-neyroni hisoblanadi. Chap tomondagi ko‘ruv trakti ikkala tomondagi ko‘ruv maydonining o‘ng tomonidan, o‘ng tomondagi ko‘ruv trakti esa chap tomonidan kelayotgan optik signallarni o‘tkazadi. Ko‘ruv maydonining tashqi qismidan kelayotgan optik signallarni retinaning ichki qismi, ichki qismidan kelayotgan signallarni retinaning tashqi qismi qabul qilib oladi. Chunki optik signallar qavariq gavhardan sinib o‘tadi, shu bois qarama-qarshi tomonga tushadi.
Lateral tizzasimon tana (corpus geniculatum laterale), kam qismi talamus yostiqchasida (pulvinar) 4-neyron tanasi yotadi. Uning aksonlari ichki kapsulaning orqa sonidan o‘tadi va Gratsiole tutamini (radiatio optica) hosil qilib, ensa bo‘lagi tomon yo‘naladi. Bu erda ko‘ruv analizatorining po‘stloq markazi joylashgan (17-maydon). Ko‘ruv nervi yo‘llari va markazlari 6.7-rasmda keltirilgan.
6.7-rasm. Ko‘ruv nervi
- – retina; 2 – n.opticus; 3 – chiasma opticum 4 – tr. opticus; 5 – interneuron; 6 – colliculus superior; 7 – reflektor yoyning afferent qismi; 8 – Edinger-Vestfal yadrosi; 9 – miya oyog‘i; 10 – 4-neyron;
- – corona radiata; 12 – sulcus calcarinus; 13– reflektor yoyning efferent qismi (n. oculomotorius); 14– gang, ciliare; 15– m.shpincter pupillae.
Sul. salcarinus ustki qismida cuneus, pastki qismida gyrus lingualis joylashgan. Cuneus da to‘r pardaning ustki kvadranti, gyrus lingualis da pastki kvadrantidan kelayotgan ko‘ruv yo‘llari tugaydi.
Qorachiqning reflektor yoyi. Qorachiqning yorug‘likka reaktsiyasi n.opticus tizimi bilan bog‘liq. (6.8-rasm). Chunki ko‘ruv nervi va ko‘ruv trakti tarkibida qorachiq reflektor yoyining afferent qismi o‘tadi. Ko‘rish funktsiyasiga bu yo‘llarning aloqasi yo‘q. Bu yo‘llar faqat qorachiqlar torayishi uchun mas’ul.
6.8-rasm. Qorachiqning yorug‘likka reflektor yoyi 1 – retina; 2 – 11 nerv; 3 – chiasma opticum; 4 – interneyron; 5 – Edinger-Vestfal yadrosi; 6– III nerv; 7– gangl. ciliare; 8 – m.shpincter pupillae; 9 – miya oyog‘i.
- Reflektor yoyning afferent qismi. Reflektor yoyining sezuvchi qismi retinadagi tayoqcha va kolbachalaridan boshlanadi. Uning avtonom funktsiyaga ega markazga intiluvchi tolalari n. opticus tarkibida xiazmadan qisman kesishib o‘tadi. Bunda faqat ichki tolalar kesishadi. Tractus opticus tarkibidagi ushbu tolalar colliculis superior da tugaydi. Bu erda oraliq neyron yotadi. Uning aksonlari qorachiqdan kelgan impulslarni shu erda joylashgan Edinger-Vestfal yadrosiga o‘tkazadi. Oraliq neyron aksonlari ham o‘zi tomondagi, ham qarama-qarshi tomondagi Edinger-Vestfal yadrosiga boradi. Shu bois ham bir tomondagi qorachiqqa tushgan yorug‘likka ikkinchi tomondagi qorachiq ham qisqarib javob beradi.
- Reflektor yoyning efferent qismi. Reflektor yoyning harakat qismi Edinger-Vestfal yadrosidan boshlanadi (1-neyron). Ushbu yadro n. oculomotorius ning juft parasimpatik yadrosi hisoblanadi. Undan boshlangan efferent tolalar III nerv tarkibida tsiliar tugunga (ganlion ciliare) borib tugaydi. Ganlion ciliare da 2 neyron yotadi va uning tolalari qorachiqni toraytiruvchi muskulga (m.shpincter pupillae) boradi. Shunday qilib, qorachiqning yorug‘likka reaktsiyasi bilan bog‘liq reflektor yoyning afferent qismi II nerv, efferent qismi esa III nerv tarkibida o‘tadi.
Ko‘ruv nervini tekshirish usullari
Nevrologiyada ko‘ruv nervini tekshirish alohida o‘rin tutadi. Vaholonki, bosh miyada kechuvchi aksariyat kasalliklar ko‘ruv nervi va uning tubi o‘zgarishi bilan namoyon bo‘ladi. Shu bois nevrologlar orasida «Ko‘z – bosh miya ko‘zgusi» degan ibora bor. Neyrodiagnostikaga MRT kirib kelgunga qadar neyroxirurglar va nevrologlar oftalmodiagnostika usullaridan keng foydalanishgan. Hatto oftalmonevrologiya fani paydo bo‘lgan. Shu o‘rinda ko‘ruv nervini tekshirish usullari bilan tanishib chiqamiz.
Quyidagi funktsiyalar tekshiriladi: 1) ko‘ruv o‘tkirligi; 2) ranglarni ajratish; 3) ko‘ruv maydoni; 4) ko‘z tubi.
- Ko‘ruv o‘tkirligi (visus). Sivtsev (harflar) va Landolt jadvallari (ochiq halqalar) yordamida tekshiriladi (6.9-rasm).
Sog‘lom odam eng pastda, ya’ni 10 qatordagi harflarni (halqalarni) bemalol ko‘ra oladi. Agar sinaluvchi 9 qatorni ko‘rsa – Vis = 0,9, 8 qatorni ko‘rsa –
Vis = 0,8, 7 qatorni ko‘rsa – Vis = 0,7 (va h.k.) deb yoziladi. Hozirda visus maxsus zamonaviy asbob-uskunalarda yuqori darajadagi aniqlik bilan o‘rganiladi. Ko‘ruv o‘tkirligi normada 1,0 ga teng. Ko‘ruv o‘tkirligi pasaysa – ambliopiya, yo‘qolsa – amavroz deb aytiladi. Yosh bolalarda ko‘ruv o‘tkirligi biroz past bo‘ladi. Masalan, 3 yoshli bolada ko‘ruv o‘tkirligi 0,6–0,8 ga teng bo‘lsa, 5–6 yoshga kelib 0,9–1,0 ga etadi.
- Ranglarni ko‘rib farqlash. Maxsus polixromatik jadval yordamida tekshiriladi (6.11-rasm, 15-rangli rasmga qarang)
- Ko‘ruv maydoni. Perimetr yordamida tekshiriladi. Ko‘ruv maydonining tashqi, ichki, yuqori va pastki chegaralari farqlanadi. Ko‘ruv maydonini tekshirishning bir nechta oddiy usullari bo‘lib, ular bilan tanishtirib chiqamiz. Normada ko‘ruv maydonining tashqi chegaralari 90°, ichki chegarasi 60°, pastki chegarasi 70°, yuqori chegarasi 60° ga teng.
2-usul. Ko‘ruv maydonini nevrologik bolg‘acha yordamida tekshirish. Dastlab tekshiruv sinaluvchiga aniq va lo‘nda qilib tushuntiriladi. Undan: «Ikkala qoshimning o‘rtasiga qarab turing», - deb so‘raladi. Sinaluvchi kafti bilan bir ko‘zini bekitadi.
Bolg‘acha ko‘ringan zahoti sinaluvchi vrachni xabardor qiladi. Bolg‘acha ko‘ringan joy ko‘ruv maydonining tashqi chegarasi hisoblanadi. Shu tartibda har bir ko‘zning tashqi, ichki, pastki, ustki ko‘ruv maydonlari chegarasi aniqlab olinadi va qog‘ozga belgilanadi. Nevrologik bolg‘acha o‘rniga qalamni ishlatib ham tekshirish mumkin. Perimetr yo‘q paytda va yotgan bemorda ushbu usuldan keng foydalaniladi.
3-usul. Ko‘ruv maydonini sochiq yordamida tekshirish. Sinaluvchining ikkala ko‘zi ham ochiq turadi. Vrach uning ro‘parasiga o‘tirib oladi va ikkala qo‘li bilan sochiqning ikkala chekkasidan ushlab turadi. Sochiqning uzunligi 70-80 sm bo‘lishi kerak. Sinaluvchidan: «Ko‘rsatkich barmog‘ingiz bilan sochiqning o‘rtasini ko‘rsating», - deb so‘raladi. Sinaluvchi sochiqning qoq o‘rtasini ko‘rsatsa, demak, ko‘ruv maydoni buzilmagan (6.14-rasm).
Agar sochiqning bir tomoni uzun qolsa, demak, o‘sha tomonda gemianopsiya bor. Ushbu sinamani tekshirayotgan vrachning o‘zida gemianopsiya bo‘lmasligi kerak.
- Ko‘z tubini tekshirish. Oftalmoskop yordamida tekshiriladi. Bunda ko‘z to‘r pardasi (retina) qon tomirlari va ko‘ruv nervi diski holatiga e’tibor qaratiladi. Normada ko‘z olmasi tubi qizil rangda bo‘ladi. Ko‘z tubi o‘rtasida ko‘ruv nervi diski joylashgan. U pushtirang bo‘lib, biroz bo‘rtib turadi.
6.15-rasm. Ko‘ruv yo‘llari va markazlari zararlanishining topik diagnostikasi 1 – ko‘ruv nervi (amavroz); 2 – xiazmaning ichki qismi (bitemporal gemianopsiya); 3 – xiazmaning tashqi qismi (binazal gemianopsiya); 4 – ko‘ruv trakti (bir tomonlama gomonim gemianopsiya); 5 – lateral tizzasimon tana (bir tomonlama gomonim gemianopsiya markaziy ko‘rish saqlanib qolgan); 6 – corona radiate; 7 – gyrus lingualis (ustki kvadrant gemianopsiya); 8 – cuneus (pastki kvadrant gemianopsiya).
Zararlanish simptomlari va topik diagnostikasi
- Ko‘ruv nervi bir tomonda zararlansa, o‘sha tomonda amavroz yoki ambliopiya rivojlanadi. Ushbu ko‘zda qorachiqning yorug‘likka to‘g‘ri reaktsiyasi ham yo‘qoladi. Chunki n. opticus tarkibida o‘tadigan qorachiq reflektor yoyining afferent qismi ham zararlanadi. Biroq qorachiqning yorug‘likka hamkor reaktsiyasi saqlanib qoladi. Buning uchun sog‘lom ko‘zga yorug‘lik tushirib tekshirish kerak. Chunki reflektor yoyning efferent qismi n. oculomotorius tarkibida o‘tadi
- Xiazmaning ichki qismi zararlansa, bitemporal gemianopsiya kuzatiladi. Bemor ikkala ko‘ruv maydonining tashqi yarmi, yani temporal qismini ko‘rmaydi. Chunki ko‘ruv maydonining tashqi yarmidan kelayotgan ko‘ruv impulslari xiazmaning ichki qismidan o‘tadi (6.15-rasm).
- Xiazmaning tashqi qismi zararlansa, binazal gemianopsiya rivojlanadi. Bunda ikkala ko‘ruv maydonining ichki yarmi, yani nazal qismida ko‘rish buziladi. Chunki ko‘ruv maydonining ichki yarmidan kelayotgan ko‘ruv impulslari xiazmaning tashqi qismidan o‘tadi.
- Ko‘ruv trakti zararlansa, gomonim gemianopsiya rivojlanadi. Agar chap tomondagi ko‘ruv trakti zararlansa, o‘ng tomonlama gomonim, o‘ng tomondagi ko‘ruv trakti zararlansa, chap tomonlama gomonim gemianopsiya rivojlanadi.
- Lateral tizzasimon tana zararlansa, gomonim gemianopsiya rivojlanadi. Bunda markaziy ko‘ruv saqlanib qoladi. Chunki retinaning macula qismidan boshlangan tolalar ikki tomonlama kortikal innervatsiyaga ega.
- Gratsiole tutami (corona optica) yoki ichki kapsulaning orqa soni zararlansa, qarama-qarshi tomonda gomonim gemianopsiya rivojlanadi. Ko‘ruv shafaqining pastki qismi zararlansa, ustki kvadrant, ustki qismi zararlansa, pastki kvadrant gemianopsiya kuzatiladi.
- Ko‘ruv analizatorining po‘stloq markazi zararlansa ham qarama-qarshi tomonda kvadrant gemianopsiya rivojlanadi: suneus zararlansa, pastki kvadrant gemianopsiya, gyrus lingualis zararlansa, ustki kvadrant gemianopsiya rivojlanadi.
- Ko‘ruv yo‘llarining colliculis superior gacha qismi zararlansa, qorachiq fotoreaktsiyasi yo‘qoladi, colliculis superior dan keyingi qismi zararlansa, fotoreaktsiya saqlanib qoladi. Bu holat reflektor yoy topografiyasi bilan bog‘liq.
- Sulcus calcarinus sohasi ta’sirlantirilsa, qarama-qarshi tomonda fotopsiya va ko‘ruv gallyutsinatsiyasi kuzatiladi. Ensa bo‘lagining tashqi yuzasi (temporo-parieto-occipitalis) ta’sirlantirilsa, murakkab tipdagi optik gallyutsinatsiyalar paydo bo‘ladi. Shuningdek, metamorfopsiya, mikropsiya va makropsiyalar kuzatiladi.
- Optik signallarni qabul qiluvchi assotsiativ markazlar (18, 19-maydonlar) zararlansa, optik agnoziya rivojlanadi.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha