Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Hayz buzilishida ayollar psixologiyasi

Hayz buzilishida ayollar psixologiyasi


       Ayollarda o‘tkir va surunkali stresslar aksariyat hollarda hayz buzilishiga olib keladi. Qizlarda hayz ko‘rishning barvaqt kelishi hayot tarzining keskin o‘zgarayotgani, ruhiy va jismoniy rivojlanish orasida nomutanosiblik bilan bog‘liq deb hisoblashadi. Qizlarda erta seksual rivojlanish sabablaridan biri ochiq matbuot va internetda intim hayotga bog‘liq ma’lumotlarning ko‘payib borayotganiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. 
       Hayz ko‘rishning buzilishi bilan kechuvchi kasalliklar ichida amenoreya alohida o‘rin tutadi. Amenoreyaga oid dastlabki ma’lumotlar va uning ruhiyatga bog‘liqligi Ikkinchi jahon urushi davrida aniqlangan. Ikkinchi jahon urushida hayoti xavf ostida qolgan ayollarda hayz kelishning uzoq vaqtga yo‘qolishi kuzatilgan. Amenoreya va dismenoreya holatini kuzatgan har bir ginekolog bemorni tibbiy psixologga yuborishi zarur. Chunki amenoreya rivojlanishida psixoemotsional stress asosiy omil hisoblangan. 
      Stress asri deb atalmish XX asrda esa amenoreya eng ko‘p uchraydigan patologik holatlardan biridir. Ayniqsa, oiladagi doimiy janjallar, farzand bo‘lmasligi, ishdagi kelishmovchiliklar hayz kelishining buzilishiga sabab bo‘ladi. Xavotir bilan kechuvchi doimiy ruhiy-hissiy buzilishlar dismenoreya va amenoreyani keltirib chiqaradi.
       Hayz oldi sindromi. Hayz kelishidan oldin ruhiy-hissiy, vegetativ, endokrin va somatik buzilishlar kuzatilishi mumkin. Ushbu buzilishlar umumiy vegetonevroz ko‘rinishida namoyon bo‘lib, ba’zi mutaxassislar bu holatni hayz kelishi bilan bog‘lashmaydi. Demak, hayz oldi sindromi deb atalmish affektiv buzilishlar mavjudligini vrachlar doimo yodda tutishi lozim. Ushbu belgilar hayz kelgach yoki tugagandan so‘ng o‘tib ketadi. Psixonevrologik belgilarga boy hayz oldi sindromi ayol kishining ish faoliyati, o‘qishi va shu kabi faol hayot tarzini talab qiluvchi vaziyatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday paytlarda u o‘qish yoki ishga borgisi kelmaydi, uy yumushlarini tashlab qo‘yadi, holsiz bo‘lib yotadi, apatiyaga tushadi, hech kim bilan gaplashmay qo‘yadi.  Ba’zan vrachlar e’tiboridan ham chetda qoladigan bu holat oila a’zolari tomonidan noto‘g‘ri qabul qilinishi va turli xil oilaviy mojarolarga sabab bo‘lishi mumkin, ya’ni “yalqov kelin sindromi”.
       Hayz oldi sindromida yashirin yotgan ruhiy-hissiy buzilishlar qo‘zg‘ashi mumkin. Masalan, depressiyaga moyil ayollarda depressiya, bosh og‘rig‘i bezovta qilib turadigan ayollarda bosh og‘rig‘i, yurak qon-tomir kasalliklariga moyillarda kardialgiyalar, oshqozon-ichak sistemasi kasalliklariga moyil ayollarda gastrointestinal buzilishlar kuzatiladi. Bosh og‘riq bilan keladigan sindromlarda hayz migreni alohida o‘rin tutadi. Bunda hayz yaqinlashgan sayin migren xurujlari kuchayadi, hayz tugagandan so‘ng o‘tib ketadi. Shuningdek, o‘z-o‘zidan yig‘lash, fikrlar chalg‘ib ketishi, parishonxotirlik, xavotir, uyquchanlik, kardiofobiya, ko‘krak uchida og‘riqlar, elektrolitlar almashinuvi buzilishi hisobiga qo‘l va oyoqning shishishi, qabziyat, bo‘g‘imlarda og‘riqlar va boshqa psixosomatik buzilishlar kuzatiladi. Hayz oldi sindromi faqat monosimptomlar masalan, bosh aylanishi bilan ham namoyon bo‘lishi mumkin. Buning asl sababi neyroregulyator buzilishdir, buni ba’zan shifokorlar kamqonlik bilan ham bog‘lashadi.
       To‘g‘ri yig‘ilgan tibbiy-psixologik anamnez va bemorning shikoyatlari xronologiyasi hayz oldi sindromini aniqlashni osonlashtiradi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sindromlar hayz kelishidan 5-6 kun oldin kuchayib, hayz boshlanishi bilan keskin kamayib boradi yoki butunlay o‘tib ketadi. Aynan mana shu holat hayz oldi sindromini to‘g‘ri aniqlashga yordam beradi.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
             © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
             ©asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив