Hushning yo‘qolishi
Hushning buzilishi har qanday etiologiyali koma uchun asosiy belgidir. “Koma” tashxisini qo‘yish hushsizlik darajasini aniqlashdan boshlanadi. Bemor hushini yo‘qotgan taqdirdagina koma tashxisi qo‘yiladi. Hushsiz yotgan bemor unga qaratilgan savollarga javob bermaydi, oddiy ko‘rsatmalarni bajarmaydi va og‘riqli ta’sirlarga javob qaytarmaydi. Masalan, ko‘zingizni oching, tilingizni chiqaring, qo‘lingizni ko‘taring kabi savollarga hushsiz yotgan bemor javob bermaydi. Bemorning yuqori qovog‘i qimirlamasdan yotadi, kipriklari pirpiramaydi. Shuningdek, u ovoz kelgan tomonga boshini burmaydi, yuziga shapillatib ursa, badaniga nina sanchsa, ko‘zini ochmaydi yoki ingramaydi. Albatta, biroz kuchliroq ta’sirlarga bemorda himoya reaktsiyasi paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda quyiroqda yozilgan.
Hushning to‘la buzilganligiga ishonch hosil qilish uchun tananing sezgir joylarini chimchillab ko‘rish yoki nina sanchib tekshirish zarur. Buning uchun, odatda, yuz va qo‘l panjalaridan foydalaniladi. Chunki tananing bu qismlari po‘stloqda katta proektsion sohani egallagan. Bemorda isterik komaga gumon qilinsa, burnining ichiga qog‘ozning uchini tegizishning o‘zi kifoya. Bunda bemor vrachning qo‘lini itarib yuboradi yoki aksiradi.
Hushsiz yotgan bemorni biror joyga olmoqchi yoki uning oyoq-qo‘llarini to‘g‘rilab qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, u passiv holatda yotaveradi. Bu passivlikni muskullar tonusi, pay reflekslari va sezgini tekshirayotganda ham kuzatish mumkin. Lekin bosh miyaning o‘choqli zararlanishlarida (insult, o‘sma, gematoma) bemorning boshi bir tomonga qayrilgan holatda bo‘ladi. Eslab qoling: Koma tashxisi bemorning hushi yo‘qolgan taqdirdagina qo‘yiladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha