Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Harakat sistemasini tekshirish

Harakat sistemasini tekshirish


Harakat sistemasi va reflektor faoliyat quyidagi tekshiruvlar orqali amalga oshiriladi: 1) umumiy ko‘rik; 2) faol harakatlar; 3) passiv harakatlar; 4) muskullar tonusi; 5) muskullar trofikasi; 6) muskullar kuchi; 7) chuqur va teri reflekslari; 8) patologik reflekslar va klonuslar; 9) himoya reflekslarini tekshirish.
Umumiy ko‘rik. Bemor echintiriladi. So‘ngra uning butun tanasi tik turgan yoki yotgan holatda ko‘zdan kechiriladi. Agar yura olsa, qadam tashlashiga nazar solinadi. Umumiy ko‘rik paytida gavda va ikkala tomondagi muskullar simmetrikligi, atrofiya, fibrillyatsiya va fassikulyatsiyalar bor-yo‘qligi hamda harakat faoliyatidagi cheklanishlarga etibor qaratiladi.
Fassikulyatsiya va fibrillyatsiyalar. Atrofiyaga uchrayotgan muskulda fibrillyatsiya va fassikulyatsiyalar kuzatiladi. Muskul tolalari tebranishiga fibrillyatsiya, muskul tutamlari tebranishiga fassikulyatsiya deyiladi. Bu tebranishlar normada kuzatilmaydi.
Fibrillyatsiya va fassikulyatsiyalarning mavjudligi periferik motoneyron ta’sirlanishidan darak beradi. Atrofiyaga uchrayotgan muskullarga bolg‘acha bilan urib fibrillyatsiya va fassikulyatsiyalarni oson chaqirish mumkin. Oldingi shox patologiyasi uchun fibrillyar, oldingi ildizcha patologiyasi uchun fassikulyar tebranishlar xos. Chunki oldingi shoxda periferik motoneyronlar biroz yoyilib joylashgan, oldingi ildizchada esa tolalar zich joylashib o‘tgan.
Faol harakatlarni tekshirish. Bemorning o‘zi mustaqil ravishda bajaradigan harakatlarga faol harakatlar deb aytiladi. Vrach ko‘rsatmasiga binoan bemor barcha bo‘g‘imlarda turli harakatlarni o‘zi bajaradi. Bunday harakatlar avval qo‘llar, so‘ngra oyoqlarda tekshiriladi. Masalan, qo‘l panjasini bukadi-yozadi, qo‘lni tirsak bo‘g‘imida bukib-ochadi, yozilgan qo‘llarni pronatsiya va supinatsiya qiladi, oyog‘ini ko‘taradi, tushiradi va h.k. Bir so‘z bilan aytganda, bemor barcha harakatlarni hamma bo‘g‘imlarda bajarib ko‘rsatib berishi kerak.
Har bir bo‘g‘imdagi faol harakat hajmi, erkin va simmetrik tarzda bajarilishiga etibor qaratiladi. Qaysi muskulda atrofiya, atoniya yoki spastik gipertonus bo‘lsa, unda faol harakatlar chegaralangan bo‘ladi. Plegiyada faol harakat umuman bo‘lmaydi. Kuchli spastik gipertonusda ham faol harakatlar keskin chegaralanadi yoki mutlaq bo‘lmaydi. Masalan, bemor yumilib qolgan qo‘l panjasi va tirsak bo‘g‘imida bukilgan qo‘lini yoza olmaydi. Spastik gipertonus ko‘p hollarda mushak-bo‘g‘im kontrakturasi rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Piramidal sistema zararlanishiga aloqasi bo‘lmagan holatlarda ham faol harakatlar chegaralanishi mumkin. Masalan, bo‘g‘imlar ankilozi, kontrakturasi yoki og‘riqli sindromlar va h.k.
Passiv harakatlarni tekshirish. Bemorning turli bo‘g‘imlarida vrach tomonidan bajariladigan harakatlarga passiv harakatlar deyiladi. Bemordan faol harakatlar qilmasdan tinch o‘tirish so‘raladi. Demak, faol harakatlarni bemorning o‘zi mustaqil bajarsa, passiv harakatlarni bemorda vrachning o‘zi bajarib o‘rganadi. Farqi ana shunda.
Passiv harakatlarni tekshirishdan asosiy maqsad - turli bo‘g‘imlarda harakatlar hajmi va muskullar tonusini o‘rganishdir. Harakatlar hajmi bo‘g‘imlar kontrakturasi, suyaklar jarohati, pay cho‘zilishi, muskullarning spastik yoki plastik gipertonusida chegaralanadi.
Muskullar tonusini tekshirish. Muskul tonusi deganda, uning taranglik darajasi tushuniladi. Sog‘lom odamda har bir muskul muayyan taranglikka ega. Sport bilan muttasil shug‘ullanuvchilarda muskullar qattiq va yaxshi rivojlangan bo‘lsa, gipodinamiyada ular bo‘shashgan bo‘ladi.
Periferik motoneyrondan muskulga efferent impulsning to‘xtovsiz oqimi uni ma’lum taranglikda ushlab turadi. Muskullar tonusini taminlashda katta yarimsharning premotor sohasi, striopallidar sistema, retikulyar formatsiya, miyacha, chuqur sezgi yo‘llari va albatta, orqa miyaning oldingi shoxida joylashgan periferik motoneyronlar bevosita ishtirok etadi.
Muskullar tonusini tekshirish uchun bemordan tinch o‘tirish so‘raladi. So‘ngra vrach bo‘g‘imlarda passiv harakatlarni amalga oshirib muskullar tonusini o‘rgana boshlaydi. Normada tekshirilayotgan muskulda muayyan taranglik seziladi. Ushbu taranglikni vrach to‘g‘ri baholay olishi kerak. Aks holda sog‘lom odamda ham muskul tonusi oshgan yoki pasaygan deb noto‘g‘ri xulosa chiqarish mumkin.
Bemor tekshiruvga suniy qarshilik ko‘rsatmasligi uchun uning fikri chalg‘itiladi. Muskul tonusi qo‘l-oyoqlarning bukuvchi va yozuvchi muskullari hamda pronator va supinatorlarda tekshiriladi. Muskul tonusi pasayishiga gipotoniya, yo‘qolishiga atoniya, kuchayishiga gipertonus deb aytiladi.
Oldingi markaziy pushtadan boshlanuvchi markaziy piramidal yo‘l zararlansa, muskul tonusi oshadi, yani unda spastik gipertonus kuzatiladi. Parkinsonizmda ham muskullar tonusi oshadi. Biroq bunga plastik gipertonus deyiladi. Spastik gipertonusda bo‘g‘imlarda passiv harakatlarni bajarayotgan vrach dastlab muskullarda qarshilik sezadi, keyinchalik esa bu qarshilik yo‘qolib boradi. Plastik gipertonusda esa passiv harakatlarni bajarayotgan vrach dastlab muskullar qarshiligini sezmaydi, so‘ngra uning notekis tarzda oshayotganini sezadi. Bu holatga "tishli g‘ildirak" simptomi deyiladi.
Muskullar gipotoniyasi yoki atoniyasi periferik motoneyron zararlanishidan tashqari, chuqur sezgi yo‘llari o‘tadigan orqa spinal ildizcha va orqa ustunning Goll va Burdax tutamlari zararlansa ham kuzatiladi. Bunday paytda bo‘g‘imlar shalvirab qoladi. Miyacha va striar sistema yadrolari zararlanishida ham muskullar gipotoniyasi kuzatiladi, biroq muskul kuchi saqlanib qoladi va atrofiya bo‘lmaydi.
 Muskullar trofikasini tekshirish. Periferik motoneyrondan muskullarga impulslarning to‘xtovsiz oqimi nafaqat muskul tonusi, balki uning trofikasini ham taminlab beradi. Qadimda vrachlar nerv tolalarining kuchli ezilishi yoki bosilishida 2-3 soat ichida muskullar oza boshlaganiga guvoh bo‘lishgan.
Keyingi o‘tkazilgan tadqiqotlar ham periferik motoneyronning yuqori darajada trofik funktsiyasi borligini tasdiqladi. Shu bois ham muskul atrofiyasi periferik motoneyron zararlanishi uchun patognomonik simptomdir. Shuning uchun ham periferik falajlikning ikkinchi nomi – bu atrofik falajlik. Markaziy motoneyron zararlansa muskullar atrofiyasi kuzatilmaydi. Biroq markaziy falajlik sababli harakatsiz yotgan muskullar keyinchalik oza boshlaydi.
Bo‘g‘im kasalliklarida ham atrofiya kuzatilishi mumkin. Bunga artrogen atrofiya deyiladi, bunda muskullarda gipotoniya va atrofiya kuzatilsada, pay reflekslari pasaymaydi. Muskullar atrofiyasi nasliy miodistrofiyalarda ham kuzatiladi. Bunday paytda atrofiya, atoniya va arefleksiya birgalikda namoyon bo‘ladi. Demak, ularni spinal yoki nevrogen atrofiya bilan farqlay olish kerak.
Muskullar trofikasini tekshirish uchun dastlab ular paypaslab ko‘riladi. So‘ngra atrofiyaga gumon qilingan joy santimetrli lenta bilan o‘lchanadi. Bu o‘lchov qo‘l bo‘g‘imlaridan 5 sm, oyoq bo‘g‘imlaridan 10 sm yuqori yoki pastda o‘tkaziladi. Bunda chap va o‘ng tomondagi muskullar aylanasi solishtirib ko‘riladi.
Xulosa yozayotganda sog‘lom tomondagi muskulga qaraganda atrofiyaga uchragan tomondagi muskul necha sm ga kichraygani ko‘rsatiladi. Masalan, chap tomondagi boldir muskuli aylanasi, o‘ng tomondagi boldir muskuli aylanasiga qaraganda 3 sm kichraygan va h.k. Muskullar aylanasi qo‘l-oyoqlarni vertikal holatga keltirib tekshiriladi. Chunki gorizontal holatda muskullar gipotoniyasi sababli o‘sha tomon katta bo‘lib ko‘rinadi. Muskul kuchini tekshirish. Muskul kuchini tekshirish uchun bemordan vrach bajarayotgan passiv harakatlarga qarshilik ko‘rsatish so‘raladi [3.2-rasrri). Mana shu qarshilik darajasiga qarab muskul kuchi aniqlanadi va baholanadi. Muskul kuchi har bir bo‘g‘imda bajarilishi mumkin bo‘lgan harakatlar, yani bukish, yozish, bir-biriga yaqinlashtirish va uzoqlashtirish, pronatsiya va supinatsiya etiborga olingan holda tekshiriladi. Qo‘l panjasini bukuvchi muskullar kuchi dinamometr yordamida o‘lchanadi.
Barcha tekshiruvlar distal va proksimal hamda o‘ng va chap tomondagi muskullarda qiyoslab o‘rganiladi. Bunda muskullar hajmi va funktsiyasi etiborga olinadi. Ortiqcha kuch ishlatilmasligi lozim.

Muskullar kuchini tekshirish usullari


Qo‘llarni elka chizig‘idan tepaga ko‘taruvchi muskullar kuchini tekshirish. Vrach bemorning tepaga ko‘tarib ushlab turgan qo‘llarini pastga bosadi. Bemor bunga qarshilik qiladi.
Qo‘llarni tanaga yaqinlashtiruvchi muskullar kuchini tekshirish. Bemor qo‘llarini tanasiga yaqinlashtirmoqchi bo‘ladi. Vrach bunga qarshilik ko‘rsatadi.


Qo‘llarni tirsak bo‘g‘imida bukuvchi muskullar kuchini tekshirish (m.biceps brachi). Vrach bemorning tirsak bo‘g‘imida bukilgan qo‘lini yozishga harakat qiladi. Bemor bunga qarshilik ko‘rsatadi.
Qo‘llarni tirsak bo‘g‘imida yozuvchi muskullar kuchini tekshirish (m.triceps brachi). Vrach bemorning tirsak bo‘g‘imida yozilgan qo‘lini bukishga harakat qiladi. Bemor bunga qarshilik ko‘rsatadi.


Qo‘l panjasini yozuvchi muskullar kuchini tekshirish. Vrach bemorning yozilgan qo‘l panjasini barmoqlari ustidan bosib bukishga harakat qiladi. Bemor bunga qarshilik ko‘rsatadi.
Qo‘l panjasini bukuvchi muskullar kuchini tekshirish. Vrach bemorning bukilgan barmoqlarini yozishga harakat qiladi. Bemor bunga qarshilik ko‘rsatadi.


Barre sinamasini tepaga qarab yotgan holatda tekshirish. Ikkala oyoqni ko‘tarib bir xil holatda ushlab turish so‘raladi. Bunda falajlangan oyoq sekin pastga tusha boshlaydi.
Barre sinamasini pastga qarab yotgan holatda tekshirish. Tizza bo‘g‘imida bukilgan ikkala oyoqni bir xil holatda ushlab turish so‘raladi. Bunday falajlangan oyoq sekin pastga tusha boshlaydi.


Oyoqning proksimal guruh muskullari kuchini tekshirish. Bemordan oyoqni ko‘tarib ushlab turish so‘raladi. Vrach qo‘li bilan sonning tepa qismidan oyoqni pastga bosadi. Bemor bunga qarshilikko‘rsatadi.
Oyoqning distal guruh muskullari Kuchini tekshirish (oyoq panjasi misolida). Bemor tepaga qarab yotadi. Vrach tepaga bukib ushlab turilgan oyoq panjasini pastga bosishga harakat qiladi. Bemor bunga qarshilik ko‘rsatadi.


Oyoqni tizza bo‘g‘imidan bukuvchi muskullar kuchini tepaga qarab yotgan holatda tekshirish. Ko‘tarib ushlab turilgan oyoqni vrach tizza bo‘g‘imida bukishga harakat qiladi. Bemor bunga qarshilik ko‘rsatadi.
Oyoqni tizza bo‘g‘imidan bukuvchi muskullar kuchini pastga qarab yotgan holatda tekshirish. Vrach tizza bo‘g‘imida bukilgan oyoqni yozishga harakat qiladi. Bemor bunga qarshilik ko‘rsatadi.


Oyoqni tizza bo‘g‘imida bukuvchi muskullar kuchini tekshirish. Bemor tepaga qarab yotadi. Vrach tizza bo‘g‘imidan bukilgan oyoqni yozishga harakat qiladi. Bemor bunga qarshilik ko‘rsatadi.
Oyoqning distal guruh muskullari kuchini tekshirish (oyoq panjasi misolida). Bemor pastga qarab yotadi va oyog‘ini tizza bo‘g‘imidan bukib ushlab turadi. Vrach oyoq panjasini pastga bukishga harakat qiladi. Bemor bunga qarshilik ko‘rsatadi.


Oyoqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi muskullar kuchini tekshirish. Bemor oyoqlarini bir-biriga yaqinlashtirmoqchi bo‘ladi, vrach bunga qarshilik ko‘rsatadi.
Oyoqlarni bir-biridan uzoqlashtiruvchi muskullar kuchini tekshirish. Bemor oyoqlarini bir-biridan uzoqlashtirmoqchi bo‘ladi. Vrach bunga qarshilik ko‘rsatadi.

Tekshirilgan muskullar kuchini baholash 5 balli sistema bo‘yicha o‘tkaziladi (3.1-jadval).

3.1-jadval
Muskullar kuchini baholash jadvali

Baholash mezonlari

Ball
Xulosa
Vrach harakatiga to‘la qarshilik ko‘rsata oladi.
5
Norma
Vrach harakatiga qarshilik ko‘rsatish ozgina sustlashgan, ya’ni muskul kuchi biroz pasaygan, biroq faol harakat to‘la saqlangan.

4
Engil falajlik
Vrach harakatiga qarshilik ko‘rsatish sezilarli darajada sustlashgan, ya’ni muskul kuchi pasayganligi yaqqol seziladi. Faol harakatlar hali saqlangan, biroq charchash kuzatiladi.

3
O‘rta darajadagi falajlik
Vrach harakatiga qarshilik ko‘rsatish keskin pasaygan, faol harakatlar o‘ta sustlashgan.

2
Chuqur falajlik 
Qarshilik yo‘q, faol harakatlar bilinar-bilinmas. 


1
O‘ta chuqur falajlik
(deyarli plegiya)
Faol harakatlar umuman yo‘q.
0
Plegiya 
Izoh. Tibbiy amaliyotda muskullar kuchini baholashda ushbu usuldan ko‘p foydalaniladi. Biroq, yanada aniqroq ma’lumotni dinamometriya beradi.

3.2-jadval

Muskullar kuchini tekshirish

Elka va qo‘l muskullari 
Ball
Elka muskullari kuchini tekshirish

Qo‘lni tirsak bo‘g‘imida bukish

Qo‘lni tirsak bo‘g‘imida yozish

Bukilgan panjani yozish 

Yozilgan panjani bukish

Bukilgan barmoqlarni yozish

Yozilgan barmoqlarni bukish

Chanoq va oyoq muskullari

Ikkala oyoqni bir-biriga yaqinlashtirish

Ikkala oyoqni bir-biridan uzoqlashtirish

Ko‘tarilgan oyoqni pastga bosish

Oyoqni tizza bo‘g‘imida bukish

Oyoqni tizza bo‘g‘imida yozish



Manba:  © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
               © Ibodullaev entsiklopediyasi
               © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив