Hidlov nervi
Hidlov nervi (n. olfactorius I juft) – sezgi nervi bo‘lib, 3 neyronli yo‘ldan iborat: 1 neyron tanasi burun bo‘shlig‘i shilliq qavatida, 2 neyron hidlov piyozchasida, 3 neyron esa hidlov uchburchagida joylashgan.
Nerv yo‘li. Bipolyar tuzilishga ega 1 neyron dendritlari burun shilliq qavatiga tarqaladi, aksonlari hidlov ipchalarini (fila olfactoria) hosil qiladi. (6.4-rasm). Hidlov ipchalari kalla suyagi ichiga g‘alvirsimon suyakda joylashgan lamina cribrosa orqali kiradi va hidlov so‘g‘onida (bulbus olfactorius) tugaydi. Bulbus olfactorius peshona bo‘lagining pastki yuzasida joylashgan.
Hidlov so‘g‘onida joylashgan 2 neyron aksonlari hidlov traktini (tractus olfactorius) hosil qiladi va birlamchi hidlov markazlari (trigonum olfactorium, substantia perforata anterior, septum pellucidum) tomon yo‘naladi.
Birlamchi hidlov markazlarida 3 neyron tanasi yotadi va uning aksonlari qadoqsimon tananing ustki va pastki qismi bo‘ylab chakka bo‘lagining mediobazal yuzasida joylashgan hidlov markazi, ya’ni gyrus hyppocampi va uning atrofidagi tuzilmalarga borib tugaydi. Hidlov yo‘llari ikkala yarimsharda ham proektsion markazlarga ega. Shu bois bir tomonlama kortikal zararlanishlarda hid bilish buzilmaydi.
Hidlov nervini tekshirish usullari
Tekshirish qoidasi. Tekshirilayotgan moddalar nomi bemordan sir tutiladi, biroq bu moddalar unga avvaldan tanish bo‘lishi kerak. Bu maqsadda engil hid taratuvchi moddalar (qahva, suyultirilgan valerian, kamfora, limon) qo‘llaniladi. Ular bemordan chekkaroqqa turadi va usti yopib qo‘yiladi. Hidlov funktsiyasi har bir burun teshigida alohida-alohida tekshiriladi. Tekshiruv paytida bemor ko‘zlari va og‘zini yumib o‘tiradi, ikkinchi burun teshigini barmog‘i bilan yopib turadi (6.4-rasm).
Zararlanish simptomlari: anosmiya – hid bilmaslik; giposmiya – hid bilishning pasayishi; giperosmiya – hid bilishning kuchayishi; hidlov gallyutsinatsiyasi – aslida yo‘q bo‘lgan hidlarni sezish.
Topik diagnostikasi
- Bir tomonlama giposmiya va anosmiya hidlov so‘g‘oni, hidlov trakti va hidlov uchburchagi zararlanganda uchraydi.
- Ikki tomonlama giposmiya, anosmiya, odatda, O‘RVI sababli yuzaga keladi va nevrologik jihatdan diagnostik ahamiyatga ega emas.
- Giperosmiya homiladorlik, kamqonlik, avitaminoz, xayz payti, shizofreniya va maniakal-depressiv psixozda kuzatiladi. Ba’zi odamlar turli hidlarga o‘ta sezgirligi va ularni ajrata olish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bu esa norma.
- Hidlov paresteziyasi (dizosmiya) vegetativ-vistseral paroksizmlar va psixosomatik buzilishlar uchun xos.
- Hidlov gallyutsinatsiyasi hid bilishning po‘stloq markazlari (gippokamp) ta’sirlanishida kuzatiladi. Gippokamp – aksariyat hollarda epileptik xuruj generatori.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi © asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha