XOTIRA


O‘tmishda idrok qilingan narsa va hodisalarni, tajribani eslab qolish, esda saqlash, esga tushirish va unutish kabi ruhiy jarayonlarga xotira deb aytiladi. Har qanday kechinmani, har qaysi ta’sirni odam qisqa yoki uzoq vaqt mobaynida, ana shu voqealar «izi» ko‘rinishida esida saqlab qoladi. Biz so‘z va iboralarni, shuningdek, tasavvurlar holida tiklanishi mumkin bo‘lgan obrazlarni eslab qolamiz va xotirada saqlab yuramiz.
       
Xotiraning uchta asosiy funktsiyasi farq qilinadi: eslab qolish (esda olib qolish), esda saqlash va esga tushirish. Shuningdek, unutish ham xotira jarayonlaridan biridir. Eslab qolishda izlar orasidagi muvaqqat aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu muvaqqat aloqalar yoki assotsiatsiyalar shartli refleksning bir turi hisoblanadi. Masalan, bolaga uning uchun notanish bo‘lgan narsa, deylik, ko‘zoynak, birinchi bor ko‘rsatilsa, uning nomini aytib bera olmaydi. Lekin u avval ko‘zoynakning tuzilishi haqida eshitgan bo‘lsa, bu ma’lumot miyada xotira izlari sifatida saqlanib qoladi va unga ko‘rsatilgan ko‘zoynakning nomini aytib bera oladi. Chunki ko‘rish obrazi va «ko‘zoynak» so‘zidan paydo bo‘lgan miyadagi izlar orasida shartli reflektor bog‘lanishlar, ya’ni assotsiatsiyalar paydo bo‘ladi va buning natijasida buyumning nomi xotirada qayta tiklanadi. Demak, xotira jarayonida assotsiatsiyalarning roli juda katta. Assotsiatsiya so‘zi lotinchada – associo – birlashtirish, bog‘lash degan ma’noni anglatadi.
       
Esda olib qolish muddatiga qarab qisqa va uzoq muddatli xotira farqlanadi. Har qanday axborot avvaliga qisqa muddatli xotira sifatida saqlanadi. Agar miya tuzilmalarida ma’lumot zarurligi to‘g‘risida «qaror» qabul qilinsa, u uzoq muddatli xotiraga aylanadi. Aks holda, qisqa muddatli xotiraligicha qolaveradi, ya’ni axborot miyadan o‘chirib yuboriladi. Qisqa muddatli xotirada axborot 20 soniya atrofida saqlanadi. 
       
Qisqa muddatli xotiraning uzoq muddatli xotiraga o‘tishi axborotning naqadar zarurligiga ham bog‘liq. Masalan, biz telefon raqamlari bitilgan kitobga qarab, o‘zimizga kerak bo‘lgan telefon raqamini topamiz va shu raqamni teramiz. Agar bu raqam javob bermasa yoki bir marta gaplashib, so‘ng o‘sha raqamga qaytishning zarurati bo‘lmasa, biz bu raqamni uzoq muddat xotiramizda saqlab qololmaymiz. Keyinchalik bu raqamni eslash uchun yana telefon kitobini varaqlashga to‘g‘ri keladi. Mabodo, odam ushbu telefon raqamini uzoq vaqtga eslab qolsa, demak, shu raqam bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumot o‘sha odamda qiziqish uyg‘otdi va bu raqam uzoq muddatli xotiraga aylandi.
       
Nemis psixologi Ebbingauz qisqa muddatli xotira hajmi 7 elementga teng deb hisoblagan. Agar odam 7 raqamdan ortiq bo‘lgan qandaydir sonlarni eslab qolmoqchi bo‘lsa, ularni bir nechta qismlarga bo‘lib tashlaydi. Masalan, quyidagi raqamlar to‘plamini eslab qolish kerak: 3912213354. Bu raqamlarni eslab qolish mushkul, albatta. Lekin ularni 3-9-12-21-33-54 ga bo‘lib tashlasak, eslab qolish osonlashadi. Buning uchun har bir «–» dan so‘nggi raqam bir-biriga qo‘shib borilaveradi (3+9=12; 9+12=21 va h. k.).
       
Qisqa muddatli xotirada material esda qolishi uchun uning hajmi uncha katta bo‘lmasligi lozim. Masalan, reklamada bu qoidaga qattiq amal qilishadi. Shu bois ham reklamada uzundan-uzun matnlar uchramaydi. Demak, bemor bilan suhbatlashayotgan vrach yoki psixolog ham qisqa va lo‘nda jumlalarni ishlatishi va suhbat uzoqqa cho‘zilib ketmasligi kerak. Ana shunda ularning tavsiyasi bemorning esida uzoq saqlanib qoladi. Yoki zarur so‘zlarga alohida urg‘u bergan holda so‘zlash maqsadga muvofiq. Eslab qolishda alohida ta’kidlangan so‘zlardan boshqasi faqat shovqin tusida qoladi, urg‘uli so‘zlar esa xotirada asosiy axborot bo‘lib saqlanib qoladi. Bu usul gipnozda keng qo‘llaniladi.
       
Shuni ta’kidlash lozimki, uzundan-uzoq gapiruvchi notiqlar ko‘pincha jumlalarni grammatik jihatdan noto‘g‘ri talaffuz qilishadi. Ularda gapning boshlanish mazmuni uning tugallanishiga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki ular so‘z boshida nima demoqchi bo‘lganini uzoqqa cho‘zilib ketgan gapi tufayli unutib qo‘yadi. 
       
Qisqa muddatli xotira jarayonlarini o‘rganishda psixologlar ko‘p tadqiqotlar o‘tkazishgan. Axborot qisqa muddatli xotiradan qanday qilib uzoq muddatliga o‘tishi mumkin?
       
Dastlab axborot qisqa muddatli xotira bloklariga tushadi. Bu bloklarda neyronlarning muayyan guruhlari faollashadi. Ana shu bloklarda saqlanib turgan axborot keyinchalik uzoq muddatli xotira bloklariga o‘tkaziladi. Lekin hamma vaqt ham shunday bo‘lavermaydi. Qisqa muddatli xotira uzoq muddatli xotiraga aylanishi uchun axborot «tanlanadi». Ayonki, uzoq muddatli xotira bloklarining axborot izlari neyronlarda o‘ta turg‘un joylashgan bo‘ladi. Bu jarayon xotiraning ana shu ikki turi bilan cheklanmaydi. Chunonchi, o‘ta qisqa muddatli yoki operativ xotira ham farqlanadi. Matn teruvchining xotirasi bunga misol bo‘la oladi. U xotirasida atigi bir necha so‘zlarni klaviaturada bosilgungacha saqlab qoladi, xolos. Shuni aytib o‘tish lozimki, qisqa muddatli xotiraning uzoq muddatli xotiraga o‘tish mexanizmi etarlicha o‘rganilmagan, lekin bu jarayonda takrorlash asosiy ahamiyatga egadir.
       
Shu o‘rinda odam o‘z ona tilida va begona tilda aytiladigan so‘zlarni qancha davrgacha eslab qolishi haqida so‘z yuritsak. Ba’zi mutaxassislar o‘z ona tilidagi so‘zlar yaxshi eslab qolinishini ta’kidlashadi. Bu, albatta, uzoq muddatli xotiraga taalluqli. Lekin qisqa muddatli xotirada-chi? Bu savolga javob topish uchun turli ilmiy markazlarda tadqiqotlar o‘tkazilgan va turli xil natijalar olingan. Biz ham ushbu muammoga qiziqib o‘z tadqiqotlarimizni o‘tkazganmiz (Ibodullaev Z.R., 2001) Buning uchun rus tilini yaxshi biladigan o‘zbek talabalarini tanlab olganmiz. O‘zbek va rus tilidagi 10 ta so‘zni (5 ta o‘zbek + 5 ta ruscha) yodlatib, qayta esga tushirish – Ebbingauz usuli bilan tekshirib ko‘rganmiz. Ushbu tadqiqotni boshlashdan oldin faqat o‘zbek, so‘ngra faqat rus tilidagi so‘zlar qatori yodlatib tekshirib ko‘rildi. Natija ikkala holatda ham deyarli bir xil darajada  yodlab qolishni ko‘rsatdi. Talabalardan qoidaga binoan ma’no jihatdan bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan so‘zlar (masalan, uy, voda, havo, zima, qog’oz, trava, barg va h.k.)ni yodlash va qayta esga tushirish so‘raldi. Tajriba bir necha bor qaytarildi. Talabalar yodlab qolgan va qayta esga tushirgan o‘zbek va rus tilidagi so‘zlar soni deyarli bir xil bo‘lib chiqdi (1-rasm). Faqat o‘zbek tilidagi so‘zlar (a), o‘zbekcha-ruscha aralash so‘zlar (b) va faqat rus tilidagi so‘zlar (v) bilan o‘tkazilgan tajribada ham natijalar deyarli bir xil bo‘ldi. Demak, aynan o‘zbek va rus tili bilan bog‘liq bo‘lgan mana shu tadqiqotda qisqa muddatli xotira uchun tilning ahamiyati aniqlanmadi. Biroq bu holatda rus tilidagi so‘zlar tanishligini va tushunarli ekanligini ham e’tiborga olish kerak.
 
1-rasm. Ebbingauz usuli bo‘yicha sog‘lom odamlarda 10 ta so‘zdan iborat qatorni yod olish va qayta esga tushirish (Ibodullaev Z.R. tajribasi, 2001 y).


       Xotira mexanizmlari. Xotira bosh miyaning umumiy funktsiyasi bo‘lib, uni ta’minlashda deyarli barcha analizatorlar ishtirok etadi. Miya po‘stlog‘iga signallarning deyarli 70 % ko‘ruv analizatorlari orqali kelib tushadi. Xotira mexanizmlari haqida juda ko‘p ta’limotlar mavjud. Ularning deyarli barchasi xotira mexanizmi sirlarini to‘la-to‘kis ochib bera olmaydi. Hozirgi kunda nuklein kislotalarning irsiy axborotni saqlashda va irsiy belgilarni uzatishda tutgan o‘rni beqiyosligi tasdiqlangan. Ayniqsa, RNK xotira jarayonida bevosita ishtirok etadi. Uni ayrim olimlar spetsefik proteinlar ko‘rinishidagi neyronal tuzilmalar ichida o‘rnashgan deb hisoblaydilar. Tadqiqotchilar fikricha, lipoproteinlar «xotira moddasi» sanaladi. Neyrondan keluvchi axborotga birinchi bo‘lib mitoxondriya ribonukleotidlari javob beradi. Ma’lumot qabul qilingandan so‘ng neyronlarda turli xil kimyoviy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, ya’ni hujayra yadrosi biologik faol bo‘lgan moddalarni tsitoplazmaga otib chiqaradi. Shunday qilib, neyron axborotni qabul qilar ekan, shu zahotiyoq uni qayta ishlab boshlaydi. Olimlar fikricha, qabul qilinayotgan har qanday axborot sof kimyoviy jarayonlar hisobiga emas, balki hujayra yadrosi xromosomalari ayrim sohalari konfiguratsiyasining o‘zgarishi hisobiga esda qoladi. 
       XX asrning 60-yillari U. Penfild miya po‘stlog‘ini maxsus elektrodlar bilan ta’sirlantirib, xotira mexanizmi va uning patologiyasini o‘rgangan va qiziq ma’lumotlar to‘plagan. Tajriba paytida bemor avval bo‘lib o‘tgan, lekin unutib yuborgan voqealar haqida gapirgan va bular keyinchalik to‘g‘ri bo‘lib chiqqan. Shuningdek, miya po‘stlog‘ining muayyan sohasiga elektr bilan ta’sir etilganda, bemorning xotirasida eski, unutib yuborilgan ma’lumotlar qayta tiklangan. Ana shu soha takroran ta’sirlantirilganda, yana xuddi shunday eslash holati paydo bo‘lgan. 
       Bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ining ko‘pgina sohalari xotira jarayonida ishtirok etadi. A.R. Luriyaning (1959–1973) xotirani o‘rganish bo‘yicha neyropsixologik tajribalari buni isbotlab bergan. Shuningdek, hayvonlarda chakka bo‘lakchasi olib tashlanganda, xotira buzilishlari ro‘y bermagan, ular o‘rgatishga qobiliyatli bo‘lgan.
    Bugungi kunda xotiraning turli mexanizmlari uchun javob beradigan sohalar fMRT yordamida mukammal o‘rganilmoqda va yangi ma’lumotlar qo‘lga kiritilmoqda. Gippokamp qisqa muddatli xotiraga mas’ul. Bu avvaldan ma’lum. Hozirda uning atrofidagi neyronal tuzilmalarda qisqa muddatli xotiraga mas’ul to‘qimalar aniqlanib, neyrokimyoviy mexanizmlarga oid ko‘p kashfiyotlar qo‘lga kiritilgan.
       Ko‘ruv do‘ngligiga qon quyilgan N. ismli bemor 8 yil mobaynida kuzatuvimizda bo‘lgan (Z.R. Ibodullaev, 2001–2007). Unda  insultdan keyingi voqea va hodisalar tez fursatda unutiladigan bo‘lib qolgan edi, ya’ni u hozirgina bo‘lib o‘tgan voqealarni 5–10 daqiqadan so‘ng mutlaqo unutib yuborardi. Lekin bemor  insultgacha bo‘lgan barcha voqealarni eslab, so‘zlab berardi. Bemor uni 5 yildan buyon nazorat qilayotgan vrachning yuz tuzilishi, yoshi, ismi va berilgan tavsiyalarni esida saqlab qolmasdi. Bemorni tekshirib bo‘lgandan so‘ng, u bilan nima ish qilganimiz so‘ralganda, 5–10 daqiqadan so‘ng hech birini aniq aytib bera olmasdi, ya’ni axborot tezda unutilardi. Bu holat Korsakov amneziyasining bir klinik ko‘rinishidir. 
       Xotira jarayonini ta’minlashda po‘stloq osti tuzilmalarining ham roli katta. Bu jarayonlar ham fMRT yordamida aniqlanmoqda. Tajribalarda aniqlanishicha, odamning miyasi ma’lum bir vaqt ichida faqat bitta, muayyan faoliyat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ko‘pgina tajribalarga asoslanib, po‘stloq osti tuzilmalarining xotirada axborotni ushlab turishida talamusning ventral yadrosi, oq shar va dumli yadro ishtiroki aniqlangan.
    Eslab qolish. Eslab qolish xotiraning birinchi bosqichidir. Eslab qolish ixtiyorsiz va ixtiyoriy bo‘ladi. Axborot qancha zarur bo‘lsa, uni eslab qolish shuncha oson bo‘ladi. Materialni tushunib olish eslab qolish uchun yanada katta ahamiyat kasb etadi. Tushunarsiz materialni eslab qolish mushkulroq va, aksincha, aniq misollar bilan ifodalangan materialni eslab qolish oson bo‘ladi. Tadqiqotchilar fikricha, kerakli material keraksiz materialga qaraganda 9 marotaba yaxshiroq eslab qolinadi. O‘qitish jarayonida o‘quvchilar diqqati o‘rgatilayotgan materialga dalillar bilan qaratilsa, eslab qolish yanada yaxshiroq bo‘ladi. Bu usuldan, ayniqsa, nazariy ilmlarni o‘qitishda unumli foydalanish mumkin. Masalan, biron bir klinik masala etarlicha tushunarli bo‘lmasa, uni eslab qolish mushkul, albatta. Biroq bu masalani o‘rganish mobaynida talabalar o‘zlari bevosita ishtirok etishsa,  u yaxshi eslab qolinadi.
       Eslab qolish o‘rganilayotgan narsaning naqadar qiziqarli yoki zarurligiga ham bog‘liq. O‘zi qiziqqan yoki umuman befarq bo‘lgan kitobni o‘qib bunga iqror bo‘lish mumkin. Shuningdek, odamda muayyan his-tuyg‘ularga sabab bo‘ladigan voqealar osonroq esda qoladi. Juda ham kuchli hayajonli voqealar esa, odatda, bir umr esda qoladi.
       Ma’lumki, eslab qolish turli xil analizatorlar orqali amalga oshiriladi. Materialni idrok etishda qatnashuvchi rettseptorlar va analizatorlar nechog‘lik ko‘p bo‘lsa, eslab qolish shunchalik soz bo‘ladi. Haqiqatan ham, qandaydir tibbiy moslamaning tuzilishi va ishlash uslubini yaxshi eslab qolish uchun u haqda eshitish (eshituv analizatorlari), chizmalar va modellarni ko‘rib chiqish (ko‘ruv analizatorlari), uning qismlarini yig‘ish va ajratish (kinestetik sezgi)da ishtirok etish kerak. Maktablarda ko‘rgazmali o‘qitishning maqsadi ham ana shu mexanizmlarni ko‘zlaydi.
       Konspekt yozishni to‘g‘ri tashkil etish eslab qolishning muhim shartlaridan biridir. Faqat to‘g‘ri yozilgan konspekt matni yaxshi eslab qolinadi. Konspekt yozganda kitobdan matnni anglamasdan turib daftarga qisqartirgan holda ko‘chirish, materialni eslab qolishda qiyinchilik tug‘diradi. 
       Material tushunib olingandan so‘ng konspekt qilinsa, uning mazmuni yaxshi eslab qolinadi va xotirada uzoq saqlanadi. Materialni qayta-qayta o‘qish ham uni esda olib qolish uchun katta ahamiyat kasb etadi. Materialni qayta-qayta o‘qish orasidagi vaqt materialni o‘zlashtirish uchun muhim ahamiyatga ega. Tajriba paytida sinaluvchilardan matnni to‘la eslab qolishi uchun har yarim soatda, har ikki soatda va bir kunda bir marta qayta o‘qish talab qilingan. Aniqlanishicha, matnni har yarim soatda qayta o‘qishda uni esda olib qolish uchun 11 marta takrorlash, orada ikki soat tanaffus qilib o‘qilsa, 7 marta takrorlash kerak bo‘ladi. Bundan xulosa shuki, matnni esda saqlash uchun takrorlash orasidagi vaqt uzoqroq bo‘lishi maqsadga muvofiq.
       Hozirgi kunda o‘quv muassasalarida berilgan materialni yaxshi eslab qolish ustida turli tadqiqotlar olib borilmoqda. Chunki yaxshi eslab qolingan materialni tushunish oson bo‘ladi. Buning uchun ko‘pgina o‘quv maskanlari, ayniqsa, institut va universitetlarda yangi pedagogik texnologiyalar keng joriy qilingan. Shu o‘rinda Konfuttsiyning quyidagi so‘zlarini keltirish ta’birga joizdir: «Men eshitaman-u, unutib qo‘yaman, ko‘raman-u, eslab qolaman, ishlab bajaraman-u, tushunib olaman!». Bu so‘zlarni ilmiy tahlil qiladigan bo‘lsak, bu faylasufning naqadar haq ekanligiga iqror bo‘lamiz. Chunki, birinchi holatda, ya’ni eshitganda miyaga axborot faqat eshituv analizatorlari orqali uzatiladi. Eshituv bilan bog‘liq bo‘lgan xotira esa odamda juda sust rivojlangan. Undan birmuncha yaxshi rivojlangan xotira bu ko‘ruv xotirasidir. Biroq biror bir material ustida faol ishlansa, ya’ni o‘quvchi o‘qisa, boshqa o‘quvchi bilan munozara qilsa, o‘z qo‘li bilan matnda berilgan ma’lumotlar ustida ishlasa va turli xil «o‘yin» mashg‘ulotlarini o‘tkazsa, material uzoq vaqt esda saqlanib qoladi.
       Shu erda maktab va institutlarda keng joriy qilingan test imtihonlari haqida to‘xtalib o‘tish joiz. Test savollarini ko‘r-ko‘rona yodlash qisqa muddatli xotira sifatida esda qoladi. Test javoblarining miyada qisqa fursatda saqlanib qolishining asl sababi uning imtihon o‘tgandan so‘ng miyadan o‘chirilishidir. Agar test savollariga mantiqan yondashilsa va har bir savol ustida talaba fikran ishlasa, uning javobi uzoq muddat esda qoladi. Quyidagi jadvalda eslab qolish va yodga tushira olish layoqati keltirilgan.
1-jadval
      Axborotni qabul qilish yo‘llari va ularni qayta esga tushirish layoqati

             Axborotni qabul 
qilish yo‘llari
              Yodga tushirish (%)
3 soatdan keyin    
3 kundan keyin

Og‘zaki
25
10
Yozma
70
20
Og‘zaki + yozma
80
60
Material ustida faol ishlash
90
70


       Shuni ta’kidlash lozimki, sezgi a’zolarimiz orqali ta’sir qiladigan barcha narsalar esda qolavermaydi. Eslab qolish jarayoniga dastlab idrokning bevosita davomi sifatida qarash kerak. Eslab qolinayotgan har bir narsa yoki hodisaning aniq ko‘zga tashlanib turadigan elementlari xotirada yaxshi saqlanadi. 
       Axborotning xotirada saqlanishi xotiraning turiga ham bog‘liq. Mutaxassislar semantik va epizodik xotira turlarini farqlashadi. Semantik xotira – ma’no haqida ma’lumot beruvchi xotiradir. Masalan, Zigmund Freyd tadqiqotchi olim, psixoanaliz haqidagi ta’limot asoschisi. Z. Freyd to‘g‘risidagi axborot u haqidagi turli ma’lumotlar ko‘rinishida xotirada saqlanadi. U psixoanaliz borasida mashhur bo‘lgan olim. Ba’zan ushbu olim ilmning qaysi sohasi bo‘yicha mashhurligini odam yaxshi eslab qolsa-da, olimning ismini unutib qo‘yadi. Uning familiyasi yoki ismini eslamoqchi bo‘lsa: U «haligi olimning familiyasi nima edi, u ko‘p tanqidga ham uchragan, mashhur nevrolog ham bo‘lgan-ku», deydi-yu, olimning ismini hech eslay olmaydi. Bu semantik xotira buzilishining bir turi. 
       Epizodik xotirada biror bir voqeaning bo‘rtib turgan qismi esda qoladi. Masalan, ko‘chada birovni mashina urib ketdi va uni darhol shifoxonaga olib ketishdi. Bir qancha vaqt o‘tgandan so‘ng o‘sha voqeaning guvohi bo‘lgan odamdan voqea tafsiloti so‘ralsa, guvoh faqat kimnidir mashina urib yuborganini eslab qoladi. Qolgan narsalar, ya’ni aynan qanday mashina urib yuborgani, haydovchining ko‘rinishi va taxminiy yoshi, «tez yordam»ni kim chaqirgani esidan chiqib ketgan bo‘ladi.
       Shunday qilib, xotira bir nechta funktsional sistemalar faoliyati hosilasidir. Eslab qolingan narsa va voqealar miyada sintez qilinadi va maxsus kodga aylanadi. Kodlanish jarayoni qisqa muddatli xotiraning uzoq muddatli xotiraga aylanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Xotirada o‘sha inson uchun ahamiyatsiz bo‘lgan narsa yoki voqealar eslab qolinmaydi.
       Xotirada axborot ko‘proq optik tasvirlar holida yaxshi saqlanadi, chunki aksariyat odamlarda ko‘rish analizatori idrok etishning etakchi tizimi hisoblanadi. Ko‘pchilik olimlarning xotirasi kuchli bo‘ladi, deyishadi. Bu hamma vaqt ham haqiqatga to‘g‘ri kelavermaydi. Ba’zi olimlar olamshumul kashfiyotlar qilishsa-da, xotirasi o‘ta yomon bo‘lgan. Masalan, Ch. Darvin xotirasida jiddiy kamchiliklar bo‘lgan. Shunday bir voqea tarixchilar tomonidan yozib qoldirilgan: 50 yoshdan oshgan Ch. Darvin  xizmatkoriga o‘zi yozgan «Turlarning kelib chiqishi haqida»gi asarini o‘qishni buyuradi. O‘z asarini tinglashga berilib ketgan Ch. Darvin: «Qiziq, qiziq, buni qarang-a, juda durust, bu asarni kim yozgan ekan-a», deb yuborgan. Ch. Darvinda xotira hamma vaqt ham zaif bo‘lgan. Lekin bu nuqson uning alloma bo‘lib etishishiga xalaqit bermadi. Shu bilan bir vaqtda aqlan zaif, lekin xotirasi kuchli odamlar ham bo‘ladi, ammo bunday xotira mantiqiy emas, ko‘proq mexanik xotira hisoblanadi.
       Ommabop adabiyotlarda xotirasi o‘ta kuchli bo‘lgan odamlar ta’riflangan. A.R. Luriya (1963) oddiy ishda ishlaydigan, biroq mustahkam xotiraga ega bo‘lgan odamni deyarli 20 yildan ortiq kuzatgan. O‘ta kuchli xotiraning sohibi bo‘lgan bu odam bir necha yildan so‘ng ham arzimagan mayda narsalargacha eslab qolib, ularni batafsil aytib bera olgan. Masalan, uni tekshirayotgan olim qanday shimda bo‘lgan, xonaning qaysi burchagida nimalar bor edi, ob-havo qanday bo‘lgan va bemor qanday uslubda tekshirilgan. Uning aql-zakovati oddiy odamlarnikidek bo‘lgan, uncha murakkab bo‘lmagan matematik masalalarni echa olmagan, biroq har qanday uzunlikdagi sonlarni, betartib joylashtirilgan harflarni va murakkab formulalarni bemalol yodida saqlab qololgan. Uni ogohlantirmasdan turib so‘ralgan har qanday ma’lumotni 10–20 yildan so‘ng ham bemalol aniq aytib bera olgan. A.R. Luriya bu shaxsning ustidan olib borgan hamma tajribalarni doimo daftarga qayd qilib borgan, lekin u kishidagi noyob iste’dodni tushuntirib bera olmagan. Yaqinda xuddi shunday kuchli xotiraga ega o‘zbek yigitini ham ommaviy-axborot vositalari ko‘rsatdi. Albatta shunday kuchli xotiraga ega insonlar oramizda ko‘p, biroq ularni izlab topish kerak.
    Esda saqlash va qayta esga tushirish. Xotira «ombori» ixtiyoriy va ixtiyorsiz eslab qolish zaxirasi bilan mudom to‘lib boradi. Keyinchalik ana shu materiallar esda saqlanib qoladi. Esda saqlanib qolgan ma’lumotlar ma’lum darajada o‘zgarishga uchraydi. Ko‘pgina ob’ektlar va voqealar esa uzoq vaqt va hatto umr bo‘yi xotirada qoladi. Aytib o‘tganimizdek, eslab qolish unutish bilan uzviy bog‘liq. Axborotlarning hammasi ham xotirada saqlanmasligi ma’lum darajada foydali hamdir, chunki xotira keraksiz ma’lumotlardan tozalanib turadi. Aytaylik, kishi o‘z majburiyatlarini unutib yuborsa, bu shubhasiz, uning ishga bo‘lgan munosabatini bildiradi. Ayni vaqtda ruhan sog‘lom kishi muhim va unga yoqadigan voqea haqidagi xabarni unutib yuborishini tasavvur etish qiyin, albatta. Xuddi shu sababga ko‘ra bizni qiziqtirgan odamlarning ism-sharifi osongina esda qoladi, qiziqish bo‘lmagan taqdirda bu ismlarni eslab qolish juda qiyindir.
       Qayta esga tushirish asosida miyada saqlanib qolgan xotira izlarining faollashuvi yotadi. Sog‘lom odamda konkret sharoitda unga zarur bo‘lgan axborot yodda tiklanadi, qolgan ma’lumotlar xotira zaxirasida to‘planib yotadi va zarur paytda qayta tiklanadi. Yaxshi eslab qolingan ma’lumotlar yodda tez tiklanadi. Qayta esga tushirish organizmning umumiy holatiga va insonning ruhiy salomatligiga ham bog‘liq.
       Ixtiyoriy va ixtiyorsiz eslab qolish kabi esga tushirishning ham ixtiyoriy va ixtiyorsiz turlari farqlanadi. Ixtiyoriy esga tushirish insonning ish faoliyatida muhim ahamiyatga ega. Ixtiyoriy esga tushirish insonning irodasi, fikrlash qobiliyati va ruhiy salomatligiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Ixtiyorsiz esga tushirish insonning xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda xotirada qolgan izlarning qayta tiklanishidir.
       Endi unutish mexanizmlari bilan tanishib chiqamiz. Unutish xotira jarayonlarining ajralmas qismidir. Odam nega unutadi? «Unutish» iborasi  axborot xotiradan o‘chdi degan ma’noni beradi. Lekin haqiqatan ham shundaymi? Axir maxsus ta’sirotlar yoki gipnoz holatida inson “unutilgan” axborotlarni eslaydi-ku. Demak, axborot miyadan butunlay yo‘q bo‘lib ketmaydi, balki u xotira zahirasida “hozircha kerakmas ma’lumot” sifatida saqlanadi. Biz esa uni bir qator sabablarga ko‘ra eslay olmaymiz. Shu bois «unutish» atamasi psixologiyada ikkita hodisani anglatadi: axborotning xotiradan o‘chishi va xotiradan axborotni topa olmaslik. Masalan, vrach biron bir dorini bir necha yil mobaynida bemorlarga tavsiya qilib keldi va bu dorining dozasi unga yod bo‘lib qolgan. Endi vrach bu dorining o‘rniga boshqa yangi bir dorini tavsiya qiladi va buning natijasida avvalgi dorining dozasini unutib yubordi. Xotirada yangi axborot go‘yoki eski axborotdan «bo‘shab» qolgan joyni egalladi. Bu unutishning birinchi sababi. Ushbu axborot yana qayta tiklanishi mumkin.
       Bolalarda uzoq muddatli xotira 2-3 yoshdan boshlab faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Bu yoshgacha bo‘lgan hamma narsalar xotiradan o‘chadi yoki soxta xotira zaxirasiga tashlanadi. Xotira fikrlash jarayonida muhim elementlardan biridir. Vrach bemorni tekshira turib, uning shikoyatlarini eshitadi, kasallik anamnezini yig‘adi. Bemorda hozir aniqlagan kasallik belgilarini avval ko‘rgan vrach xuddi shunday kasallik bilan fikran solishtiradi. Bu holat vrachga to‘g‘ri tashxis qo‘yishda yordam beradi. Biz bu o‘rinda xotira va fikrlash jarayoni bir xil paytda faoliyat ko‘rsatishining guvohi bo‘ldik. Bu holat ma’lumotlarni eslab qolishda va esga tushirishda muhim ahamiyatga ega.
    Xotira patologiyasi. Xotira buzilishiga olib keladigan kasalliklar juda ko‘p. Ayniqsa, bosh miya zararlanishlari va ruhiy kasalliklarda xotira buzilishlari ko‘p uchraydi. Bular – tserebrovaskulyar kasalliklar, kraniotserebral jarohatlar, Altsxaymer tipidagi dementsiyalar, toksik entsefalopatiyalar, surunkali alkogolizm, narkomaniya, epilepsiya va bir qator degenerativ kasalliklar. Umuman olganda, bosh miyadagi integrativ jarayonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday kasallik xotira buzilishiga olib kelishi mumkin.
    Xotira buzilishlari ichida konfabulyatsiyalar (soxta xotiralar) alohida o‘rin tutadi. Bunda bemor o‘z hayotida ro‘y bermagan voqealarni aslida u bilan ro‘y bergan, deb o‘ylaydi va bunga o‘zi ham ishonadi. O‘zimiz kuzatgan shunday bir misolni keltirib o‘tamiz. D. ismli 23 yashar yigit mototsiklda Kamaz mashinasi orqasiga borib uriladi. Buning oqibatida peshona sohasi yoriladi. Murakkab neyroxirurgik operatsiya yordamida bemorning hayoti saqlab qolinadi. Biroq u xotirasini yo‘qotadi. Bir necha oylik neyropsixologik davolashlar natijasida biz uning xotirasini tikladik. Biroq unda keyinchalik konfabulyatsiya belgilari paydo bo‘ldi. Bemorni otasi yonimizga olib kelardi. Otasi: “Yur, bolam, bugun doktorga boramiz” desa, bemor shunday deb javob bergan: “Men bugun ertalab doktor oldiga keldim, meni “Neyropsixologik albom” bilan xotiramni tekshirdi,  men bilan mashqlar o‘tkazdi, dorilar yozib berdi”. Bemorning otasi uning bu so‘zlariga ishongan. Biroq onasi bolasining uydan chiqmaganini aytgan. Bu holat psevdologizm emas, ya’ni bemor yolg‘on so‘zlamayapti. Bu holat konfabulyatsiyaning yaqqol ko‘rinishi.  Chunki aslida bo‘lmagan bu voqealarga uning o‘zi ham ishonyapti. 
       Xotira buzilishining eng ko‘p uchraydigan turi – bu amneziya. Xotira yo‘qolishiga amneziya deyiladi. Uning quyidagi turlari farq qilinadi. Anterograd amneziya – bemor kasallik ro‘y bergandan keyingi voqea va hodisalarni eslay olmaydi. Retrograd amneziya – kasallikdan oldin bo‘lgan voqealar unutiladi. Xotiraning bunday buzilishlari, asosan, kraniotserebral jarohatlarda ko‘p kuzatiladi.
       Umuman olganda, amneziyada xotira buzilishlari turli xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Masalan, bemor avtomashina halokatidan so‘ng halokat haqida ham, unga sabab bo‘lgan safar to‘g‘risida ham hech nimani eslay olmaydi. U o‘z turar joyini, qaerda ishlashini va kasbini ham unutib qo‘yadi. Bemor uylanganini eslasa-da, lekin rafiqasi kim, nechta bolasi bor va ularning ismlari qanday kabi ma’lumotlarni esga tushira olmaydi. Oradan bir necha oy yoki yillar o‘tib, xotira qayta tiklanishi mumkin. 
      Retrograd amneziyaga uchragan bemorlar «o‘tmishsiz odamlar»dir. Bu mavzu badiiy adabiyotlar va kinofilmlarda o‘tkir syujetlar asosini tashkil qiladi. Retrograd va anterograd amneziyalarning birgalikda kuzatilishiga anteroretrograd amneziya deb ataladi. Xotiraning patologik tarzda kuchayishiga gipermneziya deyiladi. Bu holat, asosan, ruhiy kasalliklarda, ayniqsa, shizofreniyada ko‘p uchraydi.
       Xotira buzilishining yana bir turi bu – psevdoreministsentsiya. Bunda bemor xotirasidagi axborotning unutilgan joyini oldin bo‘lib o‘tgan hodisalar bilan to‘ldiradi. Masalan, shifoxonada bir necha kundan beri davolanayotgan bemor “Men kecha kontsertga tushdim”, deydi. Haqiqatan ham bemor kontsertga tushgan, lekin boshqa vaqt borgan. Psevdoreministsentsiya ham soxta xotiradir. Biroq konfabulyatsiyadan farqli o‘laroq, psevdoreministsentsiyada voqea haqiqatan ham bemor hayotida sodir bo‘lgan bo‘ladi. Ba’zan ruhiy sog‘lom kishilarda ham xuddi shunga o‘xshash voqealar kuzatiladi, ya’ni odamning o‘ngidagi kechinmalar va tushida ko‘rgan voqealar orasida aniq-ravshan chegara o‘chib ketadi. Bunda tushdagi voqealar haqiqatan ham ro‘y bergandek, bo‘lib o‘tgan real voqealar esa tushida ko‘rilgandek tuyuladi.


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc





Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив