Xavotirli shaxs
Bu toifaga kiruvchilar birovlar bilan darrov muloqotga kirishib keta olishmaydi, doimo xavotirda bo‘lishadi, qo‘rqoq va uquvsiz bo‘lish bilan birga, o‘ziga ishonmaydi. Ular qorong‘ilikdan, uyda yolg‘iz qolishdan va hayvonlardan qo‘rqishadi. O‘z tengdoshlariga qo‘shilib keta olmaydi, ulardan o‘zini chetga oladi, shovqinli, o‘yin-kulgili joylarni yoqtirishmaydi, mabodo bunday joylarda paydo bo‘lib qolishsa ham uyalib chetda tomoshabin bo‘lib turishadi. Agar ularning mehnat yoki o‘quv faoliyatini kimdir tekshirmoqchi bo‘lsa yoki biror bir fandan imtihon topshirishga to‘g‘ri kelsa, bunday holatlarni u juda og‘ir qabul qiladi, o‘ziga ishonchsizligi yana kuchayadi, juda bezovtalanab boshlaydi. Agar biror bir masala bo‘yicha nutq so‘zlash kerak bo‘lsa yoki auditoriyada ma’lumot berish zarurati tug‘ilsa, qattiq terga botib, uyalib ketishadi. Shuning uchun ham ular o‘z xohishi bilan minbarga chiqishmaydi. Kattalar himoyasiga o‘zini jon deb otadi, biroq ularning uzundan-uzoq pand-nasihatlari ularda vijdon azobini qo‘zg’aydi, o‘zining uquvsizligidan va uyatchanligidan aziyat chekadi. Ularda burchga sadoqat, mas’uliyat hissi, yuqori darajadagi axloq va odob tamoyillari ancha erta shakllanadi. O‘zida mavjud bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qudrati etadigan ishlar bilan shug‘ullanishga va o‘z imkoniyatlarini to‘la ochishga harakat qiladi.
Bolalik paytidan mavjud bo‘lgan uyatchanligi va tortinchoqligi sababli katta bo‘lganda ham o‘zi xohlagan odamlar bilan tezda muloqotga kirishib keta olmaydi. Gap ko‘tara olmaydi, agar uni nohaq ayblashsa, o‘zini himoya qilolmaydi, kuchliroq odamlarning himoyasini xohlab qoladi. Atrofdagilar bilan janjalli voqealarga kam aralashadi, agar kelishmovchiliklar orasiga tushib qolsa, passiv ishtirokchiga aylanadi, xolos. Ular bilan do‘stona munosabatlarni boshlash oson, ular o‘z imkoniyatlarini tanqidiy baholay olishadi, xulq-atvoridagi kamchiliklarni his etishadi, har qanday topshiriqni bajarishga tayyor shaxslardir. Ularni “Mehribonlik izlovchilar” deb atash mumkin. Ular o‘zlarini o‘zlari himoya qila olmaganliklari sababli hamkasblari tomonidan kulgili voqealarning qahramonlariga aylanib qolishadi, shuning uchun biron bir nojo‘ya voqea yuz bersa, osonlikcha uning bo‘yniga ag‘darishadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha