XAVOTIRLI-FOBIK BUZILIShLAR
Xavotirli-fobik buzilishlar – bemor uchun xavfli bo‘lmagan vaziyat va holatlar sababli paydo bo‘ladigan xavotir va fobiyalar.
Asosiy belgilari:
- turli vaziyat yoki ob’ektlar sababli yuzaga kelgan turg‘un xavotir va qo‘rquv, doimo asabiy holatda yurish;
- qo‘rquv va xavotir sababi aslida xavfsiz, biroq o‘sha sabablar tufayli ushbu belgilar ilgari yuzaga kelgan (odatda, bolalik va o‘smirlik davrida);
- qo‘rquvni yuzaga keltiruvchi vaziyat va ob’ektdan uzoq yurishga intilish, ularni eslaganda qo‘rquv, xavotir va hadiksirash paydo bo‘lishi;
- o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilishga intilish (biroq buning uddasidan chiqa olmaydi);
- psixovegetativ buzilishlar – bosh aylanishi, yurak urib ketishi, nafas etishmovchiligi, ter bosishi, ko‘ngil aynishi, umumiy titroq va xolsizlik, tanadagi og‘riqlar va yoqimsiz sezgilar, vaziyatga qarab kayfiyatning o‘zgarib turishi, tez charchab qolish, uyqu buzilishi, jinni bo‘lib qolishdan qo‘rqish;
Agar fobiya konkret bir vaziyat yoki ob’ektga nisbatan kuzatilsa, u holda spetsefik (izolyatsiyalangan) fobiya (F40.2) haqida so‘z boradi. Masalan, chumolidan qo‘rqish (araxnofobiya), yopiq joydan qo‘rqish (klaustrofobiya), samolyotda uchishdan qo‘rqish, qondan qo‘rqish va h.k.
Uning quyidagi turlari mavjud:
F40.0 Agorafobiya
F40.1 Sotsial fobiya
F40.2 Spetsefik (izolyatsiyalangan) fobiya
Agorafobiya – ochiq joylardan qo‘rqish degani. Mutaxassislar bu terminni kengroq ma’noda talqin etishni tavsiya qilishgan. Xususan, nafaqat ochiq joylar, balki jamoa transportida (avtobus, poezd, samolyot), bozor va do‘konlarda yolg‘iz yurishga qo‘rqish ham agorafobiya tarkibiga kiritilgan. Bir so‘z bilan aytganda, uydan ko‘chaga yolg‘iz chiqishga qo‘rqish – bu agorafobiyadir. Ular ko‘chaga chiqish uchun doimo hamroh izlashadi. Agar yonida kimdir bo‘lsa, bemalol ko‘chaga chiqadi. Hamrohi yonidan uzoqlashsa, uni xavotir va fobiya bosadi. Bundaylar uyda yolg‘iz qolishga majbur insonlardir.
Ular boshqa shahar yoki davlatga borishga (yonida hamrohi bo‘lsa-da) cho‘chishadi. Ko‘chada hamrohini yo‘qotib qo‘yishni ko‘z oldiga keltirishning o‘zi aksar hollarda ularni vahimaga soladi va xavotirga tushishadi. Albatta, agorafobiyada ham boshqa fobiyalardagi kabi psixovegetativ buzilishlar ko‘p kuzatiladi. Bu belgilarning qay tarzda namoyon bo‘lishi individning qaysi vegetativ tip, ya’ni simpatikotonik yoki vagotonikligiga ham bog‘liq. Agorafobiyada sotsial fobiya belgilari kuzatilsa-da, ular yaqqol namoyon bo‘lmaydi. Shuningdek, obsessiv va depressiv belgilar ham aniqlanadi. Agorafobiya to‘lqinsimon tarzda kechadi, belgilar goh zo‘rayib, goh pasayib turadi. Masalan, bemor ko‘chaga kam chiqsa, kasallik engil kechadi, unda xavotir va fobiya kuzatilmaydi. Umuman olganda, agorafobiyada xavotirga qaraganda fobiya kuchliroq namoyon bo‘ladi. Agar bu sindrom uzoq davom etsa, bemorda ipoxondrik xulq-atvor shakllanadi. Mashhur kino aktrisasi Merilin Monro ochiq maydonlar va odamlar to‘planadigan joylardan qo‘rqqan.
Agorafobiyaning panik buzilishlar (F41.0) bilan namoyon bo‘lishi yoki bo‘lmasligiga qarab, uning quyidagi turlari farqlanadi: F40.00 Panik buzilishlarsiz agorafobiya; F40.01 Panik buzilishlar bilan kuzatiladigan agorafobiya.
Sotsial fobiya (sotsiofobiya) – ijtimoiy muhitda odamlar orasida nutq so‘zlash yoki biror bir harakatni amalga oshirishdan qo‘rqish. Ayniqsa, rasmiy uchrashuvlar yoki turli majlislarda odamlar diqqati unga qaratilsa, fobiya paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Majlis ishtirokchilari unga qanchalik jim o‘tirib quloq solishsa, fobiya shunchalik yaqqol namon bo‘ladi. Bundaylar ko‘pchilik oldida minbarga chiqib nutq so‘zlash yoki o‘rnidan turib savol berish, biror bir ishlanmalarni ko‘rsatib berishdan iloji boricha qochishadi. Jiddiyroq hollarda shu vaziyatlarni o‘ylashning o‘zi xavotir va fobiyani kuchaytirib yuboradi. Xavotir va fobiya darajasiga qarab ularda turli darajada ifodalangan psixovegetativ reaktsiyalar, ya’ni rang-ro‘yining oqarib yoki qizarib ketishi, qo‘l-oyoqlarning titray boshlashi, taxikardiya, ter bosish, nafas etishmovchiligi, tildan qolish paydo bo‘ladi. Ular tanqiddan qo‘rqishadi, agar qaysidir yig‘inda tanqidga uchrasa, hech qanday majlisga bormay qo‘yadi, borgan taqdirda ham orqa qatorda ko‘rinmay o‘tiradi, uni turg‘izib fikrini so‘rashlaridan qo‘rqadi.
Spetsefik (izolyatsiyalangan) fobiyalar – aniq bir vaziyat bilan chegaralangan fobiyalar. Albatta, xavotir ham fobiyaning doimiy hamrohidir. Masalan, o‘rgimchak, hayvonlar, balandlik, mamoqaldiroq, qorong‘ilik, yopiq joylar, ukol, qon kabi holat va vaziyatlardan qo‘rqishlar. Spetsefik fobiyalar ham boshqa fobiyalar kabi bolalik va o‘smirlik davrlarida boshlanadi. Agorafobiya va sotsial fobiyalarga qaraganda spetsefik fobiyalar birmuncha turg‘un bo‘lib, ularni bartaraf etish ancha murakkab masaladir. Masalan, chumoli yoki qondan qo‘rqish umrbod saqlanishi mumkin. Spetsefik fobiya uchun uni yuzaga keltiradigan vaziyat va ob’ektlardan yiroq yurish, ularga yaqinlashmaslik juda xos. Psixopatologik va psixovegetativ buzilishlar juda kam uchraydi yoki kuzatilmaydi. Sotsial fobiyadan farqli o‘laroq, spetsefik fobiyada individ bemalol odamlar orasida yuraveradi, katta doiralarda o‘z fikrini aytishdan qo‘rqmaydi, omma bilan muloqotda bo‘lib, ularni boshqara oladi, biroq boshqalar uchun arzimagan ko‘ringan vaziyatlar va narsalardan qo‘rqadi.
Spetsefik fobiyadan aziyat cheksa-da, insoniyat tarixida buyuk ishlari bilan iz qoldirgan mashhurlar haqida to‘xtalib o‘tsak. Mikki Maus multfilmini dunyoga taqdim etgan Uolt Disney sichqondan juda qo‘rqqan. Qo‘rqinchli filmlar qiroli deb nom chiqargan mashhur yozuvchi Stiven King qorong‘ilikdan juda qo‘rqqan va har doim chiroqni yoqib uxlagan. Eng qizig‘i, bir nechta yurtni zabt etgan Napoleon Bonapart, Gitler va Yuliy Tsezar mushukdan qo‘rqishgan. Eyfel minorasini yaratgan Gustav Eyfelning o‘zi balandlikdan qattiq xavotirga tushib qolardi. Nikola Tesla mikrobdan, Iosif Stalin esa samolyotda uchishdan qo‘rqqan.
Panik buzilishlar (epizodik paroksizmal xavotir) – to‘satdan ro‘y berib o‘tib ketuvchi, takrorlanib turuvchi o‘ta kuchli qo‘rquv, xavotir va vahimalar hamda yaqqol ifodalangan vegetativ buzilishlar bilan kechuvchi holat. Shuning uchun ham klinik tibbiyotda “panik buzilishlar” o‘rniga “panik atakalar” iborasi ko‘p qo‘llaniladi. Boshqa xavotirli-fobik buzilishlarga qaraganda panik atakalar “sababsiz” boshlanadi, shiddat bilan kechadi, qo‘rquv va xavotir yuqori darajada namoyon bo‘ladi va, albatta, vegetativ paroksizmlar bilan kechadi.
Panik ataka ro‘y berishi uchun biror bir vaziyat bo‘lishi shart emas. U to‘satdan yuzaga keladi va kuchli vegetativ buzilishlar bilan namoyon bo‘lib, bir necha daqiqa ichida o‘tib ketadi. Panik atakalar shu tarzda kechganligi uchun ham, uning ikkinchi nomi – epizodik paroksizmal xavotir.
Vegetativ buzilishlar quyidagicha namoyon bo‘ladi: yurak urishi keskin darajada kuchayib ketadi, ko‘krak sohasida og‘riq va bo‘g‘ilish hissi paydo bo‘ladi, bosh aylanib, kuchli ter bosadi. Shu paytda bemorni o‘lim qo‘rquvi bosadi, o‘zini qo‘yarga joy topa olmay bezovtalanaveradi, qo‘rqib yotib oladi, boshqa xonaga o‘tmoqchi bo‘ladi, o‘rnidan turib yurmoqchi bo‘lsa, boshi aylanib gandiraklab ketadi. Ba’zi bemorlarda o‘zini va atrof-muhitni anglash xuruj paytida yo‘qoladi. Panik atakalar takrorlanib turuvchi xususiyatga ega bo‘lganligi bois, bemorda doimiy qo‘rquv va ipoxondriya shakllanadi. Chunki ushbu paroksizmlar uni “ogohlantirmasdan” ro‘y beradi.
Panik buzilishlar tashxisini qo‘yish uchun vegetativ paroksizmlar bir oy ichida bir necha bor takrorlanishi, “sababsiz” ro‘y berishi, xurujlararo davrda xavotirli simptomlar kuzatilmasligi kerak.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha