Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi TIZZASIMON TUGUN NEVRALGIYaSI (XANT SINDROMI)

TIZZASIMON TUGUN NEVRALGIYaSI (XANT SINDROMI)


Fallopiy kanali ichida yuz nervi yonidan o‘tayotgan XIII nerv tolalari (sezgi va vegetativ) o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, tizzasimon tugunni (ganglion geniculi) hosil qiladi. Tizzasimon tugun nevralgiyasi turli virusli infektsiyalardan so‘ng rivojlanadi. Sanchuvchi va kuydiruvchi og‘riqlar quloq suprasining oldingi qismi, tashqi eshituv yo‘li, qattiq tanglay, yuqori jag‘ va so‘rg‘ichsimon o‘simta sohasida kuzatiladi. Kuchli sanchuvchi og‘riqlar tilning oldingi uchdan ikki qismida ta’m bilishning buzilishi va gipersalivatsiya bilan namoyon bo‘ladi. Agarda tizzasimon tugun nevralgiyasini Herpes zoster virusi chaqirsa, kuydiruvchi og‘riqlar kuzatilgan joylarga gerpetik toshmalar toshadi. Buni Xant sindromi deb atashadi. Ba’zida yuz nervining engil falajligi ham kuzatiladi. Virus shu atrofda joylashgan bir nechta gangliyalarni zararlasa, kuydirguvchi og‘riqlar va gerpetik toshmalar yuz, peshona, chakka, ensa va bo‘yin sohalariga tarqaydi, og‘izdan so‘lak oqishi kuchayadi, nistagm va bosh aylanishi paydo bo‘ladi. Gerpetik nevralgiyaning bu turi kuchli og‘riqlar bilan og‘ir kechadi.
        
Davolash. Nevralgiyalar bilan kasallangan bemorlarni davolashda bugungi kungacha karbamazepin (finlepsin, tegretol) asosiy dori sifatida qo‘llab kelinmoqda. Hatto karbamazepinning tavsiya etilishi nevralgiyani boshqa turdagi og‘riqlar bilan qiyoslash uchun ham yordam beradi. Chunki karbamazepin boshqa turdagi og‘riqlarga qaraganda nevralgiyalarni davolashda juda samaralidir.
          
Karbamazepin 1957-yili Shindler tomonidan sintez qilingan va 1963-yili Blum tomonidan uch shoxli nerv nevralgiyasini davolash uchun qo‘llanilgan. Karbamazepinning og‘riq qoldirish xususiyati batafsil o‘rganilmagan. Uning og‘riq qoldirish mexanizmlaridan biri nosiseptiv reaktsiyalarda ishtirok etuvchi neyronlar membranasi o‘tkazuvchanligining pasayishi bilan bog‘liq. Buning natijasida uch shoxli nervning zararlangan qismida paydo bo‘lgan og‘riq impulslari yuqoriga, ya’ni V nervning spinal yadrosiga, undan esa talamusga tarqalishi keskin pasayadi. Karbamazepin gippokampning glutamatergik sistemasiga tormozlovchi ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa nafaqat og‘riqlar, balki affektiv va vegetativ buzilishlarning hamda tutqanoq xurujlarining pasayishiga ham olib keladi.
            
Karbamazepin 200 va 400 mg li tabletkalarda ishlab chiqariladi. Karbamazepinni tavsiya etishda uning ta’sirini kuchaytiruvchi yoki pasaytiruvchi dorilarni e’tiborga olish zarur. Masalan, diltiazem, verapamil, nikotinamid, eritromitsin kabi dorilar karbamazepin ta’sirini kuchaytiradi, valproatlar, galoperidol, fenobarbital kabi dorilar esa pasaytiradi.
    Karbamazepinni tavsiya etish tartibi:
  • davolashning 1-2-kunlari 100 mg dan kuniga 3 mahal;
  • 3-kundan boshlab 200 mg dan kuniga 2 mahal;
  • 5-kundan boshlab 200 mg dan kuniga 3 mahal;
  • 7-kundan boshlab 200 mg dan kuniga 4 mahal.
         Dorini ichib boshlagan kundanoq og‘riq darrov kamaymaydi, u keyinchalik kamaya boshlaydi. Agarda doza ma’lum bir miqdorga etkazilganda og‘riqlar to‘xtasa yoki keskin pasaysa, uning kundalik dozasi ushbu miqdorda 4–6 hafta mobaynida ushlab turiladi va asta-sekin kamaytirib boriladi. Biroq aksariyat hollarda karbamazepinni uzoq vaqt, ya’ni 6–12 oy mobaynida ichish tavsiya etiladi.
          Tibbiy amaliyotda karbamazepinni asossiz ravishda kam dozada berish yoki uni erta to‘xtatish tez-tez uchrab turadi va bunga ko‘pincha dori sababli paydo bo‘ladigan bosh aylanishini ro‘kach qilishadi. Ba’zida vrach karbamazepinni 1 tabletkadan (200 mg) 3 mahal ichishni uzoq vaqt tavsiya etadi va dorining dozasini oshirmaydi. Bunday paytlarda bemorda og‘riq kamayadi, biroq butunlay yo‘qolmasligi mumkin. Bemorning nevralgiyadan uzoq vaqt tuzalmay yurishining asosiy sabablaridan biri – bu karbamazepinni kam dozada tavsiya etishdir. Bunday paytlarda dorining dozasini oshirib borish o‘rniga vrach “Sizga bu dori yordam bermadi” deb uni ichishni to‘xtatishni buyuradi yoki boshqa doriga o‘zgartiradi. Bu, albatta, noto‘g‘ri yo‘l. Chunki nevralgiyalarda etarli dozada berilgan karbamazepin, albatta, yuqori darajada samara beradi. Zaruratga qarab dorining kundalik dozasini 2100 mg ga etkazish mumkin.
Karbamazepin bosh aylanishi, ataksiya, ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i, uyquchanlik va terida allergik toshmalar kabi nojo‘ya ta’sirlarga ega. Dorining dozasi asta-sekin oshirib borilganda uning nojo‘ya ta’sirlari kam kuzatiladi. Karbamazepin tavsiya etilgan bemorlarga har 2 haftada umumiy qon va jigar fermentlari tekshirilishi, EKG qilinishi kerak. Agarda leykopeniya, trombotsitopeniya, jigar zararlanishi belgilari, atrioventrikulyar qamal paydo bo‘lsa, bemorga dori ichishni to‘xtatish tavsiya etiladi.
             Karbamazepindan tashqari gabapentin 300–600 mg dan kuniga 3 mahal, okskarbamazepin 200–400 mg dan kuniga 3 mahal, klonazepam 2 mg dan kuniga 4 mahal, fenitoin 100 mg dan kuniga 2–3 mahaldan qabul qilish tavsiya etiladi.
         Og‘riq xurujlari kuchli va tez-tez kuzatilgan holatlarda tramal 100 mg dan kuniga 2–3 mahal, diklofenak (voltaren) 50 mg dan kuniga 2–3 mahal, ksefokam (lornoksikam) 8 mg dan kuniga 2 mahal tavsiya etiladi. Shuningdek, trigeminal og‘riqlarda kuzatiladigan psixoemotsional buzilishlarni bartaraf etish uchun antidepressantlar va trankvilizatorlardan foydalaniladi. Antidepressantlardan amitriptilin 25 mg dan kuniga 2–3 mahal yoki fluoksetin (portal, prozak) 20 mg dan kuniga 2–3 mahal, trankvilizatorlardan fenazepam 0,5 mg yoki nozepam (tazepam, oksazepam) 10 mg kuniga 1–2 mahal buyuriladi. Bu dorilar tavsiya etilganda bemor karbamazepin (finlepsin, tegretol) ichishni to‘xtatmasligi kerak.
           Gerpetik nevralgiyalarda antivirus dorilar (atsiklovir, amantadin, remantadin) buyuriladi. Og‘riq xuruji kuchayib ketsa, uni bartaraf etish uchun 20% li 5 ml natriy oksibutirat 0,9% li natriy xlor yoki 5% li glyukoza eritmasiga qo‘shib venadan tomchilatib yuboriladi. Bemorlarni davolashda reflektor terapiya usullari (igna bilan davolash, gidrokortizon fonoforezi) ham qo‘llaniladi.
          Xirurgik davolash usullari. Bugungi kunda uch shoxli nerv nevralgiyasini xirurgik yo‘llar bilan davolashning bir qancha usullari mavjud. Bu usullarni qo‘llashdan oldin neyrovizualizatsiya tekshiruvlari (MRT, MRA, PET) o‘tkaziladi. Arteriyalar uch shoxli nerv ildizchasini haqiqatan ham bosib qo‘yganligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng xirurgik davolash usullari qo‘llaniladi.
        Birinchi usul – uch shoxli nerv ildizchasining mikrovaskulyar dekompressiyasi. Bu usul miyacha arteriyalari (a. cerebelli superior,  a. cerebelli inferior anterior) uch shoxli nerv ildizchasini ezib qo‘ygan holatlarda o‘tkaziladi. Buning uchun orqa kranial chuqurchaga trepanasiya yo‘li orqali kiriladi. Miyacha arteriyalari bilan uch shoxli nerv ildizchasi bir-biridan ajratiladi va ularning orasiga maxsus to‘qimalardan tayyorlangan qatlam qo‘yiladi. Bu qatlam keyinchalik arteriyalar bilan nerv ildizchasini bir-biriga tegib qolishi va yana kompressiya holati yuzaga kelishining oldini oladi.
       Ikkinchi usul – uch shoxli nerv ildizchasini radioto‘lqinlar yordamida termodestruktsiya qilish. Buning uchun tok generatoriga ulangan maxsus elektrod uch shoxli nerv ildizchasi yoniga olib boriladi. Bu elektrod elektr toki yordamida isitiladi va buning natijasida uch shoxli nerv ildizchasi destruksiyaga uchraydi. Bu usul birinchi usulga qaraganda keng tarqalgan bo‘lib, og‘ir asoratlar bermaydi.
       Uchinchi usul – stereotaksik radioxirurgiya (gamma-pichoq) usuli. Tig‘siz davolash usuli bo‘lib, gamma nurlar yordamida uch shoxli nerv ildizchasiga ta’sir o‘tkaziladi va uning destruksiyasiga erishiladi.
       To‘rtinchi usul – bosh miyaning motor po‘stlog‘ini neyrostimulyatsiya qilish. Kalla suyagining tagiga, ya’ni qattiq pardaning ustiga maxsus elektrod o‘rnatiladi va u stimulyatsiya qilinadi. Og‘riq bir necha daqiqadan so‘ng to‘xtaydi va bir necha kungacha paydo bo‘lmay turadi. Xirurgik usullar konservativ davolash usullari samara bermagan hollarda o‘tkaziladi.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив