XAVOTIRNI TEST ORQALI ANIQLASh MUMKINMI?
Ha, mumkin! Xuddi depressiyani aniqlovchi psixologik testlar kabi xavotirni aniqlovchi testlar ham bor. Ularni “Psixologik so‘rovnomalar” deb atashadi. Undan foydalanish uchun yoningizda psixolog o‘tirishi shart emas, biroq olingan natijani unga ko‘rsatgan ma’qul. Nega bunday so‘rovnomalar o‘ylab topilgan? Odamlar o‘z ruhiy salomatligini test orqali nazorat qilib borish uchun shunday qilingan. Masalan, rivojlangan xorij davlatlarida odamlar bunday testlardan o‘tib turishadi va o‘zlarining shaxsiy psixologlari bilan maslahatlashib turishadi. Yurak faoliyati kardiogramma tekshiruvi orqali nazorat qilib turilganidek, insonning ruhiy holati psixologik testlar orqali nazorat qilib turiladi. Bu juda yaxshi – ruhiyatimiz holatini bilish uchun ham, bunday kasalliklarni o‘z vaqtida oldini olish uchun ham.
Xavotir nimaligi haqida men bu kitobda yozganman. Psixologlar xavotirni 2 turga bo‘lib o‘rganishadi: birinchisi – bu reaktiv xavotir, ikkinchisi – shaxsiy xavotir. Reaktiv xavotir – aynan shu kunlarda ro‘y bergan, ro‘y berayotgan va erta-indin ro‘y berishi mumkin bo‘lgan holatlarga nisbatan yuzaga kelgan xavotir. Shuning uchun ham uning nomi – reaktiv xavotir. Agar vaziyat o‘z echimini topsa yoki yaxshi tomonga o‘zgarsa bu xavotir o‘tib ketadi. Demak, reaktiv xavotir – bu o‘tkinchi xavotir. Masalan, imtihondan ikki baho olgandagi xavotir yoki imtihon oldi xavotiri, otasi operatsiyaga kirib ketayotgandagi xavotir, nikoh kechasi xavotiri, dissertatsiya himoyasi paytidagi xavotir va h.k. Shaxsiy xavotir esa turg‘un xavotir bo‘lib, har bir insonda individual tarzda shakllangan bo‘ladi. Shaxsiy xavotir turg‘un bo‘lgani bilan vaziyatga qarab o‘zgarib turadi.
Xavotirning ikkala turini ham aniqlab baholash uchun ikkala psixolog olim, ya’ni Spilberger va Xanin maxsus psixologik test ishlab chiqishgan va unga Spilberger-Xanin so‘rovnomasi deb nom berishgan. Bu so‘rovnoma oddiy bo‘lganligi bois tez orada mashhur bo‘lib ketdi. Men hozir Sizlarga o‘sha so‘rovnomaning “reaktiv xavotirni aniqlash uchun” mo‘ljallangan qismini keltirib o‘taman. Shaxsiy xavotirni aniqlash qismi esa bundan keyingi mavzuda yoritilgan.
Spilberger-Xanin so‘rovnomasi
(reaktiv xavotirni aniqlash uchun)
Ko‘rsatma. Quyida keltirilgan har bir jumlani diqqat bilan o‘qing va aynan hozirgi paytda o‘zingizni qanday his qilayotgan bo‘lsangiz shunga mos javoblarni belgilang. Savollar ustida uzoq o‘ylanmang va xayolingizga kelgan birinchi javob katagini doiraga oling.
# | Savollar. Vaziyatlar | Aslo unday emas | Balki shunday dir | To‘g‘ri | Juda to‘g‘ri |
1. | Men tinchman | ||||
2. | Menga hech narsa xavf solmaydi | ||||
3. | Mening asablarim taranglashgan | ||||
4. | Men afsus chekyapman | ||||
5. | Men o‘zimni erkin his etyapman | ||||
6. | Men xafaman | ||||
7. | Meni ro‘y berishi mumkin bo‘lgan muvaffaqiyatsizliklar qiynayapti | ||||
8. | Men ruhiy xotirjamlikni his qilyapman | ||||
9. | Men xavotirdaman | ||||
10. | Men ichki qoniqishni his qilyapman | ||||
11. | Men o‘zimga ishonaman | ||||
12. | Men asabiylashyapman | ||||
13. | O‘zimni qo‘yishga joy topa olmayapman | ||||
14. | Mening asablarim tarang | ||||
15. | Men tanglikni his qilmayapman, siqilmayapman | ||||
16. | Men mamnunman | ||||
17. | Men tashvishdaman | ||||
18. | Asablarim juda qo‘zg‘algan va o‘zimni nazorat qila olmayapman | ||||
19. | Men xursandman | ||||
20. | Kayfiyatim chog‘ |
Ma’lumotlarni tahlil qilish va hisoblash quyidagicha amalga oshiriladi:
∑1 – 3, 4, 6, 7, 9, 12, 13, 14, 17, 18 raqamlar yig‘indisi;
∑2 – 1, 2, 5, 8, 10, 11, 15, 16, 19, 20 raqamlar yig‘indisi.
Ushbu formula ∑1 – ∑2 + 35 reaktiv xavotir darajasi aniqlanadi. Agar to‘plangan ballar yig‘indisi 30 baldan oshmasa, demak, xavotirga o‘rin yo‘q. Biroq Siz bor yo‘g‘i 20 ball to‘plasangiz, yo Siz o‘ta beg‘amsiz va sizni hech narsa qiziqtirmaydi yoki siz o‘ta omadlisizki Siz uchun kimdir ishlayapti, qayg‘urayapti va h.k. Bunaqasi hayotda juda kam uchraydi va bu ham yaxshi holat emas. Chunki hali aytib o‘tganimdek, o‘z oldiga vazifalar qo‘yib faol yashayotgan insonda albatta o‘ziga yarasha xavotir bo‘ladi va bu xavotir unga ro‘baro‘ bo‘layotgan to‘siqlarni engib o‘tishga va maqsadiga erishishiga yordam beradi. Mabodo, ballar yig‘indisi 31-45 ball ichida bo‘lsa, buni psixologlar o‘rta darajada ifodalangan xavotir deyishadi. Bunday paytlarda tibbiy psixolog bilan maslahatlashish kerak. Balkim atrofingizdagi Siz bilan bog‘liq vaziyat u darajada xavotirli emasdir va Siz ortiqcha bezovta bo‘layotgandirsiz. Masalan, 30-40 atrofidagi reaktiv xavotir bu ham odatiy xavotir va muammo echimi topgandan keyin o‘tib ketadi v
a Siz shu xavotir tufayli erishgan yutug‘ingizdan bahramang bo‘lasiz. Biroq xavotir darajasi 46 baldan oshsa, u holda tibbiy psixolog ko‘rigidan va uning suhbatlaridan o‘tishingiz lozim bo‘ladi. Chunki keragidan ortiqcha xavotir sog‘lom turmush tarzingizga xavotir berishi va psixosomatik kasalliklar rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin.
Eslatma: Hech qachon javob variantlarini sun’iy belgilamang va o‘zingizni-o‘zingiz aldamang! Umuman olganda, o‘ta past darajadagi xavotirga ega shaxslarda motivasiya o‘ta sust bo‘ladi va ular mas’uliyatsiz odamlardir.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha