Xoreik giperkinezlarda xulq-atvor buzilishlari
Po‘stlog‘osti entsefaliti ko‘pincha giperkinezlar bilan ham namoyon bo‘ladi. Giperkinezlar – tananing turli joylarida kuzatiladigan ixtiyorsiz harakatlar. Bular ichida xoreya alohida o‘rin tutadi. Xoreya yuz mushaklarida ko‘p kuzatiladi. Biroq xoreik giperkinezlar tez orada bo‘yin mushaklari va qo‘l barmoqlariga ham o‘tishi mumkin. Xoreik giperkinezlar bolalarda ko‘p uchraydi va buning sababi LOR a’zolari infektsiyalari, ayniqsa tonzillitdir. Tonzillit sababli paydo bo‘lgan xoreik giperkinezlar, odatda, kasallik sababi yo‘qotilgandan keyin o‘tib ketadi. Po‘stlog‘osti entsefalitida esa ijobiy natijaga erishish ancha qiyin.
Xoreik giperkinezlar boshlanishidan bir necha oy ilgari bolaning xulq-atvori o‘zgara boshlaydi. Ota-ona, hatto vrachlar ham bolada jiddiy kasallik boshlanayotganligini darrov payqashmaydi va unga “Giperdinamik sindrom” deb tashxis qo‘yishadi. Bolaning xulq-atvori shu darajada o‘zgaradiki, uni maktabda ham, uyda ham tartibga chaqirishaveradi. Ammo tanbehlar yordam bermaydi. Biron oylardan keyin bolaning ko‘z atrofi mushaklarida giperkinezlar paydo bo‘ladi, bola ko‘zini yumib ochaveradi, qoshini qoqaveradi. Ko‘zni yumib-ochuvchi mushaklarda bo‘ladigan bunday giperkinezlar blefarospazm deb ataladi. Bunday bolalar joyida ham tinch o‘tira olmaydi, ovqatlanayotgan paytda choyni yoki qoshiqdagi ovqatni to‘kib yuboradi, shoshib ovqatlanadi. Shu sababli ular ota-onasidan tez-tez dakki eb turishadi. Yuzdagi giperkinezlar hayajonlanganda kuchayadi, tinchlanganda kamayadi, uyqu paytida esa to‘xtaydi.
Giperkinez kuzatiladigan bolalar nafaqat uyda, balki ko‘chada ham doimo dakki eshitishlari mumkin. Toshkent metrosida shunday qiziq bir voqea ro‘y bergan. Yuzida xoreik giperkinezlar bor N. ismli 15 yashar yigit ertalab metroga tushadi. Vagonda uning ro‘parasiga xuddi shu yoshlardagi xushro‘y qiz onasi bilan o‘tirib qoladi. Qiz o‘ta chiroyli bo‘lganligi bois N. unga tikilib qarayveradi. Qiz ham unga kulib qaraydi. Hayajonlanganidan N. ning ko‘z atrofi mushaklarida giperkinezlar boshlanadi, ya’ni u qoshini qoqib, ko‘zini pirpirataveradi. Ikkala yosh orasidagi bunday g‘alati munosabatan jahli chiqqan va atrofdagilardan uyalgan ona “Yoshgina bo‘lib uyalmaysanmi?!” deb yigitning yuziga bir shapaloq tushiradi. Bola qattiq uyalganidan keyingi bekatda vagondan tushib ketadi va uyiga kelib “Meni doktorga olib boring”, deb janjal ko‘taradi. Shu kuni ushbu yigit onasi bilan bizning qabulimizga keldi. Kulgili bu vaziyatning yuzaga kelishiga sabab giperkinezlarning bitta, ya’ni faqat o‘ng ko‘zda bo‘layotgani edi.
Shunday qilib, bosh miya va uning pardalari yallig‘lanishi kasalliklarida kuzatiladigan psixoemotsional buzilishlar davolash jarayonida neyropsixolog, ya’ni tibbiy psixologning doimiy ishtiroki zarurligini ko‘rsatadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha