XATARLI OMILLAR
Kasallik rivojlanishiga turtki bo‘luvchi omillarga xatarli omillar deb aytiladi. Tserebrovaskulyar kasalliklar rivojlanishiga turtki bo‘luvchi xatarli omillarni izlab topish va o‘rganish XX asrning 60-yillarida boshlab yuborildi. Tez orada bir qator xatarli omillar izlab topildi va ularning kasallik rivojlanishidagi o‘rni o‘rganilib boshlandi.
Bugungi kunda xatarli omillar 2 turga ajratib o‘rganiladi: o‘zgartirib bo‘lmaydigan va o‘zgartirib bo‘ladigan (1-jadval).
1-jadval
Tserebrovaskulyar kasalliklar rivojlanishiga turtki bo‘luvchi xatarli omillar
O‘zgartirib bo‘lmaydigan omillar | O‘zgartirish mumkin bo‘lgan omillar |
Chekish | |
Spirtli ichimliklar iste’mol qilish | |
Yosh* Jins Nasl | Gipodinamiya |
Semizlik Psixoemotsional stress Depressiya Giperxolesterinemiya* Arterial gipertenziya* Karotid stenoz* Hilpillovchi aritmiya* Gipergomosisteinemiya Anemiya |
Izoh. * – xatarli omillar ichida eng xavflilari.
Eslatma: bitta odamning o‘zida xatarli omillar soni ko‘paygan sayin, unda insult rivojlanish xavfi oshib boradi: 1-2 omil – 5-7%; 3 yoki undan ko‘p omil – 19-21%.
Xatarli omillar xavflilik darajasi va aholi orasida tarqalishi bo‘yicha bir-biridan farq qiladi (2-jadval).
2-jadval
Xatarli omillarning nisbiy xavf ko‘rsatkichlari va umumiy
populyatsiyada tarqalish darajasi (Chalmers et al., 2010)
Xatarli omillar | Nisbiy xavf | Populyatsiyada tarqalganligi,% |
Arterial gipertenziya | 2,0-4,0 | 30 |
Yurak ishemik kasalligi | 1,0-3,0 | 20 |
Hilpillovchi aritmiya | 6,0-18,0 | 1 |
Qandli diabet | 2,0-8,0 | 3 |
O‘tkazilgan insult yoki TIA | 1,0-10,0 | 2 |
Chekish | 2,0-4,0 | 25 |
Chekish | 1,0-4,0 | 5 |
Giperxolesterinemiya | 1,0-2,0 | 5 |
Ortiqcha tuz iste’mol qilish | 1,0-2,0 | 30 |
A) O‘zgartirib bo‘lmaydigan xatarli omillar
Yosh. Tserebrovaskulyar kasalliklar yoshga bog‘liq bo‘lib, yosh o‘tgan sayin ularning soni ham osha boradi: 50 yoshdan so‘ng insultning uchrash darajasi har 10 yillikda 2 barobarga oshadi. Deyarli 50% insult 70 yoshdan oshganlarda uchraydi, 80 yoshdan oshganlarda insult 50 yoshdagilarga qaraganda 30 barobar ko‘p kuzatiladi. So‘nggi 20 yillikda insultning «yosharib» borayotganligi qayd etilmoqda, ya’ni 40 yoshgacha bo‘lgan davrda insult bilan kasallanganlar soni ortib bormoqda. Bu holat yoshlarda chekish, ichish va gipodinamiya kabi omillarning ko‘payib borayotganligi bilan izohlanadi.
Jins. Insult bilan kasallanishning jinslararo farqi uncha katta emas. Insult ayollarga qaraganda erkaklarda ko‘proq uchraydi. Biroq so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkichlar tenglashayotgani qayd etilmoqda. Insultdan o‘lim ko‘rsatkichlari esa ayollarda yuqori.
Nasl. Insult naslga bog‘liq kasallik bo‘lib, yaqin qarindoshlarda insult kuzatilganlarda bu kasallikning rivojlanish xavfi ham ortadi.
B) O‘zgartirish mumkin bo‘lgan xatarli omillar
Chekish. Chekish – insult rivojlanishiga turtki bo‘luvchi mustaqil xatarli omil. Chekish insult rivojlanish xavfini deyarli 2 barobarga oshiradi va bu ko‘rsatkich chekilayotgan sigaretlar soniga bog‘liq. Bir kunda 20 dona sigaret chekadiganlarda insult rivojlanish xavfi kuniga 10 dona sigaret chekadiganlarga qaraganda deyarli 2 barobar yuqori hisoblanadi. Chekish neyrokimyoviy mexanizmlar orqali AG rivojlanishiga ham turtki bo‘ladi. Chekish, shuningdek, AS rivojlanishini tezlashtiradi va qonning reologik xususiyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois sigaret chekuvchilarda AG va AS ko‘p uchraydi. Ma’lumki, AG va AS insultga olib keluvchi eng yetakchi xatarli omillardir.
Spirtli ichimliklar. Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish ham insult rivojlanishiga turtki bo‘luvchi xatarli omil hisoblanadi. Insult rivojlanish xavfi spirtli ichimlikning qancha miqdor va qachondan buyon iste’mol qilinayotganligi va uning turiga ko‘p jihatdan bog‘liq. O‘tkir spirtli ichimliklarni kuniga 50 g dan ko‘p iste’mol qilish insult rivojlanish xavfini 1,5-2 barobarga oshiradi. Spirtli ichimlik ishemik insultga qaraganda gemorragik insult rivojlanishiga ko‘proq turtki bo‘ladi. Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qiluvchilarda AG, yurak aritmiyasi, neyrointoktsikatsiya, miya tomirlarida toksik vazodilatatsiya va serebral perfuziyaning pasayishi ko‘p aniqlanadi. Ushbu patologik holatlarning birgalikda namoyon bo‘lishi insult rivojlanishi xavfini oshiradi.
Gipodinamiya. Yildan-yilga jismoniy harakatlar orqali bajariladigan ishlar soni va hajmi kamayib bormoqda. Buning asosiy sababi turmush tarzimizga kompyuterning jadal kirib kelishi va, ayniqsa, distansion aloqa vositalarining keng qo‘llanilib borayotganligidir. Pirovardida gipodinamiya yaqqol xatarli omillardan biriga aylanib bormoqda.
Gipodinamiya organizmda lipidlar parchalanishini sustlashtiradi. Oqibatda lipidlar organizmda, ayniqsa, arteriyalar devorida to‘planib, AS rivojlanishini tezlashtiradi. Bu esa arteriyalarning torayib borishi va yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfini oshiradi. Gipodinamiya AG ga qaraganda AS rivojlanishiga ko‘proq turtki bo‘ladi. Shuningdek, faol jismoniy harakat bilan shug‘ullanmaydiganlarda miya va yurak arteriyalarida kapillyarlar darajasidagi kollateral qon aylanish tarmoqlari o‘ta sust rivojlangan bo‘ladi. Vaholanki, kollateral qon aylanish tarmoqlari mukammal rivojlangan odamlarda ishemiyaga uchragan sohalar tez tiklanadi.
Gipodinamiya organizmdagi barcha fiziologik jarayonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xatarli omildir. Ayniqsa, u semizlik rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Gipodinamiya organizmda T- va V-limfotsitlarning yetarli miqdorda ishlab chiqarilishini pasaytiradi va organizmni yuqumli kasalliklarga moyil qilib qo‘yadi. Gipodinamiya organizmning tayanch a’zolariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, umurtqa osteoxondrozi va artropatiyalar rivojlanishiga ham turtki bo‘ladi. Shuningdek, gipodinamiya deyarli barcha ichki a’zolarning normal ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadiki, buning oqibatida bevosita yoki bilvosita tserebrovaskulyar kasalliklar rivojlanishi tezlashadi.
Semizlik (ortiqcha vazn). Semizlik avvalambor qandli diabet, AS, AG va YuIK rivojlanishiga turtki bo‘luvchi xatarli omil hisoblanadi. Ushbu kasalliklarning rivojlanish xavfi semizlik darajasiga ham bog‘liq: semizlik darajasi oshgan sayin u bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklar rivojlanish xavfi oshib boradi.
Semizlik darajasini aniqlash uchun tana vazni indeksi (TVI) o‘lchanadi: TVI = TO/R2, bu erda TVI – tana vazni indeksi, TO – tana og‘irligi (kg), R2 – (kv.m), ya’ni kvadratga oshirilgan bo‘y uzunligi (3-jadval).
3-jadval
Tana vazni indeksi va semizlik darajasi
Tana vazni indeksi, kg/kv.m | Semizlik darajasi |
20-25 | Norma |
25-30 | Tana vazni oshgan |
30 va undan yuqori | Semizlik |
Demak, TVI normada 20 va 25 kg/kv.m orasida bo‘lishi kerak. Agar TVI 30 kg/kv.m dan yuqori bo‘lsa, bu semizlik hisoblanadi.
Psixoemotsional stress. Psixoemotsional stress – arterial gipertenziya va ateroskleroz rivojlanishiga olib keluvchi eng xavfli omillardan biri. Stress miya insulti va miokard infarkti rivojlanishiga bevosita turtki bo‘luvchi xatarli omil hamdir. Doimiy psixoemotsional zo‘riqishlar organizmda murakkab patofiziologik jarayonlarni boshlab beradi. Ayniqsa, psixoemotsional zo‘riqishlar paytida qonga ko‘p miqdorda katexolaminlar ajralib chiqishi AQB ning keskin ko‘tarilishi, arteriyalar spazmi va koagulopatiyalarga sababchi bo‘ladi. Bu patologik jarayonlar doimiy ravishda davom etsa, AS rivojlanishi tezlashadi. Shuningdek, o‘tkir psixoemotsional zo‘riqishlar paytida qonda qand miqdori oshadi va insult rivojlanishida alohida o‘rin tutuvchi QD rivojlanishiga mezon yaratiladi. Ba’zida QD o‘tkir psixoemotsional stressdan so‘ng darrov rivojlanadi.
Bir qator ilmiy markazlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasi psixoemotsional stress bilan AG, AS va QD rivojlanishi orasida kuchli korrellyatsion aloqa borligini ko‘rsatdi. Yildan-yilga yurak-qon tomir kasalliklarining oshib borayotganligi va undan o‘lim holatlari ko‘p kuzatilayotganligining asosiy sabablaridan biri – bu psixoemotsional zo‘riqishlarning ko‘payib borayotganligidir. Psixoemotsional stress yurak-qon tomir kasalliklari bilan kasallanish va ulardan o‘lim darajasiga bir xil ta’sir ko‘rsatadi.
Depressiya. Depressiya – kardiovaskulyar va tserebrovaskulyar kasalliklar rivojlanishida alohida o‘rin tutuvchi xatarli omil. Ushbu xulosaga yirik ilmiy markazlarda o‘tkazilgan prospektiv tekshiruvlar natijasida kelingan. Bugungi kunda depressiya chekish, giperxolesterinemiya, psixoemotsional stress va AG kabi xatarli omillar qatoridan o‘rin olgan. Xalqaro tadqiqot markazlari AG bilan kasallanganlarning 30-50% ida depressiya alomatlari aniqlanishi va ularda gipertonik krizlar ko‘p kuzatilishini ta’kidlashadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, depressiya kasallik prognoziga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi: depressiya fonida rivojlangan miokard infarktida o‘lim ko‘rsatkichlari depressiyasiz rivojlangan miokard infarktiga qaraganda 2-4 barobarga yuqoriligi isbot qilingan.
O‘zbekistonda ham depressiya va insult rivojlanishi orasidagi bog‘liqlik darajasi o‘rganilgan (Ibodullaev Z. R. va b.q, 2009). Bu tadqiqotlar depressiyaning insult rivojlanishidagi nisbiy xavf ko‘rsatkichi 1,6 ga teng ekanligini ko‘rsatdi. Depressiya insultdan keyingi funktsional tiklanish darajasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Arterial gipertenziya. AG insult rivojlanishiga turtki bo‘luvchi o‘ta xatarli omillardan biridir. Insult rivojlanish xavfi AQB darajasiga bevosita bog‘liq. Fremingem tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra (2010), sistolik AQB ning 10 mm sim. ust. ga oshishi insult rivojlanish xavfini erkaklarda 1,9 barobarga, ayollarda 1,7 barobarga oshiradi. AQB 160/95 mm sim. ust. ga etganlarda AQB normal darajada bo‘lganlarga qaraganda, insult rivojlanish xavfi 4 barobarga yuqoridir. AQB 200/115 mm sim. ust. ga etganlarda bu ko‘rsatkich 10 barobarga oshadi.
Bir necha bor tinch holatda o‘lchangan AQB 140/90 mm sim. ust. dan yuqori bo‘lsa, bemorda arterial gipertenziya bor, deb xulosaga kelinadi. AQB ning normal ko‘rsatkichlari qanday bo‘lishligi to‘g‘risidagi uzoq davom etgan bahs-munozaralar «pregipertenziya» atamasini taklif etish bilan tugallandi. Bunga binoan AQB 120/80-139/89 mm sim. ust. orasida bo‘lgan shaxslar pregipertenziya guruhiga kiritiladi. Bu guruhga kirganlarda, keyinchalik AG rivojlanish xavfi juda yuqori. Ularga profilaktik dozalarda antigipertenziv dorilar qabul qilib yurish tavsiya etiladi va bu bemorlar doimiy ravishda UAV nazoratiga olinadi.
Qandli diabet. Qandli diabet ham o‘ta xatarli omillardan biri sanaladi. Insult rivojlanishida QD ning nisbiy xavf ko‘rsatkichi 1,5-3 ga teng. QD ateroskleroz rivojlanishini jadallashtiradi, AG rivojlanish xavfini oshiradi. Shuningdek, diabetik serebral mikroangiopatiya bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishlarini yuzaga keltiradi va ishemik insult rivojlanishiga zamin yaratadi. Qondagi qand miqdori 6,6 mmol/ldan oshgan sayin insult rivojlanish xavfi oshib bo‘ladi. Framingem tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra (2010), QD bilan kasallanganlarda ishemik insult 2-4 barobar ko‘p kuzatiladi.
Uyqu arteriyalari stenozi. Uyqu arteriyalari stenozi TIA va ishemik insult rivojlanishida yetakchi xatarli omillardan hisoblanadi. Uyqu arteriyalarining simptomli stenozida 2 yil mobaynida insult rivojlanish xavfi 26% ga teng (nisbiy xavf 2,2), agar stenoz TIA bilan namoyon bo‘lsa, bu xavf 2 yil mobaynida 70% ga yetadi (nisbiy xavf 4,6). Ishemik insult rivojlangan bemorlarning 70% dan oshig‘ida ichki uyqu arteriyasining aterosklerotik zararlanish belgilari aniqlanadi.
O‘tkazilgan insult va TIA. Anamnezida TIA va ishemik insult o‘tkazgan bemorlarning 40% ida 5 yil ichida ishemik insult yana rivojlanadi, shundan 20% insult kasallikning o‘tkir davrida, qolgan 50% – bir yil mobaynida rivojlanadi.
Boshqa xatarli omillar. Insult rivojlanishiga turtki bo‘luvchi omillarga yana quyidagilar kiradi: intra- va ekstratserebral tomirlar anomaliyasi, antifosfolipid sindrom, migrenoz status, gipergomotsisteinemiya, trombotsitopeniya, kraniotserebral o‘smalar va jarohatlar, bo‘yin osteoxondrozi, turli etiologiyali angiopatiyalar, allergik kasalliklar, yurakka qo‘yilgan sun’iy klapanlar, fibromuskulyar displaziya, OITS, zaxm, arteriyalar qatlanishi (dissektsiyasi), turli virusli neyroinfektsiyalar, oral kontratseptiv dorilarni iste’mol qilish, giyohvandlik, politsitemiya, leykoz, venoz tromboz, obliteratsiyalovchi endaarteriit va b.q.
Xulosa qilib aytganda, yurak-qon tomir kasalliklari, shu jumladan, tserebrovaskulyar kasalliklar rivojlanishiga turtki bo‘luvchi xatarli omillar soni 100 dan oshadi. Insult rivojlangandan keyin ham saqlanib qolgan xatarli omillar nogironlik darajasi va o‘lim xavfini bir necha barobarga oshiradi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Insult va koma. Qo`llanma. Toshkent, 2013., 193 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha