NEONATAL XURUJLAR


Neonatal xurujlar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda kuzatiladi. Ularni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar: asfiksiya, bosh miya jarohatlari, subdural gematoma, miyaga qon quyilishi, tug‘ma anomaliyalar, gipokaltsiemiya, gipoglikemiya, gipernatriemiya, giponatriemiya, meningit, entsefalit, tsitomegalovirus, toksoplazmoz, gerpetik infektsiyalar, piridoksin (V6 vitamini) etishmovchiligi, aminokislotalar almashinuvining buzilishi, tuberoz skleroz, fakomatozlar, galaktozemiya, oilaviy epilepsiya.
       
Klinikasi. Neonatal xurujlar, asosan, fokal, tonik, klonik va mioklonik xurujlardan iborat. Mioklonik xurujlar ko‘z olmasining rotator nistagmga o‘xshab titrashlari, ko‘zning yarim yumilib-ochilishi, qoshlar pirpirashi, mimik muskullar uchishi, lablar titrashi, tilni chiqarib-olish, lunjlarni o‘ynatish kabi harakatlar bilan namoyon bo‘ladi. Tonik xurujlar paytida bolaning boshi orqaga qayrilib, qo‘l va oyoqlari cho‘zilib qotib qoladi.
        
Klonik xurujlar, ko‘pincha, bir tomonda qo‘l yoki oyoqning klonik titrashlari bilan kechadi. Oyoqlardagi klonik harakatlar ba’zida velosiped haydagandek holatni eslatadi. Ba’zida epileptik xurujlar fokal xurujlar bilan boshlanib, so‘ngra tarqalgan xurujlarga o‘tadi.
       
Davolash. Neonatal xurujlarni bartaraf etishda, asosan, fenobarbital, diazepam va Vvitamini qo‘llaniladi. Neonatal xurujlar prognozi uni keltirib chiqargan sababga bog‘liq. Etiologik omil to‘g‘ri aniqlanib davolash muolajalari o‘tkazilsa, neonatal xurujlar asoratsiz o‘tib ketadi.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив