Nevroz va reaktiv buzilishlar
Ruhiy jarohat etkazuvchi omillar natijasida rivojlanadigan asab sistemasining funktsional kasalligiga nevroz deyiladi. Demak, nevroz – psixogen kasallik. Nevrozda organik simptomlar kuzatilmaydi, biroq vegetativ simptomlar aniqlanadi. Nerv to‘qimalarida morfologik buzilishlar bilan kechuvchi kasalliklarga organik, funktsional buzilishlar bilan kechuvchi holatlarga funktsional kasalliklar deyiladi.
Tasnifi. KXT-10 da “Nevroz” degan alohida bo‘lim yo‘q. Nevrotik buzilishlar, ya’ni xavotir, fobiya, obsessiya, kompulsiya, isteriya, somatonevroz va stressga bo‘lgan reaktsiyalar KXT-10 ning F40-F48 kodi ostida bir nechta ruknlarda keltirilgan (1-jadval).
1-jadval. KXT-10 bo‘yicha nevrotik, stress bilan bog‘liq va somatoform buzilishlar tasnifi (F40-48)
# | Kod: F40-48 | Nevrotik, stress bilan bog‘liq va somatoform buzilishlar turlari |
1 | F40 | Fobik xavotirli buzilishlar |
Rubrikalar | F40.0 – Agorafobiya F40.1 – Sotsial fobiyalar F40.2 – Spetsifik (izolyatsiyalangan) fobiyalar F40.8 – Boshqa fobik xavotirli buzilishlar F40.9 – Aniqlashtirilmagan fobik xavotirli buzilishlar | |
2 | F41 | Boshqa xavotirli buzilishlar |
Rubrikalar | Panik buzilishlar (epizodik paroksizmal xavotir) F41.1 – Tarqalgan xavotirli buzilishlar F41.2 – Aralashgan xavotirli va depressiv buzilishlar F41.3 – Boshqa aralashgan xavotirli buzilishlar F41.8 – Boshqa aniqlashtirilgan xavotirli buzilishlar F41.9 – Aniqlashtirilmagan xavotirli buzilishlar | |
3 | F42 | Obsessiv-kompulsiv buzilishlar |
Rubrikalar | F43.0 – Stressga o‘tkir reaktsiya F43.1 – Posttravmatik stress buzilishlari F43.2 – Moslashuv reaktsiyalarining buzilishi F43.8 – Og‘ir stressga boshqa reaktsiyalar F43.9 – Aniqlashtirilmagan og‘ir stressga reaktsiya | |
4 | F43 | Og‘ir stressga reaktsiya va moslashuvning buzilishi |
Rubrikalar | F43.0 – Stressga o‘tkir reaktsiya F43.1 – Posttravmatik stress buzilishlari F43.2 – Moslashuv reaktsiyalarining buzilishi F43.8 – Og‘ir stressga boshqa reaktsiyalar F43.9 – Aniqlashtirilmagan og‘ir stressga reaktsiya | |
5 | F44 | Dissotsiativ (konvertsion) buzilishlar |
Rubrikalar | F44.0 – Dissotsiativ amneziya F44.1 – Dissotsiativ fuga F44.2 – Dissotsiativ stupor F44.3 – Trans va chidam F44.4 – Dissotsiativ harakat buzilishlari F44.5 – Dissotsiativ konvulsiyalar F44.6 – Dissotsiativ anesteziya yoki sezishni qabul qilishning buzilishlari F44.7 – Aralashgan dissotsiativ (konvertsion) buzilishlar F44.8 – Boshqa dissotsiativ (konvertsion) buzilishlar F44.9 – Aniqlashtirilmagan dissotsiativ (konvertsion) buzilishlar | |
6 | F45 | Somatoform buzilishlar |
Rubrikalar | F45.0 – Somatizatsiyalashgan buzilishlar F45.1 – Differentsiyalanmagan somatoform buzilishlar F45.2 – Ipoxondrik buzilishlar F45.3 – Vegetativ nerv sistemasining somatoform disfunktsiyasi F45.4 – Turg‘un somatoform og‘riqli sindrom F45.8 – Boshqa somatoform buzilishlar F45.9 – Aniqlashtirilmagan somatoform buzilishlar | |
7 | F48 | Boshqa nevrotik buzilishlar |
Rubrikalar | F48.0 – Nevrasteniya F48.1 – Depersonalizatsiya-derealizatsiya sindromi F48.8 – Boshqa aniqlashtirilgan nevrotik buzilishlar F48.9 – Aniqlashtirilmagan nevrotik buzilishlar |
Izoh: Eslatib o‘tamiz, KXT-10 asosan tibbiy statistika maqsadida qo‘llaniladi. Tibbiy amaliyotda esa ushbu tasnif asosida yaratilgan klinik tasniflardan foydalaniladi.
Nevrozning 3 turi farqlanadi: nevrasteniya (astenik nevroz), isteriya, miyaga o‘rnashgan fikrlar nevrozi.
Nevrasteniya (astenik nevroz)
Nevrasteniya (yun. neuron – nerv, astenia – zaiflik) asab zaifligi degan ma’noni anglatadi. Doimiy hissiy zo‘riqishlar, dam olmay ishlash, aqliy zo‘riqishlar, doimiy stress holatlari nevrasteniya sababchisidir. Nevrasteniyaning bir necha oila a’zolarida uchrashi uning etiologiyasida nasliy omillar ahamiyatini ko‘rsatadi. Yosh bolalarda nevrasteniya rivojlanishiga uni o‘rab turgan muhit, ayniqsa, ota-ona orasidagi janjallar sabab bo‘ladi. Bolalik davrida olingan ruhiy jarohatlar ham bundan mustasno emas.
Nevrasteniya nafaqat jahldor, balki o‘ta andishali odamlarda ham rivojlanadi. Andishali odam janjal chiqqanda hissiyotga zo‘r bermaslikka va o‘zini boshqarib turishga harakat qiladi, birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘ymay, deydi. Bu holatlar ham nevroz shakllanishiga turtki bo‘ladi. Shuningdek, vitaminlar etishmovchiligi, kamqonlik, surunkali va og‘ir kasalliklar ham nevrasteniyaga olib kelishi mumkin.
Klinikasi. Nevrasteniya klinikasi turli-tuman bo‘lib, ularga aqliy va jismoniy faoliyatdan tez charchab qolish, jahldorlik, uyqu buzilishi, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, umumiy holsizlik, parishonxotirlik kiradi. Bunday odamlarda ish unumdorligi pasayadi, uzoq davom etuvchi psixoemotsional zo‘riqishlarga bardosh bera olmaydi. Ular shovqin-suronni, g‘ala-g‘ovurni, jiddiy aqliy mehnat talab qilinadigan ishlarni yoqtirishmaydi. Jismoniy mehnatga ham ishtiyoq yo‘qoladi, muskullarda og‘riqlar va tanada umumiy giperesteziyalar paydo bo‘ladi.
Tashxis qo‘yish algoritmi. KXT-10 bo‘yicha astenik nevroz (nevrasteniya) tashxisini qo‘yish uchun quyidagi belgilar bo‘lishi lozim:
- Odatiy aqliy faoliyat talab qilinadigan ishlardan ham tez charchab qolish, umumiy xolsizlikning paydo bo‘lishi.
- Jismoniy faoliyatga ishtiyoq so‘nishi va tez holdan toyish.
- Quyidagi simptomlardan kamida ikkitasi kuzatilishi kerak: jahldorlik, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, uyqu buzilishi, muskullarda og‘riqlar, bosh, tana va oyoq-qo‘llarda uvishishlar.
- Og‘ir depressiya, xavotirli-fobik va affekt holatlarida kuzatiladigan kuchli psixoemotsional buzilishlar bo‘lmasligi kerak. Aks holda nevrasteniya emas, boshqa tashxis izlanadi.
Dori-darmonlar tavsiya etishga individual yondashish kerak. Bu maqsadda psixostimulyatorlar, sedativ dorilar va jenshen preparatlaridan foydalaniladi. Ratsional terapiya, geshtalterapiya, kognitiv-bixeviorial terapiya va psixodinamik terapiya nevrozni davolashda keng qo‘llaniladi. Freyd nazariyasining yaratilishiga ham nevrozni davolashga urinish turtki bo‘lgan. Shuningdek, bemorlarga umumiy massaj, igna bilan davolash, ertalabki badantarbiya va sportning o‘ziga ma’qul turlari bilan shug‘ullanish ham tavsiya etiladi. Yilda bir marta sihatgohlarda dam olib turish ham o‘ta foydali.
Isterik (dissotsiativ) nevroz
«Isteriya» – yun. histeria – bachadon degani. Bu kasallik belgilari haqida qadimgi risolalarda ko‘p yozilgan va uni dastlab bachadon funktsiyasi bilan bog‘lashgan. Chunki isteriya, asosan, ayollarda kuzatilgan. Keyinchalik isterik buzilishlar erkaklarda ham aniqlangan bo‘lsa-da, uning avvalgi nomi saqlanib qolgan. Isterik nevroz, asosan, yoshlik davrida, ko‘proq ayollarda kuzatiladi. Ushbu kasallikning kelib chiqishida xulq-atvorning bolalikdan isterik tarzda shakllanishiga katta urg‘u beriladi.
Klinikasi. Ortiqcha ta’sirlanish, har narsaga haddan tashqari e’tibor berish, mustaqil fikrlay olmaslik, ortiqcha ishonuvchanlik, his-tuyg‘ularga berilish isteriya uchun juda xos. Ular ruhan va jismonan zaif kishilardir. Ko‘pchilik isterik bemorlar fe’l-atvori bolalar fe’l-atvoriga o‘xshab ketadi. Bunday bemorlar uchun atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etish xos. Isterik buzilishlar faqat nevrozda emas, balki psixopatiyada ham kuzatiladi. Isterik nevroz simptomlari aksariyat hollarda xilma-xil kasalliklar alomatlarini eslatadi. Shu bois ham isteriyani «katta mug‘ombir» deb atashadi. Isteriya aniqlangan bemorda barcha somatik kasalliklarga xos belgilarni kuzatish mumkin, biroq aslida ular mavjud emas.
KXT-10 da isterik nevroz F44 kodi ostida “Dissotsiativ (konvertsion) buzilishlar” nomi bilan keltirilgan. Uning bir nechta turlari mavjud (yuqoridagi jadvalga qarang). Isterik simptomlar negizida ichki nizoni tashqariga yo‘naltirish yotadi. Sonverto – lotinchadan boshqa tomonga yo‘naltirish degan ma’noni anglatadi. Isterik (konvertsion) buzilishlar doimo boshqalar oldida kuzatiladi va yolg‘iz qolganda hech qachon ro‘y bermaydi.
Endi isterik buzilishlar turlari bilan tanishib chiqamiz.
Puerilizm – katta yoshdagilarda uchraydigan bolalar xatti-harakatini eslatuvchi holat. Bolalarga xos bo‘lgan qiliqlar, boladek ingichka tovush chiqarib gapirish, ko‘zlarni katta-katta qilib ochish, kipriklarni pirpiratish, birov gapirganda, og‘zini ochib turish puerilizm uchun juda xos. Bemor shu qilig‘i bilan boshqalarning diqqatini o‘ziga jalb etadi.
Isterik buzilishlarning yana bir turi – bu isterik depressiya. Bunda bemor o‘ta tushkun kayfiyatda bo‘ladi va bu qilig‘i bilan atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etishga intiladi, ularni o‘ziga rahmdil bo‘lishini xohlaydi. U naqadar og‘ir ahvolda ekanligini, boshqalar unga achinishini istaydi.
Isterik algiyalar (ya’ni og‘riqlar) eng ko‘p tarqalgan buzilishlardan bo‘lib, deyarli barcha isterik sindromlarda turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Bemor tanasining turli joylari, ya’ni orqa, qorin, yurak va bosh sohalarida har doim og‘riq bo‘lib turishidan shikoyat qiladi. Og‘riq, shuningdek, bo‘g‘imlarda, qo‘l yoki oyoqda, tilda, xullas, tananing barcha joyida paydo bo‘ladi. Ayni paytda, bunday og‘riqdan shikoyat qiluvchi bemor turli xil doktorlarga murojaat qilib yurishadi. Ba’zan bemor o‘zida jarrohlik operatsiyasini o‘tkazishni talab qiladi.
Isteriyada yuqorida aytib o‘tganimizdek, turli xil sezgi buzilishlari ham kuzatiladi. Organik va funktsional sezgi buzilishlari orasidagi farqni faqat maxsus nevrologik tekshiruvlardan so‘ng aniqlash mumkin. Har bir nerv tanadagi muayyan sohaning sezgisi va harakati uchun javob beradi. Isterik anesteziyada bu qoida saqlanmaydi, ya’ni pay reflekslari patologik tarzda o‘zgarmaydi va sezgi buzilishini izohlab beradigan hech qanday organik kasallik topilmaydi.
Es-hushning kirdi-chiqdi bo‘lib qolishi. Birdan boshlanadigan va aksariyat hollarda tez tugallanadigan holat bo‘lib, bunda bemor atrofdagilarga befarq bo‘ladi, qaerda ekanligini fahmlay olmaydi, hozir soat nechaligi, o‘zi nima qilayotganini bilmaydi. Bu holat bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Bemor atrofda sodir bo‘layotgan voqealardan qisman voqif bo‘lsa-da, hozir bo‘lib o‘tgan voqealarni eslab qola olmaydi.
Isterik amneziya. Haqiqiy amneziyadan farqli o‘laroq, isterik amneziyada xotira bemorning o‘ziga taalluqli voqea va hodisalarga nisbatan yo‘qoladi, boshqa narsalarga esa saqlanib qoladi.
Isterik fuga (lot. fuga – qochish). Bunda bemor janjal yoki boshqa bir ruhiy jarohatdan so‘ng to‘satdan uy, ishxona yoki boshqa joydan qochib chiqib ketadi, uning xatti-harakatlari maqsadsiz bo‘ladi, vaziyatni tushunmaydi va atrofda nimalar sodir bo‘layotganini fahmlamaydi. Ammo, chetdan qaraganda, boshqa birovlarga uning yurish-turishi maqsadga muvofiqdek tuyuladi. Arzimagan urush-janjaldan so‘ng bunday shaxslar hatto boshqa shaharga ham ancha vaqtga ketib qolishadi. Keyinchalik bemor o‘zi bilan nimalar sodir bo‘lganini eslay olmaydi yoki qisman eslaydi. Ammo gipnoz holatida sodir bo‘lgan voqealarning barchasini eslatish mumkin.
Ganzer sindromi – aql bovar qilmaydigan tuturuqsiz harakatlar bilan namoyon bo‘ladigan belgilar majmuasi. Ruhiy jarohatdan so‘ng to‘satdan paydo bo‘ladi. Bemor eng oddiy savolga ham tuturuqsiz javob beradi. Masalan, “Ikki karra ikki necha bo‘ladi”, deb so‘ralsa, bemor oliy ma’lumotli bo‘lsa-da, “5” deb javob beradi yoki qo‘lda nechta barmoq bor desa, xohlagan sonni aytadi. Uning belgilari dementsiyani eslatadi. Biroq bu holat psevdodementsiya bo‘lib, bir-ikki kun ichida o‘tib ketadi.
Isterik stupor – ruhiy siqilishdan so‘ng turgan joyda qotib qolish sindromi. Bunday paytda bemor tamomila harakatsiz bo‘lib qoladi, indamaydi, bir nuqtaga tikilib turaveradi, yuz-ko‘zida aziyat chekkan ifoda paydo bo‘ladi. Bu holat bir necha soat ichida o‘tib ketadi, ba’zan bir-ikki kun saqlanib turadi. Davolash muolajalari o‘tkazilmasa, tuzalib ketishi qiyinlashadi.
Tutqanoq xurujlari keng tarqalgan isterik simptomlar sirasiga kiradi. Isterik tutqanoqlar turli-tuman bo‘lib, ularning epileptik xurujlardan farq qiladigan tomonlari ko‘p. Isterik tutqanoq hech qachon bemor yolg‘iz qolganda ro‘y bermaydi, chunki unga har doim tomoshabin kerak. Isterik xuruj tutganda, bemor birdan erga yiqiladi, mushaklari tortishadi va talpina boshlaydi, lekin boshi bilan qattiq narsalarga urilmaydi. Bemor isterik xuruj paytida o‘ziga qulay joy topib, biror joyiga qattiq shikast etkazmasdan yiqilishga harakat qiladi. Xuruj paytida uning gavdasi yoy tsingari egiladi. Bu holat isterik yoy deb ataladi. Bunday fe’l-atvor ko‘pgina injiq va erka bolalarga xos. Masalan, onasi yangi o‘yinchoq olib bermaganda, bola do‘konda uning oyog‘i tagiga yiqilib, qo‘l-oyoqlarini tapillataveradi, goho boshini erga urib qattiq chinqirab yig‘laydi. Agar qo‘rqib ketgan ona bolasi so‘ragan o‘yinchoqni olib bersa, u shu zahoti tinchlanadi. Bu odat keyinchalik voyaga etgan yoshda ham namoyon bo‘lishi mumkin.
Isterik xurujda mushaklar tortishishi (buni xalq orasida tomir tortishishi deb atashadi) har doim ham kuzatilavermaydi va xilma-xil bo‘ladi. Ularda soxtalik va atayinlik seziladi. Masalan, bemor go‘yo uni kimdir urmoqchi bo‘lgandek yuzini qo‘li bilan berkitadi, qichqirib yuboradi, xo‘rsinib yig‘laydi va hokazo. Isterik tutqanoqda bemorning es-hushi joyida va tevarak-atrofga idroki saqlangan bo‘ladi. Masalan, xuruj tutganini birov mazax yoki kalaka qilgudek bo‘lsa, bemor darhol xurujni to‘xtatib, o‘rnidan turib ketadi. Xuruj paytida bemor epilepsiyada bo‘lgani kabi tilini tishlab olmaydi va bexosdan siyib yubormaydi.
Xafaqon kasalligi xuruji yoki yurak xurujini eslatuvchi isterik tutqanoqlar ham ko‘p kuzatiladi. Yurakning tez-tez urishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va hushni yo‘qotish bilan kechadigan vegetativ xurujlar ana shular jumlasidan. Xuruj paytida bemor boshdan-oyoq titraydi va «hamma erim qaqshab og‘riyapti», deb noliydi. Me’da spazmi bilan kechuvchi xurujlarda qorinda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi, bemor to‘lg‘anib yotib oladi va qayt qiladi.
Isterik falajliklar – oyoq qo‘llarning ishlamay qolishi. Bunday falajliklar monoparez, paraparez yoki gemiparez shaklida namoyon bo‘lishi mumkin. Miya insultidan keyingi holatni eslatadigan ushbu falajliklar mutaxassis bo‘lmagan kishini chalg‘itishi mumkin. Isterik falajliklarda reflekslar va mushaklar tonusi o‘zgarmaydi, patologik reflekslar kuzatilmaydi. Tananing qoq o‘rta chizig‘i bo‘ylab falajlangan tomonda sezgi buziladi. Mushaklar atrofiyasi bo‘lmaydi, mushaklar kuchi pasaymaydi yoki yolg‘ondan pasayadi.
Isterik giperkinezlar – ruhiy siqilishdan paydo bo‘ladigan tartibsiz harakatlar. Isterik giperkinezlar gavda silkinishi, yuz, ko‘z, bosh va oyoqlar titrashi, ayrim mushaklar uchishi, qo‘llar bilan g‘ayritabiiy harakat qilish bilan kechadi. Haqiqiy giperkinezlardan farqli o‘laroq, ular bemorning hissiy holatiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu simptomlar bir yo‘qolib, bir paydo bo‘lishi va oilaviy arazlashlar sababli kuchayib ketishi mumkin.
Isterik astaziya-abaziya – tik tura olmaslik va yura olmaslik. Bosh miyaning peshona bo‘lagi zararlanishlarida kuzatiladigan astaziya-abaziyadan farqli o‘laroq, isteriyada kuzatiladigan bu sindromda bemor erga emas, balki uni ushlab turgan odam ustiga ag‘anaydi. Ularda ham mushaklar gipotoniyasi kuzatiladi, lekin boshqa organik nevrologik simptomlar aniqlanmaydi.
Klassik adabiyotlarda «sehrli shifolar» haqida turli ma’lumotlarni uchratish mumkin: bemor sehrli tumorgacha emaklab borib, unga qo‘l tekkizgan zahoti birdan shifo topgan, o‘rnidan turib yurib ketgan. Isteriyada «soxta o‘lim» haqida ham ma’lumotlar bor. Bunday bemorga tabib «sehrli» qo‘lini tegizsa yoki og‘ziga sehrli giyoh eritmasini tomizsa, u «tirilgan».
Aksariyat hollarda isterik nevroz simptomlari xilma-xil bo‘lib, uning kechishi ko‘p tarqalgan kasalliklarni eslatadi: insult, meningit, entsefalit, tarqoq skleroz, o‘sma kasalliklari va hokazo. Ba’zi hollarda isterik bemordagi kasallik belgilari uning boshqa kishilarda kuzatgan yoki tibbiy adabiyotlarda o‘qib olgan kasalliklariga o‘xshab ketadi.
Isteriya haqida nafaqat nevropatolog va tibbiy psixologlar, balki tibbiyotning turli sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi vrachlar, hatto hamshiralar ham voqif bo‘lishlari kerak. Umumiy amaliyot vrachlari isterik buzilishlarni chin kasalliklardan ajrata olishlari maqsadga muvofiqdir. Aytib o‘tilganidek, isterik nevrozning barcha alomatlari soxtadir. Bemor atrofdagilarga: “Menga e’tibor bermaganingizdan ana shu ahvolga tushib qoldim. Meni hech kim davolay olmayapti. Dardim juda og‘ir, vrachlar aybi bilan bedavo dardga chalindim», deb zorlanadi.
Davosi. Agar bemorning iltimosi bajarilsa yoki uning niyati amalga oshsa, u albatta tuzalib ketadi. Biroq bu uslub keyinchalik unda isterik xarakter yanada kuchliroq namoyon bo‘lishiga va xudbinlik shakllanishiga olib kelishi mumkin. Chunki isterik buzilishlar negizida o‘z maqsadiga erishish yotadi. Isterik belgilarni bartaraf etishni o‘ta qisqa muddat ichida olib borish kerak. Davolash muolajalari qancha cho‘zilsa, ijobiy natijaga erishish shuncha qiyinlashadi. Bemor to‘la tuzalgandan so‘ng ham oilaviy va boshqa mojarolarga duch kelganida kasallik belgilari yana paydo bo‘laveradi. Isterik bemor vrach va tabibga eng ko‘p qatnaydiganlar sirasiga kiradi. Tuzalib ketgandan so‘ng ham biroz vaqt o‘tgach, unda «Vrach yo‘qligi sindromi» qo‘zg‘ab, yana o‘zi davolagan vrach qabuliga tashrif buyuradi. Bu sindrom haqida “Asab va ruhiyat” kitobida batafsil ma’lumot berilgan. Bunday hollarda bemorga qo‘llanilgan avvalgi davolash usulini o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.
Miyaga o‘rnashgan fikrlar nevrozi
Bu kasallikning boshqacha nomi “Obsessiv-kompulsiv buzilishlar” bo‘lib, KXT-10 da F42 kod ostida keltirilgan. Psixiatriyaga oid darsliklarda bu holat “Psixasteniya” tashxisi bilan ham berilgan.
Obsessiya – insonga azob beruvchi doimiy shubha, qo‘rquv, vahima kabi miyaga o‘rnashib olgan yoqimsiz fikrlar bo‘lib, bemorni g‘ayritabiiy harakatlar qilishga undaydigan holat. Obsessiya surunkali kechuvchi va stereotip tarzda takrorlanib turuvchi xususiyatga ega.
Bemor yoqimsiz fikr-xayollarning barchasidan qutulishga intiladi, davo choralarini izlaydi, lekin bu urinishlar ko‘pincha zoe ketadi. Bu holatlarga bemor tanqidiy nuqtai nazar bilan qaraydi, ularning asossiz va g‘alati ekanligini tushunadi, ularga bardosh berishga intiladi. Biroq bu “shilqim” g‘oyalar uning irodasi va xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda paydo bo‘laveradi. Bemor ularni mustaqil ravishda enga olmaydi. Natijada kompulsiv harakatlar shakllanadi. Shuning uchun ham bu kasallikda deyarli har doim avval obsessiya, so‘ngra kompulsiya rivojlanadi.
Kompulsiya – obsessiyadan qutulish uchun ketma-ket bajariladigan stereotip harakatlar. Masalan, bemor qo‘lini yoki o‘zi ovqatlanadigan idish-tovoqlarni hadeb yuvaveradi, ustini qoqaveradi, vannaga kirsa tinmay cho‘miladi va shu kabi harakatlar. Shu kabi harakatlar takror va takror bo‘lavergani bois, tashqi tomondan xuddi ritual harakatlarga o‘xshaydi.
Bu ishlar bemorning o‘ziga yoqmaydi, joniga tegib ketadi, biroq uni bunday ishlarni bajarishga majburlaydigan miyaga o‘rnashib olgan g‘oya – bu obsessiyadir. Bunday bemorlar doimo shubha bilan yashaydi. Masalan, uyidan chiqib ketgan zahoti, uning miyasiga eshikni qulfladimmi, olovni o‘chirdimmi, suvni berkitdimmi kabi xayollar kelaveradi. U uyiga qaytib kiradi, hammayoqni ko‘zdan kechiradi, hammasi joyida ekanligiga ishonch hosil qilgach, tinchgina ko‘chaga chiqib ketadi. Uydan biroz uzoqlashgandan so‘ng haligi fikrlar yana yog‘ilib keladi va u yana uyiga qaytadi. Hammasi joyida ekanligini ko‘rib, bemor siqilib ketganidan yig‘lab yuboradi va ko‘chaga chiqmay qo‘yadi. O‘zida kechayotgan bu alomatlarga u albatta, tanqidiy ko‘z bilan qaraydi va ulardan qutulishni xohlaydi, lekin buning ilojini topa olmaydi.
Ba’zan bemorni mantiq jihatdan bir-biriga zid bo‘lgan xayollar chulg‘ab oladi. Masalan, yaqinlashib kelayotgan mashina tagiga o‘zini tashlash istagi paydo bo‘ladi-yu, mashina yaqinlashganda birdan qo‘rqib ketib, orqaga tisariladi. Gohida bemorning miyasiga o‘ziga yoki boshqa birovga pichoq sanchishdek fikrlar keladi va shu ishni qilib qo‘ymay deb, pichoqqa yaqin bormaydi yoki uni berkitib qo‘yadi.
Davosi. Davolashda psixoterapiya, fizioterapiya, refleksoterapiya, tinchlantiruvchi dori vositalari va giyohlardan keng foydalaniladi. Ba’zi hollarda yaxshi natijaga erishish bir necha oy va hatto, bir qancha yillargacha cho‘zilib ketadi. Ayniqsa, ipoxondriya bilan namoyon bo‘luvchi nevroz va psixasteniyani bartaraf etish ancha mushkul. Remissiya bilan kuzatiladigan holatlar ham ko‘p ko‘zga tashlanadi, ya’ni bemor bir necha oy yaxshi bo‘lib yuradi va so‘ng miyadan ketmaydigan fikrlar yana paydo bo‘ladi. Nevrasteniya va isterik nevrozdan farqli o‘laroq, miyadan ketmaydigan fikrlar surunkali kechishga moyil. Nevroz tashxisi qo‘yilgan bemorlar o‘z vaqtida davolansa, samarali natija bilan tuzalib ketishadi. Aksariyat bemorlar tuzalib ketganidan so‘ng ham xursand bo‘lish o‘rniga, yana o‘sha kasallik belgilari qachon paydo bo‘lishini kutib yashashadi.
Nevrotik buzilishlarda xavotir, fobiya, obsessiya, kompulsiya, asteniya va depressiya holatlarining alohida sindrom sifatida yaqqol namoyon bo‘lishini ko‘p kuzatamiz. Masalan, depressiyaning nevrotik buzilishlar ichida “bo‘rtib” turishi klinik tasniflarda “Nevrotik depressiya” nomli tashxisni alohida ajratish zarurligini ko‘rsatdi. Albatta, endogen depressiyaga qaraganda, nevrotik depressiya engil kechadi. Fobiya ham bir nechta turlarga bo‘linadi, KXT-10 da ular hatto alohida ruknlarda ko‘rsatilgan (agarofobiya – F40.0; sotsial fobiya – F40.1; spetsifik fobiya – F40.2). Xuddi shuningdek, xavotir, obsessiya va kompulsiv buzilishlar ham bir nechta ruknlarga ajratilgan. Bu sindromlar negizida psixogen omillar yotsada (genetik omillarga ham katta urg‘u beriladi), ularning har biri nevrotik buzilishlar klinikasida yaqqol sindrom sifatida bo‘rtib turadi va bunday holatlarda tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish uslublari ham o‘zgacha.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha