Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi NEVROZ KASALLIKMI YoKI YoMON XARAKTER?

NEVROZ KASALLIKMI YoKI YoMON XARAKTER?


Nevroz kasallik bo‘lib, uning belgilari xulq-atvor buzilishlari bilan namoyon bo‘lganligi bois uni yomon xarakterning bir turi deyishadi. “Nevroz” atamasi 1776 yili shotlandiyalik vrach Kellen tomonidan taklif qilingan. Bu kasallikni tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino ham mukammal o‘rgangan. O‘sha davrda nevrozga quyidagicha ta’rif berilgan: bu kasallikda tana harorati ko‘tarilmaydi, biron-bir a’zo zararlanmaydi, tanada lat egan joylar bo‘lmaydi, biroq bemorning asabi buzilgan bo‘ladi. 
       Nevroz – asab charchashimi?
       Nevroz – asab tizimining funktsional kasalligi bo‘lib, insonga ruhiy jarohat etkazuvchi tashqi va ichki omillar natijasida rivojlanadi. Demak, nevroz asab kasalligidir. Nevroz belgilari uzoq yoki qisqa vaqt davom etishidan qat’i nazar, butunlay tuzaladigan kasallik. Lekin davolash jarayoni bir oy, ba’zida undan ham ko‘p davom etadi. Nevrozning 3 turi farqlanadi: nevrasteniya (tom ma’noda nevroz), isteriya va miyadan ketmaydigan fikrlar.
       Nevroz (nevrasteniya) qanday kasallik?
           Nevroz asabning ortiqcha zo‘riqishidan kelib chiqadi. Asabi tor odamlar nevrozga tez chalinishadi. Aqliy va jismoniy mehnatning nomutanosibligi, doimiy hissiy zo‘riqishlar, yaqin kishisidan judo bo‘lish, oila va ishxonadagi kelishmovchiliklar, qo‘rquv va xavotirda yurish nevrozga sababchi bo‘ladi. Nevrozning oila a’zolarida uchrashi uning rivojlanishida nasliy omillarning ahamiyatini ham ko‘rsatib beradi. Yosh bolalarda nevrozning rivojlanishiga uni o‘rab turgan muhit, ayniqsa, ota-ona orasidagi janjallar sababchi bo‘ladi. Bolalik davrida olgan tan jarohatlari ham bundan mustasno emas.
        Nevroz nafaqat jahldor odamlar, balki o‘ta andishali odamlarda ham rivojlanishi mumkin. Ayniqsa, andishali odam janjalli voqealar ro‘y berganda hissiyotga izn bermaslikka, o‘zini boshqarib turishga harakat qiladi, birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘ymay deydi. Bu holatlar, aksariyat hollarda, asab tizimining charchashiga sababchi bo‘ladi. Shuningdek, vitaminlar yetishmovchiligi, kamqonlik, surunkali va og‘ir kasalliklar ham nevrozga olib keladi.
        Nevroz belgilari qanday namoyon bo‘ladi?
        Nevroz belgilari turli-tuman bo‘lib, ular ichida tez-tez asabiylashish, jahldorlik, uyqu buzilishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, umumiy holsizlik, yurakning tez-tez urishi, parishonxotirlik, aqliy va jismoniy mehnat faoliyatining pasayishi kabi simptomlar ko‘p kuzatiladi. 
       Bemorni qanday davolashadi?
       Davolash tibbiy psixolog, neyropsixolog va nevropatologlar tomonidan olib boriladi. Asab buzilishi bilan bog‘liq bu kasallik tibbiy-psixologik muolajalardan so‘ng samarali davolanadi. Davolash muddati va natijasi ko‘proq uning to‘g‘ri olib borilishiga bog‘liq. 
        Dastavval nevrozga olib keluvchi sabablar aniqlanadi va ular iloji boricha bartaraf etiladi. Asosiy sabablar bartaraf qilinganda, aksariyat bemorlarda davolashni davom ettirishga hojat ham qolmaydi. Ular tuzalib ketishadi. Lekin ba’zi hollarda nevrozning sababini aniqlash va ularni yo‘qotish ancha mushkul.
       Bemorning oilaviy ahvoli va ishlash sharoiti bilan tanishib, unga dam olib ishlash, ish soatlarini qisqartirish, ovqatlanish tartibiga rioya qilish, teatr va kinoga borib turish tavsiya qilinadi. 
       Nevrozni davolash uchun juda ko‘p dori-darmonlar mavjud. Biroq ularni ko‘p qo‘llash kerak emas. Vrach tomonidan eng zarur dori tanlab olinadi va bemorga tavsiya etiladi. Bemorlarni davolashda ishlatiladigan aksariyat dorilar kuchli sedativ ta’sirga ega bo‘lganligi uchun ularni ishlab yurgan bemorlarga tavsiya qilib bo‘lmaydi. Kam miqdorda tavsiya qilinsa, natijasi past bo‘ladi. 
        Bunday paytlarda nojo‘ya ta’siri kam bo‘lgan dorilardan foydalaniladi. Xuddi psixosomatik sindromlarni davolashda ishlatiladigan psixoanaliz usuli nevroz belgilarini bartaraf etishda keng qo‘llaniladi. Shuningdek, umumiy massaj, igna bilan davolash, ertalabki badantarbiya va sportning o‘ziga maqbul turlari bilan shug‘ullanish tavsiya qilinadi. Yilda bir marta sihatgohlarda dam olib turish ham o‘ta foydalidir.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                 © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив