NEYROKOVID
Qisqacha tarixi. 2019-yili dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida oftalmolog Li Wenlian birinchi bo‘lib tez tarqaluvchi og‘ir respirator kasallik haqida ma’lumot beradi [13]. Keyinchalik xitoylik olimlar virus yuqib og‘ir zotiljam rivojlangan bemorlardan avval fanga noma’lum bo‘lgan yangi virusni chiqarib olishadi [23]. Bu virusga SARS-CoV-2 (og‘ir o‘tkir respirator sindromni chaqiruvchi tojli virus-2) deb nom berishadi. 2020-yili 11 fevralda JSST ushbu virusli infektsiyani COVID-19 deb nomlaydi [8]. COVID-19 (ingl. CoronaVIrus Disease 2019) o‘zbekchaga 2019-yili yuzaga kelgan tojli virus degani.
COVID-19 barcha davlatlarga yashin tezlikda tarqalib 2020-yili mart oyida O‘zbekistonga ham etib keladi. Butun dunyoda kovid pandemiyasi e’lon qilinadi, chegaralar yopiladi, transport qatnovlari to‘xtatiladi, odamlarning ko‘chaga chiqishi qat’iyan taqiqlab qo‘yiladi. Chunki pandemiya talablari shunday edi. Og‘ir kechuvchi o‘tkir respirator buzilishlar oqibatida odamlar uyda, tez tibbiy yordam mashinasida va shifoxonalarda halok bo‘lib boshlaydi. Deyarli barcha davlatlarning sog‘liqni saqlash tizimi kovid pandemiyasi oldida o‘ta ojiz bo‘lib qoladi. Shifoxonalarda joylar etishmaganligi bois, zudlik bilan yirik sport majmualari, harbiy kazarmalar va hattoki futbol maydonlarida bemorlar uchun yirik gospitallar tashkil qilinadi. Qisqa muddatli tayyorlovlardan so‘ng turli soha vrachlari kovid bilan kasallanganlarni davolashga jalb qilinadi. Biroq bu borada hech kimda tajriba yo‘q edi.
Bir necha oy ichida dunyo bo‘ylab halok bo‘lganlar soni milliondan oshib ketadi va virusning turli shtammlari paydo bo‘lib uning asoratlari ham avj oladi. Oxir-oqibat kovid nafaqat chuqur tibbiy, balki global miqyosdagi muammoga aylanadi. Davlat rahbarlari va xalqaro tashkilotlar boshqa barcha muammolarni chetga surib, o‘z diqqat e’tiborini kovid masalasiga qaratishadi. Kovid bilan kasallanish va o‘lim statistikasining jahon OAV tinimsiz yoritilishi barcha aholi qatlamlari orasida total qo‘rquv, xavotir, vahima va depressiya avj olishiga sababchi bo‘ladi. Aholining boshqa bir qatlamlarida esa, aksincha, apato-abulik sindrom alomatlari paydo bo‘ladi va ular pandemiya talablarini bajarmay qo‘yadi.
SARS-CoV-2 tez yuquvchanligi, og‘ir kechishi, o‘lim holatlari yuqoriligi va aniq davolash dasturi yo‘qligi bois barcha davlatlar aholisini sarosimaga solib qo‘ydi. COVID-19 dastlab katta yoshdagilarda aniqlangan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay erta yoshdagi bolalar ham kasallanib boshlashdi. SARS-CoV-2 nafaqat nafas olish tizimi, balki organizmning barcha a’zolarini zararlashi bilan ajralib turdi. Qisqa muddat ichida pandemiya darajasiga etib organizmning barcha a’zo va to‘qimalarini zararlaydigan bunday virus va kasallik insoniyat tarixida bo‘lmagan edi [8, 14].
COVID-19 eksperimental tibbiyotdan tortib klinik tibbiyotning barcha soha mutaxassislari diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb qildi. Obrazli qilib aytganda, tibbiyot ilm-fani butkul kovidni o‘rganishga yo‘naltirildi. Fanga kovid bilan bog‘liq yangi atamalar kirib keldi. Shulardan biri – neyrokovid. Kovid sababli nerv sistemasi zararlanishi umumlashtirib “neyrokovid” deb nomlandi.
Tasnifi. Turli soha mutaxassislari COVID-19 bilan bog‘liq kasalliklar tasnifini taklif qilishmoqda. Bunday tasniflarning aksariyati hali rasman tasdiqlanmagan va klinik sinovlar arafasida turibdi. “Asab va ruhiyat” ilmiy-tibbiy markazida 2020-2021-yillari kovid va uning asoratlari bilan murojaat qilgan bemorlarda nerv sistemasi zararlanishlarini kuzatishlar asnosida prof. Ibodullaev Z.R. quyidagi tasnifni ilgari surayapti [1].
COVID-19 da nerv sistemasi zararlanishi tasnifi (Ibodullaev Z.R, 2021)*
I. Neyrokovid kechishi bo‘yicha: |
|
II. Neyrokovid topografiyasi bo‘yicha: |
A. Periferik nerv sistemasi zararlanishi:
|
B. Markaziy nerv sistemasi zararlanishi:
|
V. Qon tomirlar zararlanishi
|
III. Neyrokovidning nozologik turlari bo‘yicha: |
|
IV. Kognitiv va psixoemotsional buzilishlar
|
* – klinik kuzatuvlar davom etayapti va ushbu tasnifga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Etiologiyasi va patogenezi. SARS-CoV-2 virusi havo-tomchi va kontakt yo‘l orqali inson organizmiga tushadi. Shuningdek, havoda, ayniqsa yopiq joylarda hali muallaq saqlanib turgan viruslar ham organizmga tushib kasallik chaqiradi. Tojli virusning bunday yuqishini havo-zarrachalari orqali yuqish deyiladi. Demak, tojli virus 3 xil yo‘l orqali yuqadi.
Tojli virus og‘iz-burun bo‘shlig‘i va ko‘zlar shilliq qavatlarining epitelial xujayralariga joylashib oladi. Virus xujayra membranasi va uning retseptor apparatini izdan chiqaradi, tsitoplazma elementlarini zararlaydi, RNK strukturasini buzadi [6].
Yuqori nafas yo‘llari orqali organizmga tushgan SARS-CoV-2 virusi hidlov nervi retseptorlariga yopishib oladi va ularning faoliyatini izdan chiqaradi. Demak, kovidda anosmiya nafaqat yuqori nafas yo‘llari zararlanishi sababli, balki hidlov nervi nevropatiyasi tufayli ham rivojlanadi [10]. Shu bois ham anosmiya O‘RVI belgilari o‘tgach ham, bir necha oy saqlanib turadi [5].
Ma’lumki, ta’m bilish VII, IX, X nervlar orqali ta’minlanadi. Ularning terminal shoxchalaridagi ta’m sezish retseptorlari zararlanishi esa uzoq davom etuvchi agevziyaga olib keladi [20].
SARS-CoV-2 virusi ko‘zlar shilliq pardalarining epitelial xujayralariga tushgach, ko‘z tuzilmalari bo‘ylab tarqaladi va kon’yuktivit, keratit, uveit, xoreoidit rivojlanadi [4, 18]. Patologik jarayon bu bilan to‘xtab qolmaydi. Virus replikatsiyasi jadal davom etadi, retinal parda va ganglioz xujayralar aksonlari zararlanib optik nevropatiyaga olib keladi [17, 18].
Tojli virus bosh miyaga kranial, ya’ni I, II, V, VII, IX, X nervlar hamda vaskulyar yo‘llar orqali GEB ni engib o‘tib tushadi. Shuningdek, bulbus olfactorius da to‘plangan virus bosh miyaga g‘alvirsimon suyak orqali tushadi degan taxminlar ham bor. Shuningdek, “tsitokin bo‘ron” sababli organizmda ro‘y berayotgan umumiy yallig‘lanish jarayonlari, sepsis, autoimmun-allergik reaktsiyalar va kuchli intoksikatsiya ham nerv sistemasini bevosita va bilvosita zararlaydi [9, 10, 21].
Patomorfologiyasi. SARS-CoV-2 virusi MNS va uning qon tomirlarida turli darajada ifodalangan morfofuntsional o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi [9, 10, 21.]. Tsitotoksik va perivaskulyar shishlar, neyronlar nekrobiozi, nekrotik yarachalar, vaskulit va vaskulopatiyalar, venoz staz, arteriyalar va venoz sinuslar trombozi og‘ir nevrologik buzilishlar sababchisidir [15].
Bosh miya va orqa miyada kechayotgan ekssudativ-proliferativ reaktsiyalar darajasi albatta kasallikning o‘tkir, nimo‘tkir va surunkali davrlarida turlicha namoyon bo‘ladi. “Tsitokin bo‘ron” kuchli namoyon bo‘lgan paytlarda nafas olish tizimining izdan chiqishi, umumiy gipoksiya, tarqalgan koagulopatiya, politromboz va perdiapedik gemorragiyalar sababli miya to‘qimalari atrofiyasi, nekroz, demielinizatsiya, perivaskulyar yallig‘lanish infiltratlari, lakunar infarkt, gemorragik vaskulit rivojlanadi [2, 11, 12, 15, 16].
Neyrokovidning klinik turlari
Postkovid anosmiya va agevziya. Kovidning yaqqol klinik simptomlari boshlanishidan ancha oldin anosmiya paydo bo‘lishi, dastlab barcha O‘RVI larga xos belgi deb qaraldi. Biroq boshqa etiologiyali O‘RVI larda hid sezish funktsiyasi 7-10 kunlarda qayta tiklansa, COVID-19 sababli rivojlangan anosmiya bir necha oylab saqlanadi. Demak turg‘un anosmiyaning asosiy sababi – SARS-CoV-2 virusining bulbus olfactorius da uzoq muddat saqlanishi yoki uning bevosita zararlanishi bilan bog‘liq deb hisoblash mumkin [5, 7, 19].
Kovidning asimptom kechishi bizga ayon. Kovid infektsiyasi PZR va IFA da tasdiqlansa-da, umumiy klinik simptomlarsiz kechishini bilamiz [1, 15, 21]. Ammo “simptomsiz” kechgan kovidda deyarli har doim anosmiya kuzatiladi. Demak, hidlov buzilishlari bilan namoyon bo‘layotgan simptom bor va bunday bemorlarda infektsiya organizmning boshqa strukturalariga tarqalmagan. Aynan mana shunday “simptomsiz” kechgan kovidda vaktsinatsiya o‘tkazilishi oqibatida Giyen-Barre va ishemik insult rivojlangan holatlarni kuzatganmiz [1]. Demak, vaktsina olish uchun murojaat qilganlarda hid bilish va ta’m sezish yo‘qolgan bo‘lsa, PZR va IFA testlari o‘tkazilib kovid yuqqanligi aniqlanishi zarur, deb hisoblaymiz. Aks holda organizmda autoimmun-allergik reaktsiyalar faollashib nerv sistemasining postvaktsinatsion zararlanishlari rivojlanishi mumkin.
Agevziya kovidda ko‘p uchraydigan simptomlardan biri. Agevziya yuzaga kelishi albatta ta’m sezish uchun mas’ul bo‘lgan parasimpatik tolalarning retseptor qismi, gangliyalar va miya ustunida joylashgan yadrolar zararlanishi bilan bog‘liq [19]. Postkovid agevziya ham xuddi anosmiya kabi bir necha oylar saqlanib turadi [20].
Trigeminal nevralgiya. Kovidda trigeminal nevralgiya kuchli darajada namoyon bo‘ladi. Ko‘p hollarda V nervning birinchi shoxchasi zararlanishi ko‘p kuzatiladi. Buning oqibatida ko‘z-peshona sohasida xurujsimon kechuvchi va sanchuvchi o‘ta kuchli og‘riqlar paydo bo‘ladi [1, 22]. Ayniqsa, trigeminal og‘riqlar, paraorbital shishlar, kon’yuktivit va keratitning birgalikda namoyon bo‘lishi og‘ir holatni yuzaga keltiradi.
SARS-CoV-2 virusi Gasser tugunida to‘planib uni zararlashi esa yanada og‘ir nevrologik simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Bunda og‘riqlar yuz sohasining yarmini egallab oladi, og‘riqli tiklar paydo bo‘ladi, yuz terisida vegetativ-trofik o‘zgarishlar yuzaga keladi, nevralgiyaga simpatalgiya ham qo‘shiladi. Ushbu og‘ir holat uzoq davom etadi.
Yuz nervi nevropatiyasi. Kovidda Bell falaji yagona simptom sifatida kam uchraydi. Biroq tizzasimon tugun (gangl. geniculi) zararlanishi hisobiga yonma-yon o‘tuvchi mimik muskullarni innervatsiya qiluvchi tolalar ham zararlanadi [22]. Xant sindromi nomi bilan yuritiladigan ushbu kasallikda sanchuvchi va kuydiruvchi og‘riqlar quloq suprasining oldingi qismi, tashqi eshituv yo‘li, qattiq tanglay, yuqori jag‘ sohasida kuzatiladi. Juda og‘ir kechadi.
Giyen-Barre sindromi. SARS-CoV-2 virusi periferik nervlarda autoimmun-allergik reaktsiyalarni boshlab beradi va natijada Giyen-Barre sindromi rivojlanadi [2, 3]. Aksariyat hollarda oyoqlarda boshlangan periferik falajlik, bir necha soatlar ichida qo‘llarga o‘tadi va periferik tetraparez rivojlanadi, diafragmal nervlar zararlanishi hisobiga o‘lim holatlari ro‘y beradi [1].
Xulosa
Adabiyotlar sharhi shuni ko‘rsatadiki, COVID-19 infektsiyasi markaziy va periferik nerv sistemasining turli sohalarini zararlashi mumkin. Buning negizida SARS-CoV-2 virusining nerv to‘qimalarini bevosita zararlashi, diffuz koagulopatiya va politromboz, umumiy intoksikatsiya, gipoksik ishemiya, autoimmun-allergik jarayonlar, demielinizatsiya yotadi. Kovid infektsiyasi anosmiya, agevziya, trigeminal nevralgiya, insomniya kabi monosimptomlar bilan namoyon bo‘lishi bilan bir qatorda, og‘ir Giyen-Barre sindromi, gemorragik entsefalomielit, kavernoz sinus trombozlari, shemik va gemorragik insult kabi og‘ir nevrologik kasalliklar bilan ham namoyon bo‘ladi.
Adabiyotlar ro‘yxati
- Asab kasalliklari. Darslik. 2-nashr., Z. Ibodullayev. – T: Zamin Nashr., 2021. – 959 b.
- Alberti P, Beretta S, Piatti M, et al. Guillain-Barré Syndrome Related to COVID-19 Infection. Neurol Neuroimmunol Neuroinflamm. 2020; 7 (4).
- Camdessanche J.P, Morel J, Pozzetto B, et al., COVID-19 may induce Guillain-Barré syndrome. Rev Neurol (Paris). 2020. 176 (6): 516–518.,
- Cheema M, Aghazadeh H, Nazarali S, et al. Keratoconjunctivitis as the initial medical presentation of the novel coronavirus disease 2019 (COVID-19). Can J Ophthalmol. 2020; (20).
- Gane SB, Kelly C, Hopkins C. Isolated sudden onset anosmia in COVID-19 infection. A novel syndrome? Rhinology. 2020;58(3):299–301.
- Hoffmann M., Kleine-Weber H., Schroeder S. et al. SARS-CoV-2 Cell Entry Depends on ACE2 and TMPRSS2 and Is Blocked by a Clinically Proven Protease Inhibitor. // Cell. 2020. Vol. 16. N. 181 P. 271-280.
- Hopkins C, Surda P, Kumar N. Presentation of new onset anosmia during the COVID-19 pandemic. Rhinology. 2020;58(3):295–298.
- Lai C.C., Shin T.P., Ko W.C. et al., Severe acute respiratory syndrome coronavirus 2 (SARS-CoV-2) and coronavirus disease-2019 (COVID-10): the epidemic and the challenges // Int. J. Antimicrob. Agents 2020. Vol. 55, N 3. P. 105-113.
- Li X, Geng M, Peng Y et al, Molecular immu ne pathogenesis and diagnosis of COVID-19 // J. Pharmaceut. Analysis. 2020. Vol. 10. P. 102-108.
- Montalvan V., Lee J., Bueso T. et al., Neurological manifestations of COVID-19 and other coronavirus infections: A systematic review // Clin Neurol Neurosurg. 2020 Vol. 194. P. 105921.
- Novi G, Rossi T, Pedemonte E, et al., Acute disseminated encephalomyelitis after SARS-CoV-2 infection. Neurol Neuroimmunol Neuroinflamm. 2020; 7(5).
- Parsons T, Banks S, Bae C, et al., COVID-19-associated Acute Disseminated Encephalomyelitis (ADEM). J Neurol. 2020., 1–4.,
- Petersen E., Hui D., Hamer D.H. et al. Li Wenliang, a face to the frontline healthcare worker. The first doctor to notify the emergence of the SARS-CoV-2 (COVID-19), outbreak // Int. J. Infect. Dis. 2020. Vol. 93. P. 205-207.
- Petrosillo N., Viceconte G., Ergonul O. et al., COVID-19, SARS and MERS: are they closely related? // Clin. Microbiol. Infect. 2020. Vol. 26. P. 729-734.
- Reichard R.R, Kashani K.B, Boire N.A, et al., europathology of COVID-19: a spectrum of vascular and acute disseminated encephalomyelitis (ADEM)-like pathology. Acta Neuropathol. 2020;140 (1):1–6.,
- Riva N, Russo T, Falzone YM, et al., Post-infectious Guillain-Barré syndrome related to SARS-CoV-2 infection: a case report. J Neurol. 2020.1–3.
- Salducci M, La Torre G. COVID-19 emergency in the cruise’s ship: a case report of conjunctivitis. Clin Ter. 2020;171(3).
- Scalinci SZ, Trovato Battagliola E. Conjunctivitis can be the only presenting sign and symptom of COVID-19. IDCases. 2020.
- Vaira LA, Deiana G, Fois AG, et al. Objective evaluation of anosmia and ageusia in COVID-19 patients: Single-center experience on 72 cases. Head Neck. 2020; 42(6):1252–1258.
- Vaira LA, Salzano G, Deiana G, De Riu G. Anosmia and ageusia: common findings in COVID-19 patients. Laryngoscope. 2020;130 (7):1787.
- Wang L., Shen Y., Li M. et al. Clinical manifestations and evidence of neurological involvement in 2019 novel coronavirus SARS-CoV-2: a systematic review and meta-analysis // J. Neurol. 2020. Vol. 267. N 10. P. 2777-2789.
- Wee LE, Chan YF, Teo NW, et al. The role of self-reported olfactory and gustatory dysfunction as a screening criterion for suspected COVID-19. Eur Arch Otorhinolaryngol. 2020;1–2
- Wu F., Zhao S., Yu B. et al. A new coronavirus associated with human respiratory disease in China // Nature 2020. Vol. 579. P. 265-269.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha