NEYROZAHM
Zahmda nerv sistemasining zararlanishlariga umumlashtirib neyrozahm deb aytiladi. Nerv sistemasining qaysi qismi zararlanishiga qarab neyrozahm turlicha namoyon bo‘ladi. Neyrozahm, odatda, bemorga zahm yuqqanidan 5-10 (ba’zida 20-30) yil o‘tib rivojlanadi. Neyrozahmda nerv sistemasining deyarli barcha tuzilmalari zararlanadi. Neyrozahm antibiotiklar sintez qilingunga qadar, ya’ni XX asr o‘rtalarigacha juda ko‘p kuzatilgan. O‘sha davrda zahmni davolashda penisillin (1943 yili sintez qilingan) keng qo‘llana boshlangan. Buning natijasida neyrozahm uchrashi keskin kamaygan. Hozirda bu kasallik juda kam uchraydi.
Neyrozahmning klinik turlari:
- Asimptom neyrozahm.
- Zahm meningiti va meningoentsefaliti.
- Meningovaskulyar sindrom (entsefalopatiya, insult).
- Meningomielit, meningoradikulit.
- Orqa miya so‘xtasi.
- Bosh miya va orqa miyaning zahm gummalari.
- Kranial nevropatiyalar (ko‘ruv nervi atrofiyasi va b.q).
Zahm meningiti va meningoentsefaliti. Zahm meningiti nimo‘tkir va surunkali tarzda boshlanadi. Ko‘pincha, miya pardalarining bazal qismi yallig‘lanadi. Shu bois zahm meningitida kranial nervlar patologiyasi ko‘p uchraydi. Ayniqsa, ko‘ruv, ko‘zni harakatlantiruvchi va eshituv nervlari ko‘p zararlanadi. Miya pardalaridagi spetsifik yallig‘lanish jarayonlari miya to‘qimasiga o‘tsa, meningoentsefalit rivojlanadi. Zahm meningoentsefaliti juda og‘ir kechadi va gipertenzion-gidrotsefal sindrom, sekin rivojlanuvchi tserebral falajliklar, ekstrapiramidal, koordinator va kognitiv buzilishlar rivojlanadi.
Meningovaskulyar sindrom. Zahmda tserebral arteriyalarning zararlanishi spetsifik vaskulitlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Aterosklerozda, asosan, intimal qavat zararlansa, vaskulitlarda arteriyalarning barcha devorlari qalinlashadi, ularning teshiklari torayib, ba’zi joylarda butunlay bekilib qoladi. Diffuz tarzda uchrovchi spetsifik vaskulit tserebral va spinal qon aylanishning o‘tkir va surunkali etishmovchiligi bilan kechadi.
Meningovaskulyar sindrom 2 xil klinik ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.
- Meningit+tserebrovaskulyar buzilishlar (shu jumladan, tserebral insult);
- Meningomielit+spinal qon aylanishning buzilishi (shu jumladan, spinal insult).
Meningovaskulyar sindromda ishemik tipdagi tserebral insultlar ko‘p kuzatiladi va deyarli har doim meningeal simptomlar aniqlanadi. Ularning rivojlanishi miya shishi bilan emas, balki parallel ravishda kechayotgan meningit bilan bog‘liq. O‘choqli nevrologik simptomlar, ya’ni gemiparez, afaziya, sezgi buzilishlari va parkinsonizm ham rivojlanadi. Bu simptomlar o‘ta turg‘un bo‘lib, ijobiy dinamika juda kam kuzatiladi.
Tserebral insultlar bilan namoyon bo‘luvchi meningovaskulyar sindrom uchun xulq-atvor o‘zgarishlari va kuchli kognitiv nuqsonlar ham xos. Parallel tarzda rivojlanadigan ko‘ruv nervi atrofiyasi va koxleovestibulyar buzilishlar insult klinikasini o‘zgartirib yuboradi. Bunday bemorlarda nevrostatusni o‘ta sinchkovlik bilan tekshirish va har bir nevrologik simptom topografiyasini to‘g‘ri aniqlay olish kerak.
Spinal meningovaskulyar sindrom klinikasi spinal qon aylanishning qaysi tomir havzasida buzilganiga bog‘liq. Patologik jarayon diffuz tarzda namoyon bo‘lganligi uchun topik tashxisni to‘g‘ri aniqlash ancha mushkul. Deyarli har doim orqa miya pardalari, radikulomedullyar arteriyalar, o‘tkazuvchi yo‘llar va spinal ildizchalar zararlanadi. Shuning uchun ham spinal meningovaskulyar sindrom klinikasi meningomielit, spinal insult, mielit va meningoradikulit simptomlari bilan namoyon bo‘ladi. Bunday holatlarda “spinal meningovaskulyar sindrom” tashxisi qo‘yiladi.
Tserebral va spinal tipdagi meningovaskulyar sindromlarda patologik jarayon qaysi to‘qimalarni ko‘proq zararlaganini aniqlash uchun MRT va MRA tekshiruvlari o‘tkaziladi. Zahm vaskulitida uyqu arteriyasi bifurkasiyasi deyarli zararlanmaydi, balki o‘rta va kichik kalibrdagi arteriyalar uzunasiga diffuz tarzda proliferasiyaga uchraydi. Deyarli har doim ensefalitik va mielitik yallig‘lanish reaksiyalari kuzatiladi. Bosh miya va orqa miyada tarqoq joylashgan lakunar ishemik o‘choqlar paydo bo‘ladi. Zahmda kuzatiladigan meningovaskulyar sindromni ko‘pincha sistem qizil bo‘richa (SQB) va tugunli periarteriit bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi.
Zahm gummasi. Zahm gummasi neyrozahmning juda kam uchraydigan turiga kiradi. Gumma bosh miya va orqa miyada shakllanadi. Gumma qattiq dumaloq hajmli bo‘lib, uning klinikasi onkologik kasalliklarga o‘xshab kechadi. Avvallari orqa miya gummalari bo‘yin va ko‘krak sohasida ko‘p kuzatilgan. Hozirgi kunda bosh miya va orqa miya gummalari deyarli uchramaydi.
Orqa miya so‘xtasi
Orqa miya so‘xtasi (tabes dorsalis) – orqa miyaning orqa ustuni va orqa ildizchalari zararlanishi bilan namoyon bo‘luvchi neyrozahm. Demak, bu kasallik neyrozahmning klinik bir sindromidir. Orqa miya so‘xtasi ham zahm yuqqanidan 10–15 yil o‘tib rivojlanadi. Ba’zida bu jarayon 20-30 yilga cho‘ziladi. Bugungi kunda orqa miya so‘xtasi juda kam uchraydi. Zahmda nerv sistemasining zararlanishi kasallikning dastlabki davrida etarli darajada davolanmagan bemorda aniqlanadi.
Orqa miya so‘xtasida infiltrativ va degenerativ o‘zgarishlar orqa miyaning orqa ustuni va orqa ildizchalarda kechadi. Bu jarayon, asosan, orqa miyaning bel qismida joylashadi. Orqa miyaning bo‘yin va ko‘krak qismlari esa kam zararlanadi. Orqa miya so‘xtasida nafaqat Goll va Burdax yo‘llari va orqa ildizchalar, balki orqa miya pardalari, spinal va simpatik gangliyalar, spinal nervlar va ildizchalar ham zararlanadi. Spetsifik yallig‘lanish reaksiyalari va degenerasiyalar uzoq yillar davom etadi. Parallel ravishda kranial nervlar ham zararlanadi.
Klinikasi. Kasallikning klinik belgilari tabetik og‘riqlar bilan boshlanadi. Tabetik ogriqlar – qisqa muddat davom etuvchi sanchuvchi va burovchi xususiyatga ega bo‘lgan kuchli og‘riqlar. Bu og‘riqlar, asosan, bel-dumg‘aza sohasi va oyoqlarda ro‘y beradi. Og‘riqlar xuddi o‘tkir uchli narsani nervga tiqib buragandek bo‘lib tuyuladi. Ular to‘satdan paydo bo‘lib, 2-3 soniya ichida o‘tib ketadi. Ba’zida tabetik og‘riqlar bir necha soat mobaynida ketma-ket kuzatiladi va bemorning tinkasini quritib yuboradi. Og‘riq kuzatilgan sohalarda paresteziya va dizesteziyalar paydo bo‘ladi. Ba’zida belbog‘ tipidagi paresteziyalar kuzatiladi.
Orqa miya so‘xtasi uchun tabetik krizlar ham juda xos. Tabetik krizlar – ichki a’zolarda kuzatiladigan kuchli simpatalgiyalar. Tabetik krizlar paydo bo‘lishi simpatik gangliyalarning zararlanishi bilan bog‘liq. Og‘riqlar paytida ichki a’zolar funktsiyasi ham buziladi, ya’ni ketma-ket qusish, diareya va dizuriyalar paydo bo‘ladi. Tabetik krizlar, ko‘pincha, epigastral, o‘t qopi, buyraklar va qovuq sohalarida aniqlanadi. Yurak sohasida kuzatiladigan krizlar xuddi stenokardiyani eslatadi. Abdominalgiyalar paytida esa bemor og‘riqqa chida olmay o‘tirib qoladi yoki yonboshlab yotib oladi. Ba’zida tabetik krizlar bir kunda bir necha marotaba takrorlanadi va keyingi kunlari ham davom etaveradi. Bunday bemorlarni “o‘tkir qorin” sindromi bilan adashib xirurgik operasiyaga ham tayyorlashadi. Ba’zida simpatalgiyalar hiqildoq sohasida kuzatiladi va ketma-ket yo‘tallar bilan namoyon bo‘ladi. Bu paytda bemor bo‘g‘ilib qolishi ham mumkin.
Orqa miya so‘xtasida erta paydo bo‘ladigan nevrologik simptomlar – bular axill va tizza reflekslarining erta so‘nishidir. Bitseps va tritseps reflekslari esa uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi. Teri reflekslari ham chaqiriladi. Patologik piramidal simptomlar kuzatilmaydi. Goll va Burdax yo‘llari degenerasiyasi sababli chuqur sezgi buziladi va sensitiv ataksiya rivojlanadi.
Eslatma. Sensitiv ataksiya – orqa miya so‘xtasining asosiy simptomi.
Bunday bemorning ikkala oyog‘ida chuqur sezgi umuman yo‘qoladi, bemorning yurishi keskin o‘zgaradi. Bemor qadam tashlab yurmoqchi bo‘lsa, oyog‘ini baland ko‘tarib erga gurs etib uradi («oyog‘i bilan muhr bosadi»). Gavdasini to‘g‘ri ushlab tura olmaydi, yon tomonlarga og‘ib ketadi. Uni kimdir ushlab yurmasa, yiqilib ketaveradi. Bemor qadam tashlashini doimo ko‘zi bilan nazorat qilib yurishi kerak. Chunki Goll va Burdax yo‘llari degeneratsiyasi sababli oyoq muskullari proprioretseptorlaridan impulslar miyaga etib bormaydi. Chuqur sezgi yo‘qolganligi bois muskullar atoniyasi ham vujudga keladi. Ular hatto oyoq panjasi erga tekkanini ham sezishmaydi. Bemor ko‘zini yumib qadam tashlamoqchi bo‘lsa, ataksiya yanada kuchayadi. Ko‘zni yumganda ataksiya kuchayishi sensitiv ataksiya uchun juda xosdir. Romberg sinamasida bemor tik tura olmay chayqalib ketadi (Romberg simptomi birinchi bor aynan mana shu kasallikda yozib qoldirilgan). Qorong‘i tushgach yoki qorong‘i xonada bemor oldinga bir qadam ham tashlab yura olmaydi
Tos a’zolari funktsiyasi buziladi, ya’ni bemor qiynalib siyadi. Qovuq sfinkterlari falajligi sababli bemor yo‘talsa ham, aksa ursa ham qovuqdan siydik chiqib ketaveradi. Ularda qabziyatga moyillik aniqlanadi.
Orqa miya so‘xtasida yuzaki sezgi segmentar tipda buziladi. Bunday bemorlar ikkala oyog‘ida ham og‘riq sezishmaydi. Yuzaki va chuqur sezgi buzilishlari, muskullar atoniyasi, vegetativ gangliyalar zararlanishi sababli oyoqlarning distal qismida trofik yaralar vujudga keladi. Yaralar tovonda paydo bo‘lib, suyakkacha chuqurlasha boradi. Artropatiya, osteoporoz va suyaklarda patologik sinishlar ro‘y beradi.
Tabes dorsalis bilan kasallangan bemorlarda, albatta, qorachiqlar funktsiyasi tekshirilishi kerak. Chunki ularda har doim Arjill-Robertson sindromi, ya’ni qorachiqlarning yorug‘likka to‘g‘ri va hamkor reaksiyasi yo‘qolib, konvergentsiya va akkomodatsiya funktsiyasi saqlanib qolishi kuzatiladi. Bu sindrom neyrozahmning har qanday turi uchun o‘ta xos bo‘lib, juda erta aniqlanadi. Bu sindromning paydo bo‘lishi qorachiqlarni innervatsiya qiluvchi parasimpatik yadrolar zararlanishi bilan bog‘liq. Bu bemorlarda doimo mioz kuzatiladi. Shuningdek, ko‘ruv nervi atrofiyasi ham ko‘p uchraydi. Bu esa ambliopiya yoki amavroz bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zida ko‘zlarni harakatlantiruvchi nervlar zararlanib, g‘ilaylik va diplopiya paydo bo‘ladi. Eshituv nervlari zararlanib, gipoakuziya rivojlanishi mumkin. Psixoemotsional va kognitiv buzilishlar ham ko‘p kuzatiladi va ba’zida uyqu yo‘qoladi.
Tashxis va qiyosiy tashxis. Tashxis anamnestik ma’lumotlar va ushbu kasallikka xos nevrologik simptomlar (sensitiv ataksiya, chuqur sezgi buzilishlari, tabetik nevralgiya va krizlar, Arjill-Robertson sindromi) asosida qo‘yiladi. Qon va likvorda o‘tkaziladigan serologik testlar ham muhim diagnostik ahamiyatga ega. Likvor bosimi biroz baland, rangi tiniq bo‘ladi. Oqsil miqdori biroz oshadi va engil pleositoz kuzatiladi. Qiyosiy tashxis funikulyar mieloz, orqa miya o‘smalari, Fridreyx ataksiyasi, orqa miya gummasi bilan o‘tkaziladi. Orqa miya gummasi orqa ustun tomonda joylashadi va klinikasi xuddi tabes dorsalisga o‘xshab kechadi. Bu kasallik shuning uchun ham psevdotabes deb ataladi.
Kechishi va prognoz. Kasallik surunkali tarzda kechadi va to‘xtovsiz zo‘rayib boradi. Oyoqlarda to‘la afferent falajlik, sensitiv ataksiya, trofik yaralar, patologik sinishlar, ikkala ko‘zda esa amavroz rivojlanadi. Bu bemorlarda deyarli har doim tsistit, uretrit, prostatit, pielonefrit kabi urologik kasalliklar aniqlanadi. Ikkilamchi infektsiya sababli sepsis rivojlanish xavfi har doim mavjud.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha