Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Neyromediatorlar va sinaptik o‘tkazishlar

Neyromediatorlar va sinaptik o‘tkazishlar


Neyromediatorlar (neyroaminlar, neyrotransmitterlar) – bir neyrondan ikkinchi neyronga yoki boshqa xujayralarga sinapslar orqali nerv impulslari o‘tkazilishini ta’minlovchi gormonlar. Neyromediatorlar presinaptik membranadagi vezikulalarda to‘planadi va qo‘zg‘alish paytida sinaptik yoriqqa tushadi. So‘ngra ular postsinaptik membranada joylashgan maxsus retseptorlar orqali qabul qilib olinadi. Buning natijasida presinaptik neyronda joylashgan nerv impulsi postsinaptik neyronga uzatiladi. 
       Nerv impulslarini o‘tkazishda ishtirok etuvchi har qanday gormon yoki mediatorni neyromediator deb atash mumkin. Ularning yaqqol namoyandalari – bular atsetilxolin, serotonin, dofamin, noradrenalin, gistamin. Shuningdek, quyidagi aminokislotalar ham neyromediator rolini o‘ynaydi: GAYoK, glutamin kislotasi, glitsin, asparagin kislotasi.
       Endi neyronal o‘tkazishda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan neyromediatorlar bilan tanishib chiqamiz.
       1. Atsetilxolin – nerv impulslarini o‘tkazishda ishtirok etuvchi o‘ta muhim neyromediator. Atsetilxolin organizmda xolin-atsetiltransferaza fermenti ta’siri ostida xolindan sintez bo‘ladi. Atsetilxolin kognitiv funktsiyalarni ta’minlashda juda katta ahamiyatga ega. Uning etishmasligi ma’lumotlarni qabul qilish va esda saqlab qolishga jiddiy ziyon etkazadi. Shu bilan birga har doim kitob (gazeta va jurnallar) mutolaa qilish nafaqat atsetilxolin sarflanishi, balki uning sintez qilinishini jadallashtiradi va xotirani mustahkamlaydi. Shuning uchun ham mutaxassislar orasida “Atsetilxolin – bilim mediatori” degan aforizm yuradi. Neyronlarda atsetilxolin etishmasligi Alsxaymer kasalligi rivojlanishiga olib keladi.
       2. Serotonin (5-gidroksitriptamin, 5-NT) – kayfiyat va boshqa hissiy reaktsiyalarni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega neyromediator. Bu gormon etishmasa depressiya rivojlanadi. Shu bois “Serotonin – kayfiyat mediatori” nomini olgan. Organizmda serotonin triptofandan sintez bo‘ladi va bunda quyosh nurining roli katta. Serotonin, shuningdek, kognitiv funktsiyalarni faollashtiradi, uyquni yaxshilaydi. Oshqozon-ichak sistemasida serotonin juda katta miqdorda saqlanadi va ovqat hazm bo‘lishi jarayoniga ta’sir ko‘rsatadi. Ma’lumki, kayfiyat va ishtaha orasida uzviy bog‘liqlik bor. Shu bois depressiyada deyarli har doim anoreksiya yoki bulimiya kuzatiladi va bu holat serotonin balansi buzilishi bilan bog‘liq. 
       Serotoninni qabul qilib oluvchi retseptorlarga serotoninergik retseptorlar deb aytiladi. Bugungi kunda ularning 7 xil turi aniqlangan. Serotoninergik neyronlar miya ustuni, ya’ni uzunchoq miya, ko‘prik va o‘rta miyaning o‘rta chizig‘i bo‘ylab joylashgan. Bu soha miyaning serotoninergik sistemasi deb ham ataladi. Uning neyronlari limbik sistema bilan chambarchas bog‘langan.
        Serotoninergik sistema faoliyati boshqa neyromediatorlar faoliyati kabidir: serotonin presinaptik membranadan sinaptik yoriqqa tushadi va uning katta qismi postsinaptik membrana retseptorlari orqali qabul qilib olinadi (14.2-rasm.). 
       Biroq serotoninning qolgan qismi qayta ushlanib, orqaga qaytariladi va presinaptik neyronga o‘tkazib yuboriladi. Aksariyat antidepressantlar aynan mana shu jarayonni ta’minlab beradi, ya’ni serotoninning orqaga qaytishiga to‘sqinlik qiladi. Bu serotoninni qayta ushlab olinishini ingibitsiya qiluvchi, ya’ni to‘sqinlik qiluvchi antidepressantlardir. Bir so‘z bilan aytganda, postsinaptik neyronlarga serotonin qancha ko‘p o‘tsa, depressiya shunchalik kam namoyon bo‘ladi. 
        3. Noradrenalin (norepinefrin) – katexolaminlar guruhiga mansub gormon. Noradrenalin buyrakusti bezida ishlab chiqariladi. Noradrenalin dofamindan hosil bo‘ladi va neyromediator sifatida bosh miyada o‘ta muhim funktsiyalarni bajaradi. Mutaxassislar “Noradrenalin – tez qaror qabul qilish va tetiklik neyromediatori” deb hisoblashadi. Ekstremal holatlarda, masalan, sportdagi xavfli vaziyatlarda noradrenalin ham qo‘rquv, ham rohat beruvchi gormon rolini o‘ynaydi.
        Noradrenergik neyronlar nerv sistemasining turli tuzilmalarida tarqalib joylashgan. Ayniqsa, bunday neyronlar miya ustunidagi ko‘k dog‘da ((locus coeruleus) ko‘p to‘plangan. Noradrenalin simpatik nerv sistemasining asosiy neyromediatori hisoblanadi. 
        Noradrenalinning quyidagi retseptorlari farqlanadi: alfa-1, alfa-2 va beta-adrenoretseptorlar. Demak, noradrenalin ushbu retseptorlar orqali nerv impulslarini o‘tkazadi. Qon yo‘qotishlar, shok, kraniotserebral jarohatlar, psixoemotsional zo‘riqishlar, o‘ta kuchli qo‘rquv va xavotirli holatlarda qonda noradrenalin miqdori oshib ketadi. Noradrenalin organizmni havf-xatarga tayyorlaydi, diqqat-e’tiborni bir joyga jamlab, xulq-atvorimizni shunga moslashtirishga yordam beradi. Bir so‘z bilan aytganda, noradrenalin – ekstremal vaziyatlar neyromediatori. 
         4. GAYoK (gamma-amin-yog‘ kislotasi) – nerv sistemasini tormozlovchi asosiy neyromediator. GAYoK organizmda glutamin kislotasidan hosil bo‘ladi. GAYoK presinaptik membranadan sinaptik yoriqqa tushgach, GAYoK-retseptorlari orqali qabul qilib olinadi. Ushbu neyromediator organizmga stress ta’sirini pasaytiradi, psixoemotsional va kognitiv funktsiyalarni yaxshilaydi. GAYoK noradrenalin, adrenalin, dofamin va serotonin kabi neyromediatorlarga ta’sir o‘tkazib, nerv sistemasining bir maromda ishlashiga mezon yaratadi. GAYoK etishmasligi bosh miyada ortiqcha qo‘zg‘aluvchanlikni yuzaga keltiradi. Bolalarda agressiv xulq-atvor shakllanishiga olib keladi, ba’zi holatlarda epilepsiya rivojlanishi mumkin. Masalan, epilepsiyada qo‘llaniladigan ko‘p antikonvulsantlar GAYoK sistemasi orqali ta’sir qiladi. 
                               Neyronlar va va sinaptik uzatishlar
         1.    Xolinergik neyronlar va retseptorlar. Xolinergik neyronlar deb nerv tolasining terminal qismida atsetilxolin ishlab chiqaruvchi neyronlarga aytiladi. Qo‘zg‘alishni atsetilxolin orqali uzatuvchi sinapslarga xolinergik sinapslar deyiladi. Presinaptik membranadan sinaptik yoriqqa tushgan atsetilxolinlarni postsinaptik membranadagi maxsus retseptorlar qabul qilib oladi. Bunday retseptorlarga xolinoretseptorlar deyiladi. Xolinergik retseptorlar farmakologik nuqtai nazardan nikotin (N-retseptorlar) va  muskarin (M-retseptorlar) retseptorlariga ajratiladi. Ushbu retseptorlar MNS, PNS, VNS tuzilmalari hamda nerv-mushak sistemasida tarqalib joylashgan.
            2. Gistamin va gistaminergik retseptorlar. Gistamin barcha a’zo va to‘qimalarda bor. Nerv sistemasida joylashgan gistamin neyromediator vazifasini bajaradi. Gistamin turli patologik holatlar, ayniqsa, infektsion kasalliklarda faollashadi, mikrotsirkulyatsiya va immunitetni ushlab turishda katta ahamiyat kasb etadi. Gistamin ta’siri ostida qo‘zg‘aluvchi retseptorlarga gistaminergik retseptorlar deb aytiladi. Bunday retseptorlar somatik xujayralardan tashqari neyronlarda ham joylashgan. Masalan, N3-retseptorlar nerv impulslarini o‘tkazishda ishtirok etadi. Ular qo‘zg‘alganda noradrenalin, dopamin, serotonin va atsetilxolin kabi neyromediatorlar ajralib chiqadi.
          3. Dofamin va dofaminergik retseptorlar. Maxsus fermentlar ta’siri ostida tirozindan L-DOFA hosil bo‘ladi. L-DOFA esa  dofaminga aylanadi. Bu jarayon neyronlar tsitoplazmasida kechadi. Presinaptik memranadan sinaptik yoriqqa tushgan dofamin postsinaptik membrananing dofaminergik retseptorlar orqali qabul qilib olinadi, bir qismi esa qayta ushlanib, presinaptik neyronga qaytariladi. Dofaminergik retseptorlar bosh miyada yoyilib joylashgan, strionigral sistemada esa ularning soni juda ko‘p. Bunday retseptorlar somatik a’zolar, ayniqsa buyrak va buyrakusti bezlarida ham etarlicha uchraydi. 


Manba©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
              © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив