NEYROOITS


Orttirilgan immun tanqisligi sindromida (OITS) nerv sistemasi ko‘p zararlanadi. OITS deyarli 70-80% holatlarda turli darajada ifodalangan nevrologik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Patomorfologik tekshiruvlar esa 90-100% holatlarda nerv sistemasi zararlanganligini ko‘rsatadi. Ma’lumki, OITS da u yoki bu darajada barcha a’zolar zararlanadi. OITS asosan, nevrologik buzilishlar bilan namoyon bo‘lsa, neyroOITS atamasi qo‘llaniladiNeyroOITS nogironlik va erta o‘limning asosiy sabablaridan biridir.
        Etiologiyasi. OITS qo‘zg‘atuvchisi retroviruslar oilasiga mansub virus bo‘lib, unga HIV (Human immunodeficiency virus) deb nom berilgan. HIV odamning immun tanqisligi virusi (OITV) deb tarjima qilinadi.
     OITV odamga, asosan, jinsiy yo‘l bilan (ayniqsa, gomoseksualistlarda) yuqadi. Shuningdek, sterillanmagan shprits va boshqa tibbiy instrumentlarni ishlatganda (tish sug‘urish, abort qilish, xirurgik operatsiyalar va h.k) ham infektsiya organizmga tushishi mumkin. OITV yo‘ldosh orqali ham bolaga o‘tadi. OITV nerv sistemasiga qon va likvor orqali etib boradi. Virus nerv sistemasiga boshqa mexanizmlar orqali o‘tishi ham mumkin, deb faraz qilinadi.
       Patogenezi. OITV organizmga tushgach dastlab immun sistemasini zararlab boshlaydi va uning to‘qimalari destruktsiyaga uchraydi. OITV inson organizmida, odatda, quyidagi bosqichlarni o‘tadi: 1) virus limfotsitlarga birikib oladi; 2) genetik material hosil qiladi; 3) hujayralarda DNK strukturasini buzadi.
      Ma’lumki, organizmga tushgan turli virusli infektsiyalarga qarshi kurashishda T-limfotsitlarning o‘rni katta. OITV virusi organizmga tushgan kundanoq T-limfotsitlarni izdan chiqaradi va buning oqibatida immun tanqisligi rivojlana boshlaydi. OITV inson organizmidagi hujayralarning hammasiga ham o‘tavermaydi. U, asosan, SD4-retseptori bor hujayralarni mo‘ljalga olib, ularning ichiga kirib oladi. Nerv sistemasining glial hujayralari (astrotsitlar, oligodendrotsitlar), sezgi gangliyalari, qon tomir chigallarining endotelial hujayralari CD4-retseptorlarga ega. Bu hujayralarning DNK tuzilishiga virus katta ziyon etkazadi.
       Organizmda virus rivojlanishiga qarshilik ko‘rsatuvchi bir qancha immunologik barerlar mavjud. MNS va likvorda 3 ta immun barer bor: birinchisi – likvorning limfoid hujayralari, ya’ni T- va V-limfotsitlar, tabiiy killer hujayralar, monotsitlar va makrofaglar; ikkinchisi – nerv sistemasining nolimfoid hujayralari, ya’ni mikrogliya va makrogliya hujayralari (astrotsitlar, oligodendrotsitlar); uchinchisi – gumoral omillar va biologik faol moddalar (neyrotransmitterlar, neyropeptidlar, tsitokinlar).
        Tasnifi. KXT-10 da orttirilgan immun tanqisligi sindromida nerv sistemasining zararlanishi “Ba’zi infektsion va parazitar kasalliklari sinfiga kiritilgan va V20-V24 ruknlarda keltirilgan.
        OITS da nerv sistemasining birlamchi va ikkilamchi zararlanishlari farqlanadi. Virusning nerv sistemasiga bevotsita ta’siri sababli rivojlangan nevrologik sindromlar birlamchi neyroOITS deb atalsa, opportunistik infektsiyalar sababli rivojlangan nevrologik sindromlar ikkilamchi neyro­OITS deb yuritiladi. Opportunistik infektsiya – bu organizmning immuniteti pasayib ketishi sababli organizmda qo‘zg‘algan boshqa virus yoki tashqaridan tushgan infektsiya. Opportunistik infektsiyalar turli kasalliklar, shu jumladan, nevrologik buzilishlarni yuzaga keltiradi. Biroq kasallik klinikasiga qarab, birlamchi va ikkilamchi neyroOITS ni farqlab olish o‘ta mushkul.
        Birlamchi neyroOITS ga entsefalopatiya (entsefalit), mielopatiya (mielit), distal sensor polinevropatiya va miopatiyalar kiradi. Ikkilamchi neyroOITS ga opportunistik infektsiyalar chaqirgan turli xil nevrologik sin­dromlar kiradi (1-jadval). 
                                                                                                                            1-jadval     

OITS da ko‘p kuzatiladigan nevrologik sindromlar va opportunistik infektsiyalar
    I. Birlamchi neyroOITS
  • Entsefalopatiya (entsefalit)
  • Mielopatiya (mielit)
  • Distal sensor polinevropatiya
  • Miopatiya
II. Ikkilamchi neyroOITS (opportunistik infektsiyalar)
  • Kriptokokk infektsiya
  • MNS toksoplazmozi
  • Bosh miya limfomasi
  • Tsitomegalovirus infektsiya
  • Oddiy gerpes virusi
  • Varicella zoster virusi
  • Sil infektsiyasi
  • Neyrozahm

   Izoh. Opportunistik infektsiyalar organizmda meningit, meningoentsefalit, leykoentsefalopatiya, mielit, meningoradikulit, poliradikulonevropatiya, belbog‘ gerpes, pleksopatiya, sil, zahm va kranial nevropatiyalar kabi kasalliklarni ham yuzaga keltiradi.


          Birlamchi neyroOITS
OITV-entsefalopatiya (OITV-entsefalit). OITS aniqlanganlarning deyarli yarmida entsefalopatiya rivojlanadi. OITV-entsefalopatiya alohida klinik sindrom bo‘lib, «OITV-entsefalit» yoki «OITV-dementsiya» deb ham ataladi. Bosh miya to‘qimasida spetsifik yallig‘lanish reaktsiyalari (entsefalit) bilan kuchli mikrotsirkulyator buzilishlar va intoksikatsiya (entsefalopatiya) birgalikda namoyon bo‘ladi. Bosh miyaning ham oq, ham kulrang moddasi diffuz tarzda zararlanadi, nekroz va demielinizatsiya o‘choqlari vujudga keladi. Shu sababli dementsiya tez rivojlanadi. Ba’zi mutaxassislar dementsiya yaqqol ifodalangan holatdagina «OITV-dementsiya» tashxisi qo‘yishni tavtsiya etishadi.
       OITV-entsefalopatiya dastlab psixoemotsional buzilishlar bilan boshlanadi. Bemor injiq, jizzaki va jahldor bo‘lib qoladi. Ba’zida o‘tkir psixoz holatlari kuzatiladi, bemor o‘tkir affekt holatiga tez-tez tushib turadi. Ba’zan apatiya va depressiya alomatlari paydo bo‘lib, bemor bir necha kunlab uydan chiqmay yotadi, unda suitsidal urinishlar paydo bo‘ladi. Oradan bir-ikki oy o‘tmasdan nevrologik buzilishlar rivojlanadi. Piramidal simptomlar (gemiparez, tetraparez), sezgi buzilishlari (gemianesteziya), ekstrapiramidal simptomlar (gipomimiya, monoton nutq, bradikineziya, plastik gipertonus, tremor, giperkinezlar) va afatik nutq buzilishlari yaqqol shakllanadi.
        Piramidal yo‘llarning ikki tomonlama diffuz zararlanishida psevdobulbar sindrom (disfagiya, disfoniya, dizartriya, oral avtomatizmi reflekslari) rivojlanadi. Po‘stloq neyronlari degeneratsiyasi epileptik xurujlar sababchisi hamdir. Ko‘p hollarda piramidal buzilishlar bilan ekstrapiramidal buzilishlar birgalikda namoyon bo‘ladi.
        Dementsiya – OITV-entsefalopatiyaning ajralmas sindromi. Dastlab engil kognitiv buzilishlar (parishonxotirlik, amneziya, fikrlar karaxtligi) paydo bo‘ladi. Ayniqsa, qisqa muddatli xotira yaqqol buziladi: bemor hamma narsani esdan chiqaraveradi, kimlar bilan gaplashgani, uchrashgani, borgan joyi, nima egani va h.k. Uzoq muddatli xotira kechroq buzila boshlaydi. Amnestik sindrom zo‘raya borib, 12 oy ichida dementsiya shakllanadi. OITV-dementsiya klinikasi xuddi Pik kasalligida uchraydigan dementsiyaga o‘xshab ketadi, ya’ni dementsiya xulq-atvorning kuchli buzilishlari bilan birga namoyon bo‘ladi. OITV-dementsiyada go‘yoki shaxs parchalanadi, ya’ni depersonalizatsiya rivojlanadi. Depresonalizatsiya dementsiyadan oldin paydo bo‘ladi.
       OITV-mielopatiya (OITV-mielit). OITS bilan kasallanganlarda mielopatiya ko‘p uchraydi. OITS da mielopatiya 30-40% ni tashkil qiladi. Mielopatiya 60% holatlarda entsefalopatiya bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Mielopatiya klinikasi, asosan, spastik paraparez va spinal ataksiyadan iborat. Dastlab reflektor tipdagi paraparez rivojlanadi: ikkala oyoqda ham pay reflekslari oshadi, patologik reflekslar chaqiriladi, klonuslar paydo bo‘ladi. Keyinchalik muskullar kuchi kamaya boshlaydi.
        Orqa miyadagi Goll va Burdax yo‘llari degeneratsiyasi sababli spinal ataksiya ham rivojlana boradi. Yuzaki sezgi ham, chuqur sezgi ham o‘tkazuvchi tipda buziladi.    Spastik-ataktik yurish paydo bo‘ladi, ya’ni bemor katta-katta qadamlar tashlab yon tomonlarga gandiraklab yuradi. U oyog‘ini qadam tashlash uchun ko‘tarsa, titrab yon tomonlarga og‘ib ketadi. Bunday bemorlar tik turib yura olishmaydi. Spastik falajlik, spinal ataksiya va chuqur sezgi anesteziyasi tik turib yurishni imkonsiz qilib qo‘yadi. Distal muskullar atoniyasi sababli ikkala oyoq panjasi osilib qoladi. Proksimal muskullarda esa spastik gipertonus paydo bo‘ladi. Nevrogen qovuq sindromi ham rivojlanadi.
       Orqa miya diffuz zararlanganligi sababli mielopatiya pastki spastik paraparez bilan chegaralanib qolmaydi. Qo‘llarda ham reflekslar oshadi, patologik reflekslar (Yakobson-Laske, Rossolimo) vujudga keladi. Mielopatiya simptomlari ham bir necha oy ichida shakllanadi. Ba’zida kasallik spinal insult tipida rivojlanadi va paraplegiya o‘tkir tarzda ro‘y beradi.
        Distal sensor polinevropatiya. Ikkala oyoqning distal qismida simmetrik gipesteziya bilan namoyon bo‘ladigan sindrom. Uning rivojlanish mexanizmi to‘la o‘rganilmagan. OITS dan o‘lgan bemorlarning sensor nervlari tekshirib ko‘rilganda, morfologik o‘zgarishlar deyarli 100% holatlarda aniqlangan. Biroq sensor polinevropatiyaning klinik simptomlari 40% bemorda aniqlanadi, xolos. OITS da ko‘p kuzatiladigan bunday fenomen “klinik-morfologik dissotsiatsiya” deb ataladi.
        Kasallik klinikasi quyidagicha boshlanadi. Dastlab ikkala oyoqda kuydurguvchi og‘riqlar va paresteziyalar paydo bo‘ladi va ular kechasi kuchayadi. Bemorni nerv tolalari bo‘ylab yuqoriga yo‘nalgan tok urgandek sezgilar ham bezovta qiladi. Tez orada ikkala oyoqda polinevritik tipda (kalta paypoq sindromi) yuzaki sezgi anesteziyasi vujudga keladi. Chuqur (vibratsiya va mushak-bo‘g‘im) sezgi buziladi, axill refleksi so‘nadi. Chuqur sezgining kuchli darajada buzilishi sababli sensitiv ataksiya rivojlanadi. Distal muskullar atoniyasi sababli ikkala oyoq panjasi osilib qoladi. Bemor qadam tashlaganda oyoq panjalarini ko‘tarib tashlab yuradi. Bu holat xuddi Sharko-Mari nevral amiotrofiyasini eslatadi. Bir necha oylardan so‘ng qo‘llarning distal qismida simmetrik nevropatiya simptomlari shakllanadi.
       OITV-miopatiya. OITS da miopatik sindrom ham rivojlanadi. Miopatiya rivojlanishi virusning muskul tolalariga bevotsita ta’siri bilan bog‘liq. OITV-miopatiya klinikasi poliomiozit klinikasiga o‘xshab ketadi. Muskullarda kuchli achishtiruvchi og‘riqlar paydo bo‘ladi. Asosan, qo‘l-oyoqlarning proksimal qismida miopatik falajlik aniqlanadi. Patomorfologik tekshiruvlar muskullarda degeneratsiya, nekroz va spetsifik yallig‘lanish reaktsiyalarini ko‘rsatadi. OITS da ko‘p ishlatiladigan zidovudin ham miopatik sindrom rivojlanishiga sababchi bo‘ladi.
          Ikkilamchi neyroOITS yoki opportunistik infektsiyalar
        Ma’lumki, OITS da organizmning immuniteti keskin pasayadi. Bu esa organizmda yashirin (latent) holatda yotgan viruslarning qo‘zg‘alishiga turtki bo‘ladi. Qo‘zg‘algan virus patogen hisoblanadi va kasallik rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Bunga varisella zoster, tsitomegalovirus va shu kabi bir qator viruslarni misol qilib keltirish mumkin. Ular immunitet keskin pasayganda qo‘zg‘aladi va meningit, meningoentsefalit, mielit, poliradikulonevropatiya, belbog‘ gerpes kabi kasalliklarni yuzaga keltiradi.
        OITS da opportunistik infektsiyalar chaqiradigan kasalliklar bilan tanishib chiqamiz.
       Kriptokokk infektsiya (meningit). Kriptokokk zamburug‘li infektsiya bo‘lib, OITS da eng ko‘p uchraydigan infektsiyalar sirasiga kiradi. Kriptokokklar organizmga nafas yo‘llari orqali tushadi va gematogen yo‘l bilan barcha a’zolarga (o‘pka, jigar, teri, suyak iligi) tarqaladi. Ular GEB dan o‘tib nerv sistemasini zararlaydi. Kriptokokk meningit umuminfektsion simptomlar, ya’ni bosh og‘rig‘i, tana harorati ko‘tarilishi va qayd qilish bilan boshlanadi. Ammo meningeal simptomlar sust ifodalangan bo‘ladi. Kranial nervlar ham zararlanishi mumkin. Infektsiya miya parenximasiga o‘tsa, entsefalitik simptomlar rivojlanadi.
       MNS toksoplazmozi. Toxoplasma gondii odam organizmi hujayralarida yillar mobaynida yashirin holatda yashaydi. Immunodefitsit holatlarda bu infektsiya qo‘zg‘aladi va barcha a’zolarga tarqaladi. Masalan, jigar yoki o‘pkada latent holatda yotgan toxoplasma gondi gematogen yo‘llar bilan bosh miyaga etib keladi va uni zararlaydi. Kasallik belgilari nimo‘tkir tarzda boshlanadi. Kuchli bosh og‘riq paydo bo‘ladi, tana harorati ko‘tariladi, o‘choqli nevrologik simptomlar (falajliklar, ekstrapiramidal buzilishlar, epileptik xurujlar, ko‘rishning pasayishi) rivojlanadi.
         Tsitomegalovirus infektsiya. TsMV – eng ko‘p tarqalgan yashirin infektsiya. Bu viruslar deyarli barcha odamlarda bo‘ladi. Infektsiya manbai odam hisoblanadi. TsMV odam organizmining barcha a’zolari va biologik suyuqliklarda aniqlanadi. Ular so‘lak, siydik, qon, sperma, vaginal sekretlar va ko‘krak sutida ham bo‘ladi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga TsMV, asosan, ko‘krak suti orqali o‘tadi. Homilador onadan esa bolaga yo‘ldosh orqali o‘tadi. Bola tug‘ruq yo‘llaridan (bachadon bo‘yni) o‘tayotganda TsMV bola organizmiga o‘tishi mumkin. TsMV ko‘chirib o‘tkaziladigan odam a’zolarida ham saqlanadi. Bu viruslar o‘pishganda ham yuqadi. Katta yoshdagilarga TsMV jinsiy va oral-genital aloqalarda ko‘p yuqadi. Gemotransfuziya amaliyotlarida TsMV qon orqali organizmga tushadi. Shuning uchun ham TsMV eng ko‘p tarqalgan viruslar sirasiga kiradi. Ular hujayralar ichida latent holatda yashashadi. TsMV immun tanqisligini yuzaga keltiruvchi kasalliklar va patologik holatlarda qo‘zg‘aladi.
      TsMV o‘tkir virusli infektsiyalar, onkologik va gematologik kasalliklar, radiatsiya (nur bilan davolash), sil va zahm kasalliklari hamda uzoq payt kortikosteroidlar bilan davolanishlarda ham qo‘zg‘aladi. Ayniqsa, ayol kishidagi ginekologik kasalliklar bu infektsiya tarqalishining asosiy sababchilaridan biridir. OITS da ham tsitomegaloviruslar qo‘zg‘alishi ko‘p kuzatiladi. Organizmda immun tanqisligini yuzaga keltiruvchi har qanday kasalliklar va patologik holatlar TsMV faollashuviga sababchi bo‘ladi. Ular ko‘payib boshlaydi. Monotsitlar va limfotsitlar faollashgan viruslarni barcha a’zolar bo‘ylab tarqatadi.
       OITS da tsitomegaloviruslar nerv sistemasining deyarli barcha bo‘limlarini zararlaydi. TsMV entsefalit, mielit, mieloradikulonevropatiya, polinevropatiya rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. TsMV-entsefalit nimo‘tkir boshlanadi. Kuchli bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi, tana harorati ko‘tariladi, sopor, deliriya va psixomotor qo‘zg‘alishlar vujudga keladi. Nevrologik simptomlardan spastik falajlik, ekstrapiramidal rigidlik, ataksiya, g‘ilaylik, amavroz va bulbar buzilishlar ko‘p kuzatiladi. Kasallik juda og‘ir kechadi, nevrologik simptomlar rivojlana borib, bemor umuman harakatlana olmaydigan bo‘lib qoladi, kognitiv buzilishlar rivojlanib og‘ir dementsiya darajasiga etadi.
        TsMV-mieloradikulonevropatiya og‘ir spinal falajliklar, o‘tkazuvchi tipdagi sezgi buzilishlari, kuchli radikulyar og‘riqlar, sentsitiv ataksiya va tos a’zolari funktsiyasi buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu nevrologik buzilishlar avval oyoqlardan boshlanadi, keyinroq esa ikkala qo‘lga o‘tadi. Kasallikning so‘ngi bosqichida tetraplegiya, tetranesteziya, nafas etishmovchiligi rivojlanadi, tos a’zolari funktsiyasi to‘la buziladi. Bemor nogiron bo‘lib qoladi.
       Gerpetik infektsiyalar. OITS da, ko‘pincha, rektal-vaginal tipdagi OGV-2 faollashadi, ya’ni qo‘zg‘aladi. OGV-2 aseptik meningit, meningoentsefalit, meningoradikulit, mielit, poliradikulonevropatiya kabi nevrologik buzilishlarni yuzaga keltiradi. Ma’lumki, OGV eng ko‘p tarqalgan viruslar sirasiga kiradi. OGV organizmda boshqa viruslarga o‘xshab yashirin holatda hayot kechiradi. Immunodefitsit holatlar kuchayganda OGV har doim bosh ko‘taradi.
       Varicella zoster virusi. Ushbu virus qo‘zg‘alishi OITS da ko‘p uchraydi. Bu virus, ko‘pincha belbog‘ gerpes kasalligini chaqiradi. OITS da belbog‘ gerpes kasalligi juda og‘ir kechadi. Varisella zoster virusi belbog‘ gerpesdan tashqari entsefalit, mielit va poliradikulonevropatiya kabi kasalliklarni ham keltirib chiqaradi.
       Bosh miya limfomasi. OITS da bosh miyaning birlamchi limfomasi ham rivojlanadi. Bosh miya limfomasida zo‘rayib boruvchi bosh og‘riq, spastik falajlik, afaziya, epileptik xurujlar, ekstrapiramidal va koordinator buzilishlar kuzatiladi. Kasallik klinikasi og‘ir meningoentsefalit yoki po‘stlog‘osti entsefalitiga o‘xshab kechadi. Prognoz juda og‘ir. Kasallik rivojlanganidan 2-3 oy o‘tmasdan bemor halok bo‘ladi.
       OITS da sil kasalligi. Ma’lumki, sil kasalligi immuniteti o‘ta past odamlarga yuqadi. Shu bois OITS bilan kasallanganlar sil kasalligiga tez chalinadilar. Ularda sil meningiti va meningoentsefaliti tez rivojlanadi va juda og‘ir kechadi. Bu bemorlarda sil infektsiyasi boshqa a’zolarda (ayniqsa, o‘pkada) aniqlanadi. OITS bilan sil kasalligi birga uchrasa, bemor bir necha oy ichida halok bo‘ladi.
       OITS da neyrozahm. Jinsiy aloqalar orqali yuqqan OITS bilan birgalikda, ko‘pincha zahm ham yuqadi. Neyrozahm meningit, meningovaskulyar sindrom va mielitlar bilan namoyon bo‘ladi. PNS ham ko‘p zararlanadi. Aksariyat hollarda mavjud nevrologik sindromlar etiologiyasi OITS yoki zahm bilan bog‘liq ekanligini aniqlab bo‘lmaydi. Chunki ikkala virus ham nerv sistemasini birgalikda zararlaydi.
       Davolash va prognoz. Bugungi kunda OITS bilan kasallangan bemorlarni samarali davolash imkoni yo‘q. Prognoz salbiy hisoblanadi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., 2017., 404 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив