NOOTROPLAR


“Nootrop” atamasi 1972 yili piratsetamni kashf qilgan olim K. Jiurjea tomonidan taklif etilgan. Shu yildan boshlab mnestik-intellektual funktsiyalarni yaxshilovchi dorilar nootroplar deb yuritila boshlandi. Nootroplarning oliy ruhiy funktsiyalarga ijobiy ta’sirini e’tiborga olib, ular psixotrop dorilar guruhiga kiritildi. Keyinchalik yangi va yangi nootrop dorilar ishlab chiqarildi va ularning nomlanishi ham o‘zgardi. Nootroplarning aksariyati hozirgi kunda tserebroprotektor, neyroprotektor, neyrotrop dorilar deb ham ataladi.
         Farmakologik xususiyati bo‘yicha nootroplar boshqa psixotrop dorilardan farq qiladi. Ular kuchli ifodalangan sedativ ta’sirga ega emas. Nootroplar bosh miyada neyronlararo o‘tkazuvchanlikni osonlashtiradi, ikkala yarim shar orasidagi funktsional buzilishlarni tiklaydi, integrativ jarayonlarni yaxshilaydi, retikulyar formatsiya faoliyatini kuchaytiradi. Shuningdek, bu dorilar markaziy neyronlardagi energetik jarayonlarga, ishemiyaga uchragan asab to‘qimalarining glyukoza va kislorod bilan ta’minlanishiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Nootroplar markaziy neyronlardagi bir qator metabolik jarayonlarni tezlashtiradi. Buning natijasida intellektual va mnestik funktsiyalar faollashadi.
       Nootroplarning antigipoksik va  metabolik ta’siri bu dorilarni bosh miyaning deyarli barcha kasalliklarida keng qo‘llashga yo‘l ochib berdi. Bu dorilarning bosh miyada qon aylanishini yaxshilash xususiyati ularning ikkilamchi ta’siridir. Nootroplarning yana bir ijobiy xususiyati organizmga salbiy  ta’sirining pastligida. 
        Nootroplar bosh miya neyronlariga ta’siri kuchli, lekin spinal neyronlarga ta’sir ko‘rsatmaydi. Shuning uchun nootroplarni orqa miya kasalliklarida tavsiya qilish befoyda. Nootroplar antidepressantlarning ta’sir kuchini oshiradi. Shuning uchun ham ularni depressiyada qo‘shimcha dori sifatida qo‘llash mumkin. Somatovegetativ, nevrotik va psixosomatik sindromlarda ham nootroplardan foydalanish samarali natija beradi. Bu dorilar bolalarda uchraydigan aqliy zaiflikni davolashda ham tavsiya qilinadi. 
Anksiolitik xususiyatga ega ba’zi nootroplar va ularning qo‘llanilishi haqida to‘xtalib o‘tamiz.
  1. Fenibut gidroxlorid (γ-amin-β-fenil-yog‘ kislotasi) – anksiolitik xususiyatga ega nootrop dori.  Farmakologik ta’siri: Kimyoviy tuzilishi bo‘yicha fenibut GAYoK ning fenil unumi hamda feniletilamin unumi hisoblanadi. Ushbu dori atipik neyroleptiklar, trankvilizatorlar, psixostimulyatorlar va antiparkinsonik dorilar ta’sirini kuchaytirdi. Fenibut psixostimulyatsiya qiluvchi ta’sirga ham ega. Ko‘rsatmalar: nevrasteniya, nevrotik depressiya, apatiya, qo‘rquv, xavotir va uyqu buzilishi bilan kechuvchi kasalliklar, bolalarda diqqat tarqoqligi sindromi, tikoz giperkinezlar, duduqlanish, Mener sindromi va boshqa turdagi bosh aylanishlar, surunkali charchash sindromi, alkogol abstinent sindrom. Tavsiya etish tartibi: Bir kunlik terapevtik dozasi 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun – 50-125 mg, kattalar uchun kasallik darajasiga qarab 750-1000 mg. Nojo‘ya ta’sirlari: odatda, yaxshi qabul qilinadi. Dozasi oshirilsa, ortiqcha bezovtalik, jahldorlik, ko‘ngil aynishi, qusish va allergik reaktsiyalar kuzatiladi. Monelik qiluvchi holatlar: homiladorlik (1 tirmestr), laktatsiya davri, 2 yoshgacha bo‘lgan davr, oshqozon-ichak yarasi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 250 mg. Bu dori noofen nomi bilan ham ishlab chiqariladi.
  2. Gopanten kislotasi (pantogam, gopantam) – sedativ xususiyatga ega nootrop dori. Farmakologik ta’siri. Pantogamning kimyoviy tuzilishi uning tarkibida pantoten hamda gamma-amin-yog‘ kislotasi mavjudligi bilan izohlanadi. Dorining nootrop, sedativ va antikonvulsiv xususiyatlari uning GAYoK retseptorlariga bevosita ta’sir ko‘rsatishi bilan bog‘liq. Pantogam tserebral metabolizmni yaxshilaydi, neyronlarning gipoksiyaga chidamligini oshiradi va ortiqcha qo‘zg‘aluvchanligini pasaytiradi. Dorining sedativ xususiyati birmuncha stimullovchi ta’siri bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Shu bois bu dori aqliy zo‘riqishlar bilan ishlaydigan vaziyatlarda ruhiy va jismoniy faollikni ushlab turadi. Ko‘rsatmalari: bolalar va kattalarda diqqat va xotira buzilishlari, oligofreniya, dementsiya, epilepsiya, giperaktiv sindrom, giperkinezlar, duduqlanish, neyroleptik sindrom, znurez. Nojo‘ya ta’sirlari: uyquchanlik yoki uyqu qochishi, ortiqcha bezovtalik, muskullar xolsizligi, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, allergik reaktsiyalar. Monelik qiluvchi holatlar: homiladorlik (1 trimest), jigar va buyrak etishmovchiligi. Tavsiya qilinishi: Dori dozasi bemorning yoshi va kasallik darajasiga qarab belgilanadi. Kattalar uchun bir kunlik terapevtik dozasi 500 mg dan 3-4 mahal. Qabul qilish davomiyligi – 3-6 oy. Ovqatdan yarim soatdan so‘ng ichishga buyuriladi. Ishlab chiqarilishi:   250 va 500 mg li tabletka, 100 ml flakon idishlar.  Eslatma: fenibut va pantogam  bir-biriga sinonim emas.
  3. Piritinol (entsefabol) – tserebral metabolizmni yaxshilovchi psixotrop xususiyatga ega nootrop dori. Ko‘rsatmalar: oligofreniya, dementsiya, turli etiologiyali xotira va diqqat buzilishlari,  nevrasteniya, psixasteniya. Tavsiya etilishi: chaqaloqlarga kuniga 1 ml suspenziya bir oy davomida ertalab ichiriladi; 2-3 oydan oshgan bolalarga 2,5-5 ml (1/2 va 1 choy qoshiq; 6 oylikdan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 1/2-1 choy qoshiq suspenziyadan kuniga 1-3 mahal (50 – 300 mg piritinol). Shunday qilib, yosh oshgan sayin dorining dozasi ham oshirib boriladi.  Kattalarga 2 choy qoshiqdan kuniga 3 mahal (600 mg piritinol) ichishga beriladi. Dori ovqat paytida yoki ovqatdan keyin ichiladi. Davolash davomiyligi kasallik darajasiga bog‘liq bo‘lib, 2-4 oyni tashkil qiladi.  Oradan 3-4 oy o‘tib, bemorning holatiga ko‘ra dorini yana tavsiya etish mumkin. Perinatal entsefalopatiyada davolash davomiyligi 6 oygacha. Nojo‘ya ta’sirlari: psixomotor qo‘zg‘alishlar, uyqu qochishi,  bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, jahldorlik. Monelik qiluvchi holatlar: epilepsiya, psixomotor qo‘zg‘alishlar. Ishlab chiqarilishi: hajmi 200 ml li flakon.




Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
             © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
             ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив