Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi NEYROPSIXOLOGIYa ASOSLARI

NEYROPSIXOLOGIYa ASOSLARI


Neyropsixologiya tarixi
       
Neyropsixologiya tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida oliy ruhiy funktsiyalar markazlarini aniqlashga urinishlardan boshlangan. 1836 yili Frantsiyaning kichik bir shahrida tibbiy jamiyat yig‘ilishlaridan birida oddiy vrach Mark Daks jamiyat raisidan o‘zining kuzatuvlari to‘g‘risida ma’lumot berishga ruxsat so‘raydi. Uning nutqida quyidagi jumlalar bor edi: «Men bosh miyaning chap yarim shari zararlangan bemorlarning barchasida nutq buzilishlarini kuzatdim, lekin o‘ng yarim shar zararlangan bemorlarning birortasida ham nutq buzilishi uchramadi. Demak, aynan bosh miyaning chap yarim shari nutq uchun mas’ul, ya’ni u erda nutq markazlari joylashgan». Bu paytgacha nutq uchun bosh miyaning ikkala yarim shari ham javob beradi, deb faraz qilinardi. Lekin u o‘z mulohazalarini anatomik tekshiruvlar bilan tasdiqlamagan (bunga imkoniyat bo‘lsada) va chop qildirmagan. Shuning uchun ham M. Daksning og‘zaki aytgan ma’lumotiga o‘sha kuni olimlar e’tibor ham qilmadi va ushbu to‘g‘ri fikr tez orada unutildi.
 Pol Brok
(1824–1880)

       1861 yili yosh frantsuz olimi antropolog Pol Brok nutqi buzilgan va tananing o‘ng tomoni falajlangan bemorni kuzatadi. Bu bemor tez orada vafot etadi. Uning bosh miyasi ochib tekshirilganda, chap yarim sharning pastki peshona pushtasining orqa qismida infarkt o‘chog‘i aniqlanadi (bu soha keyinchalik Brok markazi deb atala boshlandi). Ushbu bemorning miyasi hanuzgacha Parijdagi tibbiyot muzeyida saqlanadi. Bemor atrofdagilarning gapiga tushunsada, o‘zi gapira olmasdi, faqat “ta-ta-ta” degan tovush chiqarardi xolos. Nutq buzilishining bu turi keyinchalik «motor afaziya» deb nom oldi. O‘sha davrdan boshlab bosh miyada turli markazlarni izlash katta qiziqish bilan boshlanib ketadi. Biroz vaqt o‘tmay, nemis psixiatri K.Vernike 1874 yili  chap chakka bo‘lagining ustki pushtasi zararlanganda ham nutq buzilishini kuzatib, sensor nutq markazini aniqlaydi.
       1876 yili Ferrier chakka bo‘lagida eshituv markazini, 1881 yili Munk itlarning bosh miyaning ensa qismi olib tashlanganda «narsalarni ko‘rsada, tanimasligini», o‘sha yili Eksner o‘rta peshona pushtasining orqa qismi zararlanganda yozish buzilishini aniqlaydilar.
      Albatta, bu kashfiyotlar o‘sha davrdagi olimlarni hayratga soladi, ya’ni ular bosh miyada turli markazlar, hatto ong, xotira, tafakkur markazlarini izlay boshlashadi. Shu davrdan boshlab fanda «lokalizatsionizm» degan yo‘nalish yuzaga keladi. “Lokalizatsiya” iborasi frantsuzchada «joy» degan ma’noni anglatadi.
       1870 yili Finkelnburg lokalizatsionchilarga qarshi chiqib, bosh miya po‘stlog‘i zararlanganda «asimboliya» rivojlanadi, xolos, deydi. Uning fikricha, simvollarni ishlatish qobiliyati buzilishi natijasida nutq faoliyati, narsalarni tanish va turli ongli harakatlarni bajarish buzilar ekan. Lokalizatsionchilar  nuqtai nazarini 1864–1874 yillari o‘zining kuzatuvlariga asoslanib, mashhur ingliz nevrologi D. Jekson tanqid qiladi. D. Jekson, asosan, nutqning dinamik tomonlari bilan qiziqdi. U «bosh miyada nutq buzilishiga sababchi bo‘lgan zararlanishni joylashtirish» va «nutqning o‘zini joylashtirish» ikki xil narsa, degan edi.
  
D. Jekson  (1835–1911)

       D. Jekson afaziyada nutq funktsiyasining to‘la yo‘qolmasligiga e’tibor qaratadi. Afaziya kuzatilgan bemorda maqsadga yo‘naltirilgan nutq buzilishi mumkin, biroq hissiy nutq saqlanib qoladi, deb fikr yuritadi u. Masalan, biron bir so‘zni bemor affekt holatida aytib yuborishi, lekin ixtiyoriy holda esa gapira olmasligi mumkin. D. Jekson «nutqini yo‘qotgan» odam «so‘zlardan ham judo» bo‘lgan degani emas, chunki so‘zning anglanmagan qismi ham mavjuddir, deydi. Shuning uchun «nutqidan judo» bo‘lgan bemorning fikrlash jarayoni biroz pasaysa-da, hali fikr yuritishga qobiliyatli. D. Jekson maqsadga yo‘naltirilgan nutq bosh miyaning chap yarim shari bilan, hissiy nutq esa o‘ng yarim shar faoliyati bilan bog‘liq, deb aytgan. 
        D. Jekson birinchilardan bo‘lib, MNS funktsiyalarining murakkab tuzilishi to‘g‘risidagi g‘oyani ilgari surdi. Uning fikriga ko‘ra, har bir funktsiya 3 bosqichdan iborat: «quyi» (orqa miya, miya ustuni), «o‘rta» (bosh miya po‘stlog‘ining harakat va sezgi markazlari) va «oliy» (bosh miyaning peshona bo‘lagi). «Oliy» markazlar zararlanganda nafaqat patologik simptomlar paydo bo‘ladi, balki ijobiy o‘zgarishlar ham kuzatiladi: «quyi» markazlar «oliy» markazlar nazoratidan xalos bo‘lib, o‘z faoliyatini kuchaytiradi. Bunga markaziy piramidal yo‘llar zararlanganda spinal reflekslarning kuchayishini misol qilib ko‘rsatadi. Agar afaziyada so‘zlash, o‘qish va yozish qobiliyatlarining buzilishi salbiy alomatlar bo‘lsa, hissiy nutq saqlanib qolishi va birovning so‘ziga tushunish ijobiy xislatlardir, degan edi D. Jekson. U 1868 yili afaziya nafaqat bosh miyaning chap yarim shari, balki o‘ng yarim shari zararlanganda ham kuzatilishini e’lon qilgan. Bu bemorlar chapaqay bo‘lgan. D. Jeksonning bu xulosalari bosh miyaning funktsional asimmetriyasini o‘rganishga turtki bo‘ldi. Keyinchalik bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida bir qancha markazlar kashf qilindi. Shuning uchun olimlar D.Jeksonni “miyaning funktsional asimmetriyasi” haqidagi ta’limotni birinchi bo‘lib ilgari surgan, deb hisoblashadi.

                      Neyropsixologiya fani haqida tushuncha
Neyropsixologiya – bosh miyaning lokal va diffuz zararlanishlarida oliy ruhiy funktsiyalarni o‘rganuvchi fan. Albatta, bu fan oliy ruhiy funktsiyalarning ontogenezda shakllanish bosqichlarini miyaning morfofunktsional sistemalariga bog‘lab o‘rganadi. Neyropsixologiya nevrologiya, psixologiya va fiziologiya negizida shakllandi.
       Dastlab neyropsixologiyada qo‘llaniladigan asosiy atamalar va iboralar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
  1. Funktsional sistema – turli xil ongli faoliyat uchun mas’ul bo‘lgan afferent va efferent sistemalardan iborat morfofunktsional tuzilma. 
  2. Neyropsixologik simptom – bosh miyaning lokal zararlanishlarida paydo bo‘ladigan oliy ruhiy funktsiyaning buzilishi.
  3. Birlamchi neyropsixologik simptom – aniq bir psixologik funktsiyaga javob beruvchi markazning bevosita zararlanishi sababli yuzaga kelgan simptom.
  4. Ikkilamchi neyropsixologik simptom – birlamchi neyropsixologik simptom paydo bo‘lganligi sababli yuzaga kelgan boshqa oliy ruhiy funktsiyaning buzilishi.
  5. Neyropsixologik sindrom – kelib chiqish mexanizmi bir-biriga bog‘liq bo‘lgan bir nechta neyropsixologik simptomlar yig‘indisi.
  6. Neyropsixologik faktor – neyropsixologik sindromni yuzaga keltiruvchi  etiologik omil.
  7. Sindrom analizi (faktor analizi) – morfofunktsional tuzilmalar zararlanishi sababli yuzaga kelgan neyropsixologik buzilishlarni aniqlash usuli.
  8. Neyropsixologik tashxis – bosh miyaning lokal va diffuz zararlanishlarida topik tashxisni aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan  neyropsixologik tekshiruvlar natijasida olingan xulosa.
  9. Oliy ruhiy funktsiyalar lokalizatsiyasi – bosh miyaning ma’lum bir sohasini aniq bir oliy ruhiy funktsiyaga mas’ulligini ko‘rsatib beruvchi tushuncha.
  10. Yarimsharlararo funktsional asimmetriya – bosh miyaning chap va o‘ng yarim sharlarida funktsiyalarning asimmetrik tarzda joylashuvi.
  11. Yarimsharlararo munosabatlar – ma’lum bir funktsiyalarni bajarishda ikkala yarim sharning o‘zaro ishtirokini ko‘rsatib beruvchi ibora.
        Oliy ruhiy funktsiyalarning dinamik joylashuv qonuni. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, lokalizatsionchilar har bir psixik funktsiyaga po‘stloqning ma’lum bir qismi javob beradi, deb hisoblashgan. Lokalizatsionizm ta’limoti namoyandasi nemis olimi K. Kleyst edi. U 1934 yili “Miyaning lokalizatsiya xaritasi”ni yaratdi va unda oliy ruhiy funktsiyalar markazlarini joylashtirib chiqdi.
        Parallel tarzda bu ta’limotga mutlaq teskari bo‘lgan yo‘nalish, ya’ni ekvipotenttsializm (antilokalizatsionizm) ta’limoti ham paydo bo‘ldi. Ekvipotentsialistlar har bir oliy ruhiy funktsiya uchun bosh miya po‘stlog‘ining barcha qismlari javob beradi, ularni bir joyda joylashtirish noto‘g‘ri, degan nazariyani ilgari surishdi. Ushbu ta’limotning asoschilari P. Flurans, F. Xolts, K. Leshli edi. 
        Keyinchalik bu ikkala ta’limot ham inqirozga uchradi. Nima uchun? Birinchidan,  po‘stloqning lokal zararlanishlarida har doim ham neyropsixologik buzilishlar yuzaga kelavermadi. Ikkinchidan, yuzaga kelgan neyropsixologik buzilishlar regressga uchraganda ham lokal buzilishlar saqlanib qolaverdi. Bu, albatta, qiziqarli fenomen edi.
       Ushbu ikkala ta’limotni o‘zaro solishtirib mukammal o‘rganishga urinishlar va klinikada qo‘lga kiritilgan yangi ma’lumotlar oliy ruhiy funktsiyalarning sistem dinamik joylashish qonuni yaratilishiga turtki bo‘ldi. ORF po‘stloqning tor bir sohasida joylashishi mumkin emas, balki uning har biri uchun o‘zaro faoliyat ko‘rsatuvchi funktsional sistemalar javobgardir, ya’ni har bir oliy ruhiy funktsiyaning ta’minlanishida bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ining turli qismlari o‘z hissasini qo‘shadi.

         Bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i
          
        Bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i (keyinchalik po‘stloq) ham filogenetik, ham ontogenetik jihatdan keyin paydo bo‘lgan tuzilmadir. Po‘stloqning asosiy vazifalaridan biri – insonning ruhiy faoliyatini boshqarish. Bir so‘z bilan aytganda, po‘stloq ongli faoliyatga mas’ul. Po‘stloq kulrang tusga ega bo‘lib, o‘rtacha 14 mlrd.  nerv xujayrasi, ya’ni neyronlardan tashkil topgan. Po‘stloq qalinligi – 3-4 mm.
         Po‘stloq g‘adir-budur tuzilishga ega bo‘lib, unda pushtalar va egatchalar farq qilinadi. Po‘stloq 6 qavatdan iborat: 1 – molekulyar qavat; 2 – tashqi donador qavat; 3 – kichik piramidal xujayralar qavati; 4 – ichki donador qavat; 5 – katta piramidal xujayralar qavati; 6 – polimorf xujayralar qavati. 
      Po‘stloq neyronlararo aloqalarning juda ko‘pligi bilan ajralib turadi. Bola dunyoga kelgandan to 18 yoshga to‘lgunga qadar ushbu aloqalar soni ko‘payib boradi.  
Birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi maydonlar. Po‘stloqda birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi maydonlar farq qilinadi (3.1-rasm). 
 

 
1-rasm (a, b, v). Po‘stloqda joylashgan proektsion, proektsion-assotsiativ va assotsiativ maydonlar: a – birlamchi maydonlar; b – ikkilamchi maydonlar; v – uchlamchi maydonlar

       Birlamchi maydonlar proektsion tipdagi xujayralardan iborat bo‘lib, po‘stloq markazlarini periferiya bilan bog‘laydi. Masalan, oldingi va orqa markaziy pushta neyronlari, ensa sohasida joylashgan ko‘ruv markazi, chakka sohasida joylashgan eshituv markazi birlamchi maydonlarga kiradi (1-jadval). 
                                                                                                                      1-jadval 

Po‘stloq maydonlari
Brodmann maydonlari
Birlamchi maydonlar 
(proektsion sohalar)
 3 – orqa markaziy pushta
4 – oldingi markaziy pushta
17 – birlamchi ko‘ruv sohasi
41 – birlamchi eshituv sohasi 
Ikkilamchi maydonlar  
(proektsion-assotsiativ sohalar)

 1, 2 va 5-maydonlar – teri-kinestetik analizatori; 
18 va 19 – ko‘ruv gnostik markazlari
22 va 42 – eshituv analizatori;
6 va 8-maydonlar (premotor soha) – harakat analizatori 

Uchlamchi maydonlar 
(assotsiativ markazlar)
Peshona sohasida – 9, 10, 11, 45, 46, 47;
Chakka sohasida – 21 va 31 maydonlar;
Pastki parietal pushta – 39 va 40 maydonlar 
 

         Barcha birlamchi maydonlarni topik tamoyil asosida tavsiflash mumkin. Chunki ushbu markazlar aniq bir funktsiyani bajarishga ixtisoslashgan va periferiya bilan bog‘langan. Masalan, ko‘ruv apparatidan keluvchi signallar 17-maydonga, eshituv apparatidan 41-maydonga, umumiy sezgidan keluvchi signallar  3-maydonga keladi. Harakat bilan bog‘liq yo‘llar esa 4-maydondan boshlanadi. Umuman olganda, birlamchi maydonlar zararlanishi neyropsixologik simptomlar emas, balki nevrologik simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Bunday buzilishlar nevrologik tekshiruvlar yordamida darrov aniqlanadi. Bunga misol qilib gemiparez, gemianesteziya, kortikal ko‘rliklarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.
       Ikkilamchi maydonlar birlamchi maydonlar yonida joylashgan bo‘lib, proektsion-assotsiativ hujayralardan iborat. Birlamchi maydonlarga kelib tushgan signallar ikkilamchi maydonlarga uzatiladi va bu erda ular murakkab analiz va sintez qilinadi. Masalan, 17-maydon predmetni ko‘radi, biroq uning nimaligini tanimaydi, 18 va 19-maydonlar esa predmetni taniydi. Shuning uchun ham 17-maydon zararlansa, kortikal ko‘rlik paydo bo‘ladi. 18 va 19-maydonlar zararlansa, ko‘ruv agnoziyasi rivojlanadi. Demak, 17-maydon obektni ko‘rish uchun javobgar bo‘lsa, 18-maydon obektni tanish (bilish) uchun javobgar. 
        Uchlamchi maydonlar faqat assotsiativ neyronlardan iborat bo‘lib, po‘stloqda bir necha analizatorlar bilan chegaradosh sohalarda joylashgan. Uchlamchi maydonlar po‘stloqning deyarli yarmini egallagan bo‘lib, turli funktsional sistemalarni bir-biri bilan bog‘lab turadi. Uchlamchi maydonlar joylashgan sohalarni po‘stloqning assotsiativ sohalari deb atashadi. Ular kalta o‘simtali yulduzsimon xujayralardan iborat. Assotsiativ sohalar po‘stloqning temporal, parietal va oksipital bo‘laklari chegarasida (TPO sohasi) hamda prefrontal sohada joylashgan. Faqat inson uchun xos bo‘lgan o‘ta murakkab intellektual operatsiyalar aynan uchlamchi maydonlar faoliyati bilan bog‘liq. Bunga nutq va u bilan bog‘liq bo‘lgan ongli faoliyatni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Birlamchi va ikkilamchi maydonlar hayvonlarda ham bo‘ladi. Biroq uchlamchi maydon ularda yo‘q.
        O‘tkazuvchi yo‘llar. Avval aytib o‘tganimizdek, bosh miya katta yarim sharlarining oq moddasi o‘tkazuvchi yo‘llardan iborat. O‘tkazuvchi yo‘llar 3 turga ajratib o‘rganiladi:
  1. Assotsiativ – bitta yarim sharning turli sohalarini bir-biri bilan bog‘lovchi yo‘llar. Ularning aksariyati ravoqsimon kalta yo‘llar.
  2. Komissural – ikkala yarim sharni bir-biri bilan bog‘lovchi yo‘llar (corpus callosum);
  3. Proektsion – bosh miya katta yarim sharlarini MNS ning pastki tuzilmalari bilan bog‘lovchi yo‘llar (piramidal yo‘llar, sezgi yo‘llari va h.k).


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
            © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
               ©asab.cc)





Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив