FIKRLAShNI TEKShIRISh


Fikrlash – ontogenetik rivojlanish davrida bilish jarayonlari negizida shakllanadigan va faqat inson uchun xos bo‘lgan murakkab jarayon. Fikrlashni tekshirishning oddiy usullarini keltirib o‘tamiz.

“Ortiqchasini chiqarib tashlash” usuli

           Maqsad: Fikrlash doirasini aniqlash. 
O‘tkazilish tartibi: Sinaluvchiga har xil narsalar, o‘simliklar va hayvonlarning nomlari yozilgan qator ko‘rsatiladi. Nomlar qatori shunday tuzilishi kerakki, sinaluvchi ularning ichidan ma’no bo‘yicha to‘g‘ri kelmaydigan nomlarni chiqarib tashlashi kerak.
Ko‘rsatma: “Quyidagi so‘zlarni o‘qib chiqing. Ma’no va mazmuni jihatdan ushbu qatorga to‘g‘ri kelmaydigan bitta so‘zni (nomni) chiqarib tashlang. Siz chiqarib tashlagan so‘z (nom) nima uchun ushbu qatorga to‘g‘ri kelmasligini tushuntirib bering”.
       1.    O‘rdak, baliq, tovuq, kurka, xo‘roz.
       2.    Karam, sabzi, turp, olma, sholg‘om.
       3.    Kitob, daftar, qalam, bloknot, qog‘oz.
       4.    Televizor, radio, kompyuter, pult, noutbuk.
       5.    Arra, bolg‘a, mix, bolta, beshik, tesha.
       6.    Oltin, kumush, mis, alyuminiy, temir.
       7.    Parij, London, Samarqand, Rim, Tokio, Kopengagen.
       8.    Avstriya, Frantsiya, Italiya, Norvegiya, Xiva.
       9.    Qo‘y, it, echki, ot, tovuq, xo‘roz, bo‘ri.
     10.     Kahva, choy, vino, sut, sharbat, bo‘tqa.

       Xulosa. Agar qisqa muddat ichida hammasiga to‘g‘ri javob berib izohlab bersa, fikrlash doirasi yaxshi (3 ball), topshiriqni bajarishda birmuncha xatoliklarga yo‘l qo‘ysa, fikrlash doirasi qoniqarli (2 ball), topshiriqning ma’no-mazmuniga tushunmay uni bajara olmasa, fikrlash doirasi past (1 ball).  

“Tanlab ko‘rsatish” usuli
Maqsad: Fikrlash doirasini tekshirish.
O‘tkazilish tartibi: Sinaluvchiga turli narsalar (ob’ektlar) nomi yozilgan qator ko‘rsatiladi. Sinaluvchi ularni diqqat bilan kuzatib ob’ektlarning turli xususiyatlari bo‘yicha ketma-ket joylab chiqish kerak.
       Ko‘rsatma:
       1.    Uchish tezligi bo‘yicha ketma-ket joylashtiring: raketa, dron, o‘q, vertolyot, samolyot.
       2.    Yorug‘lik darajasi bo‘yicha ketma-ket joylashtiring: projektor, fonar, oy, quyosh, lampa, sham.
       3.    Sekin yurishi bo‘yicha ketma-ket joylashtiring: quyon, toshbaqa, tipratikan, timsoh, qoplon.
       4.    Dumining uzunligi bo‘yicha ketma-ket joylashtiring: tuya, quyon, olmaxon, tipratikan.
       5.    Tanani issiq tutishi bo‘yicha joylashtiring: mayka, palto, ko‘ylak, kostyum.
       6.    Uzunligi bo‘yicha joylashtiring: Toshkent teleminorasi, Eyfel minorasi, Rio-de Janeyro teleminorasi, Ostankino teleminorasi.
       7.    Ushbu viloyatlarni er maydonining kattaligi bo‘yicha joylashtiring: Navoiy, Qashqadaryo, Xorazm, Farg‘ona, Toshkent.
       8.    Qaysi alloma oldin tug‘ilganligi bo‘yicha joylashtiring. Alisher Navoiy, Amir Temur, Ibn Sino, Gippokrat, Platon.
       9.    Issiqlikni tez o‘tkazishi bo‘yicha joylashtiring: mis, alyuminiy, oltin, temir.
       Xulosa chiqarish: Agar qisqa muddat ichida hammasiga to‘g‘ri javob berib izohlab bersa, fikrlash doirasi yaxshi (3 ball), topshiriqni bajarishda birmuncha xatoliklarga yo‘l qo‘ysa, fikrlash doirasi qoniqarli (2 ball), topshiriqning ma’no-mazmuniga tushunmay uni bajara olmasa, fikrlash doirasi past (1 ball) deb xulosa chiqariladi. Albatta, bu erda qo‘yilgan savol bo‘yicha bilim darajasi ham ahamiyatga ega. Masalan, qaysi mutafakkir qachon tug‘ilganligini sinaluvchi bilmasligi mumkin va h.k.

Fikrlash faolligini aniqlash

       Buning uchun talabalarga turli xil topshiriqlar beriladi va vaqt belgilab olinadi. Har bir topshiriq bir daqiqa mobaynida bajarilishi kerak. 
Birinchi topshiriq. “Men vaqtni belgilayman. Sizlar 1 daqiqa mobaynida daftarga A harfi bilan boshlanuvchi shaharlar nomini yozasiz. Qancha ko‘p yozsangiz shuncha yaxshi”. Belgilangan vaqt o‘tishi bilan keyin daftarlar yig‘ishtirib olinadi. Ko‘rsatilgan muddat ichida kim ko‘p nom yozgan bo‘lsa va ularning nomi to‘g‘ri bo‘lsa, o‘sha talabaning fikrlash faolligi yaxshi saqlangan hisoblanadi. 
       Ikkinchi topshiriq. “Bir daqiqa mobaynida o‘z viloyatingizda mavjud bo‘lgan yirik ob’ektlar nomini yozib chiqing. Kim ko‘p nom yozsa, o‘sha g‘olib hisoblanadi. Biroq orfografik va stilistik xatolarga yo‘l qo‘ymang. Qisqartirishlar bo‘lmasin”.
       Xuddi shu tartibda meva va sabzavotlar, uy hayvonlari, yovvoyi hayvonlar nomini yozib ham fikrlash faolligi va doirasini tekshirish mumkin. Bunday topshiriqlar esda saqlash darajasini ham ko‘rsatib deradi. 
       Uchunchi topshiriq. «Bir daqiqa mobaynida M, O‘, V, S harflardan foydalanib jumla tuzing. Masalan: «Men O‘z Vatanimni Sevaman». Jumlalar ma’no va mazmun jihatdan to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi kerak. Topshiriq bajarilgandan so‘ng to‘g‘ri tuzilgan jumlalar soni hisoblab chiqiladi.
       To‘rtinchi topshiriq. O‘qituvchi doskaga aylana, kvadrat, uzun chiziqlar, tsilindr, spiral, to‘lqinli chiziq, doira va biror bir narsaning shaklini (masalan, uy, kema, poezd) yaratsa bo‘ladigan turli geometrik shakllarni chizadi. So‘ng o‘qituvchi talabalarga ko‘rsatma beradi: Bir daqiqa mobaynida ushbu geometrik shakllardan iloji boricha ko‘proq tugallangan rasmlar yaratishingiz kerak. Faqat doskada ko‘rsatilgan shakllardan foydalaning”. 
       Topshiriq bajarib bo‘lingandan so‘ng to‘g‘ri tuzilgan rasmlar sanab chiqiladi. Bu topshiriq diqqat va xotira o‘tkirligi, fikrlash qobiliyatini tekshirish uchun qo‘llaniladi.
    Barcha topshiriqlar bajarib chiqilgandan so‘ng to‘g‘ri bajarilgan topshiriqlar soni hisoblab chiqiladi. Shu yo‘l bilan nafaqat talabalarning fikrlash qobiliyati, balki ularning bilimini baholashda ham foydalanish mumkin. Topshiriqni birinchi bo‘lib bajargan talabaga 5 ball, undan keyingi talabalarga esa 4, 3, 2 va 1 ball qo‘yiladi.

Analogiya yaratish

        Sinaluvchiga har xil so‘zlar yozilgan material ko‘rsatiladi. Sinaluvchi ularning ro‘parasiga ma’no va mazmun jihatidan mos keluvchi so‘zlarni yozib chiqishi kerak. So‘zlarning kam yoki ko‘pligiga qarab vaqt belgilanadi (1, 3, 5 daqiqa). Masalan, o‘n – son, kuchuk – hayvon, archa – daraxt, qish – sovuq, so‘z – gap, jigar – a’zo, psixologiya – fan, dushanba – hafta kuni, telefon – aloqa vositasi, Toshkent – poytaxt yoki Toshkent – shahar va h.k. Bu sinamani og‘zaki tarzda o‘tkazish ham mumkin.
        
Maqollar va aforizmlar ma’nosini tushuntirib berish

       Sinaluvchiga bir nechta maqol va aforizmlar aytiladi. Sinaluvchi ularning ma’nosini tushuntirib berishi kerak. Vaqt belgilanishi shart emas. Masalan, “Temirni qiziganda bos”, “Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi”, “Ko‘rpangga qarab oyoq uzat”, “Baliq boshidan sasiydi”, “Daraxtni chopsa, uning shoxlari uchadi”, “Hamma yaltiragan narsa ham oltin bo‘lavermaydi”, “Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi”, “Nima eksang, shuni o‘rasan”, “Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas”, “Bo‘ridan qo‘rqqan o‘rmonga bormas”, “Etti o‘lchab, bir kes”, “Tilim mening, dushmanim mening”, “Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi”, “Bir bolaga etti mahalla ota-ona”, “Jo‘jani kuzda sanashadi”, “Kiyimga qarab kutib olishadi, aqliga qarab kuzatib qo‘yishadi”, “Tomdan tarasha tushgandek”, “Er-xotinning urishi, doka ro‘molning qurishi” va h.k. 

Intellekt darajasini tekshirish uchun Veksler testi (shkalasi)

       Veksler testi (shkalasi) intellekt darajasini tekshirish uchun qo‘llaniladi. Devid Veksler tomonidan 1939 yili ishlab chiqilgan. Ushbu test turli yoshda intellekt darajasini, aniqrog‘i, aqliy rivojlanish darajasini aniqlash va baholash uchun qo‘llaniladi. 
     Veksler bo‘yicha IQ-ko‘rsatkichlari: 
  1. Juda yuqori – 130 ball. 
  2. Yuqori – 120-129 ball.
  3. Yaxshi – 110-119 ball. 
  4. O‘rtacha – 90-109 ball. 
  5. Past – 80-89 ball. 
  6. Yomon – 70-79 ball. 
  7. Aqliy defekt – u 2,2% 

       Mutaxassislar fikricha, er shari aholisining 2,2 % juda yuqori, 6,7 % yuqori, 16,1 % yaxshi, 50 % o‘rtacha, 16,1 % past, 6,7 % yomon intellektga ega bo‘lsa, aholining 2,2 % aqliy nuqson bilan tug‘ilgan. Biroq bu tadqiqot ishi barcha davlatlarni o‘z ichiga qamrab olmagan.

Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив