Frigidlik
Ayollarda uchraydigan jinsiy sovuqqonlikka frigidlik deb ataladi. Libidosi yo‘q va orgazm kuzatilmaydigan ayollar frigid hisoblanishadi. Frigidlikning 3 darajasi farqlanadi: I daraja – jinsiy aloqa ozgina bo‘lsa-da, yoqimli taassurotlar ostida ro‘y beradi, qin ho‘llanadi, lekin orgazm kuzatilmaydi; II daraja – jinsiy aloqaga befarq, jinsiy qo‘zg‘alish va yoqimli taassurotlar yo‘q; III daraja – jinsiy aloqani o‘ta yomon ko‘radi, jinsiy aloqadan qochishga intiladi, jinsiy aloqa paytida kuchli og‘riq sezadi.
Mutaxassislar shartli ravishda frigidlikning 4 turini ajratishgan: 1) retardatsion; 2) psixogen; 3) simptomatik; 4) konstitutsional.
1. Retardatsion frigidlik jinsiy hirsning kech rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, o‘tib ketuvchi xususiyatga ega. Umuman olganda, hamma sog‘lom ayollarda ham orgazm jarayoni bir xil davrda rivojlanavermaydi. Orgazm turmush qurgandan bir hafta, bir oy, ba’zan yillar o‘tgandan so‘ng kuzatiladi. Ko‘pchilik ayollarda u o‘smirlik davridan boshlansa, boshqalarda faqat turmushga chiqqach yoki tuqqanidan so‘ng rivojlanadi. Aksariyat qizlarda orgazm (taxminan 25 %) to‘la jinsiy balog‘at yoshiga etganda paydo bo‘ladi. Jinsiy hayotga bo‘lgan talab 25-30 yoshgacha bo‘lgan erkaklarda yuqori bo‘ladi, 30 yoshdan so‘ng esa libido biroz pasayib boradi. Aksariyat ayollarda buning aksi kuzatiladi, ya’ni libido 30 yoshdan so‘ng kuchayadi. Lekin 45-50 yoshga etmasdan jinsiy mayli pasayib boradigan va butunlay yo‘qoladigan ayollar soni ham ko‘p. Bu ikkala bir-biriga zid holatning aniq bir statistik ko‘rsatkichlari yo‘q. Ba’zan erkaklar yosh ayollarning jinsiy hayotga bo‘lgan fiziologik talabini ortiqcha baholab yuborishadi va yoshi kattaroq ayollarnikini esa past deb o‘ylashadi. Chunonchi, 30 yoshgacha bo‘lgan ayollarning aksariyati turmush o‘rtog‘ining jinsiy tomondan juda faolligini aytishsa, 30 yoshdan oshgandan so‘ng esa ularning sustligidan shikoyat qilishadi. 16-18 yashar qizlarning jinsiy hayoti 25-30 yashar ayollarnikidan biroz farq qiladi. Ularning ko‘pchiligi uchun sevish va sevilish, xiyobonlarda sayr qilish, tez-tez uchrashib turish, o‘pishib-quchoqlashish jinsiy aloqaga qaraganda afzal hisoblanadi. Jinsiy yaqinlikka, asosan, yigitlar majburlashadi, erta boshlangan (o‘zaro xohish bilan bo‘lsa-da) jinsiy hayotdan aksariyat qizlar o‘zlarini haqoratlangandek sezishadi.
2. Psixogen frigidlik. Psixogen frigidlik seksual ehtiyojlarni ruhiy yo‘llar bilan to‘xtatib yurishda ro‘y beradi. Buning sabablari turlicha. Sevmasdan turmush qurish, erining jinsiy zaifligi, oilaviy janjallar, boshqa birovni sevib qolish, farzand bo‘lmasligi, jinsiy aloqalar paytida har tomon o‘z usulini taklif qilaverishi kabi psixologik holatlar psixogen frigidlik rivojlanishiga olib keladi. Lekin bu buzilishlar vaqtincha bo‘lib, psixologik to‘siqlar olib tashlangandan so‘ng o‘tib ketadi.
Bu vaziyatga oid adabiyotlarda yozib qoldirilgan bir misolni keltirib o‘tamiz. Jismoniy tarbiya institutini tugatgan 25 yoshli qiz kichik bir shaharga o‘qituvchi bo‘lib ishga keladi. O‘sha shaharga o‘zi bilan birga o‘qigan jismonan baquvvat yigit ham ishga yuboriladi. Qiz unga turmushga chiqishga rozilik beradi. Nikohning birinchi kechasi vino ichib mast bo‘lib qolgan kuyov avvallari qizlar bilan nima ishlar qilgani, ular uning qobiliyatini doimo yuqori baholaganliklarini maqtanib, oqizmay-tomizmay yoriga gapirib beradi. Bu gaplar qizda yigitga nisbatan qattiq nafrat uyg‘otadi. Turmush o‘rtog‘ining jinsiy qobiliyati yaxshi bo‘lsa-da, unga nisbatan hech qanday jinsiy mayl sezmaydi. Boshqa yigit bilan (jinsiy tomondan uncha kuchli bo‘lmasa-da) jinsiy aloqa paytida orgazm kuzatilgan. U eri bilan ajrashib, o‘sha yigitga turmushga chiqqan. Bu voqea psixologik frigidlikka yaqqol misol bo‘la oladi va jinsiy aloqaning nafaqat fiziologik, balki psixologik jarayon ekanligini tasdiqlaydi.
Jinsiy tuyg‘uni to‘xtatadigan ruhiy omillarga jinsiy aloqa paytida kuzatiladigan og‘riqli defloratsiya, kasallanib qolish va boshqalarga gap-so‘z bo‘lishdan qo‘rqish kabi holatlar ham kiradi.
3. Simptomatik frigidlik. Birorta kasallik natijasida rivojlanadigan frigidlikka simptomatik frigidlik deb ataladi. Bosh miya va orqa miyaning organik kasalliklari, endokrin buzilishlar, urologik va ginekologik kasalliklar, nasliy kasalliklar, giyohvandlik, aroqxo‘rlik, turli etiologiyali entsefalopatiyalar, endogen depressiyalar, og‘ir yuqumli kasalliklar frigidlikka olib kelishi mumkin.
4. Konstitutsional frigidlik. Buning asosida psixoseksual funktsiyalarning tug‘ma etishmovchiligi yotadi. Masalan, xuddi tug‘ma musiqiy karlik bo‘lgani kabi tug‘ma frigid ayollar ham bo‘ladi. Bu ayollarda boshqa hamma a’zo va sistemalar sog‘lom, jinsiy a’zolari anatomik jihatdan yaxshi rivojlangan, onalik funktsiyasi saqlangan bo‘lishi mumkin, lekin ularda turli darajada ifodalangan frigidlik kuzatiladi. Bunday ayollar uchun frigidlik kasallik emas, balki tug‘ma nuqsondir. Odatda, ular ichida onanizm bilan shug‘ullanganlari bo‘lmaydi, erkaklar bilan jinsiy yaqinlikka intilishmaydi, odatda, sevib turmush qurishmaydi, jinsiy aloqa orgazm bilan tugamaydi, vrachlarga borib davolanishni xohlashmaydi ham.
Frigidlikning bunday tasnifini mukammal deb bo‘lmaydi, chunki simptomatik va retardatsion frigidlikda psixologik omilni inkor qilish qiyin.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha