FREYD TA’LIMOTI
Freyd yaratgan psixonaliz to‘g‘risidagi nazariya inson ruhini bir muz tog‘iga qiyoslaydiki, go‘yo uning ustki, ya’ni oltidan bir qismi ong bo‘lsa, suv ostida ko‘rinmay yotgan oltidan besh qismi ong osti, ya’ni ongsizlikdir (1-rasm).
Psixoanaliz fani o‘z oldiga ongdan yashirinib yotgan chuqur psixologik jarayonlarning sir-asrorini ochishni maqsad qilib qo‘yadi va shu yo‘l bilan nevrozni keltirib chiqaruvchi omillarni o‘rganadi. Z.Freyd «yashirinib» yotgan psixologik jarayonlarni ongsiz jarayonlar deb atadi. Rus psixologlari bu holatni turli atamalar bilan ta’riflashadi: «bessoznatelnoe» (ongsizlik), «podsoznatelnoe» (ongostlilik), «podsoznanie» (ong osti). Ba’zi o‘zbek psixologlari “ongostlilik” degan atamani ma’qul topishadi. Adabiyotshunoslar esa “shuur” so‘zi ong ostini izohlaydi deb hisoblashadi. Shunday qilib, hanuzgacha fanda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lib kelayotgan va mohiyati to‘laligacha o‘rganilmagan ushbu noaniq psixologik jarayonlarning atamasi ham noaniq bo‘lib qolmoqda. Ularning asl ma’nosini o‘zgartirmaslik maqsadida biz «ongsizlik» atamasini ma’qul topdik va darslikda ushbu atamadan foydalanamiz.
Z. Freyd ta’biri bilan aytganda, ongdan siqib chiqarilgan odamning tabiiy instinktlari ong ostida qo‘nim topadi. Ongsizlik tug‘ma xususiyat bo‘lib, insonning barcha xatti-harakatlarini ifodalab turadi. Ongsizlikni psixoanaliz ta’limoti o‘rganadi. Psixoanaliz ta’limoti yaratilishiga, asosan, nevroz kelib chiqishining asl mohiyatini izlash va bu kasallikni davolashda o‘sha davrdagi mavjud psixoterapevtik usullar kam samara berishi turtki bo‘lgan. Z. Freyd nevrozning kelib chiqishini o‘zi yaratgan psixoseksual nazariyaga asoslanib tushuntirib berdi.
Z. Freyd o‘z kuzatuvlariga asoslanib, ruhiyatning yangi modelini yaratdi. Unga asosan, bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lgan 3 ta psixologik tuzilma mavjud. Bular – Id, Ego va Super-Ego. «Id» — bu instinktlar. U ongdan xolis. «Ego» — bu Men. Uning ongi bor. «Super-ego», ya’ni Super-men – bu odamni o‘rab turgan muhit, jamiyat. U odamning xulq-atvorini «tepadan» nazorat qilib turadi. Bu tushunchalarning har biriga ta’rif berib chiqamiz.
Id yoki instinktlar. Z. Freydning fikricha, evolyutsiyaning dastlabki bosqichida o‘zini himoya qilish va ovqat izlash instinkti odamning xulq-atvorini belgilab bergan. Shu bilan parallel holda yoki birozdan so‘ng ularga seksual instinkt qo‘shilgan. Bu instinktlarni Freyd «Id» deb atagan. «Id» ongda aks etmaydi. U ong ostida joylashgan, to‘g‘rirog‘i, ong ostiga tiqishtirilgan. «Id» qoniqish printsiplariga asoslanib faoliyat ko‘rsatadi. Bu erda jinsiy qoniqish alohida o‘rin tutadi.
Dastlab Freyd barcha instinktlar ichida seksual instinktga katta urg‘u beradi va odamning xatti-harakatlarini seksual qoniqmaslik bilan bog‘laydi. Uning fikricha, aynan ushbu instinkt odamning xulq-atvorini tug‘ilganidan buyon boshqarib keladi. Z.Freyd qondirilmagan his-tuyg‘u yoki jinsiy maylning ruhiy quvvati ong ostida to‘planib boradi va o‘z ifodasini topishga urinadi, deb fikr yuritadi. Shuning uchun ham uni panseksualizmda ayblashadi.
«Id» doimo «Men» va «Super-men» bilan murosasiz jang olib boradi, chunki ular «Id»ni tinimsiz nazorat qilishga intiladi. «Id» kuchli energiyaga ega bo‘lsa-da, «Men» uni ong ostidan suzib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun ham «Id» tajovuzkordir.
«Men» nazoratni to‘la qo‘lga olgunga qadar instinktlar go‘yoki odamning hayot tarzini, ya’ni xulq-atvorini belgilab bergan. «Men» rivojlanishi odamning hayot tarzini o‘zgartirib yubordi va uning xulq-atvorini nazorat ostiga oldi. O‘sha paytda ham, hozirda ham psixoanalitiklar «Id» – bu odamning hayot tarzini belgilab beruvchi asosiy manba deb hisoblashadi.
«Id» o‘zgarmas, «Men» esa o‘zgarib, rivojlanib boradi. Odam boshqa jonzotlardan aql-zakovat, ya’ni ongning borligi bilan farq qiladi. Demak, ong – bu «Men» demakdir. Agar odam faqat «Id»ga bo‘ysunib yashaganida edi, uning hayot tarzi hayvonlarnikiga o‘xshab qolardi. Vaholanki, odam faoliyati ongli jarayondir va u o‘z xatti-harakatlarida ham, asosan ongga tayanadi.
Psixoanalitiklar odamni, aniqrog‘i, uning ruhini tirik hujayraga o‘xshatishadi. Bunda hujayraning tashqi pardasi «Men» bo‘lsa, uning ichki tarkibi – «Id». Hujayraning ichida moddalar almashinuvi natijasida katta energiya to‘planadi va kuchli energiyaga ega bo‘lgan «Id» tashqariga yorib chiqqisi keladi. Bunga esa hujayraning tashqi pardasi, ya’ni «Men» yo‘l qo‘ymaydi. Xo‘sh unda «Super-men» nima? Ma’lumki, hujayralar to‘plami to‘qimani, to‘qimalar a’zolarni, a’zolar esa organizmni tashkil qiladi. Demak, «Super-men» – barcha «Men»lar yig‘indisi. Hujayra organizmda hayot kechirgani kabi, organizm ham hujayrasiz yashay olmaydi. Organizm – bu «Super-men».
«Super-men» – bu jamiyat qonunlari, axloq printsiplari va din talablari. «Super-men» «Men» bilan birgalikda seksual xususiyatlarga boy bo‘lgan «Id»ni nazorat qiladi. Buning natijasida ular orasidagi ziddiyatlar kuchayadi. Z.Freydning fikriga ko‘ra, nevrozning kelib chiqishiga «Super-men» va «Men» sababchi. Psixoanalitiklar nevrozni psixoterapevtik yo‘l bilan davolashda aynan mana shu nazoratni kamaytirish yoki to‘xtatishga va shu yo‘l bilan «Id»ni ong doirasiga suzib chiqishiga yordam berishadi. Buning natijasida «Id» tajovuzkorligi pasayib, nevroz belgilari chekinadi. Z. Freyd «Men» va «Id» orasidagi munosabatlarni chavandoz bilan otning munosabatlariga qiyoslab ham tushuntirib bergan. Freydgacha A.Shopengauer xuddi shunday qiyoslashni iroda va tafakkur orasidagi munosabatlarning ta’riflash uchun ishlatgan edi. Chavandoz otni o‘zi boshqarsa-da, faqat uning quvvati hisobiga harakatlanadi. Kerak paytda chavandoz o‘zanni qattiq ushlab, otni to‘xtatishi va o‘zi xohlagan tomonga yo‘naltira olishi zarur, aks holda u yiqilib qattiq jarohat oladi yoki halok bo‘ladi. Ba’zi vaziyatlarda qachon to‘xtash va qaysi tomonga yurish kerakligini chavandoz emas, balki otning o‘zi tanlaydi. Masalan, chavandoz uxlab qoladi, charchaydi yoki kasallanadi. «Men» (chavandoz)ning ahvoli «Id» (ot)ning ahvoliga qaraganda ancha xavotirli. Chunki «Men» bir tomondan atrof-muhit, ya’ni tashqi olamning qonun-qoidalariga amal qilishi, ikkinchi tomondan kuchli ot («Id»)ni boshqarishi kerak. «Men» ham tashqi olam, ya’ni «Super-men»ning talablarini, ham «Id»ning ehtiyojlarini qondirish uchun doim xavotirda yashaydi. Bu talablarni bajarish uchun «Men» doim sergak bo‘lib turishi kerak. Bu talablar bajarilmasa, aybdorlik hissi aynan uning bo‘yniga tushadi. Demak, «Men» doimo o‘zini himoya qilish yo‘llarini izlaydi. Z. Freyd nevrozning kelib chiqishini ushbu ziddiyatli munosabatlardan izlagan.
2-rasm. Psixoanalitiklar «Men», «Super-men» va «Id» orasidagi munosabatlarni qaltis joyda otni boshqarib borayotgan chavandozga qiyoslagan: Men» – bu chavandoz, «Super-men» – atrof-muhit, «Id» – katta quvvatga ega ot.
Keyinchalik Z. Freyd yaralangan harbiy xizmatchilarda ham nevroz va isteriya holatlarini kuzatadi. Bu kasalliklarni jinsiy mayl bilan izohlab bo‘lmasdi, albatta. Shu bois u tanqidga uchraydi. Endi Z.Freyd ong ostiga qamalgan va qondirilmagan ehtiyojlarni boshqacha yo‘l bilan qondirish kontsepsiyasi ustida bosh qotiradi. Seksual instinktni uning o‘rnini bosa oladigan boshqa bir faoliyat bilan almashtirish zarur. Freyd “sublimatsiya” iborasini qo‘lladi. Bu degani bir faoliyat turini ikkinchi faoliyat turi bilan almashtirish, ya’ni evrilish. U aytadiki, nevrozdan qutulish, ya’ni stressni bartaraf etish uchun seksual ehtiyojlarni qondirish shart emas. Buning uchun axloq qonunlariga zid kelmaydigan faoliyat bilan shug‘ullanish mumkin. Masalan, rasm chizish, sayrga chiqish, sport bilan shug‘ullanish, ijod qilish va h.k.
Psixoanalitik yo‘l bilan davolash nimaga asoslangan? Oddiyroq qilib aytganda, psixoanalitik bilan yolg‘iz qolgan mijoz o‘zini erkin qo‘yib, ko‘zlarini yarim yumgan holda yotadi yoki bemalol o‘tiradi va xayoliga kelgan barcha fikrlarini oqizmay-tomizmay so‘zlab beradi. Bu erda birorta ham sir qolmasligi va bemor uyalmasligi kerak. Ma’noli so‘zlarmi, ma’nosizmi, bemor ularni psixoanalitikka ochib tashlashi shart. Aks holda natija bo‘lmaydi. Ana shundagina, Z. Freyd ta’biri bilan aytganda, ruhiy poklanish, ya’ni «katarsis» ro‘y beradi va tuzalish jarayoni jadal kechadi.
Z. Freydning fikricha, eng muhimi mazkur assotsiatsiyalar ong tomonidan boshqarilmasligi kerak va bemor fikrini erkin ifodalashi zarur. Ana shundagina ong ostiga qamalgan istak-xohishlar va ong tomonidan taqiqlangan ziddiyatli muammolar o‘z echimini topadi va natijada nevroz chekinadi.
Freyddan keyingi psixoanaliz. Zigmund Freyd ta’limotining tarafdorlari ham, tanqidchilari ham ko‘p bo‘lgan. Uning eng yaqin safdoshlari va shogirdlari bo‘lmish Alfred Adler va Karl Gustav Yung uning ta’limotini avvaliga qo‘llab-quvvatlashdi, keyinchalik undan qisman voz kechishdi. Ular o‘zlarining ta’limotini yaratishdi. A. Adler individual psixologiya, K.G. Yung esa analitik psixologiya ta’limotini. Bu olimlar Z. Freydni tanqid qilishsa-da, aslida ular tanlagan yo‘nalish psixoanalizning davomi edi.
Alfred Adler (1870–1937)
Karl Gustav Yung (1875–1961)
A. Adler fanga «etishmovchilik hissi» degan tushunchani kiritdi. Uning fikricha, bu tuyg‘u tabiiy va tug‘ma bo‘lib, har birimiz uchun xos va shaxs rivojlanishida katta ahamiyatga ega. A.Adler fikriga ko‘ra, har bir inson umri mobaynida o‘zidagi ushbu etishmovchilikdan qutulish uchun boshqalar ustidan hukmronlik qilishga, ularning faolligini bostirishga intilib yashaydi. Buning uchun u o‘zidagi barcha imkoniyatlarni ishga soladi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intiladi. A. Adler bu jarayonni kompensatsiya yoki superkompensatsiya deb atadi. Superkompensatsiya – bu etishmovchilik hissiga bo‘lgan tug‘ma reaktsiyalarning ijtimoiy bir ko‘rinishidir. Adlerning fikricha, ana shu tug‘ma instinktlar odamni atrofdagilarga tajovuzkor qilib qo‘yadi. Demak, odamda nevroz rivojlanishining oldini olish uchun undagi etishmovchilik hissini bartaraf etish zarur. Vaholanki, A.Adler ham o‘z ta’limotida inson ruhiyati rivojlanishida instinktiv reaktsiyalarga urg‘u bergan.
K.G. Yung ta’limoti biroz boshqacha edi. U «jamoa ongsizligi» degan tushunchani taklif etdi. Yung individual ongsizlik va jamoa ongsizligi orasida aniq bir chegara chizig‘ini o‘tkazdi. Uning fikricha, jamoa ongsizligi individual ongsizlikdan farqli o‘laroq, avloddan avlodga uzatiladi va «Men» jamoa ongsizligi ta’siri ostida rivojlanadi.
Yungning fikricha, individual ongsizlik odamning shaxsiy tajribasida aks etadi. Bu tajribalar, albatta, qachonlardir ongda aks etgan, lekin ongdan siqib chiqarilishi natijasida unut bo‘lib ketgan. Jamoa ongsizligi — bu umuminsoniy tajribalar bo‘lib, har bir millat va elatlar uchun xos, u o‘tmishimizning yashiringan xotira izlaridir. U mifologiyada, xalq dostonlarida, diniy qarashlarda aks etgan bo‘lib, hozirgi zamon kishilarining ongida tush ko‘rish orqali namoyon bo‘lib turadi. Yung Freydning seksual nazariyasini tan olmadi va nevroz rivojlanishining boshqa bir qancha sabablarini ko‘rsatib, ularni isbot qilib berdi. Ularning ichida ijtimoiy kelishmovchiliklar, kishi hayotidagi fojiali davrlarni ham asosiy omil sifatida ko‘rsatdi.
Z. Freyd nazariyasini talqin va tanqid qiluvchilar safi yana kengayib bordi. XX asrning 30-yillari oxirida neofreydizm shakllana boshladi. Bu yo‘nalishning eng ko‘zga ko‘ringan tarafdorlari nemis olimi Erix Fromm (1900–1980) va amerikalik olima ayol Karen Xorni (1885–1952) edi.
Erix Fromm (1900–1980)
Karen Xorni (1885–1952)
Ular psixoanalizga sotsiologik yo‘nalishdagi ta’limotlarni kiritishdi. Bu ta’limotlar ham psixoanalizni panseksualizmdan yiroqlashtirdi. E. Fromm va K. Xorni instinktiv jarayonlarni inkor qilmagan holda insonning yashash faoliyatida odamlar orasidagi munosabatlarni ustun qo‘yishdi.
Neofreydizm tarafdorlari nevrozning kelib chiqish sababini quyidagicha talqin qilishadi: odam bolasi tug‘ilgandan xavotirda yashaydi, chunki uning qarshisida adovatli dunyo paydo bo‘ladi va bu xavotir e’tibor va mehribonlikning yo‘qligidan kuchayib boradi. Keyinchalik esa individ ijtimoiy omillarning qaqshatqich zarbasiga duch keladi va jamiyatda yolg‘izlanib qoladi, u o‘zining jamiyatga nisbatan begonaligini anglaydi. Demak, neofreydistlar fikricha, jamiyat shaxsning sinxron rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun ham nevrozning asosiy sababchisi jamiyatdir va aynan individni sog‘lomlashtirish orqali jamiyatni sog‘lomlashtirish mumkin.
Erix Fromm shaxs rivojlanishida tug‘ma omillar ahamiyatini, ya’ni bolaning seksual rivojlanishi, Edip kompleksi va jinsiy munosabatlarning ahamiyatini bo‘rttirib ko‘rsatmaslikni aytadi. U har bir odamdagi ruhiy kechinmalarni ijtimoiy muhitga sho‘ng‘ib ketganlik, deb bildi. Demak, seksual instinktlar shaxsni shakllantirmas ekan, balki shaxsning o‘zi ularni belgilab beradi.
Karen Xorni ta’limotida ham ijtimoiy omillar ahamiyati yuqori ekanligini ko‘rish mumkin. Jamiyatga nisbatan munosabatiga qarab 3 toifa odam shakllanishini ko‘rsatib o‘tdi: 1) odamlarga intiluvchilar, ya’ni mehribonlik izlovchilar; 2) odamlardan yiroqlashuvchilar, ya’ni yolg‘izlikka intiluvchilar; 3) odamlarga qarshi turuvchilar, ya’ni hukmronlikka intiluvchilar. Ushbu xususiyatlarning qay biri ustun kelishiga qarab 3 xil nevrotik shaxs shakllanadi: 1) itoatkor, qanday bo‘lmasin, boshqalarning muhabbati va e’tiborini qozonishni istovchi; 2) jamiyatni yoqtirmay undan yiroqlashishga intiluvchi; 3) davlatparast va odamlar ustidan hukmronlikka intiluvchi.
K. Xorni fikricha, bu reaktsiyalarning barchasi insonni qoniqtirmaydi, xavotir hech qachon yo‘qolmaydi, aksincha, borgan sari kuchayib, yangi va yangi kelishmovchiliklarni yuzaga keltiraveradi. Bu esa baribir odamda nevroz rivojlanishiga mezon yaratadi.
Shunday qilib, K. Xornining nevroz haqidagi ta’limotini quyidagicha sharhlash mumkin: nevroz kurtaklari bola tug‘ilgandan so‘nggi xavotirdan boshlanadi va adovatli dunyo bilan kurashib hayot kechiradi. Buning natijasida yuqorida qayd qilingan uchta himoya strategiyasi ishlab chiqiladi.
Demak, xulosa shuki, nevrozdan qutulish qiyin. Biz ushbu bobni pessimistik ruhda tugallash niyatimiz yo‘q. Albatta, Freyd yaratgan psixoanaliz nazariyasi va undan keyingi ta’limotlar nevroz rivojlanishi sabablarini juda yaxshi ko‘rsatib bergan va albatta bunga qarshi psixodinamik terapiya ham ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda psixoanaliz asosida yana yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. Biz shu erda o‘z kontsepsiyamizni ham ilgari surmoqchi edik. O‘ylaymizki, bizning kontsepsiya nevroz profilaktikasi uchun ham, davosi uchun ham va og‘ir asoratlarini to‘xtatish uchun ham xizmat qiladi. Nevrozni yuzaga keltiruvchi qandaydir voqea ro‘y bersa, “Shunday bo‘lishi kerak edi”, deb xitob qilish va shu holatga yana tushmaslik uchun “Shunday bo‘lmasligi mumkin edi” deb xitob qilish zarur. Bu bizga nima beradi? Kattami, kichikmi ko‘ngilsiz voqea ro‘y berganida “shunday bo‘lishi kerak edi”, deb xitob qilinishi o‘sha odam uchun vaziyatni to‘g‘ri baholash va uning ilk sabablarini anglash uchun yordam bersa, “shunday bo‘lmasligi mumkin edi”, deb xitob qilinishi, shu va shu kabi holatlarga yana tushmaslik uchun individual strategiya ishlab chiqishga yordam beradi. Biz ilgari surayotgan ushbu kontsepsiya nevrotik buzilishlar hali avj olib ketmasdan uni bartaraf etishga juda katta imkoniyat yaratib beradi va buning uchun psixoanalitik shart bo‘lmasligi mumkin. Bunda bemorning o‘zi psixoanalitik rolini o‘taydi. Buning uchun ushbu ikkala iborani nafaqat xitob qilish, balki unga amal qilish ham kerak. Bu esa oson. Bir necha yillardan buyon biz o‘zimiz ishlab chiqqan ushbu kontsepsiyani yuzlab bemorlarda qo‘llaganmiz va deyarli har doim ijobiy natija olganmiz Bu kontsepsiya har qanday savolga javob topadi va har qanday jumboqning echimini topib bera oladi.
Biz bemorlar bilan psixoanalitik suhbat o‘tkazayotganda ushbu ikkala iboraga qanday amal qilishni tushuntiramiz, izohlab beramiz. Ushbu uslub nafaqat nevroz, depressiya, xavotir va stressni endi kurtak otgan zahoti bartaraf etishda, balki o‘z joniga qasd qilish holatlarini ham oldini olishda qo‘l kelmoqda.
Nevrozning ilk sabablari va mohiyatini o‘rganishni boshlagan nevrolog olim Zigmund Freyd, keyinchalik mashhur psixoanalitik va faylasuf bo‘lib etishdi. Bugungi kunda uning ta’limoti tibbiy va ijtimoiy fanlarga chuqur kirib kelgan. Bular nevrologiya, psixiatriya, psixologiya, seksologiya, falsafa, badiiy san’at, etika, estetika, adabiyot va h.k.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc)
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha