Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Freyddan keyingi psixoanaliz

Freyddan keyingi psixoanaliz


Zigmund Freyd ta’limotining tarafdorlari ham, tanqidchilari ham ko‘p bo‘lgan. Uning eng yaqin safdoshlari va shogirdlari bo‘lmish Alfred Adler va Karl Gustav Yung uning ta’limotini avvaliga qo‘llab-quvvatlashdi, keyinchalik undan qisman voz kechishdi. Ular o‘zlarining ta’limotini yaratishdi. A. Adler individual psixologiya, K.G. Yung esa analitik psixologiya ta’limotini. Bu olimlar Z. Freydni tanqid qilishsa-da, aslida ular tanlagan yo‘nalish psixoanalizning davomi edi.
Alfred Adler (1870–1937)    

Karl Gustav Yung (1875–1961)

       A. Adler fanga «etishmovchilik hissi» degan tushunchani kiritdi. Uning fikricha, bu tuyg‘u tabiiy va tug‘ma bo‘lib, har birimiz uchun xos va shaxs rivojlanishida katta ahamiyatga ega. A.Adler fikriga ko‘ra, har bir inson umri mobaynida o‘zidagi ushbu etishmovchilikdan qutulish uchun boshqalar ustidan hukmronlik qilishga, ularning faolligini bostirishga intilib yashaydi. Buning uchun u o‘zidagi barcha imkoniyatlarni ishga soladi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intiladi. A. Adler bu jarayonni kompensatsiya yoki superkompensatsiya deb atadi. Superkompensatsiya – bu etishmovchilik hissiga bo‘lgan tug‘ma reaktsiyalarning ijtimoiy bir ko‘rinishidir. Adlerning fikricha, ana shu tug‘ma instinktlar odamni atrofdagilarga tajovuzkor qilib qo‘yadi. Demak, odamda nevroz rivojlanishining oldini olish uchun undagi etishmovchilik hissini bartaraf etish zarur. Vaholanki, A.Adler ham o‘z ta’limotida inson ruhiyati rivojlanishida instinktiv reaktsiyalarga urg‘u bergan.
      K.G. Yung ta’limoti biroz boshqacha edi. U «jamoa ongsizligi» degan tushunchani taklif etdi. Yung individual ongsizlik va jamoa ongsizligi orasida aniq bir chegara chizig‘ini o‘tkazdi. Uning fikricha, jamoa ongsizligi individual ongsizlikdan farqli o‘laroq, avloddan avlodga uzatiladi va «Men» jamoa ongsizligi ta’siri ostida rivojlanadi.
       Yungning fikricha, individual ongsizlik odamning shaxsiy tajribasida aks etadi. Bu tajribalar, albatta, qachonlardir ongda aks etgan, lekin ongdan siqib chiqarilishi natijasida unut bo‘lib ketgan. Jamoa ongsizligi — bu umuminsoniy tajribalar bo‘lib, har bir millat va elatlar uchun xos, u o‘tmishimizning yashiringan xotira izlaridir. U mifologiyada, xalq dostonlarida, diniy qarashlarda aks etgan bo‘lib, hozirgi zamon kishilarining ongida tush ko‘rish orqali namoyon bo‘lib turadi. Yung Freydning seksual nazariyasini tan olmadi va nevroz rivojlanishining boshqa bir qancha sabablarini ko‘rsatib, ularni isbot qilib berdi. Ularning ichida ijtimoiy kelishmovchiliklar, kishi hayotidagi fojiali davrlarni ham asosiy omil sifatida ko‘rsatdi.
       Z. Freyd nazariyasini talqin va tanqid qiluvchilar safi yana kengayib bordi. XX asrning 30-yillari oxirida neofreydizm shakllana boshladi. Bu yo‘nalishning eng ko‘zga ko‘ringan tarafdorlari nemis olimi Erix Fromm (1900–1980) va amerikalik olima ayol Karen Xorni (1885–1952) edi. 
             
Erix Fromm (1900–1980)    Karen Xorni (1885–1952)

       Ular psixoanalizga sottsiologik yo‘nalishdagi ta’limotlarni kiritishdi. Bu ta’limotlar ham psixoanalizni panseksualizmdan yiroqlashtirdi. E. Fromm va K. Xorni instinktiv jarayonlarni inkor qilmagan holda insonning yashash faoliyatida odamlar orasidagi munosabatlarni ustun qo‘yishdi. 
       Neofreydizm tarafdorlari nevrozning kelib chiqish sababini quyidagicha talqin qilishadi: odam bolasi tug‘ilgandan xavotirda yashaydi, chunki uning qarshisida adovatli dunyo paydo bo‘ladi va bu xavotir e’tibor va mehribonlikning yo‘qligidan kuchayib boradi. Keyinchalik esa individ ijtimoiy omillarning qaqsh atqich zarbasiga duch keladi va jamiyatda yolg‘izlanib qoladi, u o‘zining jamiyatga nisbatan begonaligini anglaydi. Demak, neofreydistlar fikricha, jamiyat shaxsning sinxron rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun ham nevrozning asosiy sababchisi jamiyatdir va aynan individni sog‘lomlashtirish orqali jamiyatni sog‘lomlashtirish mumkin. 
       Erix Fromm shaxs rivojlanishida tug‘ma omillar ahamiyatini, ya’ni bolaning seksual rivojlanishi, Edip kompleksi va jinsiy munosabatlarning ahamiyatini bo‘rttirib ko‘rsatmaslikni aytadi. U har bir odamdagi ruhiy kechinmalarni ijtimoiy muhitga sho‘ng‘ib ketganlik, deb bildi. Demak, seksual instinktlar shaxsni shakllantirmas ekan, balki shaxsning o‘zi ularni belgilab beradi. 
       Karen Xorni ta’limotida ham ijtimoiy omillar ahamiyati yuqori ekanligini ko‘rish mumkin. Jamiyatga nisbatan munosabatiga qarab 3 toifa odam shakllanishini ko‘rsatib o‘tdi: 1) odamlarga intiluvchilar, ya’ni mehribonlik izlovchilar; 2) odamlardan yiroqlashuvchilar, ya’ni yolg‘izlikka intiluvchilar; 3) odamlarga qarshi turuvchilar, ya’ni hukmronlikka intiluvchilar. Ushbu xususiyatlarning qay biri ustun kelishiga qarab 3 xil nevrotik shaxs shakllanadi: 1) itoatkor, qanday bo‘lmasin, boshqalarning muhabbati va e’tiborini qozonishni istovchi; 2) jamiyatni yoqtirmay undan yiroqlashishga intiluvchi; 3) davlatparast va odamlar ustidan hukmronlikka intiluvchi. 
       K. Xorni fikricha, bu reaktsiyalarning barchasi insonni qoniqtirmaydi, xavotir hech qachon yo‘qolmaydi, aksincha, borgan sari kuchayib, yangi va yangi kelishmovchiliklarni yuzaga keltiraveradi. Bu esa baribir odamda nevroz rivojlanishiga mezon yaratadi. 
       Shunday qilib, K. Xornining nevroz haqidagi ta’limotini quyidagicha sharhlash mumkin: nevroz kurtaklari bola tug‘ilgandan so‘nggi xavotirdan boshlanadi va adovatli dunyo bilan kurashib hayot kechiradi. Buning natijasida yuqorida qayd qilingan uchta himoya strategiyasi ishlab chiqiladi.
       Demak, xulosa shuki, nevrozdan qutulish qiyin. Biz ushbu bobni pessimistik ruhda tugallash niyatimiz yo‘q. Albatta, Freyd yaratgan  psixoanaliz nazariyasi va undan keyingi ta’limotlar nevroz rivojlanishi sabablarini juda yaxshi ko‘rsatib bergan va albatta bunga qarshi psixodinamik terapiya ham ishlab chiqilgan. 
       Bugungi kunda psixoanaliz asosida yana yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. Biz shu erda o‘z kontseptsiyamizni ham ilgari surmoqchi edik. O‘ylaymizki, bizning kontseptsiya nevroz profilaktikasi uchun ham, davosi uchun ham va og‘ir asoratlarini to‘xtatish uchun ham xizmat qiladi. Nevrozni yuzaga keltiruvchi qandaydir voqea ro‘y bersa, “Shunday bo‘lishi kerak edi”, deb xitob qilish va shu holatga yana tushmaslik uchun “Shunday bo‘lmasligi mumkin edi” deb xitob qilish zarur. Bu bizga nima beradi? Kattami, kichikmi ko‘ngilsiz voqea ro‘y berganida “shunday bo‘lishi kerak edi”, deb xitob qilinishi o‘sha odam uchun vaziyatni to‘g‘ri baholash va uning ilk sabablarini anglash uchun yordam bersa, “shunday bo‘lmasligi mumkin edi”, deb xitob qilinishi, shu va shu kabi holatlarga yana tushmaslik uchun individual strategiya ishlab chiqishga yordam beradi. Biz ilgari surayotgan ushbu kontsepsiya nevrotik buzilishlar hali avj olib ketmasdan uni bartaraf etishga juda katta imkoniyat yaratib beradi va buning uchun psixoanalitik shart bo‘lmasligi mumkin. Bunda bemorning o‘zi psixoanalitik rolini o‘taydi. Buning uchun ushbu ikkala iborani nafaqat xitob qilish, balki unga amal qilish ham kerak. Bu esa oson. Bir necha yillardan buyon biz o‘zimiz ishlab chiqqan ushbu kontsepsiyani yuzlab bemorlarda qo‘llaganmiz va deyarli har doim ijobiy natija olganmiz Bu kontsepsiya har qanday savolga javob topadi va har qanday jumboqning echimini topib bera oladi. 
Biz bemorlar bilan psixoanalitik suhbat o‘tkazayotganda ushbu ikkala iboraga qanday amal qilishni tushuntiramiz, izohlab beramiz. Ushbu uslub nafaqat nevroz, depressiya, xavotir va stressni endi kurtak otgan zahoti bartaraf etishda, balki o‘z joniga qasd qilish holatlarini ham oldini olishda qo‘l kelmoqda.
       Nevrozning ilk sabablari va mohiyatini o‘rganishni boshlagan nevrolog olim Zigmund Freyd, keyinchalik mashhur psixoanalitik va faylasuf bo‘lib etishdi. Bugungi kunda uning ta’limoti tibbiy va ijtimoiy fanlarga chuqur kirib kelgan. Bular nevrologiya, psixiatriya, psixologiya, seksologiya, falsafa, badiiy san’at, etika, estetika, adabiyot va h.k.


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив