Reflektor yoy
Shartsiz refleksning reflektor yoyi retseptor, afferent yo‘l, markaz (oraliq neyron), efferent yo‘l va bajaruvchi a’zodan tashkil topgan. Miya ustunida hosil bo‘luvchi reflektor yoyning afferent qismini kranial nervning sezgi yadrosi, efferent qismini ularning harakat yadrosi tashkil qiladi. Masalan, yutqin refleksining afferent qismini IX va X nervlarning sezgi yadrolari va yo‘llari hosil qilsa, efferent qismini ushbu nervlarning harakat yadrolari va yo‘llari hosil qiladi.
Orqa miya yoki miya ustunida tutashadigan reflektor yoy 2 yoki 3 neyronli bo‘lishi mumkin. Ikki neyronli reflektor yoy afferent (markazga intiluvchi, sezgi) va efferent (markazdan qochuvchi, harakat) neyronlardan iborat. Afferent neyron retseptor neyron deb ham ataladi. Uch neyronli reflektor yoyda esa oraliq neyron ham mavjud.
Oraliq neyron – afferent neyronni efferent neyron bilan bog‘lovchi neyron. Demak, afferent neyron sezgi impulsini periferiyadan markazga uzatuvchi, efferent neyron esa harakat impulsini markazdan periferiyaga uzatuvchi neyrondir. Uch neyronli reflektor yoy sxemasi 1.1 rasmda keltirilgan.
Orqa miyada bog‘lanuvchi oddiy reflektor yoyni tizza refleksi misolida ko‘rib chiqamiz. Nevrologik bolg‘acha bilan lig. patellae ga urilsa, ushbu payda va to‘rt boshli muskulda joylashgan retseptorlar qo‘zg‘aladi. Qo‘zg‘alish natijasida paydo bo‘lgan sensor impulslar son nervining (n. femoralis) afferent tolalari bo‘ylab orqa miyaning segmentar apparati tomon yo‘naladi, ya’ni spinal tugun va orqa ildizcha orqali orqa shoxga tushadi (1.2-rasm).
Orqa shoxga tushgan ushbu impuls oraliq neyron orqali oldingi shoxga uzatiladi. Bu paytda sensor impuls harakat impulsiga aylanadi. Oldingi shoxda joylashgan harakat neyroni tolalari orqali harakat impulslari orqa miyadan chiqib ketadi va son nervining efferent tolalari bo‘ylab to‘rt boshli muskulga etib boradi. Buning natijasida ushbu muskul qisqaradi va oyoq tizza bo‘g‘imida yoziladi.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha