Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Refleks va uning turlari

Refleks va uning turlari


Nerv sistemasi faoliyati reflektor printsipga asoslangan. Organizmning retseptorlardan kelgan ta’sirotlarga javob reaktsiyasiga refleks deyiladi. Refleks har qanday jonli mavjudot uchun xos bo‘lib, nerv sistemasi ishtirokida amalga oshiriladi. Refleks yuzaga kelishi uchun uni qo‘zg‘ovchi ta’sirot kerak, agar bunday ta’sirot bo‘lmasa, refleks chaqirilmaydi. Shartsiz va shartli reflekslar farqlanadi. 
Shartsiz reflekslar. Shartsiz refleks tug‘ma bo‘lib, oliy nerv faoliyati ishtirokisiz amalga oshiriladi. Shartsiz reflekslar umrbod saqlanib qoladigan doimiy reflektor yoyga ega. Ularning oddiy reflektor yoyi orqa miya va miya ustunida tutashadi. Bunday reflekslar juda ko‘p bo‘lib, ularga bitseps, tritseps, tizza, axill, korneal, yutqum va yumshoq tanglay reflekslarini misol qilib ko‘rsatish mumkin. 
Shartli reflekslar. Shartli reflekslar hayot mobaynida ottirilgan reflekslar bo‘lib, oliy nerv faoliyati ishtirokida amalga oshiriladi. Shartli reflekslar shartsiz reflekslardan farqli o‘laroq doimiy emas va mustahkam reflektor bog‘lanishlarga ega emas. Shu bois ular goh so‘nib, gohida yana paydo bo‘lib turadi. Shartli refleks shakllanishi uchun shartli ta’sirot bir necha bor takrorlanishi kerak. 
Reflektor yoy. Shartsiz refleksning reflektor yoyi retseptor, afferent yo‘l, markaz (oraliq neyron), efferent yo‘l va bajaruvchi a’zodan tashkil topgan. Miya ustunida hosil bo‘luvchi reflektor yoyning afferent qismini kranial nervning sezgi yadrosi, efferent qismini ularning harakat yadrosi tashkil qiladi. Masalan, yutqum refleksining afferent qismini IX va X nervlarning sezgi yadrolari va yo‘llari hosil qilsa, efferent qismini ushbu nervlarning harakat yadrolari va yo‘llari hosil qiladi.
Orqa miya yoki miya ustunida tutashadigan reflektor yoy 2 yoki 3 neyronli bo‘lishi mumkin. Ikki neyronli reflektor yoy afferent (markazga intiluvchi, sezgi) va efferent (markazdan qochuvchi, harakat) neyronlardan iborat. Afferent neyron retseptor neyron deb ham ataladi. Uch neyronli reflektor yoyda esa oraliq neyron ham mavjud. Oraliq neyron – afferent neyronni efferent neyron bilan bog‘lovchi neyron. Demak, afferent neyron sezgi impulsini periferiyadan markazga uzatuvchi, efferent neyron esa harakat impulsini markazdan periferiyaga uzatuvchi neyrondir.
Orqa miyada bog‘lanuvchi oddiy reflektor yoyni tizza refleksi misolida ko‘rib chiqamiz. Nevrologik bolg‘acha bilan lig. patellae ga urilsa, ushbu payda va to‘rt boshli muskulda joylashgan retseptorlar qo‘zg‘aladi. Qo‘zg‘alish natijasida paydo bo‘lgan sensor impulslar son nervining (n. femoralis) afferent tolalari bo‘ylab orqa miyaning segmentar apparati tomon yo‘naladi, ya’ni spinal tugun va orqa ildizcha orqali orqa shoxga tushadi (1.2-rasm). 



Orqa shoxga tushgan ushbu impuls oraliq neyron orqali oldingi shoxga uzatiladi. Bu paytda sensor impuls harakat impulsiga aylanadi. Oldingi shoxda joylashgan harakat neyroni tolalari orqali harakat impulslari orqa miyadan chiqib ketadi va son nervining efferent tolalari bo‘ylab to‘rt boshli muskulga etib boradi. Buning natijasida ushbu muskul qisqaradi va oyoq tizza bo‘g‘imida yoziladi. 
Yuzaki va chuqur reflekslar. Retseptorlar joylashgan joyiga qarab yuzaki va chuqur reflekslar farqlanadi. Teri va shilliq qavatni ta’sirlantirish orqali chaqiriladigan reflekslarga yuzaki reflekslar deyiladi. Terida yuzaki reflekslarni chaqirish uchun, unda joylashgan retseptorlar ninaning o‘tmas uchi bilan chizib ta’sirlantiriladi. Shilliq qavatdagi yuzaki reflekslar uchli momiq paxta yordamida chaqiriladi. Masalan, korneal yoki konyuktival reflekslarni chaqirishda shunday qilinadi. Biroq yumshoq tanglay va yutqum reflekslar shpatelni tegizib chaqiriladi.
Pay va muskullar cho‘zilishi va qisqarishi hisobiga yuzaga keladigan reflekslarga chuqur reflekslar deyiladi. Periostal reflekslar ham chuqur reflekslar sirasiga kiradi. Bunday reflekslar nevrologik bolg‘acha yordamida chaqiriladi.

Normal reflekslarni tekshirish usullari
Sog‘lom odamda yuzaki reflekslar ham, chuqur reflekslar ham simmetrik tarzda chaqiriladi. Reflekslar tinch va qulay sharoitda tekshirilishi kerak. Chuqur reflekslarni tekshirayotganda muskullar bo‘shashgan holatda bo‘lishi lozim. Xulosa yozayotganda refleksning normal chaqirilishi, oshganligi, pasayganligi yoki yo‘qolganligi ko‘rsatib o‘tiladi. Muskul tarang holatda bo‘lsa, o‘sha sohada pay reflekslari sust chaqiriladi. Bu esa noto‘g‘ri xulosaga sabab bo‘ladi.
Yuzaki va chuqur reflekslarni chaqirish usullari, javob reaktsiyasi va reflektor yoy tutashadigan segmentlar 1.1-jadvalda aks ettirilgan.
1.1-jadval

Normal reflekslarni chaqirish usullari va ularning reflektor yoyi

Reflekslar
Chaqirish usuli
Javob reaktsiyasi
Reflektor yoy tutashadigan soha

A. Yu z a k i   r e f l e k s l a r 

Teri reflekslari
Qorin reflekslari:
yuqori

Qorin terisi pastki qovurg‘a yoyi bo‘ylab ichkariga chiziladi
Shu sohada qorin devori  muskullari qisqaradi
Th–Th8 spinal  segmentlar
O‘rta

Qorin terisi kindik tomonga qarab chiziladi
Shu sohada qorin devori  muskullari qisqaradi
Th–Th10 spinal  segmentlar
Pastki
Qorin terisi chov burmasining yuqori qismi bo‘ylab ichkariga chiziladi

Shu sohada qorin devori  muskullari qisqaradi
Th11 –Th12 spinal  segmentlar
Eslatma: Bolada qorin reflekslari 5-6 oyga to‘lgandan keyin chaqirilib boshlaydi.
Kremaster refleks
Sonning ichki yuzasi bo‘ylab o‘tmas nina bilan tepaga qarab chiziladi
Moyak ko‘tariladi
L1 – Lspinal segmentlar
Eslatma: Kremaster refleks o‘g‘il bolalarda 4-5 oyga to‘lgandan keyin chaqirilib boshlaydi.
Anal refleks
Orqa teshik yoniga o‘tmas nina bilan tegiziladi
m. sphincter ani externus qisqarib orqa teshik torayadi
S4-S5 spinal  segmentlar
Oyoq kafti refleksi
Oyoq kafti pastdan yuqoriga qarab chiziladi 
Barmoqlar bukiladi
L5– S1 spinal segmentlar
Eslatma: Oyoq kafti refleksi bola 2 yoshga to‘lgandan keyin chaqirilib boshlaydi.
Shilliq qavat reflekslari
Korneal refleks
Ko‘zning shox pardasi momiq paxta uchi bilan ta’sirlantiriladi
Qovoqlar qisqarib (m. orbicularis oculi) ko‘z yumiladi
Afferent qismi –  n.ophthalmicus n. trigemini, efferent qismi – n. facialis ning harakat yadrosi    
Kon’yuktival refleks 
Kon’yuktiva momiq paxta uchi bilan ta’sirlantiriladi
Qovoqlar qisqarib (m. orbicularis oculi) ko‘z yumiladi
Afferent qismi –  n.ophthalmicus n. trigemini, efferent qismi – n. facialis ning harakat yadrosi    
Yumshoq tanglay refleksi
Yumshoq tanglay shpatel bilan ta’sirlantiriladi
Yumshoq tanglay qisqarib ko‘tariladi
IX va X nervlarning afferent va  efferent yo‘llari
Yutqum refleksi 
Halqumning orqa devori shpatel bilan qo‘zg‘atiladi
Yutish, qusish yoki yo‘talish harakatlari paydo bo‘ladi
IX va X nervlarning afferent va  efferent yo‘llari

V. Ch u q u r   r e f l e k s l a r 

Bitseps refleks
Qo‘l tirsak bo‘g‘imida  yarim bukilgan holda ushlab turiladi va ikki boshli muskul payiga uriladi
m. bicipitis brachii qisqarib qo‘l tirsak bo‘g‘imida bukiladi.
S5—S6 spinal segmentlar
Tritseps refleks 
Qo‘l tirsak bo‘g‘imida yarim bukilgan holda ushlab turiladi va uch boshli muskul payiga uriladi
m. tricipitis brachii qisqarib qo‘l tirsak bo‘g‘imida yoziladi
S6—S7 spinal segmentlar
Bilak periostal refleksi (karporadial refleks)
Bilak suyagi distal qismining radial yuzasiga nevrologik bolg‘acha bilan uriladi
Qo‘l tirsak bo‘g‘imida bukilib engil pronatsiya kuzatiladi, barmoqlar ham biroz bukiladi
S5 S6, S7, S8 spinal segmentlar
Tizza refleksi
To‘rt boshli muskul payiga nevrologik bolg‘acha bilan uriladi
Boldir tizza bo‘g‘imida yozilib yana pastga tushadi
L2–Lspinal segmentlar
Axill refleksi 
Axill payiga nevrologik bolg‘acha bilan uriladi
m. tricipitis surae qisqarib oyoq panjasi orqaga bukiladi
S1–S2 spinal segmentlar 
Qosh usti refleksi  
Qosh ustining  ichki tomoniga nevrologik bolg‘acha bilan sekin uriladi
Qovoqlar qisqarib (m. orbicularis oculi) ko‘z yumiladi
Afferent qismi –  n.ophthalmicus n. trigemini, efferent qismi – n. facialis ning harakat yadrosi    
Pastki jag‘ (mandibulyar) refleksi
Og‘iz biroz ochiq holatda iyag ustiga nevrologik bolg‘acha bilan sekin uriladi.
Chaynov muskullari qisqarib pastki jag‘ biroz ko‘tariladi.
V nervning afferent va efferent yo‘llari



1.2-rasm. Normal (fiziologik) reflekslarni tekshirish usullari




Izoh. Kranial reflekslarni tekshirish usullari “Kranial nervlar” bobida keltirilgan. 


Reflekslar o‘zgarishi

Reflekslar turli kasalliklarda o‘zgaradi. Refleks pasayishiga giporefleksiya, oshishiga giperrefleksiya, so‘nishiga arefleksiya deyiladi. Agar bir tomondagi refleks ikkinchi tomondagi refleksga qaraganda balandroq chaqirilsa, u holda anizorefleksiya haqida so‘z boradi.
Markaziy falajlikda pay reflekslari (shu jumladan, periostal reflekslar) oshadi, periferik falajlikda esa pasayadi yoki yo‘qoladi. Miya insultida reflekslar oshishi va polinevropatiyada pasayishini bunga misol bo‘la oladi. Qaysi refleks o‘zgarganiga qarab MNS va PNS da patologik o‘choq topografiyasini oson aniqlab olinadi. Buning uchun reflektor yoy tutashgan segmentni yaxshi bilish kerak.
Pay refleksi pasayishi. Reflektor yoyni tashkil qiluvchi afferent yoki efferent yo‘llarning qaysi qismi zararlanishidan qat’i nazar, refleks yo pasayadi yoki so‘nadi. Bunda chuqur reflekslar ham, yuzaki reflekslar ham pasayib so‘nadi. 
Spinal tugun va orqa ildizcha zararlansa, pay refleksi pasayishi bilan birgalikda segmentar tipdagi sezgi buzilishi ham kuzatiladi. Oldingi shox va oldingi ildizcha zararlansa, pay refleksi pasayishi bilan birgalikda muskul atrofiyasi va atoniyasi ham kuzatiladi. Uchta “A” fenomeni, ya’ni arefleksiya, atoniya, atrofiya – bular periferik motoneyron zararlanganini ko‘rsatuvchi patognomonik simptomlar.
Pay refleksi so‘nishi reflektor yoyning afferent yoki efferent yo‘llarida uzilish paydo bo‘lishi bilan bog‘liq dedik. Biroq ba’zi sog‘lom odamlarda tizza refleksi umuman chaqirilmaydi. Odatda, bu tug‘ma bo‘ladi. 
Pay refleksi oshishi. Giperrefleksiya markaziy piramidal yo‘llar zararlanishi uchun juda xos. Bu yo‘llarning qaysi qismi zararlansa ham pay refleksi oshadi. Pay refleksi bilan birgalikda, albatta, periostal refleks ham oshadi. Chunki ikkala refleksning retseptori bitta, ya’ni proprioretseptor. 
Po‘stloqdagi oldingi markaziy pushtadan boshlangan piramidal yo‘lning orqa miyagacha bo‘lgan qaysi qismi zararlansa ham, pay reflekslari oshadi. Miya insultida kuzatiladigan markaziy gemiparez, monoparez yoki spinal kasalliklarda yuzaga keladigan pastki markaziy paraparez bunga misol bo‘la oladi.
Markaziy piramidal yo‘l zararlanishida giperrefleksiyadan tashqari, muskul kuchi pasayadi, muskul tonusi spastik tarzda oshadi va patologik piramidal simptomlar (Babinskiy, Oppengeym) paydo bo‘ladi. Ana shundagina organik etiologiyali giperrefleksiya haqida xulosa qilish mumkin. 
Refleks oshuviga har doim ham MNS ning organik kasalligi sabab bo‘lavermaydi. Nerv sistemasining funktsional kasalliklarida ham pay reflekslari oshadi. Nevrozda, ayniqsa, uning giperstenik turida pay reflekslari ikkala tomonda ham oshgan bo‘lishi mumkin. Bu holatga reflekslarning funktsional tipda oshuvi deyiladi. Bunday vaziyatga, ayniqsa, tizza refleksini chaqirayotganda guvoh bo‘lamiz.
Normal reflekslar oshgan bemorda patologik reflekslar (Babinskiy, Oppengeym) bor-yo‘g‘ligiga albatta e’tibor qaratish lozim. Masalan, nevrozda normal refleks kuchayishi mumkin, biroq hech qachon patologik refleks aniqlanmaydi. Chunki, nevroz organik kasallik emas.  Patologik piramidal simptomlar mavjudligi, albatta, markaziy piramidal yo‘llar zararlanganiga ishora. 
Pay reflekslari keskin oshgan paytlarda klonuslar chaqiriladi. Pastki spastik paraplegiya, ya’ni Shtryumpel kasalligida yuzaga keladigan klonuslarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin.
Qorin refleksi o‘zgarishi. Qorin refleks pasayishi ham periferik motoneyron, ya’ni spinal reflektor yoy,  ham markaziy piramidal yo‘llar zararlanishi uchun xos. Qorin refleksi ko‘p tuqqan ayol, ozg‘in qariya, ya’ni qorin muskullari mutlaq bo‘shashib qolsa yoki qorin o‘ta tarang bo‘lgan holat, ya’ni homiladorlikning so‘nggi davri, astsit yoki peritonitda ham chaqirilmaydi.
Patologik reflekslar. Markaziy piramidal yadro va uning yo‘llari zararlanishi tufayli chaqiriladigan refleksga patologik refleks deyiladi. Uning ikkinchi nomi – patologik piramidal simptom. Sog‘lom odamda patologik refleks chaqirilmaydi. Uning mavjudligi bemorni chuqurroq tekshirishni talab qiladi. Bola 2 yoshga to‘lgunga qadar patologik refleks chaqirilishi – bu fiziologik holat. Chunki bu yoshgacha hali piramidal yo‘llar mielinizatsiyasi tugamagan bo‘ladi.

Patologik reflekslarni tekshirish usullari

Normal reflekslardan so‘ng patologik reflekslar tekshiriladi. Patologik reflekslar markaziy piramidal yo‘llar zararlanishi sababli yuzaga keladigan reflekslar bo‘lib, sog‘lom odamda chaqirilmaydi. Ularning mavjudligi bemorni chuqurroq tekshirishni talab qiladi. Biroq ilk bolalik davrida piramidal yo‘llar mielinizatsiyasi tugagunga qadar (odatda, 2 yoshgacha) patologik reflekslar chaqirilishi mumkin. Patologik reflekslarni chaqirish usullari 1.2-jadvalda keltirilgan.
1.2-jadval. Patologik reflekslar va ularni chaqirish usullari

Patologik reflekslar
Chaqirish usuli
Javob reaktsiyasi

Yozuvchi  patologik reflekslar

Babinskiy refleksi
Oyoq panjasining tagi pastdan yuqoriga qarab to‘g‘nog‘ichning o‘tmas qismi bilan chiziladi.
Bosh barmoq orqaga qayriladi, qolgan barmoqlar elpig‘ichsimon yoyiladi.
Oppengeym refleksi
Boldirning old yuzasi bo‘ylab bosh va ko‘rsatkich barmoqlar tizza tomondan pastga qarab yurgiziladi
Bosh barmoq orqaga qayriladi
Gordon refleksi
Boldir muskuli qo‘l bilan qisiladi
Bosh barmoq orqaga qayriladi
Sheffer refleksi 
Axill payi qo‘l bilan qisiladi
Bosh barmoq orqaga qayriladi
Izoh: yozuvchi  patologik reflekslar faqat oyoqlarda tekshiriladi.

Bukuvchi  patologik reflekslar

Rossolimo refleksi
Vrach bemorning barmoqlari uchiga o‘zining barmoqlari bilan chertadi. 
Barmoqlar bukiladi 
Bexterev I refleksi
(Bexterev-Mendel refleksi) 
Oyoq va qo‘l panjasining orqa yuzasi bo‘ylab III-IV barmoqlar tagiga bolg‘acha bilan uriladi
Barmoqlar bukiladi
Bexterev II refleksi
Nevrologik bolg‘acha bilan tovonga, qo‘lda esa kaftning pastki qismiga uriladi
Barmoqlar bukiladi
Jukovskiy refleksi
Oyoq va qo‘l kaftining o‘rtasiga nevrologik bolg‘acha bilan uriladi
Barmoqlar bukiladi

Izoh: bukuvchi  reflekslar oyoqlarda ham, qo‘llarda ham tekshiriladi


1.3-rasm. Patologik reflekslarni tekshirish usullari





Klonus. Muskul payi keskin cho‘zilishi paytida kuzatiladigan muskulning  ritmik titrashiga klonus deb aytiladi. Klonuslar ham patologik reflekslar sirasiga kiradi va quyidagicha chaqiriladi (1.4-rasm).

1.4-rasm. Klonuslarni chaqirish usullari




Tizza qopqog‘i klonusi. Bemor chalqancha holatda yotadi. Vrach qo‘lining bosh va ko‘rsatkich barmoqlari bilan tizza qopqog‘ining yuqori qismidan tutib, uni keskin pastga siljitib ushlab turadi Bu paytda sonning to‘rt boshli muskul payi cho‘zilishi hisobiga tizza qopqog‘i tepaga-pastga yo‘nalib ritmik titrash paydo bo‘ladi. Bunga tizza qopqog‘i klonusi deyiladi. 
Oyoq panjasi klonusi. Bemor chalqanchasiga yotadi. Vrach bemorning oyog‘ini chanoq-son va tizza bo‘g‘imlarida bukadi. So‘ngra bir qo‘li bilan boldirni, ikkinchi qo‘li bilan oyoq panjasi tagidan ushlab keskin ravishda tepaga bukadi. Axill payining keskin cho‘zilishi natijasida oyoq panjasi ritmik tarzda bukilib-yozilaveradi. Bunga oyoq panjasi klonusi deyiladi. Vrach qo‘lini qo‘yib yubormasdan ushlab turishi kerak. Ana shunda klonus uzoqroq davom etadi. Tizza qopqog‘i klonusiga qaraganda oyoq panjasi klonusi oson chaqiriladi va ko‘p uchraydi.    
Ushlab olish refleksi. Nevrologik bolg‘acha yoki boshqa buyumni bemorning kaftiga yaqinlashtirsa, uni darrov ushlab oladi va qo‘yib yubormaydi. Yanishevksiy tomonidan yozilgan bu refleks peshona bo‘lagining premotor sohasi zararlanishi uchun xos.
Paradoksal refleks. Bunday refleks spinal reflektor yoyning efferent qismi zararlanganda yoki markaziy piramidal nazorat izdan chiqqanda kuzatiladi. Masalan, ikki boshli muskul payiga urib bitseps refleksni chaqirmoqchi bo‘lsangiz, uning o‘rniga tritseps refleks chaqirilib qoladi. Demak, bu bemorda bitseps refleksni ta’minlovchi S5-S6 segmentning efferent qismi zararlangan. Buning natijasida S5-Ssegmentning afferent yo‘llari orqali orqa miyaga kelib tushgan impuls  S6-Ssegmentga o‘tib ketadi va bitseps o‘rniga tritseps refleks chaqiriladi. 
Yana bir holat:  chap tomonda tizza refleksini chaqirmoqchi bo‘lsangiz, bu refleks o‘ng tomonda ham chaqiriladi yoki faqat o‘sha tomonda chaqiriladi. Chunki reflektor yoyning chap tomondagi afferent yo‘li orqali kirgan impuls markaziy piramidal nazorat sustligi bois, o‘ng tomondagi reflektor yoyga qisman yoki to‘la o‘tib ketadi.
Adduktor refleks. Boshqa patologik reflekslar kabi adduktor reflekslar ham markaziy piramidal yo‘llar zararlanishi  (demielinizatsiyasi) uchun xos. Klinik amaliyotda spino-adduktor va tizza-adduktor reflekslari ko‘p tekshiriladi.
Spino-adduktor refleks. Refleks quyidagicha chaqiriladi. Bemordan kushetkaga o‘tirish so‘raladi. Bunda oyoqlar orasi ochiq qoldirilishi kerak. So‘ngra vrach bemorning umurtqa pog‘onasi o‘siqchasiga nevrologik bolg‘acha bilan tepadan pastga qarab urib keladi. Perkutor urishlar yon ustundan o‘tuvchi markaziy piramidal yo‘llar zararlangan joyga yaqinlashgan sayin, orasi ochiq turgan ikkala oyoq bir-biriga yaqinlasha boshlaydi. Bu holat turli etiologiyali pastki spastik paraplegiya uchun juda xos. Zararlanish yoki demielinizatsiya qaerda kuchli bo‘lsa, o‘sha erda spino-adduktor refleks yaqqol chaqiriladi.
Tizza-adduktor refleks. Bu refleks bor-yo‘qligini tizza refleksini chaqirayotganda bilib olish mumkin. Buning uchun bemordan oyoqlar orasini ochib kursida o‘tirish so‘raladi. Bir oyoqda tizza refleksini chaqirayotganda ikkinchi oyoqdagi adduktor muskullar qisqarib o‘sha oyoq ichkariga tortiladi. Chunki bir tomondagi reflektor yoy orqali yuborilgan impulsning bir qismi markaziy piramidal innervatsiya sustligi tufayli qarama-qarshi tomondagi reflektor yoyga o‘tib ketadi.
Oral avtomatizmi reflekslari. Peshona bo‘lagining motor yadrolari va ulardan boshlanuvchi kortikonuklear yo‘llar ikki tomonlama zararlanishida paydo bo‘ladi. Unga Marinesku-Rodovich, xartum va nazo-labial reflekslar kiradi.
Marinesku-Rodovichning kaft-iyag refleksi. Kaftning tenar sohasiga  to‘g‘nog‘ich bilan chizib-chizib chaqiriladi. Bu paytda iyag muskullari o‘sha tomonda va kam holatlarda qarama-qarshi tomonda qisqaradi.
Xartum refleksi. Nevrologik bolg‘acha bilan ustki labga sekin uriladi. Bunga javoban lablar cho‘chchayadi. Ba’zida bolg‘achani bemorning lablariga yaqinlashtirishning o‘zi kifoya. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda bu refleks fiziologik hisoblanadi. V.M. Bexterev tomonidan yozilgan.
Nazo-labial refleks. Nevrologik bolg‘acha bilan kansharga urilganda lablar cho‘chchayadi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda bu refleks fiziologik hisoblanadi. M.I. Astvatsaturov tomonidan yozilgan. 
Himoya reflekslari. Tashqi ta’sirotga javoban to‘la falajlangan oyoq yoki qo‘llarda yuzaga keladigan ixtiyorsiz harakatlarga himoya refleksi deyiladi.  Masalan, umurtqa pog‘onasi ko‘krak sohasida sinishi natijasida orqa miya kuchli ezildi yoki uzildi. Natijada markaziy piramidal innervatsiyasiz qolgan jarohatdan pastdagi spinal segmentlarda spinal avtomatizm shakllanadi.
Himoya refleksi jarohatdan pastdagi spinal reflektor yoy saqlanib qolishi hisobiga ro‘y beradi. Bu refleksni oyoq panjasi barmoqlarini pastga keskin bukib chaqirish ham mumkin. Natijada o‘sha oyoq tos-son va tizza bo‘g‘imida bukiladi. Bunga Mari-Fua-Bexterev refleksi deyiladi (1.5-rasm). 
    1.5-rasm. Mari-Fua-Bexterev refleksi

Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
                        © Ibodullaev entsiklopediyasi   
                        © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив