Obliteratsiyalovchi endaarteriit
Obliteratsiyalovchi endaarteriit – arteriyalarning endotelial qavati yallig‘lanishi bo‘lib, tomirlar obliteratsiyasi, periferik qon aylanishi buzilishi va ishemik nekroz rivojlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha oyoq arteriyalari zararlanadi. Og‘riqlar yurganda paydo bo‘ladi, dam olganda o‘tib ketadi. Bu holat almashinib turuvchi oqsoqlanish sindromi deb aytiladi. Og‘riqlar boldirning yuqori qismida va ko‘pincha uning ichki yuzasida kuzatiladi. A. dorsalis pedisda tomir urishi keskin pasayadi yoki umuman aniqlanmaydi. Vegetativ-trofik o‘zgarishlar oyoqning distal qismida yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Oyoqning tizzadan pastki qismi, ayniqsa, oyoq panjalari “muzlab” yuradi, tsianoz kuzatiladi, tirnoqlar mo‘rtlashadi. Obliteratsiyalovchi endaarteriit uchun radikulyar og‘riqlar, reflekslar o‘zgarishi, muskullar atrofiyasi xos emas. Zararlangan tomonda “paypoq” tipida sezgi buzilishi mumkin va uning sababi vaza nervorum da qon aylanishi buzilishi va ikkilamchi nevropatiyadir. Tashxis arteriyalarni ultratovush tekshirish usullari (dopplerografiya, dupleksli skanirlash) orqali qo‘yiladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha