Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Oldingi markaziy pushta o‘smalari

Oldingi markaziy pushta o‘smalari


Bu soha o‘smalari uchun Jekson tipidagi fokal motor epileptik xurujlar va markaziy tipdagi falajliklar xos. Agarda o‘sma oldingi markaziy pushtaning yuqori qismida joylashsa, fokal epileptik xurujlar va falajlik belgilari qarama-qarshi tomondagi oyoqda kuzatiladi. Xurujlar, asosan mioklonik tipda bo‘lib, ko‘pincha, oyoq panjasidan boshlanadi. Bu erdan boshlangan klonik titrashlar qo‘l va mimik muskullarga tarqaydi. Chunki oldingi markaziy pushtaning oyoq proektsion sohasida joylashgan qo‘zg‘alish o‘sha zahoti oldingi markaziy pushtaning boshqa proektsion sohalariga uzatiladi.
Jekson tipidagi motor xurujlar tananing qaysi qismidan boshlanishiga qarab, o‘sma oldingi markaziy pushtaning qaysi sohasida joylashganini aniqlab olish mumkin. Agarda o‘sma oldingi markaziy pushtaning pastki qismida joylashsa, fokal epileptik xurujlar mimik muskullardan boshlanib, qo‘lga va keyinchalik tananing boshqa qismlariga tarqaydi. Xurujlar gemitipda, ya’ni tananing bir tomonida kuzatiladi va xuruj paytida bemor hushini yo‘qotmaydi.
Jekson tipidagi epileptik xurujlar og‘iz atrofi, chaynov va yutqum muskullarida kuzatilsa, bunda o‘sma oldingi markaziy pushtaning eng pastki qismida va operkulyar sohada joylashgan bo‘ladi. Bunda bemor to‘satdan og‘zini chapillatib, lablarini yalab va og‘zining ichida tilini aylantira boshlaydi. Buni operkulyar epileptik xuruj deb atashadi. Ba’zida Jekson tipidagi fokal xurujlar katta xurujlarga o‘tadi va bemor hushini yo‘qotadi. Bunday paytda tonik-klonik tipdagi xurujlar kuzatiladi.
Oldingi markaziy pushta o‘smalarida kuzatiladigan markaziy falajliklar monoparez va gemiparez ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Qarama-qarshi tomonda VII va XII nervlarning markaziy falajligi ham kuzatiladi. Dastlab parezlar yengil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi va vaqt o‘tgan sayin og‘irlasha boradi. Demak, sekin rivojlanuvchi (bir necha oy ichida) va zo‘rayib boruvchi falajlik bosh miya o‘smalari uchun juda xos.


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              ©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi 
              ©asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив