Oddiy absanslar
Oddiy absansda bemor bir nuqtaga qarab qotib qoladi. Bu paytda uning qorachiqlari kengayadi, yorug‘likka ta’sirlanmaydi, yuzi oqarib ketadi. Bemor nima ish qilayotgan bo‘lsa, shu holatda qotib qoladi, ya’ni gapirayotgan bo‘lsa, gapirishdan, yozayotgan bo‘lsa, yozishdan, rasm chizayotgan bo‘lsa, rasm chizishdan to‘xtaydi va h.k. Biroq u muvozanatini yo‘qotmaydi, yiqilib tushmaydi. Demak, xuruj paytida bemor qanday vaziyatda bo‘lsa, shu holatda haykaldek qotib qoladi. Bu holat qisqa muddat, ya’ni 5-15 soniya davom etadi. Absans xuruji o‘tib ketgach, bemor yana o‘z ishini davom ettiraveradi. Oddiy absanslar qanday tezlikda paydo bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday tezlikda o‘tib ketadi.
Bemor hozirgina o‘zida nima bo‘lganini bilmaydi yoki atrofdagilardan bilib oladi. Oddiy absanslar paytida ko‘z olmasi bir-ikki aylanib olishi yoki bosh orqaga qimirlab ketishi mumkin. Oddiy absanslardan so‘ng bemorning tobi qochmaydi, ish faoliyati susaymaydi, u xuddi sog‘lom odamdek o‘z faoliyatini yana davom ettiraveradi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha