Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Obsessiv-kompulsiv buzilishlar

Obsessiv-kompulsiv buzilishlar


Obsessiv-kompulsiv buzilishlar KXT-10 da F42 kodi ostida keltirilgan. 
Obsessiya – insonga azob beruvchi doimiy shubha, qo‘rquv, vahima kabi miyaga o‘rnashib olgan yoqimsiz fikrlar bo‘lib, bemorni g‘ayritabiiy harakatlar qilishga undaydigan holat. Obsessiya surunkali kechuvchi va stereotip tarzda takrorlanib turuvchi xususiyatga ega. 
Bemor yoqimsiz fikr-xayollarning barchasidan qutulishga intiladi, davo choralarini izlaydi, lekin bu urinishlar ko‘pincha zoe ketadi.  Bu holatlarga bemor tanqidiy nuqtai nazar bilan qaraydi, ularning asossiz va g‘alati ekanligini tushunadi, ularga bardosh berishga intiladi. Biroq bu “shilqim” g‘oyalar uning irodasi va xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda paydo bo‘laveradi. Bemor ularni mustaqil ravishda enga olmaydi. Natijada kompulsiv harakatlar shakllanadi. Shuning uchun ham bu kasallikda deyarli har doim avval obsessiya, so‘ngra kompulsiya rivojlanadi.
Kompulsiya – obsessiyadan qutulish uchun ketma-ket bajariladigan stereotip harakatlar. Masalan, bemor qo‘lini yoki o‘zi ovqatlanadigan idish-tovoqlarni hadeb yuvaveradi, ustini qoqaveradi, vannaga kirsa tinmay cho‘miladi va shu kabi harakatlar. Shu kabi harakatlar takror va takror bo‘lavergani bois, tashqi tomondan xuddi ritual harakatlarga o‘xshaydi.  
Bu ishlar bemorning o‘ziga yoqmaydi, joniga tegib ketadi, biroq uni bunday ishlarni bajarishga majburlaydigan miyaga o‘rnashib olgan g‘oya – bu obsessiyadir. Bunday bemorlar doimo shubha bilan yashaydi. Masalan, uyidan chiqib ketgan zahoti, uning miyasiga eshikni qulfladimmi, olovni o‘chirdimmi, suvni berkitdimmi kabi xayollar kelaveradi. U uyiga qaytib kiradi, hammayoqni ko‘zdan kechiradi, hammasi joyida ekanligiga ishonch hosil qilgach, tinchgina ko‘chaga chiqib ketadi. Uydan biroz uzoqlashgandan so‘ng haligi fikrlar yana yog‘ilib keladi va u yana uyiga qaytadi. Hammasi joyida ekanligini ko‘rib, bemor siqilib ketganidan yig‘lab yuboradi va ko‘chaga chiqmay qo‘yadi. O‘zida kechayotgan bu alomatlarga u albatta, tanqidiy ko‘z bilan qaraydi va ulardan qutulishni xohlaydi, lekin  buning ilojini topa olmaydi.
Ba’zan bemorni mantiq jihatdan bir-biriga zid bo‘lgan xayollar chulg‘ab oladi. Masalan, yaqinlashib kelayotgan mashina tagiga o‘zini tashlash istagi paydo bo‘ladi-yu, mashina yaqinlashganda birdan qo‘rqib ketib, orqaga tisariladi. Gohida bemorning miyasiga o‘ziga yoki boshqa birovga pichoq sanchishdek fikrlar keladi va shu ishni qilib qo‘ymay deb, pichoqqa yaqin bormaydi yoki uni berkitib qo‘yadi.
Davosi. Davolashda psixoterapiya, fizioterapiya, refleksoterapiya, tinchlantiruvchi dori vositalari va giyohlardan keng  foydalaniladi. Ba’zi hollarda yaxshi natijaga erishish bir necha oy va hatto, bir qancha yillargacha cho‘zilib ketadi. Ayniqsa, ipoxondriya bilan namoyon bo‘luvchi nevroz va psixasteniyani bartaraf etish ancha mushkul.  Remissiya bilan kuzatiladigan holatlar ham ko‘p ko‘zga tashlanadi, ya’ni bemor bir necha oy yaxshi bo‘lib yuradi va so‘ng miyadan ketmaydigan fikrlar yana paydo bo‘ladi. Nevrasteniya va isterik nevrozdan farqli o‘laroq, miyadan ketmaydigan fikrlar surunkali kechishga moyil. Nevroz tashxisi qo‘yilgan bemorlar o‘z vaqtida davolansa, samarali natija bilan tuzalib ketishadi. Aksariyat bemorlar tuzalib ketganidan so‘ng ham xursand bo‘lish o‘rniga, yana o‘sha kasallik belgilari qachon paydo bo‘lishini kutib yashashadi.
Nevrotik buzilishlarda xavotir, fobiya, obsessiya, kompulsiya, asteniya va depressiya holatlarining alohida sindrom sifatida yaqqol namoyon bo‘lishini ko‘p kuzatamiz. Masalan, depressiyaning nevrotik buzilishlar ichida “bo‘rtib” turishi klinik tasniflarda “Nevrotik depressiya” nomli tashxisni alohida ajratish zarurligini ko‘rsatdi. Albatta, endogen depressiyaga qaraganda, nevrotik depressiya engil kechadi. Fobiya ham bir nechta turlarga bo‘linadi, KXT-10 da ular hatto alohida ruknlarda ko‘rsatilgan (agarofobiya – F40.0; sotsial fobiya – F40.1; spetsifik fobiya – F40.2). Xuddi shuningdek, xavotir, obsessiya va kompulsiv buzilishlar ham bir nechta ruknlarga ajratilgan. Bu sindromlar negizida psixogen omillar yotsa-da (genetik omillarga ham katta urg‘u beriladi), ularning har biri nevrotik buzilishlar klinikasida yaqqol sindrom sifatida bo‘rtib turadi va bunday holatlarda tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish uslublari ham o‘zgacha. 

Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
              ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b. 
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc





Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив