Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi OBSESSIYa VA KOMPULSIYa NIMA?

OBSESSIYa VA KOMPULSIYa NIMA?


Miyaga fikrlarning ketma-ket yog‘ilib kelaverishiga obsessiya deb aytiladi. Ular bemorning irodasi va xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda quyilib kelaveradi. Bu xayollar bemorga og‘ir botadi, aslida yoqmaydi va ulardan vrach yordamisiz qutula olmaydi. 
Masalan, bemor uyidan tashqariga chiqqandan so‘ng, uni eshikni qulfladimmi, gazni o‘chirdimmi, suvni berkitdimmi kabi xayollar bezovta qilaveradi. U uyiga qaytib kiradi, hammayoqni qayta tekshiradi, hammasi joyidaligiga ishonch hosil qilgach, tinchgina ko‘chaga chiqib ketadi. Uydan bir oz uzoqlashgandan so‘ng yana haligi fikrlar yog‘ilib kelaveradi va yana uyiga qaytib kiradi. Siqilib ketganidan yig‘lab yuboradi, hech qayoqqa chiqmay qo‘yadi. O‘zida kechayotgan bu alomatlarga, albatta, bemor tanqidiy ko‘z bilan qaraydi va ulardan qutulishni xohlaydi, lekin hech buning ilojini topa olmaydi. Ba’zan bemorda mantiq jihatdan bir-biriga zid bo‘lgan xayollar paydo bo‘ladi. 
Masalan, yaqinlashib kelayotgan mashina tagiga o‘zini tashlash istagi paydo bo‘ladi-yu, mashina yaqinlashganda birdan qo‘rqib ketib, orqaga tisariladi. Ba’zi bemorlarning miyasiga o‘ziga yoki boshqa birovga pichoq sanchish kabi fikrlar keladi va shu ishni qilib qo‘ymay deb pichoqqa yaqin borishmaydi yoki uni berkitib qo‘yishadi.
Obsessiyadan qutulib bo‘ladimi? Obsessiyalar o‘z vaqtida davolanganda albatta barham topadi. Ba’zi hollarda esa bir necha oy va hatto bir qancha yillargacha cho‘zilib ketishi mumkin. Ba’zida bemor bir necha oy yaxshi bo‘lib yuradi va so‘ng miyadan ketmaydigan fikrlar yana paydo bo‘ladi. 
Nevroz va isteriyadan farqli o‘laroq miyadan ketmaydigan fikrlar surunkali kechishga moyil. Aksariyat bemorlar tuzalib ketganidan so‘ng ham xursand bo‘lish o‘rniga, yana o‘sha kasallik belgilari qachon paydo bo‘lishini kutib yashashadi. Bunday bemorlar vrachlarni ham bezor qilib yuborishadi. Chunki ular “Vrach meni yaxshi davolamadi” deb arz qilib yurishadi.
Obsessiyalar ko‘pincha kompulsiyalar bilan ham namoyon bo‘ladi. Kompulsiya – zarur bo‘lmagan harakatlarni ketma-ket qilaverish bilan namoyon bo‘ladigan patologik holat. Masalan, bemor qo‘lini hadeb yuvaveradi, kiyimidagi changni qoqaveradi, hatto vrach tekshiruvidan ham xavfsirab turadi, hadeb dush qabul qilaveradi, atrofdagilardan jirkanadi, ulardan miqrob yuqib qoladi deb qo‘rqib yuradi va h.k.
Davosi qanday? Bunday bemorlarni tibbiy psixologlar, psixo­nevrologlar va psixiatrlar maxsus dastur asosida davolashadi. Davolash muolajalari bir necha oygacha cho‘zilishi mumkinligi haqida bemor ogohlantiriladi. Psixoterapevtik muolajalarga albatta urg‘u berilishi kerak.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                 © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив