ODIL HAKAM


U nihoyat tibbiyot sohasining professori bo‘ldi. Endi uning orzusi dunyo bo‘ylab sayohat qilish edi. Bu niyatlarim birvarakayiga amalga oshsa deb o‘ylardi u. Bu maqsadga erishishning ikki yo‘li bor: biri – olamshumul kashfiyotlar yaratish va dunyoning istalgan davlatida bo‘lish; ikkinchisi – farmakologik kompaniyalar dorilarini reklama qilib, ularning mablag‘i hisobiga dunyo kezish. U ikkinchi yo‘lni tanladi. Chunki bu oson yo‘l edi. Ularning dorisini tinmay reklama qilsang, seni xohlagan eringga o‘zlari yuborishadi, dunyo kezasan, yo‘l xarajatlarini ham qoplashadi. Qiladigan ma’ruzangni ham o‘zlari tayyorlab berishadi. Umuman olganda, bosh qotirish va ilmiy ishlarni yana davom ettirishning sira keragi yo‘q. 
Shunday qilib, u ikkinchi yo‘lni tanladi. Chunki birinchi yo‘l o‘ta mashaqqatli bo‘lib, kashfiyot yaratish yoki nimanidir ixtiro qilishning o‘zi bo‘lmasdi. Doktorlik dissertatsiyasini bir amallab yoqlab, bir yil o‘tmay professor bo‘ldi. Kechqurungi banketni ham farmakologik kompaniyalar uyushtirib berishdi. Dunyo bo‘ylab sayru sayohatlar boshlandi. Bu ish unga shu qadar yoqib qoldiki, u Gippokrat qasamyodini ham unutdi. Uning o‘rniga “Aziz va sahovatli farmakologik kompaniya! Meni ushbu ulug‘ unvonlarga sazovor etgan va bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan ekansan, o‘la-o‘lgunimcha sening dorilaringni reklama qilishga qasam ichaman! Men endi talabalarga o‘qiydigan ma’ruzalarimda faqat Sening dorilaringni targ‘ib qilaman. Bilaman! Bu dorilar boshqa dorilar bilan bir xil! Shunday bo‘lsa-da, Sening dorilaringni tavsiya qilishdan voz kechmayman! Bu yo‘lda bor kuchim va bilimimni safarbar qilaman! O‘zimning va Sening manfaatlaringni bemor manfaatlaridan ustun qo‘yishga va tibbiy anjumanlarda faqat Sening dorilaringni astoydil reklama qilishga so‘z beraman!” deb qasamyod qabul qildi. 
Shu kundan boshlab u farmakologik kompaniyalar quliga aylandi. Ular ham professorni dunyo bo‘ylab kezishga imkon yaratib berishdi. U kafedra professori emas, balki tibbiy sayyohga aylanib qoldi. Xalqaro anjumanlardan orttirilgan sertifikatlarni u g‘urur bilan kabinetiga osib qo‘yardi. Sertifikatlar ko‘pligidan bemorlar uni kuchli professor deb o‘ylashardi. Biroq u boshqarayotgan kafedra yangilik yaratadigan hech vaqo yo‘q va qoloq edi.
U dunyo kezdi, hayu-havaslariga erishdi. Yillar o‘taverdi. Armonlari 
ushalaverdi. Ana shunday kunlarning birida uning o‘zida insult ro‘y berdi. Oqibatda, o‘ng tomoni falajlanib, nutqi buzilib so‘zlash qobiliyatini yo‘qotdi. U sira gapirmas va biror narsani tushuntira olmasdi ham. Qarindosh-urug‘lar, yaqin tanishlar va albatta, uning shogirdlari bemor atrofida girdikapalak bo‘lishdi. Biroq haligi farmakologik kompaniyadan darak yo‘q. Bu kompaniya xodimlari bir marotaba kelishdi-yu, tilsiz, unsiz yotgan professorga uning o‘zi reklama qiladigan dorilardan tashlab ketishdi. Keyin qorasini ham ko‘rsatishmadi. Bir so‘z aytolmaydigan shol professor endi ularga kerak emas edi. 
Shifokorlar professorni bir vaqtlar o‘zi maqtagan dorilar bilan davolay boshlashdi. Bundan qo‘rqib ketgan professor ko‘zlari olazarak bo‘lib: “Hoy yaxshilar! Shoshmanglar! Bu dorilardan foydalanmanglar, bularning hammasi yolg‘on, o‘lishni istamayman” deb baqirmoqchi bo‘ldi. Ammo nutq buzilganligi bois, uning og‘zidan biror ma’noli so‘z chiqmadi. Bu samarasiz dorilar oxir-oqibatda o‘zini halok qilishi muqarrarligini bilgan professor imo-ishora bilan bir amallab qog‘oz va qalam so‘radi. O‘ng qo‘li falajlanganligi sababli chap qo‘li bilan yozishga urinib ko‘rdi. Biroq eplay olmadi. Chunki yozish funktsiyasi ham buzilgan edi. U na so‘zlay olardi, na yoza olardi, na tushuntira olardi. Insult uni shu kuyga solgandi. Ilojsiz qolgan professorning ko‘zlariga achchiq yosh keldi: U “Nima qilib qo‘ydim-a” deb o‘kirib yig‘lab yubordi. Chunki insultni davolashda kechiktirilgan har bir kun og‘ir oqibatlarga olib kelishini u juda yaxshi bilardi. U butun umr yolg‘on so‘zlab, yolg‘on yashaganini anglab etdi. Ammo endi kech edi. 
Uning ko‘zlari ohista yumildi...
Xuddi shu lahzalarda endigina fan doktori bo‘lgan yosh olim qaysidir farmakologik kompaniya qarmog‘iga ilindi va ularning dorisi haqida ilmiy ma’ruza qilish uchun xorijga uchayotgandi. U o‘zida yo‘q xursand edi. Kelajakda uni ham Odil Hakam kutayotgani hayoliga ham kelmasdi...


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                 © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив