ODDIYLIKNING FAZILATI
Mendan bir ishbilarmon odamning rafiqasini davolab berishni iltimos qilishdi. Bu ayol bir necha yillardan buyon depressiya kasalligidan aziyat chekar ekan. Ular meni uyiga taklif qilishdi. Uy o‘ta hashamatli va qimmatbaho anjomlar bilan bezatilgan edi. O‘rta yoshlardagi er-xotinlarning bitta o‘g‘li bo‘lib, u xorijda tahsil olar ekan. Ma’lum bo‘lishicha, bu oila ko‘p vaqtini xorijda o‘tkazishadi. Bu odam rafiqasini Evropaning etuk psixologlariga ko‘rsatgan va eng yaxshi dorilar bilan davolatgan. Biroq rafiqasi kasallikdan qutulib keta olmagan.
Ma’lumki, har qanday psixologik suhbat tanishishdan boshlanadi. Men ushbu ayolning hayot tarzi, bolaligi, turmushga chiqqandan keyingi davri, o‘g‘li, qarindosh-urug‘lari, qiziqishlari, xorijiy safarlari haqida so‘radim. Suhbat chog‘ida ayolda depressiyaga xos tushkun kayfiyat, ishonchsizlik, voqealarga qiziqishning yo‘qligi, umidsizlik shundoq ko‘rinib turardi. U menga ham ishonchsizlik bilan qaradi. U qaysi shaharlarda bo‘lganligi va mashhur psixologlarda davolanganligi, biroq hammasi samarasiz bo‘lgani haqida xo‘rsinib gapirardi. O‘zi kambag‘al oilada voyaga etgan. O‘sha davrda ota-onasi olti nafar farzandni qiynalib katta qilgani, otasi maosh olib kelgan kun bayramga aylangani haqida so‘zlaganida yuzida bir oz iliqlik paydo bo‘lardi. “Mana, bolalik davridagi qiyinchiliklar ortda qolibdi, yaxshi odamga turmushga chiqibsiz, kezmagan yurtingiz qolmagan, hashamatli uyda yashaysiz, xohlagan kurortlarga bora olasiz” qabilidagi gaplarga esa u mutlaq befarq qarardi. Haqiqatan ham turmush o‘rtog‘i uni yaxshi ko‘rar, nima desa muhayyo qilardi.
Men undan turmush o‘rtog‘ingizning nima kamchiligi bor deb so‘radim. U hech qanaqa kamchiligi yo‘q, u juda olijanob odam deb javob berdi. Kamchiliksiz odam bo‘lmaydi, balki qaysidir xususiyati sizga ma’qul kelmas dedim. “Hech qanaqa kamchiligi yo‘q, biroq yonimda kam bo‘ladilar. Xorij safarlari va do‘st-yoronlari ko‘p. Do‘stlarini dasturxon atrofida to‘plashni xush ko‘radilar. Biroq qachon yo‘qlasam, darrov etib keladilar. Men uchun hatto jiddiy uchrashuvlardan ham voz kechadilar. Meni juda yaxshi ko‘radilar. Bunday er hammaga ham nasib qilavermaydi. Hamma gap menda. Ichimga chiroq yoqsa yorishmaydi. To‘y-hashamlarga borgim kelmaydi. Qorong‘i uyda yotgim kelaveradi”.
Siz institutda o‘qiganman dedingiz. O‘z sohangiz bo‘yicha ishlamadingizmi deb so‘radim. U bir oz o‘yga tolib, so‘ng so‘zlay boshladi. “So‘nggi kursda o‘qib yurganimda turmushga berishdi. Bir yil o‘tmay tug‘dim. Ham diplomli, ham bolalik bo‘ldim. Bola tarbiyasi bilan uyda qolib ketdim. Turmush o‘rtog‘im ham ishlashimga qarshilik qildi. Hech tinib-tinchimaydi, ishdan ham charchamaydi. Ishga ham, oilaga ham jiddiy qarardi. O‘zim ham bolajon edim. Shu bilan uyda qolib ketdim”.
Men suhbatni davom ettirib, siz nimaga qiziqqansiz, deb so‘radim. U asta o‘rnidan turdida, shkaf oldiga borib, oq qog‘ozga chizilgan portretlarni olib keldi. Bularni o‘zim chizganman, besh yoshligimdan rasm solaman dedi.
Afsuski, tug‘ma talant egalari depressiyaga moyil bo‘lishadi. Shuning uchun ham depressiya rassomlar, musiqashunoslar va shoirlar orasida ko‘p uchraydi. Mana shu uchta kasb egasi bolalikdan qobiliyatli ham bo‘lishadi.
Bu rasmlar ichida uning avtoportreti meni hayratga soldi. Avtoportretda chaqnab turgan ko‘zlar xuddi tirik ayolni eslatardi. Ammo bu chaqnoq ko‘zlardan hozir asar ham qolmagan.
Rasmlarga tikilib qarab qolganim uning e’tiborini tortdi. Siz ham rasmga qiziqasizmi deb so‘radi. Albatta, dedim. Chunki o‘zim ham yoshligimda portretlar chizib yurardim. Haqiqiy do‘stlaringiz bo‘lishini istaysizmi dedim. Albatta, kim buni hohlamaydi deb javob qaytardi. Menga qandoq qilib do‘st topmoqchisiz dedi kulimsirab. Siz hozir ham mana shunday zo‘r rasmlar chiza olasizmi deb so‘radim. Menda qolgan yakkayu-yagona narsa – mana shu rasm solish bo‘lsa kerak dedi u. Unda bunday qilasiz. Har kuni ertalab to kun botguncha Toshkent shahridagi Sayilgoh ko‘chasiga chiqasiz. Hamma rassomlarga o‘xshab kelgan-ketganlarning rasmini chizasiz, dedim. U qah-qahlab kulib yubordi. Bu kulgi suhbatimiz orasidagi birinchi kulgi edi. U kulishda davom etib, balki bu rasmlarni sotib pul ham ishla dersiz dedi. Men unga, albatta, sotib pul ham ishlang. Boshqa rassomlar nima qilsa, siz ham shuni qiling dedim.
Ayolning eri mulohazali inson ekanligi shundoq yuzu ko‘zidan ko‘rinib turardi. Psixologingiz menga do‘st topish yo‘lini o‘rgataman deb, pul topish yo‘lini o‘rgatayapti-ku dedi ayol kulib. Siz men aytgan yo‘l bilan pul ham, do‘st ham topasiz. Sizning mavqeingizdagi odamlar u erga bormaydi. Lekin siz borishingiz kerak! Kimligingizni hech kimga aytmaysiz, o‘sha erdagilar bilan do‘st tutining dedim. Ular kimligimni sezib qolishsa-chi?! Men unga siz ularni bu erga olib kelmaysiz, ularning yashaydigan uylari qanday bo‘lsa, xuddi shunday oddiy uyga olib borasiz. Ular qandoq taom chiqarsa, siz ham shundoq taom chiqarasiz, idish-tovoqlaringiz ham oddiy bo‘ladi. O‘ynang, kuling, o‘zingizni ularga o‘xshab oddiy tuting. Biroq hammasi chin dildan bo‘lsin dedim.
U gaplarimni eshitib o‘ylanib qoldi va oddiy uyni qaerdan topaman dedi. Chetda bizni kuzatib turgan eri kulib, men senga Toshkentdagi eng oddiy uyni sovg‘a qilaman dedi. Sizga hazil bo‘lsa bo‘lgani dedi ajablanib ayol. Lekin uning yuzida mening takliflarimga qiziqish shundoq sezilib turardi.
“Sizdagi kasallik qalbingizda paydo bo‘lgan katta psixologik bo‘shliq sababli rivojlangan dedim. Eringizning sevimli ishi bor. U ishi yurishsa, quvonadi, yurishmasa, achinadi. Demoqchimanki, uning qalbi va miyasini charxlaydigan dardi ham, quvonchi ham bor. Sizda-chi?! Dunyo kezish, eringizning mehri va chiroyli psixologik suhbatlar bilan sizni davolab bo‘lmaydi. Sizda psixologik immunitet yo‘qolgan! Uni qayta tiklash kerak! Buni faqat o‘zingiz amalga oshira olasiz! O‘sha siz bilan rasm chizishga chiqqan odamlarning dardini eshiting, ularga sherik bo‘ling, do‘st tutining, telefonda suhbatlashib turing, to‘y-ma’rakalariga boring. Ana shunda bo‘shab qolgan qalbingizga yorug‘lik kiradi, miyangiz charxlanadi, fikrlaringiz teranlashadi. O‘sha kundan boshlab sizni eng qiziqarli ish va do‘stlaringiz kutadi. Ertalab uyg‘onib ishga shoshasiz, sizni oddiy odamlar kutib oladi. Kechasi bir dunyo taassurotlar bilan uyga qaytasiz. Biroq boy odamning umr yo‘ldoshi ekanligingizni sir tuting. Aks holda, ular sizdan yiroqlashadi va yana yolg‘iz qolasiz. Bu dunyoda faqat do‘stlik va muhabbatni pulga sotib olib bo‘lmaydi” dedim. Bu so‘zlarim erini ham, o‘zini ham o‘ylantirib qo‘ydi.
Ular barcha aytganlarimga amal qila boshlashdi. Oradan uch oy o‘tdi. Ular meni Qoraqamishdagi oddiygina uyiga mehmonga chaqirishdi. Bugungi mehmonnavozlik ularning gali bilan bo‘layotgan ekan. Hikoyamiz qahramoni oddiy uy bekasi kabi mehmonlarga elib-yugurib ovqat tayyorlar, oddiygina kiyingan eri esa mehmonlar oldiga choy-non qo‘yish bilan ovora edi. Dasturxon atrofidagilar o‘zlari qiziqqan voqealar haqida so‘zlashar va bu dunyoda ulardan baxtiyor odam yo‘q edi. Eng asosiysi, mehmonu mezbonlar yuzidan nur yog‘ilardi. Bu ajoyib manzarani ko‘rib turib, ushbu go‘zal ayolning avvalgi kasalligi haqida o‘ylagim ham kelmadi. Bunga hojat ham yo‘q edi. Chunki uning o‘zi ham bu dardni unutgan va baxtiyor edi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha