Orqa uzun tutam
Orqa uzun tutam (fasciculus longitudinalis dorsalis) Darkshevich yadrosidan boshlanadi (6.19-rasm). Darkshevich yadrosi ikkala tomonda ham bor bo‘lib, III nerv yadrosidan sal teparoqda joylashgan. Silviy suv yo‘li va rombsimon chuqurcha tubida paramedial joylashib pastga tushib kelayotgan orqa uzun tutam ham o‘zi, ham qarama-qarshi tomondagi III, IV, VI nervlar yadrosiga kollaterallar beradi. Fasciculus longitudinalis dorsalis uzunchoq miyadan ham o‘tib orqa miyaning oldingi ustuniga tushadi va bo‘yin segmentlarining oldingi shoxlarida tugaydi. Masalan, tovush kelgan yoki yorug‘lik tushgan tomonga boshni burishimiz orqa uzun tutam ishtirokida amalga oshiriladi.
Har bir ko‘z yakka holda harakat qila olmaydi. Ular hamkorlikda harakatlanadi.
Biz chapga qaraydigan bo‘lsak, chap ko‘zdagi m. rectus externus (VI nerv) qisqaradi, m.rectus internus (III nerv) bo‘shashadi va o‘ng ko‘zdagi m.rectus internus (III nerv) qisqaradi, m. rectus externus (VI nerv) esa bo‘shashadi. Ko‘zlarning hamkorlikdagi bunday harakatlari orqa uzun tutam yadrolari va yo‘llari orqali boshqariladi. Albatta, bu jarayonda miyaning boshqa tuzilmalari ham ishtirok etadi.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha