OPTIK-FAZOVIY AGNOZIYa
Optik-fazoviy agnoziya. Agnoziyaning bu turi ko‘pincha bosh miyaning o‘ng yarim shari (parieto-oksipital sohalar) yoki ikkala yarim shar birato‘la zararlanganda kuzatiladi. Bunda bemor narsaning fazoviy belgilarini tasvirlab bera olmaydi. Bu erda narsalar yoki atrof-muhitdagi ob’ektlar katta-kichikligining ahamiyati yo‘q. Bemor geometrik figuralarning (uchburchak, romb, kvadrat) rasmini to‘g‘ri chiza olmaydi. Agnoziyaning bu turida chap va o‘ng tomonlarni farqlash ham buziladi va bemor ob’ektlarning bir tomonini tan olmaydi (1-rasm, a, b).
1-rasm (a). Fazoning bir tomonini inkor qilish sindromi (Z.R. Ibodullaev, 2000 y). a – KT da bosh miya o‘ng yarim sharining ensa sohasida ishemik o‘choq.
1-rasm (b). b – bemordan uy va daraxt tasviridan nusxa ko‘chirish so‘ralganda, ularning chap tomonini chizmay qoldiradi, ya’ni inkor qiladi.
Bu holat «fazo yoki ob’ektning bir tomonini inkor qilish» sindromi deb ataladi. Bu sindrom asosan, bosh miya o‘smasi yoki og‘ir kraniotserebral jarohatlarda kuzatiladi. Bu sindromni biz bosh miya o‘ng yarim sharining a.cerebri posterior qon bilan ta’minlaydigan sohaning o‘tkir ishemik insultida ham kuzatganmiz. Optik-fazoviy agnoziya bosh miyaning o‘ng yarim shari zararlanganda ko‘p kuzatilgani uchun bemor ob’ektlarning chap tomoni borligini go‘yoki inkor qiladi. Bemor hatto o‘zining chap tomonini ham tan olmaydi, qo‘l-oyoqlar harakati saqlangan bo‘lsa-da, ko‘ylagi va shimini kiyayotganda chap tomonini kiymaydi, chap qo‘lini ishlatmaydi. Bu sindrom bir tomonlama fazoviy agnoziya deb ham ataladi. Bu simptomlar bosh miyaning o‘ng yarim shari zararlanishi uchun juda xos.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. T.; 2021., 312b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha