Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Musibat oilani jipslashtiradimi?

Musibat oilani jipslashtiradimi?


Xuddi shunday! Aksariyat hollarda musibat oilani jisplashtiradi. Bunga o‘zim guvoh bo‘lgan voqeani sizlarga so‘zlab beray. Saraton (rak) tashxisini eshitgan zahoti bemor ruhiyati qattiq zarbaga uchraydi. Shuning uchun ham bu tashxis bemordan sir tutiladi. Biroq aksariyat bemorlar ularga qilinayotgan nur terapiyasi, kimyoterapiya yoki o‘rta tibbiy xodimlar orqali kasallikdan voqif bo‘lishadi. Bunday paytlarda bemordan turli xil psixologik reaktsiyalarni kutish mumkin. Biri o‘z joniga qasd qilish xayoliga borsa, boshqasi depressiyaga tushadi yoki bu tashxisga ishonmay qayta-qayta tekshiruvlardan o‘ta boshlaydi, yana boshqa biri aksincha, yanada kuchli va matonatli bo‘ladi, oila a’zolari davrasida ko‘proq vaqt o‘tkazishga intiladi. Davosiz kasallik butun bir boshli oilani nafaqat halokat yoqasidan saqlab qoladi, balki undagi psixologik muhitni tubdan o‘zgartirib yuboradi. 
B. ismli katta amaldorning bir o‘g‘li va bir qizi bor edi. Qizi aqlli va zukko, o‘g‘li esa, aksincha, juda takasaltang bo‘ladi. Chunki yarim tunda ishdan qaytadigan ota oila a’zolari davrasida deyarli bo‘lmas edi. Buning oqibatida uning A. ismli 14 yashar o‘g‘li betarbiya va o‘ta bezori bo‘lib ulg‘ayadi, onasiga quloq solmaydi, singlisiga tinmay azob berib yashaydigan. Bu bola otaga ham quloq solmas, gap qaytarar edi. Hatto akasining zug‘umiga chiday olmay singlisi o‘z joniga qasd qiladi, biroq hayoti saqlab qolinadi. Shundan so‘ng ona depressiya kasaliga duchor bo‘ladi.  O‘g‘il hatto ko‘cha bezoriligi uchun qisqa muddatga qamalib ham chiqadi. 
Shunday notinch kunlarning birida otasida rak kasalligining og‘ir turi aniqlanadi va u ishdan ketadi. Hayot zarbalariga ko‘p uchragan amaldor tushkunlikka tushmaydi, aksincha o‘zida kuch topib, matonatli insonga aylanadi. U endi butun e’tiborini oilasiga qaratadi: bor ilm va tajribasini farzandlariga  bag‘ishlaydi, xotinini depressiyadan chiqarib oladi, butkul apatiyaga tushib qolgan qizini hayotga qaytaradi, o‘g‘lining qiziqishlari va dunyoqarashini zimdan o‘rganib (chunki o‘z o‘g‘lining ichki dunyosini bilmasdi), u bilan do‘st bo‘lib oladi. Avvallari otadan doimo qochadigan farzand endi otasini suhbatiga to‘ymaydigan, sirdosh bo‘lib qoladi. Oiladagi psixologik muhit bir yil ichida har kim havas qilgudek darajada tiklanadi.
 Saraton o‘pkaga tarqalib, otaning ahvoli og‘irlashadi. O‘tkazilayotgan nur terapiyasi va kimyoterapiya tufayli unda mador qolmaydi. Oila iqtisodiy qiyinchilikda qoladi, chunki bu oilada faqat ota ishlardi. Ular hovlini sotib, uch xonali uyga ko‘chib o‘tishadi. Otaning ahvoli og‘irlashib boraveradi. Avvallari otasi bilan hech chiqishmaydigan o‘g‘il unga shu qadar bog‘lanib qoladiki, xatto shifoxonada ham ko‘zlari bo‘rtayib qolgan otasi yonidan jilmaydi. Kundan kun ozib-to‘zib borayotgan otani o‘g‘li cho‘miltirar, ovqatiga qarar, yonida o‘tirib, turli xil kitoblar o‘qib berar edi. Ona va qiz ham mehr bilan kasal otani parvarish qilishadi. Ota olamdan ko‘z yumadi. Biroq  o‘zidan  baxtli oila qoldirib ketdi. U farzandlari qalbining to‘ridan joy oldi. Bu voqeani menga so‘zlab bergan A. ismli ushbu o‘g‘il hozirda 2 farzandning otasi va yaqinda katta  lavozimlardan birida ish boshladi. Biroq u har bir so‘zida men uchun eng asosiysi – bu oilam, onam va farzandlarim tarbiyasi, der edi. 

Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
              © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat. 5-nashr., Toshkent. 2023., 312 b       
               © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
            ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив