MIYaChANING ZO‘RAYMAYDIGAN TUG‘MA ATAKSIYaSI
KXT-10: G11. Nasliy ataksiyalar bo‘limida G11.0 kodi ostida “Zo‘raymaydigan nasliy ataksiya” nomi bilan yuritiladi. “Miyachaning zo‘raymaydigan tug‘ma ataksiyasi” tashxisi qo‘yilgan bemorda miyacha aplaziyasi yoki gipoplaziyasi, chuvalchang ageneziyasi va shu kabi boshqa nasliy defektlar aniqlanadi.
Klinikasi. Klinik simptomlar bola 1 yoshga to‘lmasdan boshlanadi. Dastlabki belgilar – miyacha ataksiyasi va tarqalgan tremor. Tremor tananing barcha qismi, ya’ni bosh, qo‘llar va oyoqlarda kuzatiladi. Shuningdek, aqliy rivojlanish va jismoniy o‘sishdan orqada qolish, dizartriya, ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar patologiyasi, ambliopiya, eshitish pasayishi, gidrotsefaliya, piramidal simptomlar aniqlanadi. Kasallik belgilari, odatda, 10-12 yoshgacha shakllanib boradi va keyin rivojlanishdan to‘xtaydi. Shuning uchun ham ataksiyaning bu turiga “Zo‘raymaydigan miyacha ataksiyasi” nomi berilgan. Bola tug‘ilganidan bosh miyaning KT va MRT tekshiruvlarida miyachaning tug‘ma defektlari aniqlanadi. Aynan ushbu tugma defekt kasallik klinikasini belgilab beradi. Ma’lumki, miyachaning 3 ta oyog‘i MNS ning barcha tuzilmalari, ayniqsa, miya ustuni tuzilmalari bilan uzviy bog‘liq. Shuningdek, miyacha bolaning ruhiy rivojlanishida ham katta ahamiyatga ega. Shu bois, ushbu kasallikda miyacha ataksiyasidan tashqari boshqa nevrologik va neyropsixologik simptomlar ham kuzatiladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha