Mielin parda
Mielin parda – bir necha oqsilli va lipidli qatlamlardan iborat murakkab tuzilishga ega parda. Aksonning neyron tanasiga yaqin qismi va oxirgi periferik qismi mielin parda bilan o‘ralmagan. Aksonning hamma joyi ham ushbu parda bilan bir xil qoplanmaydi. Mielin yo‘q joylar ham mavjud bo‘lib, ular Ranve o‘yiqlari deb aytiladi. Ranve o‘yiqlari ham markaziy, ham PNS aksonlarida mavjud. Mielin parda bilan qalin qoplangan aksonlarda impuls tarqalish tezligi juda yuqori (80-120 m/s), yupqa qoplangan aksonlarda tezlik ancha past bo‘ladi. Demak, mielin parda izolyatsiya vazifasini o‘taydi. Shu bois, bu parda emirilgan aksonlarda impuls uzatilishi sekinlashadi. Mielin parda emirilgan sayin natriy, kaliy va boshqa ionlar uchun mavjud kanallar soni ham kamayib boradi. Buning natijasida mielin pardada qutbsizlanish jarayoni juda sustlashadi. Qutbsizlanish akson bo‘ylab impulslarni o‘tkazish uchun zarur jarayon. Demak, bu jarayon buzilar ekan, nerv tolasi, ya’ni akson o‘z vazifasini bajara olmay qoladi. Demielinizatsiya jarayoni shu yo‘sinda davom etaversa, nevrologik simptomlar yuzaga kelaveradi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha