MAVSUMLI DEPRESSIYa HAM BO‘LADIMI?
Ha, bo‘ladi. Mavsumli depressiya – yilning ma’lum bir mavsumida kuzatilib, boshqa paytlari o‘z-o‘zidan o‘tib ketadigan depressiya. Ushbu depressiya kuz yoki qish mavsumida kuzatiladi, bahor yoki yoz oyida o‘tib ketadi. Ba’zi odamlar mavsumli depressiyaga juda moyil bo‘lishadi. Bunday shaxslar yilning o‘sha mavsumida (masalan, qishda) depressiyaga tushib, mehnat faoliyatini butunlay yig‘ishtirib qo‘yishadi. Ba’zida hissiy portlashlar ham kuzatiladi. Masalan, turmush o‘rtog‘i bilan urishaveradi, dam olishga ketaylik deyaveradi, oilaga qaramay qo‘yadi, yangi yilni issiq o‘lkalarda kutaylik deb xarxasha qiladi.
Depressiyaning qishda ko‘p uchrashini qish mavsumida yorug‘ kunlarning kamligi bilan izohlanadi. Shuningdek, depressiyada gelioterapiya, ya’ni quyosh nurlari bilan davolash samara berganligi uchun ham mavsumli depressiya rivojlanishiga qorong‘i kunlar turtki bo‘ladi deb hisoblashadi. Shu bois ham qishda odamlar quyoshli o‘lkalarga intilishadi va depressiyaning engil hamda o‘rta darajadagi turlaridan xalos bo‘lib qaytishadi.
Mavsumli depressiyada yorug‘lik bilan davolash yaxshi samara bersa, uni qanday amalga oshirish kerak? Ertalab uyg‘ongandan so‘ng quyosh nurlari tushadigan havoda 30-60 daqiqa sayr qilinadi. Bu terapiyani kamida bir oy mobaynida amalga oshirish kerak. Quyosh nurlari bilan davolashni talassoterapiya (dengizda cho‘milish) bilan birgalikda olib borilsa, natijasi yanada yuqori bo‘ladi. Shu bois ham, quyosh nuri kam bo‘lgan shimoliy o‘lkalarda yashaydiganlarga depressiya mavsumi boshlangan paytlarda dengizli issiq o‘lkalarga sayohat uyushtirish tavsiya etiladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi;
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha