Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Miyacha-ko‘prik burchagi o‘smalari

Miyacha-ko‘prik burchagi o‘smalari


Bu soha (ko‘prikning yon tsisternasi) o‘smalari deyarli 90% holatlarda VIII nerv nevrinomasidir. VIII nerv nevrinomasi barcha intrakranial joylashgan o‘smalarning 6-8% ini tashkil qiladi. VIII nerv nevrinomasining dastlabki belgilari – bular bir quloqda shovqin paydo bo‘lishi va eshitishning pasaya borishi. Quloqda shovqin gipoakuziyadan oldinroq boshlanadi. Eshitishning bir quloqda pasayishini bemor har doim ham sezavermaydi, chunki eshitish ikkinchi quloq orqali ta’minlab turiladi. Kasallikning dastlabki paytida bir quloqda eshitish pasayishini faqat audiometriya yordamida aniqlash mumkin. Bu bosqich, odatda, 2-4 yil davom etadi, chunki VIII nerv nevrinomasi sekin o‘sadi.
       Ichki eshituv yo‘lining kengayishi VIII nerv nevrinomasi uchun xos bo‘lgan rentgenologik belgidir. Bu patologik holat chakka suyagi piramidasi Stenvers bo‘yicha rentgen qilinganda aniqlanadi. Ammo VIII nerv nevrinomasida har doim ham ichki eshituv yo‘li kengayavermaydi. VIII nervning vestibulyar qismi zararlanishi vestibulyar nistagm, bosh aylanishi va vestibulyar ataksiya bilan namoyon bo‘ladi.
        Ma’lumki, ichki eshituv yo‘lidan VIII nerv bilan birgalikda VII nerv ham o‘tadi. Shu bois VIII nerv nevrinomasida VII nerv ko‘p zararlanadi. O‘sma kattalashgan sayin VII nervni bosa boshlaydi va bir tomonda mimik muskullarning periferik falajligi rivojlanadi. Qulog‘ida shovqin bo‘layotgan bemor vrachga ko‘rinmasdan yurishi mumkin. Biroq yuzning qiyshaya boshlashi uni xavotirga soladi va tezda vrachga murojaat qilishga majbur etadi. 
Mabodo o‘tkir virusli infektsiyalar qo‘shilsa, o‘sma atrofidagi perifokal shish kuchayib, yuz nervi nevropatiyasi o‘tkir rivojlanadi. Bu esa diagnostik xatolarga olib kelishi mumkin. Yana shuni esda tutish lozimki, perifokal shish sababli yuzaga kelgan yuz nervi nevropatiyasi mimik muskullarning engil falajligi bilan namoyon bo‘lishi va davolash muolajalaridan so‘ng tezda tiklanishi mumkin. Demak, yuz nervi nevropatiyasida chuqur tekshiruvlar (masalan, MRT) o‘tkazish talab etiladi.
       O‘sma kattalashgan sayin u ichki eshituv yo‘lidan chiqib, ko‘prikning yon sisternasini (miyacha-ko‘prik burchagini) egallab boshlaydi va bu erda joylashgan kranial nervlarni bosadi. VIII, VII va V nervlarning periferik falajligi va miyacha simptomlari paydo bo‘lishi miyacha-ko‘prik burchagi sindromi deb ataladi. Bu bo‘shliqda o‘sma juda katta hajmga etadi. VIII nerv zararlanishi – eshitish pasayishi, VII nerv zararlanishi – mimik muskullarning periferik falajligi, V nerv zararlanishi – yuzning gomolateral qismida gipesteziyalar paydo bo‘lishiga olib keladi. O‘sma sekin o‘sganligi tufayli uch shoxli nervga qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatmaydi va shu bois, trigeminal og‘riqlar har doim kuzatilavermaydi. Biroq korneal reflekslar bir tomonda yaqqol pasaygan bo‘ladi. Yuzda trigeminal og‘riqlarsiz korneal reflekslarning yo‘qolishi V nerv tarmoqlari zararlanishi bilan bog‘liq. Bunday holat VIII nervning katta nevrinomasida kuzatiladi. O‘sma kattalashgan sayin dislokatsion sindrom shakllanib, IKG rivojlana boradi.

Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi 
              ©asab.cc





Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив