Miyacha
Miyacha orqa kranial chuqurchada yotadi. Miyachadan tepada bosh miyaning ensa bo‘lagi, old qismida esa ko‘prik va uzunchoq miya joylashgan. Miyachani ensa bo‘lagidan miyacha chodiri (tentorium cerebelli) ajratib turadi. Miyacha ikki yarimshar (hemispherium cerebelli) va ularni birlashtirib turuvchi chuvalchangdan (vermis) iborat.
Miyachaning kulrang va oq moddasi farqlanadi. Miyacha yarimsharlari va chuvalchangni yuqoridan kulrang tusga ega miyacha po‘stlog‘i (cortex cerebelli) qoplab turadi. Miyacha po‘stlog‘i neyron tanalaridan, oq moddasi esa nerv tolalaridan iborat. Miyachaning oq moddasida kulrang tusga ega chuqur joylashgan miyacha yadrolari (nuclei cerebelli) bor.
Miyacha po‘stlog‘i 3 qavatdan iborat: 1-qavat – molekulyar qavat (yuza qismi); 2-qavat – ganglioz qavat (Purkine xujayralari); 3-qavat – granulyar qavat (7.1-rasm).
Miyacha yadrolari. Miyachaning ichki qismida 4 juft yadro bor (7.2-rasm).
Bular – yopilg‘ich yadro (nucl. fastigii), sharsimon yadro (nucl. globosus), probkasimon yadro (nucl. emboliformis), tishsimon yadro (nucl. dentatus). Yopilg‘ich yadro vermis yonida, qolgan yadrolar esa undan chekkaroqda joylashgan. Tana muvozanati va koordinatsiyasi uchun vermis va nucl. fastigii mas’ul bo‘lsa, oyoq-qo‘llar muvozanati va koordinatsiyasi uchun nucl. dentatus va miyacha yarimsharlari mas’ul.
Miyacha oyoqchalari. Miyachaning quyidagi 3 juft oyoqchasi bor:
- Yuqori oyoqchalar (pedunculi cerebellares superiores) – o‘rta miya tomining plastinkasi, ya’ni to‘rttepalik bilan bog‘laydi.
- O‘rta oyoqchalar (pedunculi cerebellares medii) – ko‘prik bilan bog‘laydi.
- Pastki oyoqchalar (pedunculi cerebellares inferiores) – uzunchoq miya bilan bog‘laydi.
- Fleksig tutami – orqa spinotserebellyar yo‘l (tr.spinocerebellaris posterior).
- Govers tutami – oldingi spinotserebellyar yo‘l (tr.spinocerebellaris anterior).
- Vestibulo-tserebellyar yo‘l (tr. vestibulo-cerebellaris).
- Goll va Burdax yadrolaridan miyachaga boruvchi yo‘llar.
- Olivo-tserebellyar yo‘l (tr. olivo-cerebellaris).
- Peshona-ko‘prik-miyacha yo‘li (tr. fronto-ponto-cerebellaris).
- Ensa-chakka-ko‘prik yo‘li (tr. occipito-temporo-pontinus).
Miyacha harakatlar koordinatsiyasi va muvozanati uchun ahamiyatli bo‘lgan barcha turdagi sensor sistemalardan afferent signallar olib turadi. Bunday spetsifik signallar ko‘ruv, eshituv, vestibulyar apparat va proprioretseptsiyani ta’minlovchi tuzilmalardan miyacha yadrolariga tushib turadi.
Afferent va efferent yo‘llarning kollektor bog‘lanishlari tufayli barcha turdagi harakatlar koordinatsiyasi va sinergiyasi boshqariladi, tana muvozanati va muskullar tonusi ta’minlanadi. Ushbu funktsiyalar ongsiz ravishda reflektor tarzda amalga oshiriladi. Yuqori darajadagi aniqlikda bajariladigan bunday sinergik harakatlar ko‘z olmalari muskullaridan tortib, tanadagi yirik muskullargacha taalluqli. Bu jarayonda, albatta, vestibulyar apparat bevosita ishtirok etadi. Chunki miyacha yadrolari vestibulyar yadrolar bilan mustahkam aloqalarga ega va aksariyat funktsiyalarni birgalikda bajarishadi.
Topik diagnostikasi va tekshirish usullari
Miyacha zararlanganda harakatlar koordinatsiyasi va muvozanati buziladi, muskullar gipotoniyasi rivojlanadi, sinergik harakatlarni amalga oshirish mumkin bo‘lmay qoladi. Ushbu buzilishlarni bemorda kuzatayotgan har bir talaba miyacha patologiyasi haqida o‘ylab qoladi. Chunki bunday simptomlar miyacha zararlanishi uchun juda xos.
- Miyacha chuvalchangi zararlansa, statik ataksiya rivojlanadi. Buni tana ataksiyasi deb ham atashadi. Chunki chuvalchang tana muvozanati uchun mas’ul. Statik ataksiya bemorni tik turg‘izib tekshiriladi. Bunga Romberg sinamasi deyiladi. Ushbu sinamani tekshirayotganda oyoq panjalari bir-biriga tegib turishi, ikkala qo‘l oldinga uzatilishi va bosh tik ushlab turilishi kerak (7.3 (a)-rasm).
Bu paytda chayqalib ketish kuzatilsa, Romberg sinamasi musbat, chayqalmay to‘g‘ri tursa – manbiy deb yoziladi. Bu sinama dastlab ko‘zlar ochiq holatda, so‘ngra yumuq holatda tekshiriladi. Sensitiv ataksiyadan farqli o‘laroq, miyacha ataksiyasida ko‘zlarni yumush ataksiyani kuchaytirmaydi, ya’ni ko‘z ochiq holatda bo‘lsa ham, yumuq holatda bo‘lsa ham bemor chayqalaveradi. Sensitiv ataksiyada bemor orqaga yiqiladi (7.3 (b)-rasm)
- Miyacha yarimshari zararlansa, bemor zararlangan tomonga og‘ib yiqiladi. Chunki miyachaning har bir yarimshari o‘zi tomoni uchun javob beradi. Bunday bemor qadam tashlab yurganda zararlangan tomonga og‘ib ketaveradi. Bunga dinamik ataksiya deyiladi. Demak, tik turganda chayqalib ketishga statik, yurganda chayqalib ketishga dinamik ataksiya deb aytiladi. Bemor yiqilib ketmaslik uchun qadamlarni katta tashlab, qo‘llarini yon tomonlarga yoyib, devorni ushlab olishga harakat qiladi. U goh o‘ng, goh chap tomonga chayqalib ketadi. Bu holat xuddi mast odam yurishini eslatadi. Barmoq-burun sinamasi, diodoxokinez, tovon-tizza sinamalarini bajarish imkonsiz bo‘lib qoladi.
Bu sinama chap va o‘ng qo‘llar yordamida ketma-ket bajariladi. So‘ngra undan ko‘zlari yumuq holatda shu sinamani qayta bajarish so‘raladi. Miyacha zararlanishida ushbu sinama intentsiya bilan bajariladi, ya’ni burun uchiga yaqinlashayotgan barmoq titray boshlaydi. Bu holatga intentsion tremor deyiladi. Miyachaning qaysi yarimshari zararlansa, intentsion tremor o‘sha tomonda kuzatiladi.
- Diadoxokinez sinamasi. Bemordan ikkala qo‘lni oldinga cho‘zib ko‘zlarni yumish so‘raladi. So‘ngra ikkala qo‘l panjasini bir paytning o‘zida ichkariga (supinatsiya) va tashqariga (pronatsiya) ketma-ket burish so‘raladi (7.5-rasm).
Bu topshiriq tez-tez bajarilishi kerak. Normada bu harakatlar simmetrik tarzda bajariladi. Miyacha zararlangan tomonda pronatsiya va supinatsiya harakatlari sekinlashadi. Buning natijasida ushbu sinama asimmetrik tarzda namoyon bo‘ladi. Bu holatga adiadoxokinez deb aytiladi.
- Dismetriya sinamasi. Sinaluvchi bolg‘achani bir qo‘li bilan ushlab turadi. Ikkinchi qo‘lining bosh va ko‘rsatkich barmoqlari bilan esa ushbu bolg‘achaning keng va tor qismlarini galma-gal ushlashi lozim (7.6-rasm).
Bu sinama ikkala qo‘lda ham ketma-ket tekshiriladi. Sog‘lom odam bu sinamani bemalol bajaradi. Miyacha kasalliklarida ushbu sinamani bemor qo‘llarida titroqlar bilan bajaradi, qo‘lida bolg‘acha o‘ynab ketaveradi, uning keng va tor joylarini to‘g‘ri ushlay olmaydi.
- Tovon-tizza sinamasi. Bemor gorizontal holatda tepaga qarab yotadi. Undan tepaga ko‘tarilgan bir oyog‘ining tovoni bilan ikkinchi oyog‘ining tizzasiga tushish so‘raladi. So‘ngra tovonni boldirning ustki yuzasi bo‘ylab pastga ravon yurgizish talab qilinadi (7.7-rasm).
Bu sinama ikkinchi oyoqda ham shu tartibda tekshiriladi. Sog‘lom odam bu sinamani ataksiyasiz bemalol bajaradi. Miyacha yarimshari zararlanganda tizzaga yaqinlashayotgan oyoq panjasi titrab ketadi, tovonni tizza ustiga to‘g‘ri tushira olmaydi, boldir ustida ravon yurgiza olmaydi, ya’ni oyoq panjasi yon tomonlarga tushib ketaveradi. Agar shu holat kuzatilsa, “tovon-tizza sinamasi ataksiya bilan bajarildi” deb xulosa yoziladi.
7. Nistagm. Miyacha ko‘z olmalari harakatlarini ham koordinatsiya qiladi. Shu bois miyacha zararlanishida nistagm ko‘p kuzatiladi. Ko‘z olmasining ritmik tebranishlariga nistagm deb aytiladi. Nistagmni tekshirish uchun sinaluvchining ko‘zlaridan biroz uzoqlikda nevrologik bolg‘acha ushlab turiladi. Undan ushbu bolg‘acha uchiga qarab turish so‘raladi. So‘ngra bolg‘acha chap va o‘ng tomonga, tepaga va pastga yurgiziladi (7.8-rasm).
Sinaluvchi bolg‘achani ko‘zlari bilan kuzatadi. Bu paytda sog‘lom odamda ko‘z olmalari hech qanday tebranishlarsiz harakatlanadi. Ko‘z olmalarini yon tomonlarga harakatlantirganda kuzatiladigan nistagmga gorizontal, tepaga va pastga harakatlantirganda kuzatiladigan nistagmga, vertikal nistagm deb aytiladi. Ko‘z olmalarining aylanasimon harakatlari bilan namoyon bo‘ladigan holatga rotator nistagm deyiladi. Nistagm tug‘ma bo‘lishi mumkinligini ham esda tuting.
- Skandirlashgan nutq. Miyacha nutq funktsiyasini ta’minlab beruvchi muskullar koordinatsiyasi uchun javob beradi. Shu bois ham biz unli va undosh tovushlarni joy-joyiga qo‘yib ravon so‘zlaymiz. Miyacha zararlanganda nutq ravonligi va silliqligi yo‘qolib talaffuz buziladi. Bu holat skandirlashgan nutq deb aytiladi. Skandirlashgan nutqni tasavvur qilish uchun mast odam nutqini ko‘z oldingizga keltiring yoki og‘zingizga yong‘oq solib so‘zlashga harakat qiling.
- Xusnixat o‘zgarishi. Barmoqlar harakati koordinatsiyasi izdan chiqqanligi bois, bemorning husnixat buziladi va shakli o‘zgargan katta-katta harflar bilan yozadi. Bu holatga megalografiya deyiladi (7.9-rasm).
- Styuart-Xolms simptomi. Bemor musht qilingan bir qo‘lini ko‘ksi yonida bukib ushlab turadi va boshini qarama-qarshi tomonga buradi (7.10-rasm).
- Spontan pronatsiya. Bemordan ikkala qo‘lini oldinga cho‘zib kaftlarni yuqoriga qaratib ushlab turish so‘raladi. Miyacha yarimshari zararlangan tomonda qo‘l panjasi ichkariga va biroz pastga buraladi, ya’ni spontan pronatsiya ro‘y beradi.
- Muskullar gipotoniyasi. Chuvalchang zararlansa tananing ikkala tomonida ham muskullar gipotoniyasi kuzatiladi, miyacha yarimshari zararlansa, bu belgi zararlangan tomonda namoyon bo‘ladi.
- Intentsion tremor. Qo‘l yoki oyoqlarda maqsadga yo‘naltirgan harakatlarni bajarayotganda kuzatiladigan tremorga intentsion tremor deyiladi. Bu simptom miyacha patologiyasi uchun juda xos. Barmoq-burun va tovon-tizza sinamasi hamda dismetriyani tekshirayotganda kuzatiladigan tremorni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Tinch holatdagi tremorga intentsion tremor deb bo‘lmaydi. Masalan, parkinsonizm uchun tinch holatdagi tremor xos.
- Asinergiya. Harakatlanish mobaynida oyoq-qo‘llar va gavdada sinergik harakatlar bo‘lmasligiga asinergiya deyiladi. Babinskiy asinergiyasini tekshirish usulini keltirib o‘tamiz. Bemordan qattiq joyda tepaga qarab yostiqsiz yotish so‘raladi. Oyoqlar orasi elka kengligida ochilgan, qo‘llar ko‘krak sohasida bir-biriga X-simon qilib o‘tkazilgan bo‘ladi. Bemorga oyoqlarni tizzada bukmasdan gavdani oldinga bukish, ya’ni o‘tirishga harakat qilish so‘raladi. Bu paytda bemorning ikkala oyog‘i ko‘tarilib ketadi, ya’ni gavdani ko‘tarishdan oldin oyoqlar ko‘tarilib ketadi (7.11-rasm).
- Yurishni buzilishi. Miyacha zararlanishida bemor katta-katta qadam tashlab goh o‘ng, goho chap tomonga chayqalib yuradi, gohida orqaga yiqilib ketadi. Shu bois “yurish sinamasi” tekshirilayotganda bemorni yonida turgan vrach uning yiqilib ketishdan asrashi kerak (7.12-rasm).
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi © asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha