MULOYIM OLIM
U maktabda o‘rtamiyona o‘quvchi edi. Baxtli tasodif ila o‘qishga kirib talaba bo‘ldi. O‘ta muloyim yigit bo‘lgan, yuzidan nur yog‘ilib turgan va u hech qachon “Yo‘q” so‘zini ishlatmagan. Institutda o‘qib yurgan kezlari har doim bir qo‘li ko‘ksida bo‘lgan. Shu bois bu talabani barcha kafedra mudirlari yaxshi ko‘rar va o‘ziga shogird qilib olishga intilardi. U nafaqat kafedrada, hatto ilmiy laboratoriyalarda ham keksayib qolgan ustozlari o‘gitiga amal qilib “Xo‘p bo‘ladi, Ustoz! Siz har narsani bilguvchisiz” deyishni xush ko‘rardi. Bitta kafedra mudiri baxtli ekan, ushbu muloyim yigit unga nasib etdi. Bir qo‘lida institut diplomi, ikkinchi qo‘li ko‘ksida bo‘lgan va yuzidan nur yog‘ilib turgan yangi shogirdiga qarab ustozi: “Endi Sen olim bo‘lishing kerak, buni albatta amallashing lozim”. Muloyim yigit “Xo‘p bo‘ladi, Ustoz! Siz hamma narsani bilguvchisiz” dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.
Oradan 3-4 yil o‘tib muloyim shogird nomzodlik dissertasiyasini yoqlab, olim bo‘ldi. Dissertatsiyani himoya qilayotgan paytida hech bir professor uni ko‘nglini og‘ritgisi kelmadi. U hatto Ilmiy kengash a’zolari tomonidan berilayotgan savollarga ham “Xo‘p bo‘ladi, Ustozlar! Sizlar har narsani bilguvchisizlar” deb javob berar va qo‘li ko‘ksidan tushmasdi. Bir ovozdan himoyadan ham o‘tib oldi. Muloyim shogird himoyadan so‘ng dekan muovini hamda kafedra mudiri yordamchisi bo‘ldi.
Bir kuni Ustoz uni yoniga chaqirib: “Endi doktorlik ishini boshlaysan” dedi. “Xo‘p bo‘ladi, Ustoz! Siz har narsani bilguvchisiz” dedi u, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. Oradan 10 yil o‘tib u fan doktori bo‘ldi. Bu muloyim yigitni bir ovozdan fakultet dekani lavozimiga ko‘tarishdi va kafedraga mudir ham qilishdi. O‘tgan asrning so‘nggida ustozi uni yoniga chaqirib “Mana, hukumatimiz yangi qaror qabul qildi. Endi lotin imlosida yozamiz, biz ham o‘z fikrimizni bildirishimiz kerak. O‘zbek imlosi xuddi ingliz imlosi kabi bo‘ladi. Zo‘r-a!” dedi. “Albatta, Ustoz! Siz har narsani bilguvchisiz” dedi u muloyimgina kulib va darrov lotin alifbosini yoqlab katta maqola yozdi.
Oradan yillar o‘tdi. Muloyim olim Rektor bo‘ldi va hanuzgacha uning yuzidan yog‘ilib turgan nur so‘nmagandi. Endi uning bitta emas, ikkita qo‘li ko‘ksida edi. Keksayib qolgan Ustozi o‘limi oldidan: “Mana, oradan 30 yil ham o‘tibdiki, bizning yoshlar na lotin alifbosida to‘g‘ri yozadi, na kirillda. Siz ham o‘z fikringizni bersangiz?”. Muloyim olim o‘ylab ham o‘tirmay: “Xo‘p bo‘ladi, Ustoz! Siz hamma narsani bilguvchisiz” dedi. U nima deb fikr berishni bilmay kechasi bilan mijja qoqmay chiqdi. Ustozi o‘sha kuni bu foniy dunyoni tark etdi va kirill alifbosida unga vasiyatnoma qoldirib ketibdi. Unda shogirdi bundan keyin qanday yashashi kerakligi ham yozilgan edi. Ustozini to‘g‘ri anglagan muloyim olim endi kirill alifbosini yoqlab katta maqola yozdi.
Ko‘p o‘tmay muloyim olim boshqarayotgan ilm dargohiga katta delegasiya tashrif buyurdi. U ikkala qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib delegasiya a’zolarini tinglardi. Hukumat a’zolari unga ilm-fan sohasida ko‘pdan-ko‘p maslahatlar berishdi. Uning yuzlaridan nur yog‘ilib, muloyimligi yanada jo‘sh urib ketdi va “Axborot”ga intervyu berdi: “Biz qanchadan-qancha ishlarni bilmay yurgan ekanmiz, bizga hukumatimiz yo‘l xaritasini chiroyli qilib chizib-yasab berdi. Ilm sohasida hamma narsani bilguvchi dargoh – bu bizning Hukumatimiz! Biz endi nima qilishimizni anglab etdik...”.
Axborotni tinglab turib o‘tgan asrning o‘jar olimlari esimga tushib ketdi va ularga rahmim keldi. Nils Bor, Rezerford, Eyntshteyn, Petr Kapitsa... Axir ular ham bizning olimlarga o‘xshab muloyim bo‘lishsa bo‘lardi-ku?! Barchasi o‘jar va gapga kirmas bo‘lishgan. Oxir-oqibat quvg‘inga uchrashgan. Nils Bor qaysi kimyoviy elementni qaysi probirkaga solishni hukumat a’zolaridan so‘rasa bo‘lardi-ku? Shu ishni qilmagani uchun nemislar uning gardaniga avtomat tirashgan. Yaxshiyam otishmagan. Otishsa nima bo‘lardi? Nima ham bo‘lardi? Mendelev jadvalida bitta kimyoviy unsur kam bo‘lardi. Bu bilan osmon uzilib erga tusharmidi?! Rezerfordchi? Hukumat bilan maslahatlashganida atomni allaqachon parchalagan bo‘lardi? Eynshteyn nisbiylik nazariyasini hukumatga nisbatan qo‘llagani uchun quvg‘inda yurdi. Petr Kapisa shogirdi Landauni himoya qilaman deb boshi baloga qolgan... Freydning psixoanalizi o‘zining boshiga etib, kitoblari gulxanda yondi. Axir o‘sha kitoblarni hukumat bilan maslahatlashib yozsa bo‘lardi-ku?! Olim muloyim bo‘lishi kerak! Freydni esa portretiga qarashga odam qo‘rqadi. Nur yog‘ilish u yoqda tursin, yuzidan zahar tomib turadi. Kim aytadi uni psixoanaliz asoschisi deb. Eynshteynga qanchadan-qancha davlatlar maslahat berishga oshiqdi. U esa o‘z bilganidan qolmadi. Oxir-oqibat yurtma-yurt sarson-sargardon bo‘lib yuraverdi. Erda joy topa olmaganidan, boshqa galaktikalarga intildi. Saxarovchi? O‘sha paytlari «Kreml s’ezdlar» saroyida inson huquqlari haqida kuyinib so‘zlagan bu o‘jar olimni himoya qilish o‘rniga muloyim olimlar mum tishlab o‘tirishgan. Bechora isyonkor akademikni tribunadan itarib tushirib battar uy qamog‘iga tiqishgan. To‘g‘ri-da! Nima qilasan o‘zgalar himoyasiga otlanib? Hammaga o‘xshab muloyim olim bo‘lib yursangiz bo‘lmaydimi? Barcha o‘jar olimlar o‘jarligi o‘zlarining boshiga etdi. Agar ular ham muloyim olim bo‘lishganida, davlat bilan maslahatlashib ilm qilishganida yanada ko‘proq yutuqlarga erishgan bo‘lisharmidi?! Esiz Nobel mukofoti sohiblari...
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha