Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi MIYaNING IChKI BOSIMI OShIShI XAVFLIMI?

MIYaNING IChKI BOSIMI OShIShI XAVFLIMI?


Odamlar orasida “cherepnoe davlenie” iborasi shu qadar keng tarqalganki, bu tashxisni qo‘ymagan vrach qolmadi, shekilli. Aslida chuqur nevrologik tekshiruvlar asosida aynan nevropatolog tomonidan qo‘yiladigan bu tashxisni nega boshqa toifa vrachlari ham qo‘ymoqda? Ularning bunga yuridik huquqi bormi? Aksariyat odamlar arterial qon bosimidan emas, “cherepnoe davlenie” dan qo‘rqadigan bo‘lib qolgan. Nima uchun? Endi tug‘ilgan chaqaloqqa ham, qari odamlarga ham shu tashxisni qo‘yishyapti. Nima, bu kasallik shu qadar ko‘p tarqalganmi yoki asossiz tashxislar ko‘payganmi? Aksariyat bemorlarni bunday savollar qiziqtirgani bois, ularga batafsil javob berib o‘tishni lozim topdik.
       Savol: Miyaning ichki bosimi oshishi shu qadar ko‘p tarqalganmi yoki bu tashxisni qo‘yish ko‘payganmi? Hozir odamlar orasida udum bo‘lib qolgan ibora bilan aytganda “cherepnoe davlenie” nima o‘zi?
      Javob: Kalla suyagi ruschasiga “cherep”, lotinchada “sranium” deb yuritiladi. Rus tilidagi “Vnutricherepnoe davlenie” o‘zbekchaga “Kalla suyagi ichki bosimi” deb tarjima qilinadi. O‘zbek tibbiy tilida men “intrakranial gipertenziya” iborasini ko‘p ishlataman. Kitoblarimda ham shunday yozganman. “Gipertenziya” atamasi “yuqori bosim” degan ma’noni anglatadi. Masalan, arterial gipertenziya, intrakranial gipertenziya. Xalqimizga tushunarli bo‘lishi uchun bugungi suhbatim­izda “miyaning ichki bosimi” iborasini ishlata qolamiz.
        Xo‘sh, miyaning ichki bosimi oshishi yoki intrakranial gipertenziya haqiqatan ham ko‘p tarqalganmi? Aslo yo‘q! Bosh og‘riqlar sababi ichida miyaning ichki bosimi oshishi bor-yo‘g‘i 12 foiz, xolos. Mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, turli vrachlar tomonidan bunday tashxislarni qo‘yish 70 foizdan oshib ketdi.
       Savol: Bu juda ko‘p-ku! 
      Javob: Ha, ko‘p! Men Toshkent tibbiyot akademiyasida 1994 yildan buyon talabalarga nevrologiyadan ma’ruzalar o‘qiyman. O‘sha paytlari kompyuter tomografiyasi yurtimizga endi kirib kelgan yillar edi. Ushbu aniq tashxis qo‘yuvchi uskuna paydo bo‘lgach, asossiz nevrologik tashxislarni qo‘yish kamayadi deb o‘ylovdim. Afsuski, battar ko‘paydi.
       Bir kuni talaba qizlardan biri: “Ustoz, miyaning ichki bosimi oshishi aholi orasida ko‘p tarqalganmi?” deb so‘rab qoldi. Men unga: “Singlim, bugun darsdan keyin avtobus bekatiga boring-da, pista sotib o‘tirgan sotuvchi ayoldan: “Boshim tinmay og‘riydi, nima qilsam ekan-a?”, deb so‘rang. Albatta, u sizga “Doktorga boring, qizim”, deydi. Siz bir oz kutib turing-da, qayta yana shu savolni bering. Shunda ayol: “Qizim, sizda “cherepnoe davlenie” oshgan” deb javob berishi tabiiy...
        Ertasi kuni navbatdagi ma’ruzani endi boshlagandim hamki, haligi talaba qiz kecha bo‘lgan voqeani to‘lqinlanib gapira boshladi: “Tavba! Ustoz, xuddi siz aytgandek bo‘ldi. O‘sha ayol menga ikkinchi savoldan keyin “Qizim, senda cherepnoe davlenie oshgan”, dedi. Ma’ruza zalidagi 150 dan oshiq talaba kulib yubordi. Men talabalarga qarab: “Institutni tugatgach, sizlar ham bu tashxisni bo‘lar-bo‘lmasga qo‘yavermaslik uchun yaxshi o‘qinglar”, dedim. Men ahyon-ahyonda ma’ruza paytida talabalarga shunaqa topshiriq berib turaman. Ular ko‘chada har xil odamlarga shu savolni berib, deyarli har doim “Sizda cherepnoe davlenie oshibdi” degan javobni olishadi. 
      Savol: Balki rostdan ham bu kasallik ko‘p uchrar?! Tinmay bosh og‘rishi – “cherepnoe davlenie” belgisi emasmi axir?
       Javob: Barcha bosh og‘riqlar sabablari ichida miyaning ichki bosimi oshishi bor-yo‘g‘i 10-12% ni tashkil qiladi. Boz ustiga, “miyaning ichki bosimi” degan tashxis yo‘q. Miyaning ichki bosimi hammada bor. Uni likvor bosimi deb ham atashadi. Likvor (miya suyuqligi) bosimi gorizontal holatda 100-200, o‘tirgan holatda 200-400 mm. suv ustuniga teng. Xuddi arterial qon bosim kabi. Masalan, arterial qon bosim hammada bor va u normada 120/70 mm simob ustuniga teng. Ba’zi katta yoshdagilarda 140/90 mm. simob ustuni ham me’yor hisoblanadi. Arterial qon bosim o‘lchov birligi – mm. simob ustuni bilan, likvor bosimi esa mm. suv ustuni deb yoziladi. Aslida likvor bosimini aniqlash uchun orqa miya suyuqligi olib tekshiriladi. 
     Savol: Shifokorlar meningit (miya pardalari yallig‘lanishi) bilan shifoxonaga tushgan bolaning orqa miyasidan likvor suyuqligini olib tekshirish lozimligini aytishadi. Ammo ba’zi ota-onalar bunga rozilik berishmaydi. Chunki boladan miya suyuqligi olinsa, keyinchalik u aqli zaif bo‘lib qoladi deb o‘ylashadi. Shu to‘g‘rimi?
      Javob: Mutlaqo noto‘g‘ri! Aksincha, meningit bo‘lgan boladan shifoxonada orqa miya suyuqligi (likvor) olib turilmasa, u keyinchalik aqli zaif bo‘lib qolishi mumkin. Nafaqat aqli zaif, balki bunday bola jismoniy rivojlanishdan ortda qoladi va turli asoratlar bilan tuzaladi.
       Ayniqsa, yiringli meningitni lyumbal punktsiya (orqa miyadan suyuqlik olib tekshirish amaliyoti) qilmasdan davolash o‘ta xavfli. Bu kasallik, odatda, 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Mazkur kasallikka chalingan bolalarda har 2-3 kunda beldan punksiya qilib, orqa miya suyuqligini olib turish kerak. Natijada miya pardalari orasidagi yiringli likvor tozalanib, uning o‘rniga buloq suvidek toza likvor ishlab chiqariladi. 
        Miya qorinchalarining maxsus o‘siqchalarida bir kunda 350-450 ml. likvor ishlab chiqariladi va shunchasi qayta so‘riladi. Ko‘rdingizmi, qancha ko‘p! Bu esa miyaning sog‘lom faoliyat ko‘rsatishi uchun juda zarur. 
         Mana, hozir suhbatimiz “miya ichki bosimi” haqida ketyapti. Aynan yiringli meningit – bolada miya ichki bosimini keskin oshiradigan kasalliklar ichida birinchi o‘rinda turadi. Bu bosimni faqat beldan likvor olib pasaytirish mumkin. Aks holda miyaning ichki bosimi oshaverib, miya to‘qimasini eza boshlaydi va bola komaga tushadi. Bilasizmi, meningit sababli komaga tushgan bolaga 2-3 soat ichida beldan punktsiya qilib, ortiqcha likvor olinsa, u o‘sha kuniyoq hushiga keladi. 
       Savol: Nega unda ba’zi infektsionist-vrachlar “Bolangizning belidan punktsiya qilib, miya suyuqligini olishimiz kerak. Shunga rozimisiz?” deb so‘rashadi. Ota-ona, tabiiyki, qo‘rqadi... Ushbu tibbiy muolaja shu qadar muhim ekan, uni ota-onadan so‘ramay qilsa bo‘ladi-ku?
       Javob: Meningit bo‘lgan bolada orqa miya suyuqligini olib tekshirish uchun vrachning ota-onadan ruxsat olishi bu bo‘lmagan gap! Men bunaqa qoidani eshitmaganman. Unday bo‘lishi mumkin ham emas. Lyumbal punktsiya – tibbiy ko‘rsatmalar asosida vrachning o‘zi hal qiladigan muolaja. Uni o‘tkazish yoki o‘tkazmaslikni faqat vrachning o‘zi hal qiladi. Meningitni lyumbal punktsiya qilmasdan davolash – bu o‘lim va og‘ir asoratlar sababi deyavering. Agar ba’zi shifoxonalarda shunday qoidalar haliyam hukm surayotgan bo‘lsa, bunga zudlik bilan chek qo‘yish kerak. Bundan tashqari, miya loyqali likvordan tozalanib tursa, uning o‘rniga toza likvor ishlab chiqarilib turadi. Likvor tahlili orqali meningitni qaysi mikrob chaqirgani aniqlanadi va eng zarur antibiotik tanlanadi va hokazo. Umuman olganda, reanimatologlar ishiga ota-onalar aralashmagani ma’qul. 
       Savol: Qachon miyaning ichki bosimi oshadi?
       Javob: Hali aytib o‘tganimdek, bu patologik holatning asosiy sabablaridan biri – miya pardalarining o‘tkir yallig‘lanishi, ya’ni meningitlar. Keyin entsefalitlar (miya to‘qimasi yallig‘lanishi), bosh miya jarohatlari, leptomeningit va xorioependimatitlar.
       Leptomeningit – bu miya pardalarining surunkali yallig‘lanishi bo‘lib, uning ham asosiy belgilari bosh og‘riqlardir. Leptomeningit meningitga o‘xshagan og‘ir kasallik emas. Meningit yuqumli kasallik va uni infektsionist davolashi kerak, leptomeningit esa umuman yuqmaydi va uni nevropatolog davolaydi. Leptomeningitda miyaning ichki bosimi har doim ham oshavermaydi. Xorioependimatit – bu miya qorinchalarining ichki devori yallig‘lanishi. Aynan mana shu ichki devor (ependima) likvor ishlab chiqaruvchi va ortiqcha likvorni qayta so‘ruvchi o‘siqchalardan iborat.
        Bu kasallik deyarli har doim miyaning ichki bosimi oshishi bilan boshlanadi. Afsuski, hozirgi nevropatologlar bu tashxisni deyarli qo‘yishmayapti. Bu yaxshi emas. Vaholanki, “leptomeningit va xorioependimatit” atamalarini O‘zbekiston faxri, XX asrning buyuk nevrologi, jahon nevrologiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yurtdoshimiz Nabi Majidov 1972 yili taklif qilgan. Bu ikkala kasallik nomi “Katta tibbiy entsiklopediya” da ham o‘rin olgan. Kerak bo‘lsa, xorioependimatit – “Majidov kasalligi” deb atalishi kerak. 
        Men bu masalani xalqaro anjumanlardan birida ko‘targanman. Majidov ulkan meros qoldirib ketdi. Uning barcha asarlarini ingliz, nemis, frantsuz tillariga tarjima qilish vaqti keldi. Aks holda, o‘zbek olimi yaratgan bu tashxisni bizdan o‘g‘irlab qo‘yishadi va o‘ziniki qilib olishadi. Ilm-fanda bunday voqealar har doim uchrab turgan. Ilm-fanda nafaqat plagiatlik, balki g‘oya o‘g‘rilari ham anchagina. Xorijda har qanday kashfiyot, hatto oddiy simptomga ham olimlar nomini berishadi. 
        Bilasizmi, mavzudan chetlashayotgandek ko‘rinsam-da, ilm kishisi sifatida o‘tgan olimlarni eslash burchim. Qolaversa, miyaning ichki bosimini Nabi Majidov darajasida o‘rgangan olim yo‘q. Boz ustiga, “Miyaning ichki bosimi oshishi” tashxis emas. 1972 yilgacha dunyo nevrologiyasida “Miya ichki bosimi oshishi” iborasi o‘z nozologiyasiga (ya’ni, kasallik nomiga) ega bo‘lmagan. “Xorioependimatit” ushbu atamaga juda mos keladi.
       Savol: Miyaning ichki bosimi oshishiga xos belgilar haqida ma’lumot bersangiz. Bu holat qanday namoyon bo‘ladi?
      Javob: Miyaning ichki bosimi oshishi quyidagi belgilar bilan ko‘zga tashlanadi:
  1. Bosh og‘rig‘i. Ertalab uyg‘onganda kuzatiladi, boshni pastga engashtirganda kuchayadi, zinadan ko‘tarilayotganda chakka va ensa sohasi lo‘qillay boshlaydi. 
  2. Bosh aylanishi. Chunki tana muvozanati va koordiatsiya uchun javob beruvchi tuzilmalar faoliyati ham sustlashadi. Shuningdek, miyadan qonni olib chiqib ketuvchi venalarda turg‘unlik ro‘y beradi. Buning natijasida nafaqat bosh og‘riydi, balki bosh aylanishi ham kuzatiladi. 
  3. Ko‘ngil aynishi va ba’zida qayt qilish. Bu belgilarning ovqatlanishga aloqasi bo‘lmaydi va bosh og‘riq zo‘rayganda paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Buning ham sabablari yuqorida ko‘rsatilgan omillar bilan bog‘liq. Shuningdek, miya ustunida vegetativ markazlar bor. Miya ichki bosimi oshganda ushbu markazlar qo‘zg‘aladi va ko‘ngil ayniydi, qayt qilish kuzatiladi.
  4. Diqqat tarqoqligi va xotira pasayishi, fikrlash karaxtligi. Bu simptomlar nega paydo bo‘ladi? Chunki miyaning ichki bosimi oshganda xalq tili bilan aytganda “miya dimiqadi” va buning natijasida miyaning normal faoliyati sustlashadi. Xuddi kislorod kam xonada bosh dimiqqandek holat yuzaga keladi.
  5. Yurak urishlari tezlashuvi yoki sustlashuvi. Qon bosim “o‘ynab” turishi, ko‘p terlash va hokazo. Bu belgilar ham miya ustunida joylashgan yurak-qon tomir faoliyatini boshqaruvchi markazlar ishining sustlashuvi bilan bog‘liq.
  6. Ko‘rishning pasayib borishi. Bu belgi yillar o‘tib paydo bo‘ladi.
   Savol: Bu belgilar boshqa kasalliklarda ham uchraydimi yoki faqat miyaning ichki bosimi oshishi bilan bog‘liqmi?
     Javob: Men ushbu belgilarning har biriga izoh berib o‘tmoqchi edim. Turli ilmiy-ommabop adabiyotlarni (ayniqsa, internetdan) o‘qiyverib, ko‘pchilikka tibbiy iboralar, atama va kasalliklar nomi yod bo‘lib ketgan. Bu juda yaxshi. Ya’ni o‘quvchilarga tushuntirib berishni osonlashtiradi. 
      Keling, ishni hamma qo‘rqadigan bosh og‘rig‘ini tahlil qilishdan boshlaymiz. Bu belgiga olib keluvchi kasalliklar haqida birmuncha xabardorsiz. Agar men qanday xastaliklar bosh og‘rig‘iga sabab bo‘ladi deb sizdan so‘rasam, siz: migren, nevroz, zo‘riqish bosh og‘rig‘i, qon bosimi, uch shoxli nerv nevralgiyasi, gaymorit, depressiya, bo‘yin osteoxondrozi va shamollash kasalliklari deb javob berishingiz mumkin.
      Ammo aslida bosh og‘riqqa olib keluvchi kasalliklarning soni 200 dan oshiq. Xususan, bosh miyaning aksariyat kasalliklari bosh og‘riq bilan namoyon bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, ba’zi jigar va buyrak kasalliklari, doimiy sigaret chekish, ichkilik ichish, kompyuter oldida tinmay o‘tirib ishlash, turli muammolar haqida xayol suraverish, oddiy uyqusizlik ham bosh og‘riqqa olib kelishi aniq. 
       Shunday ekan, nima uchun bosh og‘riq simptomini faqat miyaning ichki bosimi oshishi bilan bog‘lash kerak?! Shu erda men nevroz, depressiya va zo‘riqish bilan bog‘liq bosh og‘riqlarini alohida ko‘rsatmoqchi edim.
       Yuqorida aytganimdek, barcha bosh og‘riqlarning bor-yo‘g‘i 10-12 foizi miya ichki bosimi oshishi bilan bog‘liq bo‘lsa, qolgan bosh og‘riqlarning 60-70 foizi nevroz va depressiya tufayli paydo bo‘lgan bosh og‘riqlari. 
       Zo‘riqish bosh og‘rig‘i aholi orasida shu qadar ko‘p tarqalganki, hatto bu tashxisni “Kasalliklarning xalqaro tasnifi”ga alohida kasallik sifatida kiritishgan. Balki bu kasallik haqida keyinroq ma’lumot berarmiz. 
       Savol: Miya ichi bosimi oshishini anglatadigan, aslida esa boshqa kasallik belgisi bo‘lgan simptomlarni ham sanab o‘tsangiz.
      Javob: Bular:
  • bosh aylanishi – kamqonlikda, qon bosim oshganda yoki tushib ketganda, miyada qon aylanishi sustlashganda; 
  • ko‘ngil aynish va qusish esa ko‘proq oshqozon-ichak kasalliklarida;
  • xotira va tafakkur buzilishlari – bosh miya jarohatlari, turli etiologiyali dementsiyalar;
  • ko‘rish pasayishi – ko‘z kasalliklarida kuzatiladi va hokazo.
Ko‘rdingizmi, simptomlar bir nechta bo‘lishidan qat’i nazar, ular faqat bitta kasallikka taalluqli bo‘la olmaydi. Barcha nevrologik simptomlar markaziy asab tizimining har qanday kasalligida uchrashi mumkin. Biz esa to‘g‘ri tashxisni aniqlamasdan turib, davolashga berilib ketamiz.
      Savol: Miya ichi gipertenziyasi, ya’ni miya ichki bosimi oshishi tashxisi qanday qo‘yiladi? Tashxisni xato qo‘ymaslik uchun nima qilish kerak?
      Javob: Birinchi galda kasallik etiologiyasini to‘g‘ri aniqlash zarur. Qachonlardir ro‘y bergan bosh miya jarohati yoki bolalik paytida o‘tkazilgan miya pardalari shamollashlari – hozirgi paytdagi bosh og‘riqqa aloqasi bo‘lmasligi mumkin. Albatta, subektiv alomatlar (bemorning shikoyatlari) bilan obektiv simptomlar (nevropatolog tekshirib topgan simptomlar) bir-biri bilan solishtiriladi. Ular bir-biriga mos kelishi kerak. 
      Bemor “Dod, boshim yorilib ketyapti”, deydi. Nevrologik tekshiruv paytida esa “bosh yorilib ketishiga” xos belgi topilmaydi. Bemorning shikoyatlariga mukkasidan berilib ketish – bu tibbiyotdagi xato tashxislar manbasidan biridir. Albatta, shikoyatlarni o‘rganish kerak. Biroq tanqidiy nuqtai nazardan. Men shogirdlarimga: “Har bir kasallikka xos belgining xronologiyasini o‘rganing” deb uqtiraman. 
       Masalan, 7 yil oldin paydo bo‘lgan bosh og‘rig‘i sababi nima, bu og‘riq qanday    paytlarda kuchayadi, kamayadi yoki yo‘qoladi, qaysi dorilar yordam beradi? Misol uchun, ba’zi kitoblarda “Miyaning ichki bosimi oshsa, pastga engashganda bosh og‘rig‘i zo‘rayadi” deb yozilgan. To‘g‘ri! Biroq venoz entsefalopatiya, zo‘riqish bosh og‘rig‘i, gaymorit, homiladorlik davri yoki arterial qon bosimi baland yuradigan odamlarda ham boshni pastga engashtirganda mavjud bosh og‘rig‘i kuchayadi. Bunday kasalliklar soni 50 dan oshiq.
        Kerak bo‘lsa, maktabda zo‘rg‘a o‘qiyotgan injiq, asabi tor, arterial qon bosimi 80/50 mm. simob ustunidan oshmaydigan nimjon yigit-qizlarda ham boshni pastga engashtirganda bosh og‘rig‘i kuchayishi mumkin. Hatto ular yurayotganda tentirab ham ketadi. Bu nima? Bu “cherepnoe davlenie” emas. Bu – qon tomirlar tonusini boshqaradigan vegetativ markazlarning sustligi alomati. Agar sport bilan shug‘ullansa, bu belgilar bir oy ichida o‘tib ketadi, hech bo‘lmaganda ertalab turib yugurish, suzishga borib turishi kerak.
        Yana bir narsa! Zinadan chiqayotganda yoki yurib borayotganda ikkala chakkada lo‘qillovchi og‘riqlar ham miyaning ichki bosimi oshishi uchun xos. Biroq xuddi shu holat vegetativ distoniya sindromida, qon bosim oshganda, chakka arteriyasi kasalligida va hatto gaymoritda ham bo‘ladi. Bunday belgilar bilan namoyon bo‘ladigan kasalliklar anchagina! Shuning uchun ham tibbiyotda shifokorlar uchun atalgan oltin qoida bor: “Bemorda aniqlangan har bir simptomni tanqidiy bahola!”. Aks holda, kimdir boshim qattiq og‘riyapti, desa, darrov “miyaning ichki bosimi oshgan” tashxisini qo‘yib tashlayverasiz. 
       Men barchaga tushunarli bo‘lsin deb turli o‘xshatishlar, xalqona iboralardan foydalandim. Tibbiyot – o‘ta murakkab fan. Gippokrat: “Barcha san’atlar ichida eng buyugi – bu tibbiyotdir” deb bejiz aytmagan. 
      Savol: Zo‘riqish bosh og‘rig‘i nima?
      Javob: Yuqorida men bosh og‘riqlarning asosiy sababi – bu zo‘riqish bosh og‘rig‘i deb aytdim. Bunday og‘riqlar boshqa turdagi bosh og‘riqlardan 4-5 barobar ko‘p uchraydi. Xalqaro tasnifdan o‘rin olgan “Zo‘riqish bosh og‘rig‘i” O‘zbekistonda qay darajada tarqalganligini biz bilmaymiz. Bu haqda aniq statistik ma’lumotlar yo‘q. Doktorlarimiz bu tashxisni juda kam qo‘yishadi. Aholi orasida qaysidir kasallikning tarqalish darajasini (epidemiologiyasi) bilish uchun quyidagi 2 ta qoidaga amal qilish kerak: birinchisi – har bir doktorning qo‘lida kasallikning asosiy simptomlari aks etgan “Registr” bo‘lishi kerak, ikkinchisi – tashxisni faqat mutaxassis qo‘yishi kerak. Afsuski, bu qoidaga amal qilinmayapti.
       Men zo‘riqish bosh og‘rig‘i aholi orasida ko‘p tarqalgan deb ayta olaman. Chunki hozir hamma boshi og‘risa, bosh og‘riqni to‘xtatadigan dori ichadi. Xo‘sh! Siz-chi, boshingiz og‘risa, tsitramon ichasizmi yoki analginmi? To‘g‘risini aytsam, ko‘pchilik boshi og‘riganda tsitramon ichadi. Uni ichishdan oldin hech kim shifokordan so‘ramaydi. Tsitramon ichgandan keyin 10 daqiqa o‘tgach, og‘riq qoladi-da! 
      Savol: Odam siqilsa, miyaning ichki bosimi oshadimi?
     Javob: Yo‘q, oshmaydi. Bosh og‘rig‘i paydo bo‘lishi mumkin, xolos. Bunga darrov miyaning ichki bosimi deb qaramang. Esda tuting: odam siqilsa, qon bosimi oshadi, miyaning ichki bosimi emas. Miyaning ichki bosimi – o‘ta turg‘un holat. Agar har siqilganda miyaning ichki bosimi oshaversa, unda bilasizmi nima bo‘lardi? Tibbiyotda “psixoemotsional zo‘riqish” degan ibora bor. Oddiy qilib aytganda, olim kuni bilan ilmiy ish ustida o‘tirdi, yozuvchi tinmay maqola yozyapti, o‘qituvchi repetirorlik qildi, amaldor og‘ir majlis o‘tkazdi. Mana shunday paytlarda psixoemotsional zo‘riqish paydo bo‘ladi va bosh og‘riydi. 
      Savol: Umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, bemorlarga qanday maslahatlaringiz bor?
Javob: 
  1. Hech qachon o‘zingizga o‘zingiz tashxis qo‘ymang. Internetda yoki boshqa manbalarda “Vrachlar uchun” degan ruknni o‘qimang va unga amal qilmang. 
  2. Agar nevrologiyaga aloqasi yo‘q doktor: “Miyaning ichki bosimi oshibdi” deb tashxis qo‘ysa, albatta, nevropatologga murojaat qiling. Bu tashxisni faqat nevropatolog qo‘yishga haqli.
  3. Bosh miya jarohatlari va miya pardalari shamollashlarini o‘z vaqtida davolatib turing. Aks holda keyinchalik miyaning ichki bosimi me’yordan oshishi mumkin.
  4. Agar sizni doimiy bosh og‘riqlar bezovta qilayotgan bo‘lsa, albatta, dispanser ko‘riklaridan o‘tib turing.
  5. Agar sizda doimiy bosh og‘riqlar bo‘lsa, spirtli ichimliklar aslo ichmang, hatto pivo ham. Chunki ular miyadagi vena qon tomirlarida qon turib qolishiga sababchi bo‘ladi va miya qorinchalarida ortiqcha likvor ishlab chiqariladi. Shuning uchun ham ko‘p aroq yoki pivo ichgan odamning boshi o‘sha kuni yorilib ketay deb og‘riydi.
  6. Meva-sabzavotlarni ko‘p iste’mol qiling. Giyohli damlamalar ichib turing.
  7. Sizni surunkali bosh og‘riqlar bezovta qilsa, miyani zo‘riqtirib ishlamang, toza havoda sayr qiling, sportning engil turlari bilan shug‘ullaning.
  8. Sog‘lom turmush tarziga amal qiling. Bular: toza havo, asabni asrash, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy harakatlar.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                 © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив